Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanida Bobur Mirzo obrazi

4000 so'm


Pirimqul-Qodirovning-“Yulduzli-tunlar”-romanida-Bobur-Mirzo-obrazi

Slayd 1

Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanida Bobur Mirzo obrazi

Slayd 2

REJA:
Shoh, shoir, sarkarda Bobur Mirzo ruhiy dunyosining epik talqini.
Kirish
“Yulduzli tunlar” tarixiy-biografik roman sifatida.
Tarixiy fakt hamda hayotiy voqelik: tadqiq va talqin.
Kuchli, murakkab shaxs Bobur Mirzo obrazini yaratishda yozuvchining realistik tasvir mahorati.
01
04
02
05
03

Slayd 3

“Yulduzli tunlar” – O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning tarixiy mavzudagi birinchi yirik romani. Ushbu romanga nisbatan yana birinchi soʻzini qoʻllashga haqlimiz. Zamonaviy oʻzbek nasrida birinchi marta shoh va shoir, jahongir, qomusiy olim, tadbirkor davlat arbobi, dilbar shaxs Zahiriddin Muhammad Boburning hayot yoʻli, biografiyasi, ijtimoiy-ma’rifiy faoliyati badiiy tadqiq etilgan, birinchi marta Bobur Mirzoning epik obrazi realistik planda yaratilgan.

Slayd 4

Adabiyotshunos Umarali Normatov Bobur Mirzo obrazi muvaffaqiyati haqida gapira turib: “Yulduzli tunlar”dagi yozuvchining eng katta yutugʻi, shubhasiz, Bobur obrazi. Bobur obraziga realistik adabiyotning choʻqqisida turib xilma-xil tomondan yondashadi, uni shoir, shoh va oddiy inson sifatidagi ham kuchli, ham ojiz tomonlarini, hayoti va shaxsiyatidagi barcha fazilat va qusurlarini bor boʻyicha koʻrsatadi. Yozuvchining realistik mahorati, xususan, kuchli, murakkab shaxs – Bobur bilan uni qurshagan muhit, sharoit orasidagi munosabatni ochishda koʻrinadi”, – deydi.

Slayd 5

Qahramon bilan uni qurshagan muhit, sharoit orasida munosabat deganda voqea va xarakterlararo hayot mantigʻi nazarda tutiladi. Voqea va xarakter mutanosibligi mantiq kuchini belgilaydi ham badiiy asarning poetik jihatdan pishiqligini koʻrsatadi. “Realistik planda yozilgan tarixiy asarlarda… voqea va xarakterlar mantigʻi barobar tasvirlanadi … syujet koʻpincha shu tarzda rivojlanadi. A.Tolstoyning “Pyotr Birinchi”, Oybekning “Navoiy”, M.Avezovning “Abay”, O.Yoqubovning “Ulugʻbek xazinasi” romanlari shu xildagi asarlardir. Yozuvchi bunday syujet yaratganda, chopayotgan ot jilovining ikki tomonini barobar tutib borayotgan chavandozni eslatadi. Jilovning bir tomonini sal boʻshashtirish bilan katta yoʻldan chiqib ketish mumkin. Bunday asarlarda tarixiy xarakter va tarixiy voqealar bir-birlariga mos ifodalanadi” , – deydi adabiyotshunos olim Matyoqub Qoʻshjonov.

Slayd 6

Olim ta’kidlagan jilovni teng ushlash, katta yoʻldan chiqib ketmaslik mas’uliyati har bir tarixnavis yozuvchini hushyor qalam tebratishga undashi, tabiiy. Ham shoh, ham shoir fitratini oʻzida jo etgan Bobur Mirzoning murakkab, ziddiyatli obrazini yaratar ekan Pirimqul Qodirov hayotiy voqealar tasvirida, xarakterlar inkishofida faqat oʻz badiiy taxayyuliga suyanib qolmaydi, faqat uning izmida boʻlib hayot mantigʻini unutib qoʻymaydi.

Slayd 7

Romanda Umarshayx Mirzoning oʻlim xabari yetib kelishidan bir qancha vaqt oldin Bobur Mirzo – valiahd shahzoda hayotining bir necha soatlik tasviridan olingan taassurot oʻquvchida umumjahon e’tirofiga sazovor boʻlgan kuchli shaxs, irodali, matonatli hukmdor, ayni paytda nozikta’b shoir, koʻngil kishisi Bobur Mirzoning yaxlit bolalik dunyosi haqida tasavvur uygʻotadi. Hayot mantigʻidan kelib chiqqan holda Pirimqul Qodirov “Yulduzli tunlar” oʻquvchisiga oʻz qahramonining hukmdor, sarkardalik, shoir, ijodkorlik faoliyati ildizlarini uning joʻshqin bolaligidayoq koʻrsatishini ma’qul deb topadi.

