O‘rta Osiyo xalqlarining IX-XII asrlardagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti
4000 so'm

Slayd 1
O‘rta Osiyo xalqlarining IX-XII asrlardagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti
Slayd 2
Reja:
Somoniylar va Qoraxoniylar davlati
G‘aznaviylar, Saljuqiylar va Xorazmshohlar davlati
O‘rta Osiyo xalqlarining IX–XII asrlardagi ijtimoiy-iqtisodiy hayoti
Ilm-fan taraqqiyoti va tasavvuf ta’limoti
01
02
03
04
Slayd 3
Somoniylar davlati
IX asrning ikkinchi yarmidan boshlab Movarounnahr va Xurosonda Somoniylar sulolasi paydo bo‘ladi. Sulolaga Somon qishlog‘i (manbalarda – Balx yaqinida, Samarqand atroflarida, Termiz yaqinida) oqsoqoli Somonxudotning avlodlari asos solgan. Yirik yer egasi bo‘lgan Somonxudot Ma’mun Xuroson noibligi davrida uning xizmatiga o‘tib, tezda e’tiborga tushadi. Somonxudotning o‘g‘li Asad, uning nabiralari ham Ma’mun saroyida xizmat qilishgan. Xuroson noibi shaxsan Ma’munning buyrug‘i bilan Asadning o‘g‘illarini 820-yilda turli viloyatlarga noib etib tayinlaydi. Natijada Nuh Samarqandni, Ahmad Farg‘onani, Yahyo Shosh va Ustrushonani, Ilyos esa Hirotni boshqara boshlaydi.
Slayd 4
873-yilda Buxoro shahri va uning atroflarini Tohiriylar so‘nggi vakili Muhammad ibn Tohir bosib oladi va hududlarga soliqlar soladi. G‘azablangan xalq Muhammadga qarshi qo‘zg‘olon ko‘taradi. 874-yilda Muhammad ibn Tohir Xorazm shaharlarini talayotgan bir paytda Buxoro zodagonlari Nasrdan Buxoroga noib yuborishni iltimos qiladilar. Nasr Buxoroga Ismoil ibn Ahmadni hokim qilib jo‘natadi. Chunki, Nasr Ismoilni o‘z noibi deb hisoblar edi. Ismoil ibn Ahmad Buxoroda o‘z hokimiyatini mustahkamlagach, Samarqandga soliqlarni yubormay qo‘yadi hamda akasiga tobe bo‘lishni istamaydi.
Slayd 5
886-yilda aka-ukalar o‘rtasidagi birinchi to‘qnashuv natijasida Ismoil yengiladi va u vaqtincha Buxoro noibligidan tushiriladi. 888-yildagi ikkinchi jangda Ismoil Nasr qo‘shinlarini tor-mor etishga muvaffaq bo‘ladi. 892-yilda Nasr vafot etgach, Ismoil Movarounnahrning yagona hukmdori bo‘lib qoldi. Poytaxt Samarqanddan Buxoroga ko‘chiriladi. Ismoil 893-yilda ko‘chmanchilarga qarshi qo‘shin tortib, dastlab Tarozni, keyin esa Ustrushonani egallaydi.
Slayd 6
Shunday qilib, Farg‘ona, Sayram, Shosh, Samarqand, Buxoro Xorazm, Chag‘aniyon, Xuttalon, Kesh, Xuroson, Seyiston, G‘azna kabi viloyatlar Somoniylarga bo‘ysundirildi. Ularning hammasi to‘laligicha tobe bo‘lmasa ham Somoniylar hokimiyatini tan olishga majbur bo‘ladi. Ismoil Somoniy yirik yer egasi bo‘lib, mahalliy zodagonlar va savdogarlarga tayanib davlatni idora qilgan. Lekin Ismoil ham, boshqa Somoniylar ham ichki ijtimoiy ziddiyatlarni yo‘qota olmadilar. Dehqonlarning yer egalariga qarshi chiqishlari bo‘lib turgan, ayrim chekka viloyatlar hokimlari esa markazlashtirish siyosatiga qarshilik ko‘rsatgan.