Slayd 8

Bobur Mirzo – valiahd shahzoda. Umarshayx Mirzo aytganidek: “Yosh boʻlsa ham sarkardalikka tayyorlanmogʻi zarur”.
Yozuvchi Andijondagi Chorbogʻda harbiy mashgʻulotlar paytida Bobur Mirzoni yosh boʻlishiga qaramay shijoatli, chapdast, hech qanday xavfni pisand qilmay qaltis mashqlarni oʻzida bemalol sinab koʻradigan yovqur qiyofada koʻrsatadi. Ayni paytda mana bu: “Eshiklari nafis oʻymakorlik bilan bezangan, ichidagi oltin-kumush buyumlar koʻzni qamashtiradigan koʻshkda hozir Boburni faqat bitta xona oʻziga tortar edi. Mudarrisning kutib oʻtirganiga qaramay, Bobur yaxshi koʻrgan kitoblari qoʻyilgan shu xonaga burildi. Baxmal va charm muqovalar ichida sahifalarga bitilgan satrlarda ulugʻ shoirlarning otash nafaslari sezilib turganday boʻladi.

Slayd 9

Bobur Firdavsiydan, Sa’diydan minglab baytlar yod biladi. Hozir u kitoblari orasidan “Xamsa”ni olar ekan, uzoq Hirotda yashayotgan Alisher Navoiyni xayol koʻzi bilan koʻrib turganday boʻldi” – tasvirida begʻubor yuragiga she’riyat, adabiyot ishqi tushgan, kechmish zamonlarning aql-idroki mujassam kitoblarga maftun ma’rifatli yosh, shoirtabiat Bobur Mirzoni koʻramiz. Ayniqsa, Alisher Navoiy surati bilan xayolan suhbatlashayotgan bola Boburning Hazratdan she’riyat tilsimining kalitini soʻrashida yozuvchi Bobur Mirzo siymosida milliy mumtoz adabiyotimizning Navoiydan keyin ikkinchi choʻqqisi yetishayotganligiga ishora qiladi.

Slayd 10

“Yulduzli tunlar”da yozuvchi Bobur Mirzo xarakter mantigʻiga voqealar mantigʻining mos kelishida eng kichik detallarga e’tibor berganini kuzatishimiz mumkin. Dabdabali koʻshk, koʻzni qamashtiradigan oltin, kumush buyumlar emas, Bobur Mirzoni kitob toʻla xona oʻziga chorlaydi. Juda koʻp kitoblar ichidan Bobur Mirzoning “Xamsa”ni tanlab olishi orqali uning Navoiy ijodiga mehrini koʻrsatishi bilan birga Bobur Mirzoning ham kelajakda oʻzining yetuk asarlari bilan turkiy til ravnaqiga qoʻshajak hissasi nazarda tutilgan.
Shu oʻrinda Bobur Mirzoning Firdavsiydan, Sa’diydan minglab baytlar yod bilishi ham aytiladi. Ma’lumki, Bobur Mirzo “Boburnoma”da otasi Umarshayx Mirzo haqida: “Ravon savodi bor edi. “Xamsatayn” va masnaviy kitoblarini va tarixlarni oʻqub erdi. Aksar “Shohnoma” oʻqur edi”, – deb yozadi.

Slayd 11

Pirimqul Qodirov “Shohnoma” jangnoma xarakteridagi asar boʻlganligi uchun ham bu asarning shukuhi, mehri otadan oʻgʻilga oʻtishi mumkinligini nazarda tutgan boʻlsa, Bobur Mirzoning Sa’diy ijodiga ehtiromi oʻzgacha ekanligini “Boburnoma” sahifalari orqali anglab yetgan. Shu asnoda “Yulduzli tunlar” muallifi Bobur Mirzo xarakteri, ruhoniy dunyosi, shoh va shoirlik sifatlari suv ichgan chashmalarni uning bolalik olamida hayot mantigʻiga mos talqin etadi.

Slayd 12

“Yozuvchi Bobur xarakterini yaratishda qahramonlarning xatti-harakati orqali davr ijtimoiy hayoti, shart-sharoitlariga alohida diqqatini qaratadi. Asar davomida Bobur ma’naviyatini, yetuk inson sifatidagi faoliyatini ochib berishga alohida e’tibor beradi… Bobur oʻz davrining qonun-qoidalarini butunlay oʻzgartirib yubora olmas edi. Zero, u davr muhiti bilan hisoblashishga majbur edi. Pirimqul Qodirov esa asarda juda ogʻir sharoitlarda ham Bobur insonlik qiyofasini saqlab qolishga harakat qilganligini “tarixiy faktlar asosida badiiylashtiradi”, – deydi adabiyotshunos Azmiddin Nosirov.