Slayd 7
900-yilning bahorida Balx yaqinidagi jangda Amir ibn Lays Ismoil tomonidan mag‘lubiyatga uchraydi, chunki Ismoilni Xorazm, Farg‘ona, Buxorodan, ya’ni Turondan yordamga kelgan katta harbiy kuch qo‘llab-quvvatlaydi. Xuroson va Shimoliy Eron ham Ismoil tasarrufiga o‘tadi, xalifalik somoniylarni siyosiy kuch sifatida tan olishga majbur bo‘ladi.
Ismoil Somoniy ko‘p vaqt mobaynida to‘plangan tajriba va an’analarni uddaburonlik bilan davom ettirdi. U Farg‘ona, Sayram, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Chag‘onyon, Xuttalon, Kesh, Xuroson, Seyiston, G‘azna kabi qator viloyatlarni qo‘l ostida birlashtirib, davlatchilik asoslarini qaytadan tiklashga muvaffaq bo‘lgan hukmdordir.
Slayd 8
Qoraxoniylar davlati
Qoraxoniylardan birinchi bo‘lib islomni qabul qilib, musulmoncha Abdulkarim degan nom olgan hukmdor Xorun Bug‘raxon hisoblanadi. Ayrim yozma manbalarda u Bug‘raxon at-Turkiy nomi bilan zikr etiladi. Ibn al-Asirning “Kitob al-kamil fi-tarix” asarida ma’lumot berilishicha, Qashg‘ar, Bolasog‘undan to Xitoy chegarasigacha bo‘lgan yerlar Bug‘raxon at-Turkiy hukmronligi ostida bo‘lgan.
Slayd 9
Tyan-Shan va Yettisuv egallangach, Qoraxoniylar Somoniylar davlati tarkibidagi Movarounnahrga ham harbiy yurishlar uyushtira boshlaydilar va tez orada ular tomonidan Farg‘ona va Isfijob (Sayram)egallanadi. 990–992-yillarda qoraxoniy hukmdor Hasan Bug‘raxon Somoniylarning O‘rta Osiyodagi mulklarning kattagina qismini bosib oladi. 992–993-yillarda Hasan Bug‘raxon Samarqand va Buxoroni ham egallaydi.
Slayd 10
XI asr boshlarida Qoraxoniylar davlatiga Amudaryoning yuqori va o‘rta oqimlaridan to Yettisuvgacha, sharqda esa Torim daryosigacha bo‘lgan hududlar kirardi. Ayrim olimlarning fikricha, shu vaqtdan boshlab Qoraxoniylar Buxoro, Samarqand va Amudaryogacha bo‘lgan hududlarni ham boshqara boshlaydi.
Qoraxoniylarning Movarounnahrdagi hukmronligi 200 yilga yaqin davom etgan. Somoniylarga tegishli yerlarni egallash asnosida Qoraxoniylar vaqtinchalik birlashib, turkiylarning yirik davlatini barpo etadilar. Bu davlat bir nechta viloyatlarga bo‘lingan, Movarounnahrga dastlab Nasr Eloqxon hokimlik qilgan. Shijoatli va mohir sarkarda Nasr Eloqxon do‘stona diplomatiya o‘rnatish tarafdori ekanligini bildirib, qo‘shnisi Mahmud G‘aznaviy bilan elchilik munosabatlari o‘rnatadi.
Slayd 11
Qoraxoniylar davlati 1025-yil
Slayd 12
Movarounnahr yerlari to‘la egallangach, 1015-1016-yillarda Qoraxoniy hukmdorlari, xonzodalar va yirik amaldorlar o‘rtasida toj-taxtni egallash uchun kurashlar avj oladi. Natijada 1041-yilga kelib Qoraxoniylar davlati ikkiga: sharqiy va g‘arbiy qismga bo‘linib ketadi.
G‘arbiy qismga Movarounnahrdan to Farg‘ona vodiysining g‘arbiy tumanlarigacha bo‘lgan hududlar kirgan, uning poytaxti dastavval Buxoro, ma’lum bir muddat O‘zgand, keyin esa Samarqand edi. Sharqiy qism Yettisuv, Qashg‘ar, Taroz, Isfijob, Shosh va Sharqiy Farg‘onani o‘z ichiga olgan. Uning poytaxti avval Balasog‘un, so‘ngra Qashg‘ar bo‘lgan.
Slayd 13
G‘aznaviylar davlati
Sulola asoschisi amir Nosiriddin ud-davla Sabuktegin G‘oziy kelib chiqishiga ko‘ra turkiy qavmga mansub edi. Taxminlarga ko‘ra, Sabuktegin Issiqko‘l bo‘yidagi Barsxon degan joyda tug’ilgan.
977-yilning 20-aprelida u G’azna viloyatining amiri etib tayinlanadi. Viloyatni Sabuktegin Somoniylar davlatining noibi sifatida boshqaradi. X asr oxirida, 994–995-yillarda Xurosonda bo‘lib o‘tgan ikki jang – somoniylarning Nuh II binni Nasr va Sabuktegin boshchiligidagi birlashgan qo‘shin isyon ko‘targan sarkardalar – Abu Ali va Foiqni tor-mor keltiradi. Sabukteginning siyosiy nufuzi oshadi va mulki kengayadi, natijada u Amudaryoning janubidagi Somoniylarga qarashli butun hududning sohibiga aylanadi.
Slayd 14
Ilmiy adabiyotlarda ko‘pincha Mahmud G‘aznaviy deb yuritilgan Abulqosim Mahmud (998-1030) hukmronligi davrida, u tomonidan olib borilgan ko‘plab istilochilik yurishlari natijasida 1186-yilgacha – 200 yildan ortiq hukm surgan va faoliyatiga G‘uriylar nuqta qo‘ygan buyuk G‘aznaviylar davlati barpo etildi.
Slayd 15
Mahmud G‘aznaviy hukmronligidagi yuksalish davrida uning chegaralari g‘arbda va shimoli-g‘arbda Ray va Isfahon shaharlari hamda Orol dengizi bilan birga G‘arbiy Erongacha cho‘zilgan, janubi-sharqda esa Shimoliy Hindistonning kattagina qismini o‘z ichiga olgan edi.
1006–1008-yillarda Qoraxoniy Qodirxon Mahmud G‘aznaviy yo‘qligidan foydalanib, Xurosonga yurish qiladi. Bunday hol ikki bor takrorlansa-da, Mahmud Qodirxon qo‘shinlarini tor-mor keltiradi va Xurosondan haydab chiqaradi.
1002–1026-yillar mobaynida Mahmud G‘aznaviy Hindistonga 17 marotaba yurish qiladi.
Slayd 16
Xorazmshohlar davlati
O‘zbek davlatchiligi tarixida qadimiy Xorazm vohasi o‘ziga xos o‘ringa ega. Undagi siyosiy jarayonlar ko‘p holda butun mintaqadagi holatga bevosita ta’sir ko‘rsatgan.
Xorazm eli hukmdori – Xorazmshoh unvoniga o‘z vaqtida bir qancha sulolalar mansub bo‘lgan. Jumladan, 305–995-yillarda Afrig‘iylar, 995–1017-yillarda Ma’muniylar, 1017–1034-yillarda Gʻaznaviylar noibi bo‘lmish Oltuntosh avlodlari. Lekin aynan Anushtaginiylar (1097–1231) davridagina ushbu unvon mavqeyi o‘zining baland cho‘qqisiga chiqadi. Ular mazkur sulolani o‘z davrining eng buyuk va nufuzli saltanatiga aylantirishga muvaffaq bo‘lganlar.
Slayd 17
Afrig‘iylarning oxirgi vakillari ma’muniylar o‘rniga kelgan turk hokimlari tomonidan tayinlanib yangi sulolaga asos solgan Qutbiddin Muhammad ibn Anushtegin (1117–1127) uddaburon va matonatli hukmdor bo‘lsa-da, uning vorislari davrida mamlakat biroz tushkunlikka yuz tutadi. Uning o‘g‘li Otsiz (1127-1156) hukmronlik qilgan yillar shiddatli voqealarga to‘la bo‘lgan. Tashqi dushmanlar bilan ichki taxt va mansab talashuvlar davlatni ancha kuchsizlantirgan.