Slayd 13

Endi taxtga chiqqan payt, atrofdagi tahlikali vaziyat, beklarning munofiqona xatti-harakatlaridan sarosimaga tushib qanday yoʻl tutishini bilmay gangib qolgan Bobur Mirzo nohaq ayblanib oʻlimga buyurilgan Darvesh Govga oʻzi xohlab turib ham yordam berolmaydi. Ammo taqdir taqozosiga koʻra, chekiga tushgan toj-u taxtning minnati, siyosat qozonida qaynash, bek-u amaldorlar bilan muomala, oʻzaro urushlar, shu talotumlar ichida oʻtayotgan yillar mas’uliyati Bobur Mirzoning oʻzini ulgʻaytirdi, “men”ligini shakllantirdi, xarakterini tobladi.

Slayd 14

Qahramon tutumidagi, ruhiyatidagi ana shu evolyutsiyani koʻrsatishda “Yozuvchi Bobur hayotidagi tarixiy faktlarni istifoda etar ekan, tarixiy dalillar yetovida qolib ketmaydi. Ijodiy xayolotga erk berib, faktlarga badiiylik suvini ichiradi. Butun asar davomida qahramonlarning tabiati, kechinmalari, nafaslari harorati va ruhiyati jozibasi mahorat bilan tasvirlanadi” .
1497-yili yetti oylik qamaldan soʻng Bobur Mirzo Boysunqur Mirzodan Samarqand taxtini tortib oladi. Butun yoz va kuz boʻyi davom etgan qamal shaharni butunlay xarob etgan, xalq ochlikdan, sovuqdan qirila boshlagan edi. Bu haqda “Boburnoma”da: “Samarqandnikim, yetti oy muhosara qilib tashviqlar bila oldur… Samarqandni olgʻonda Samarqand andogʻ xarob erdikim, madad va tuxm va taqovigʻa ehtiyoji bor edi. Chi joyi ulkim, kishi andin nima ola olgʻay. Bu jihatlardan cherik eli koʻp tanqislik torttilar. Biz ham elga nima yetkura olmaduk”, – deya yozadi.

Slayd 15

Bobur Mirzo Samarqandning qamaldan keyingi gʻarib ahvolini hisobga olib, oʻsha zamonlarda odat tusiga kirgan gʻolib bek-u navkarlar tarafidan bosib olingan shaharni talash, oʻlja olish kabi talonchiliklarga yoʻl qoʻymaydi. Tabiiyki, Bobur Mirzoning bu qarori bek-u navkarlarga yoqmaydi, ular oʻrtasida norozilik kelib chiqadi. Hatto xiyonatga yuz tutganlar, oʻzboshimchalik bilan Andijonga qaytib ketishlar sodir boʻla boshlaydi.
Romanda yozuvchi Bobur Mirzoning hukmdorlik salohiyati, qat’iyati, adolati ana shunday chigʻiriqlardan oʻtib shakllanganligini, oʻz nafsi, manfaati yoʻlida hech nimadan qaytmaydigan bek-u amaldorlar va ularga kaltabinlarcha ergashadigan mulohazasiz navkarlar orasida odamiylik, insofiylik chegarasida sobit turish Bobur Mirzoga nechogʻlik ogʻir tushganini badiiy taxayyul kuchiga suyangan holda ishonarli, jonli lavhalarda ochgan.

Slayd 16

Romanda yaqinroq tanishish maqsadida eshik ogʻa Qosimbek, beklari Ahmad Tanbal, Xoniqul va yana bir necha navkarlari bilan shahar rastalarini aylanib yurgan Bobur Mirzoga Navoiyning nazari tushib, “Majolis un-nafois”da ham e’tirof etilgan samarqandlik keksa shoir Javhariy hamrohlik qiladi. Yoʻl-yoʻlakay eslangan Javhariyning Samarqandda bir muddat yashagan Navoiy haqidagi xotiralari Bobur Mirzo qalbining tubida saqlanib turgan she’r va shoirlik orzularini jonlantirib yuborgandek boʻldi, goʻyo.
Yoʻl koʻrsatib ketayotgan shoir ularni novvoylar mahallasiga boshlaydi. Tarixnavis yozuvchining mahorati shunda koʻrinadiki, qamal azobini tortayotgan shaharning achinarli, nochor ijtimoiy holatini bor dahshati bilan koʻrsatish uchun unga mos tabiat manzarasini ham chizadi: “Koʻchalar allanechuk huvillagan. Bosilmagan qor otlarning tizzasiga chiqadi. Bobur tomlarga qaradi. Birortasi kuralmagan. Tom kurayotgan bironta odam koʻrinmadi”.