Slayd 18
XIII asr boshlaridan Xorazmshohlar davlati o‘z hududining kengligi, saltanatning nufuzi, xalqning salohiyati, madaniyati, xo‘jalik hayotining yuksakligi bilan musulmon olamida buyuk davlat sanalgan. Davlat o‘zining ko‘proq qang‘li-qipchoq hamda turkmanlardan iborat muntazam qo‘shiniga ega edi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy qo‘shining soni 400000 gacha yetib, bu mo‘g‘ullar qo‘shinidan ancha ortiq edi.
Slayd 19
Davlat musulmon olamida qabul qilingan qonun chiqaruvchi – dargoh hamda ijroiya – devonlar tizimida boshqarilgan, davlat boshlig‘i sulton hokimiyatining huquqlari hech bir qonun-qoida bilan chegaralanmagan. Saltanat hokimlar, noiblar, vazirlar, lashkar boshliqlaridan iborat kuchli harbiy asilzoda guruhlar, mustavfiy (daftardor hisobchilar), qozilar, sadrlar va boshqa ko‘plab saroy mansabdorlaridan tarkib topgan edi.
Slayd 20
Otsizning nabirasi Alovuddin Takash ibn El-Arslon (1172–1200) davlatni mustahkamlash, qo‘shimcha yerlarni bosib olish siyosatini yuritdi. Otsiz Xorazm mustaqilligiga va ulug‘ davlatchilik siyosatiga zamin yaratgan bo‘lsa, Takash o‘z imperiyasining haqiqiy asoschisi edi. Uning o‘g‘li va valiahdi Alovuddin Muhammmad bu siyosatni davom ettirib, qoraxitoylarga qarshi kurash olib bordi. Uning hukmronligi davrida (1200–1220) Samarqand va O‘tror qoraxoniylardan tortib olindi, uzoq G‘aznagacha (Afg‘oniston janubida) chegaralar kengaydi, G‘arbiy Eron va Ozarbayjon bo‘ysundirildi va Dashti Qipchoqning ichlarigacha kirib borildi. Sulton Alovuddin Muhammad qoraxitoylar bilan muvaffaqiyatli jang qilib, ularni taslim qiladi, o‘zini “Ikkinchi Iskandar”, deb e’lon qiladi.
Slayd 21
O‘rta Osiyo xalqlarining IX–XII asrlardagi ijtimoiy-iqtisodiy hayoti
Qoraxoniylar davrida o‘troq dehqon aholisi o‘rtasida yer egaligi munosabatlari yanada rivojlandi. Aholining to‘rtta toifasi mavjud edi: boylar, o‘rtahollar, chig‘aylar (kambag‘allar), shuningdek, mulksizlar–qora avom (budunlar). Chorikor sifatida feodallar yerlarida ishlagan yersiz va kam yerli dehqonlar “akkarlar” o‘troq dehqonlar ommasini tashkil qilgan. Akkar yerni ijaraga olganda hosilning bir qismini davlatga, boshqa qismini yer egasiga berishi, qolganini o‘zi olishi kerak edi. Qoraxoniylar davrida aholi dehqonchilik, hunarmandchilik, chorvachilik, ovchilik va savdo-sotiq bilan shug‘ullangan.
Slayd 22
Qoraxoniylar boshqaruvi davrida yer egaligi bir necha turlarga bo‘lingan:
1. Sulton yerlari. Bu yerlar davlat xazinasiga tushadigan asosiy savdo tushumlari va iqto taqsimoti fondining manbayi edi. Bu davrda iqtoni meros qilib o‘tkazish tez-tez kuzatiladi.
2. Vaqf yerlari. Qoraxoniylar davrida Islom dinining o‘rni va ahamiyati oshib u davlat dini darajasiga ko‘tarildi. Dindorlar davlat oldidagi xizmatlari evaziga katta-katta yerlar va mulklar olar edilar.
Slayd 23
XII asrning oxiri va XIII asrning boshlarida Takash davrida Xorazm kuchayib, Sharqning qudratli davlatlaridan biriga aylandi. Xorazmshohlar davrida cho‘lga aylangan Charmanyop vohasida madaniy bo‘shliq tiklanib, Shohsanam, Govurqal’a, Devqal’a, Qal’aliqir-2 kabi qadimiy shahar va istehkomlar qaytadan jonlandi. Jumladan, Katta Charmanyop kanalining suv bilan ta’minlanadi.
Bu davrda yangi qurilish materiali – pishiq g‘isht ishlatila boshlangan hamda birinchi marta derazalarga oyna qo‘yiladi. Uylarining ichki qismini bezashda devorga chizilgan rasmlardan tashqari o‘yma naqshli yog‘och ham ishlatiladi. Bu esa Xorazmda ma’naviy madaniyat va tasviriy san’at yangi bosqichga ko‘tarilganligini anglatadi.
Slayd 24
Ulkan mintaqada siyosiy yaxlitlik va barqarorlikka erishildi, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarda ham ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Arxeologik izlanishlar, yozma manbalar guvohligicha, bu davrda sun’iy sug‘orishga katta e’tibor qaratilgan, vohalardan keng foydalanishga harakat qilingan. Natijada dehqonchilik rivojlanishida uzilish sezilmaydi. Mintaqada bizga ilgaridan ma’lum mahsulot turlarining barchasi yetishtirilgan. Movarounnahr shaharlarida savdo-sotiq, hunarmandchilik rivojlangan.
Slayd 25
Shaharlar taraqqiyoti hunarmandchilik rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Hunarmandchilik rivoji O‘rta Osiyoning foydali qazilmalar, xomashyo manbalariga boyligi bilan izohlanadi. Bu sohaning asosiy markazlari – shaharlar edi. O‘rta Osiyoning turli joylarida olib borilgan arxeologik qazishmalar va yozma manbalardagi ma’lumotlarga qaraganda, XI–XII asrlarda shaharlar va ba’zi yirik qishloqlarda to‘qimachilik, kulolchilik, metall va shisha buyumlari ishlab chiqarish va boshqa hunarmandchilik turlari ancha taraqqiy etgan.
Slayd 26
Ismoil Somoniy maqbarasi o‘rta asrlarning rivojlangan davrida (IX–X asr), 864–868-yillar oralig‘ida, hozirgi Buxoroning Eski shahar qismida qurilgan.
Slayd 27
IIlm-fan taraqqiyoti va tasavvuf ta’limoti
IX–XII asrlarda O‘rta Osiyoda yuz bergan Madaniy uyg‘onish (Renessans), uning tarixi, shu davrda ijod qilgan buyuk alloma va ulamolar, ularning insoniyat ilm-fani, madaniyati ravnaqiga qo‘shgan ulkan hissasi doimo jahon tadqiqotchi olimlari nigohida turgan. Allomalarimizning ibratli hayoti va ijodi, yurtimizdan chiqqan ulug‘ zotlarning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasi XXI asrda ham ilm ahlini o‘ziga jalb qilib kelmoqda.
Slayd 28
Abbosiy xalifalar (750–1258) davrida islom madaniyati, ilm-fan o‘zining yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Xalifalik o‘z davlat boshqaruvi, turmush tarzi, madaniyat, me’morchilik sohalarida ko‘proq sharqiy hududlar, xususan Movarounnahrdan namuna oldi. Ko‘p holatda Eron, Xuroson, Movarounnahr zaminidan chiqqan arboblar xalifalik ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotida muhim rol o‘ynadi.
Slayd 29
Al-Ma’mun (813–833) davrida ilm-fanga homiylik yanada kuchaydi. Tabobat, falsafa, astronomiya, matematika fanlariga oid yunon, suryoniy, sanskrit, pahlaviy, xorazm tillaridagi asarlar arab tiliga tarjima qilindi. Xalifa al-Ma’munning Marvdagi dargohidagi olimlardan Muhammad Muso al-Xorazmiy, Javhariy, Ahmad Farg‘oniy, al-Marvaziy, Ali al-Marvaziy va boshqalar ijodiy faoliyat qilish uchun Bag‘dodga taklif qilinadi. Xalifalik poytaxti Bag‘dodda “Bayt ul-hikma” (“Donishmandlar uyi”) – “xalifa Ma’mun akademiyasi” tashkil topdi. Ilm markazida nemis tadqiqotchisi H.Zuter ta’kidlaganidek, olimlarning ko‘pchiligi Xuroson, Movarounnahr, Baqtriya va Farg‘onadan edi.