Slayd 17

“Temurbek ulugʻ podshoh poytaxt qilgʻon”, “Rub’i maskun”ning latif shaharlaridan biri, “baldayi mahfuza” Samarqand va samarqandliklarning bu taxlit ahvoliga hatto qahri qattiq, zimiston qishning ham muz yuragi erib, behisob toʻkayotgan koʻz yoshlari hamma yoqni shalabbo qilayotgandek tasavvur va taassurot uygʻotadigan mana bu peyzaj: “Soya joylarda izgʻirin yuzni yalab oʻtsa ham, oftob tushib turgan paxsa devorlar va tom boʻgʻotlari erigan qordan hoʻl boʻlib borar edi” tasviri nuktadon yozuvchining badiiy voqelikning bu muhim komponentidan maksimal foydalana olganini koʻrsatadi.

Slayd 18

“Tasvirlanayotgan davr va undagi voqealar, tarixiy shaxslarga nisbatan yozuvchi ilmiy-estetik konsepsiyasining boʻrtib turishi, davr ijtimoiy-siyosiy xarakteristikasini yaratish eng yaxshi tarixiy romanlarga xos xususiyatdir”, – deydi adabiyotshunos olim Akram Kattabekov.
Davr ijtimoiy-siyosiy xarakteristikasini yaratishda yozuvchi albatta, quruq, natural ma’lumotlardan foydalanmaydi.
Davrning eng muhim ijtimoiy-siyosiy voqealari uning tavsifini tayin etadi. Yozuvchi tarixan roʻy bergan ijtimoiy-siyosiy voqealarni badiiy idrok etar ekan, tarixiy faktlarni poetik mushohada etar ekan adabiyotning ijtimoiy vazifasi bilan birga uning estetik funksiyasini ham unutmaydi. “Yulduzli tunlar” Pirimqul Qodirovning ana shunday mas’uliyati, mehnati mahsuli.

Slayd 19

XV asr temuriylar saltanatidagi tinimsiz oʻzaro kurashlar, sulolaning zimdan yemirilishiga sabab boʻlgan ichki nizolar, toj-u taxt dagʻdagʻalari, qora xalqning, hunarmandning turmushini butunlay izdan chiqarib yuboradigan uzoq davom etadigan qamallar – feodal boshboshdoqliklar hukm surgan davrning ijtimoiy-siyosiy xarakteristikasi. Biz uning yozuvchi mushohadasidan oʻtgan, “Yulduzli tunlar”ning markaziy qahramoni Bobur Mirzo taqdirida izchil aks etgan badiiy tasvirini asar bagʻrida kashf etib boraveramiz.
“Podshohlik – qon bilan sugʻorilaturgʻon bir ogʻochdir”, – deydi Ulfat “Abulfayzxon” (Fitrat) tragediyasida. Tinimsiz urushlar, qon toʻkishlar, talonchiliklar bek-u navkarlarning tiriklik sababi, yashash tarzi, boyish manbayi, kasb-koriga aylanib qolgani ham Bobur Mirzo yashagan, faoliyat olib borgan davrning ijtimoiy-siyosiy qiyofasini belgilaydi.

Slayd 20

Toj-u taxt minnatining tashvishli onlaridan bolalikning nurli xotiralariga bir zum qaytgan Bobur Mirzoning insoniy qiyofasini yozuvchi shunday tasvirlaydi: “Keksa shoir Boburga umid bilan qarab turibdi… Shu payt uning qora movut chakmonimi, xiyol egik yelkasimi, kalta qirqilgan soqolimi, nimasidir Boburga Navoiyning Behzod chizgan rasmini eslatdi. Bobur mavlononi noumid qilsa, Navoiyning umidini ham oqlolmaydiganday boʻldi”.
Romanning boshida Andijon chorbogʻi, kutubxona, yozuvchi taxayyulida Navoiy bilan qilingan xayoliy suhbat ham tarixiy, ham asardagi badiiy vaqtga koʻra uch yildan soʻng Bobur Mirzoning Samarqandni birinchi bor egallagandagi voqealarga ustalik bilan bogʻlanib, oʻquvchi tasavvurida hayotiy, izchil, ishonarli manzara kasb etadi.

Slayd 21

Oʻsmirlikning begʻubor romantik dunyosida turib Hazrat Navoiydan she’riyat tilsimining kalitini soʻragan Bobur Mirzoga Alloh tojdorlik mas’uliyati – “besh kunlik dunyo” ning sinov onlarini yuklaydi. Ayni paytda real dunyoning turfa kirdikorlari ichida turgan Bobur Mirzo “Garchi xalq ozodasiman, yor agar bandam desa” e’tiqodiga esh boʻlibgina she’riyatning pokiza olamiga kirib borishi, Navoiydek avliyosifat zot yonida turmoqlik saodatiga erishmogʻi mumkinligini anglab turardi. Ayniqsa, keksa, soch-soqoli qordek oppoq Javhariyning oʻtinch toʻla koʻzlari unga shu haqiqatni qayta-qayta uqtirayotgandek edi.

Slayd 22

Bobur Mirzo bu suhbatda yonida turgan Ahmad Tanbal, Xoniqulibeklarning: “…shuncha jang-u jadal bilan olgan shahrimizdan ozgina oʻljador boʻlishga nahotki haqqimiz yoʻq? Axir gʻoliblarning oʻlja olishi ota-bobolarimizdan qolgan rusum-ku!… Boysunqurdan qolgan ochlarning qay biriga oshliq yetkazsinlar? Biz bularni boqishga keldikmi?” kabi e’tirozlarini yengib oʻtib, “Qosimbekka buyruq ohangida gapirdi:
– Biz unni rastalarga emas, novvoylarga bermogʻimiz kerak. Ishonchli bir kishi nazorat qilsin, novvoylar non yopib, bizning nomimizdan ochlarga tarqatsinlar. Besh-olti qop un bilan qoʻshin zaxirasiz qolmas, Jizzaxga yuborilgan karvon erta-indin oshliq olib qaytgusi!”

Slayd 23

“Beklar boʻlmasa, podshohlarning ilkidan hech ish kelmaydur. Navkarning koʻpchiligi bizniki. Jangni biz qildik. Azobni biz tortdik (Ahmad Tanbal) Omon boʻlsam, podshoh topilur… Bularning urugʻi koʻp. Hammasiga siz-u bizdek beklar kerak” (Xoniqulibek) kabi gʻiybat gaplarga kuch berib, boshqalarni ham toʻgʻri yoʻldan ozdiradigan, toʻgʻridan toʻgʻri xiyonat yoʻliga kirib ketadigan beklar xohish-istagi-yu oddiy, qora xalq manfaatlari toʻqnash kelganda haq va adolat yoʻlini tutish Bobur Mirzoga juda qiyin boʻlgani romanda ta’sirchan badiiy tadqiq etilgan.

Slayd 24

Asar boshida beklarning bunday noinsofiy qiyofalarini yozuvchi “Quyun” tasvirida gʻoyatda mos va xos obrazli ifoda etadi. Bu soʻz mohiyatidagi stixiya, yovvoyi kuch, talafot ma’nolari romandagi Ahmad Tanbal, Xoniqulibek, Yoqubbek kabi beklarning a’moliga ham, amaliga ham monand. Asar davomida Bobur Mirzo shu quyunning vajidan koʻzi va koʻngliga qoʻnayotgan chang, toʻzon bilan kurashib oʻtdi, ular ta’siriga berilmadi.

Slayd 25

Atoqli yozuvchi Xayriddin Sulton Bobur Mirzo fitratidagi ana shunday nekbinlikni, oliyjanoblikni nazarda tutib shunday yozadi: “U yaxshilik va ezgulik, murosayi madora tiriklik dunyosining ma’naviy ustuni ekaniga chin dildan ishongan va shu e’tiqodini umr boʻyi targʻib etib oʻtgan oliyjanob shaxs edi. U hamisha, hamma joyda barcha shahzodalar va a’yonlaridan “davlatqa etib mehnat elin unutma” degan hayotiy hikmatga ogʻishmay amal qilishni talab etardi”. Romanda Bobur Mirzoning opasi Xonzodabegim fojiaviy hayot yoʻlining yozuvchi talqinidagi tasvirida Bobur Mirzo ruhiyati, uning ichki dunyosi, armon-iztiroblari yanada teranroq ochiladi.

Slayd 26

Bobur Mirzo “Boburnoma”da opasi haqida: “Bori qizlardin ulugʻ Xonzodabegim edi, mening bila bir tuqqan edi, mendin besh yosh ulugʻ edi. Men Samarqandni ikkinchi navbat olgʻonda, bovujudkim, Shayboniyxondek kishi birla Saripulda chiqib urushib, onchakim imkoni bor edi sa’y va ehtimoldin taqsir qilmaduk…
Ul fataratta Xonzodabegim Muhammad Shayboniyxongʻa tushub edi”, deya ma’lumot beradi. Bobur Mirzo hayotni sevardi. Olloh bandalari uchun yaratgan har bir ne’matdan cheksiz zavq tuyar: qishning qoridan (Kobul qori), bahor lolasidan (Gulbahor togʻ etaklarida 34 xil lola), kuzning bargi xazonidan (Istargʻachdagi xazon sayli), yoz faslidagi doʻstlar suhbati (Yoz fasli, yor vasli, doʻstlar suhbati) baland pushta ustida turib, qorongʻi kechada navkarlari yoqqan gulxanni tomosha qilishdan (Kecha cherik elining oʻtidin ajab yaxshi charogʻon boʻlur edi…), goʻzallik kashf etishga harakat qilardi.