Slayd 30
IX–XIII asr boshlarida Movarounnahr va Xorazmda me’morchilik va san’at yangi rivojlanish bosqichiga o‘tdi. O‘rta asr ijtimoiy-siyosiy tuzumi va islom dini mafkurasi madaniy hayotning bu sohasiga kuchli ta’sir qildi. Asrlar davomida to‘plangan va avloddan-avlodga an’ana ravishda o‘tib kelgan me’morchilik yuqoriga ko‘tarildi. Samarqand, Buxoro, Urganch, Termiz, O‘zgan va Marv kabi shaharlarda ko‘plab saroy, masjid, madrasa, maqbara, tim va karvonsaroylar quriladi. Buxoro shahridagi Ismoil Somoniy, Nomozgoh, Minorai Kalon, Vobkent va Jarqo‘rg‘on minoralari va boshqa ko‘plab binolar o‘sha davr me’morchiligining namunalaridir.
Slayd 31
Movarounnahr va Xurosonda xalifalik tugatilib, Somoniylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, G‘aznaviylar va Xorazmshohlar davlati qaror topgach, islom, shariat ahkomlari va ilm-ma’rifatga e’tibor kuchaydi. Markaziy shaharlarda masjid va madrasalar qad ko‘taradi. Manbalarda aytilishicha, dastlabki madrasa X asrda Buxoroning Kovushdo‘zlar timi yaqinida qurilgan Farjak madrasasi edi. XII asrda shaharning Darvoza mahallasida qonunshunoslar uchun maxsus “Faqihlar madrasasi” qurilgan. Oliy dorilfununda islom dini ta’limotining asosiy manbalari: Qur’oni Karim, Hadisi sharif va arab tilini mukammal o‘rganishga katta e’tibor berilgan. Madrasalardan juda ko‘p yetuk fiqhshunos olimlar, odil qozilar, zohid imomlar yetishib chiqdi. Shu bois Buxoro IX asrdan boshlab “Qubbat ul-islom – “Islom dinining gumbazi” nomi bilan shuhrat topadi.
Slayd 32
Tasavvufning tariqat yo‘llari g‘oyat keng bo‘lib, turli davrlarda Turkiston va Movarounnahr o‘lkalarida uning turfa yo‘nalishlari paydo bo‘ldi. Turkistonda XII asrda Yassaviya, XII asr oxirida Xorazmda Kubroviya, XIV asrda Buxoroda Naqshbandiya va boshqalar vujudga keldi. XII asrda Movarounnahrda keng yoyilgan tasavvuf–Yassaviya tariqati bo‘lib, unga Ahmad Yassaviy asos solgan. Tasavvuf asoslari allomaning mashhur “Hikmat” asarida bayon qilingan. Ahmad Yassaviyning fikricha, shariatsiz tariqat, tariqatsiz ma’rifat, ma’rifatsiz haqiqat yo‘q. Ularning har biri ikkinchisini to‘ldiradi va takomillashtiradi. Ushbu kamolot yo‘li to‘rt bosqichli bo‘lib, ular inson hayoti va faoliyatining asl mohiyatini tashkil qiladi.
Slayd 33
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
E’TIBORINGIZ UCHUN RAHMAT!
Slayd 34
Foydali havolalar
🛒 Barcha taqdimotlar | 📰 Yangiliklar | ℹ️ Biz haqimizda
| 5 |
|
0 |
| 4 |
|
0 |
| 3 |
|
0 |
| 2 |
|
0 |
| 1 |
|
0 |













Sharhlar
Hali sharhlar mavjud emas.