Slayd 27

Ammo koʻksining bir chetida hech tuzalmas armonlari, iztirobini koʻpaytirgan, umrini kamaytirgan, koʻnglini tah-batah qon qilgan “yuz qaroliq”lari uni mudom ta’qib etgan. Shulardan biri opasi Xonzodabegimning achinarli taqdiri. Romanda yozuvchi kamdan kam tojdorlarda oʻz jigarlariga boʻladigan mehr, samimiyat, oʻzaro hurmat, qadr, bir-birini tushunish, asrash kabi tuygʻularni Bobur Mirzoning oʻz opasi Xonzodabegimga boʻlgan munosabatida kashf etadi, badiiy aks ettiradi. Oʻn ikki yoshida toj-u taxtning mas’uliyatini olgan juda sabiy Bobur Mirzoni bek-u navkarlarning qutqusidan, yomon ta’sirlardan asrashga jon-u dildan oʻzini qalqon qilishgaa tayyor Xonzodabegim hukmdor jigarining ulkan orzularini dildan his qiladi, niyatlarini qoʻllab-quvvatlaydi, Bobur Mirzo botinidagi mislsiz ezgu kuchga ishonadi. Shu ishonchni Bobur Mirzoning oʻziga ham singdirishga harakat qiladi.

Slayd 28

Yolgʻiz qolishganda Xonzodabegimning ukasiga “Boburjon” deya murojaat qilishida Bobur Mirzo tuygan cheksiz mehr-muhabbat zavqi, shukuhini yozuvchi shunday samimiyat bilan aks ettiradiki, beixtiyor oʻquvchi ham oʻsha tuygʻular ta’sirini his qiladi. Opasining xohish-istagini hurmat qilib, uni Sulton Ahmad Tanbalning changalidan olib qolishi Xonzodabegimni Bobur Mirzoga nisbatan ishonchi, hurmatini ming chandon oshiradi. Vaqti kelganda, u erkakcha kiyinib qoʻlida qilich, qalqon bilan Andijonda Bobur Mirzoga qarshi uyushtirilgan fitna tashkilotchilariga qarshi jasorat bilan kurashadi.
Xonzodabegim va me’mor Fazliddin munosabatlari roman syujetining oʻziga xos sevgi liniyasini tashkil etadi. Xonzodabegim va me’mor Fazliddin muhabbati asarda yarqillab koʻzga tashlanavermaydi, ammo unda asarga alohida bir joziba bagʻishlaydigan nur bor, xayr bor. Bu nur va xayrning mohiyati shundaki, me’mor va Xonzodabegim muhabbati manfaat va visol muddaosidan yiroq, pokiza hislarga yoʻgʻrilgan muhabbat edi.

Slayd 29

Me’mor Fazliddin – toʻqima obraz. Xonzodabegim va me’mor oʻrtasidagi muhabbat ham yozuvchining fantaziyasi mahsulidir. Pirimqul Qodirov asarga ruh bagʻishlash hamda romanning Xonzodabegim bilan bogʻliq keyingi voqealari rivojida hayot mantigʻini ushlab turish uchun Xonzodabegim obrazi dinamikasini nafaqat ijtimoiy, balki muhabbat liniyasida ham izchil badiiy tadqiq etadi. Natijada Xonzodabegim ijtimoiy vaziyatlarga toʻgʻri baho beradigan, Bobur Mirzo davlat boshqaruvini, mamlakatdorlik tutumini qadrlaydigan, har qanday hissiyotlar, tuygʻularni aql tarozisiga solib bosiqlik bilan qaror qabul qiladigan haqiqiy zodagonlarga xos kamol topgan malika sifatida oʻquvchida taassurot uygʻotadi. Ana shu taassurotdagi oʻquvchi esa eng qaltis paytda nafaqat jondek jigari, balki butun sulola taqdiri hal boʻlayotgan paytda Xonzdabegim kabi oqila, fidoyi, jonnisor xotin-qizlar bu vaziyatning loqayd tomoshabini boʻlib turishlari mumkin emasligiga ishonadi.

Slayd 30

Bobur Mirzoning “Ul fataratda Xonzodabegim Muhammad Shayboniyxongʻa tushub edi”, Gulbadanbegimning “…zarurat yuzasidan Xonzodabegimni mazkur xonga uzatib, oʻzlari tashlab chiqdilar” , Muhammad Haydar Mirzoning “Shohibekxonga… opasi Xonzodabegimni berib sulh tuzdi-da ketdi” kabi tarixiy faktlarning badiiy talqini “Yulduzli tunlar”da quyidagicha yuzaga chiqqan:
“– Begim, siz… Shayboniyxon taklifiga rizolik bergan emishsiz, shu rostmi?
– Rizo boʻlmay ne ilojim bor?
– Mening magʻlubiyatim sizni ilojsiz qoldirgani rost. Lekin iningiz hali tirik. Men asir tushmoqchi emasman. Bir oʻlim boʻlsa, hammavaqt bor. Ajal yetmagan boʻlsa, sizlarni olib chiqib keturmiz. Kunim bitgan boʻlsa, ilkimda qilich bilan jon berurmen. Ana undan keyin rizolik bersangiz mayli. Unda hech kim: “Oʻzi omon qolib, egachisini qurbon qildi”, deyolmas. Menga bunday malomatdan oʻlim afzal. Rizo boʻlmang”.

Slayd 31

Kuyib-yonib opasini qaroridan qaytarishga urinayotgan jigarining holatini kuzatib turgan Xonzodabegimning xayolidan kechgan oʻyni yozuvchi shunday ifodalaydi: “Xonzodabegimning koʻziga yosh quyulib keldi. U Boburning yov halqasini yorib chiqib ketolmasligini bilardi… u Boburni mana shu mardligi va dovyurakligi uchun ham jondan ortiq koʻrar, oʻzini yov qoʻliga tutqazib, ukasini naqd oʻlimdan olib qolishni istardi.
– Boburjon, siz meni deb bevaqt oʻlimni boʻyningizga olmang. Men sizning ulugʻ istiqbolingizga ishonamen. Sizdek nodir iste’dodlar dunyoga kam kelishini boshqalar bilmasa ham men bilurmen. Oʻzingizni ehtiyot qiling! Taqdiringizni tolei past egachingizning taqdiri bilan tenglashtirmang”.

Slayd 32

Bu “Yulduzli tunlar” romanining eng dramatik sahnalaridan biri, ayni choqda ayol matonatini, ayol jasoratini, fidoyiligini bor boʻyi bilan namoyish etadigan sahna. Muhimi oʻquvchi yozuvchi talqinidagi Xonzodabegim xuddi ana shunday qahramonlikka qodir, fidoyi malika ekanligiga ishonadi.
Bobur “Boburnoma”da oʻzgalar fe’l-atvori, qilmishlari, yaxshi-yomon odatlari, turli holat va vaziyatlardagi tutumlarini ochiq yozar ekan, xuddi ana shu ochiqlik, shaffoflik tamoyili oʻziga nisbatan ham qoʻllaydi. Bobur Mirzoning Karnon voqeasida naqd oʻlim dahshatiga roʻbaroʻ boʻlgandagi holati yoki Kobuldagi kuchli zilzila payti oʻzi, Nurillo tanburchi, ukasi Jahongir tushgan vaziyat tafsiloti, Hulhul enaganing podshoh bilan sharob ichish orzusi borligini eshitib rozilik bergach, ichib mast boʻlib qolgan enagadan qutulolmay ovora boʻlishlari: shoh, fotih, shoir Bobur Mirzo, eng avvalo, oddiy inson ekanligini kitobxonga eslatadi.

Slayd 33

“Boburnoma”da keltirilgan shunday voqealardan biri: “Panjshanba kuni, oyning oʻn uchida Yusuf Alining daf’i va raf’igʻa azm-jazm qilib, otlanib, Dehi Yа’qub suvining Kobul tarafidagʻi oʻlangga tushuldi. Otlanur choq Boboxon axtachi yaramasroq ot tortti, achchigʻimdin bir musht yuziga urdum. Binsir barmogʻim tubidan sindi” , – deydi Bobur Mirzo.
“Yulduzli tunlar” romanida yozuvchi ushbu tarixiy faktni Bobur Mirzodan olib Tohirga va uning navkari Mamatga nisbat beradi.
Yozuvchining badiiy mushohadasiga koʻra Tohir oddiy navkarlikdan beklikka koʻtarilgach bosar-tusarini bilmay qoladi, ichkilikka beriladi. Ana shunday shirakayf kunlarining birida zudlik bilan saroyga yetib borishi kerak boʻladi-yu, ayili boʻshatib qoʻyilganini payqamay, otdan qattiq yiqiladi. Aybdor sifatida oʻttiz yillik qadrdoni, navkari Mamatni ayamay doʻpposlaydi, shu asnoda oʻzining ham barmogʻi sinadi.

Slayd 34

Yozuvchining badiiy fantaziyasiga koʻra qayta ishlangan, ancha badiiylik suvi bilan toʻyintirilgan bu lavhaning ham asarda ma’naviy-tarbiyaviy oʻrni borligini inkor etmagan holda tarixiy fakt uning oʻzining haqiqiy egasi bilan kechgani ma’qul edi deb oʻylaymiz.
Bizningcha, bu faktni yozuvchining qayta ishlashiga, uning qahramonini Tohirga oʻzgartirishiga ikkita sabab bor.
1. Roman yozilgan 70-yillar mafkuraviy muhitida hali ham Bobur Mirzoga feodal hukmdor, shafqatsiz bosqinchi, odamlar boshidan minora tiklagan degan ayblovlar qoʻyilib turgan bir paytda bu fakt bilan ham mafkurachilarning tegirmoniga suv quyishni istamagan.
2. Yozuvchi oʻz qahramonini shu darajada avaylaganki, muallif nazarida qaltis tuyilgan bu fakt Bobur Mirzoning oliyjanob qiyofasiga hech shubhasiz soya boʻlib tushishi, oʻquvchining undan ixlosini qaytarishi mumkin.

Slayd 35

Asarda tarixiy haqiqat buzilgan, oʻz navbatida, badiiy haqiqatga ham putur yetgan, natijada Bobur Mirzoning oʻziga xos insoniy jozibasini, xarakter qirralarini, qahramon ruhiyatidagi turfa tovlanishlarni ochib berishi mumkin boʻlgan bitta fakt boy berilgan.Ushbu tarixiy faktning davomini oʻqisak, amerikalik mutafakkir Uilyam Penning “Gʻazab ustida urgan har bir zarbamiz oxir-oqibat oʻzimizga kelib tushadi”, – degan dono fikrini Bobur Mirzoning oʻsha paytdagi holatiga ham toʻgʻri ma’noda, ham ramziy ma’noda tatbiq etsak boʻladi.
“Binsir barmogʻim tubidin sindi. Ul fursatta xeyli ogʻrimadi. Kelib yurtqa tushganda xeyli riyozat torttim. Xam bitiy olmas edim, oxir chur butti” .
Toʻgʻri ma’nosi shundaki, Bobur Mirzoning jahl ustida otboqarga tushirgan mushti zarbidan oʻzining ham barmogʻi sindi, shikast topdi, og‘riqdan “riyozat tortti”.

Slayd 36

Ramziy ma’nosiki, Bobur Mirzo bir oydan oshiq vaqt hech nima yozolmay yuradi, ijod qilolmaydi, gʻazab ustida urilgan zarbning egasiga qaytib kelishi shu boʻlsa kerak. Bu faktning yana bir e’tiborli jihati shundaki, u bizga qaysidir ma’noda Bobur Mirzoning ijodiy laboratoriyasidan darak beradi. Bir oy davomida hech nima yozolmay yurgan Bobur Mirzo shu vaqt ichida ijod qilolmayotganidan, shikastlangan qoʻli azob berayotganidan shikoyat qilib qoʻyadi. Demak, Bobur Mirzo hayotidagi shuncha notinchliklarga qaramay kunda nimadir qoralagan. Aslida, bu ham ibrat.
Xulosa qilib aytganda, “Boburnoma”dagi yirik voqealargina emas, balki yoʻl-yoʻlakay koʻrinib qolgan kichik bir detal, maʼlumot, ayrim holatlar ham yozuvchining boy tasavvuridan oziqlanib, goʻzal bir estetik joziba, taʼsirchan mohiyat kasb etadi va Bobur Mirzo obrazini kitobxonga yetkazishga xizmat qiladi.

Slayd 37

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring!
E’TIBORINGIZ UCHUN RAHMAT!

Slayd 38

Foydali havolalar

🛒 Barcha taqdimotlar | 📰 Yangiliklar | ℹ️ Biz haqimizda

0.00
0 sharh
5
0
4
0
3
0
2
0
1
0
“Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanida Bobur Mirzo obrazi” uchun birinchi sharh yozing;

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Bu maydon to‘ldirilishi shart.

Bu maydon to‘ldirilishi shart.

Bu maydon to‘ldirilishi shart.

Sharhlar

Hali sharhlar mavjud emas.

Kategoriya: 
Mening savatim
Xohishlar ro‘yxati
Kategoriyalar