
Slayd 1
Navoiy merosi va uning o‘rganilish tarixi
Slayd 2
1. Navoiy haqida shoirning o‘z asarlaridagi ma’lumotlar.
2. Zamondoshlarining asarlarida keltirilgan ma’lumotlar.
3. XVI-XIX asrlardagi tazkira, lug‘at, tarixiy va badiiy asarlar.
4. Navoiy ijodining ilmiy mezonlar asosida o‘rganilishi.
Reja:
Slayd 3
Tayanch tushunchalar:
Navoiyshunoslik
Ravza
Tazkira
Risola
Akademik nashr
Mukammal asarlar to‘plami
Ilmiy-tanqidiy matn
Slayd 4
Turkiy xalqlarning “shamsul millati” bo‘lgan Nizomiddin Mir Alisher Navoiy jahon adabiyoti xazinasini o‘zining hassos she’riyati, buyuk “Xamsa”si, fan sohalarining turli tarmoqlariga bag‘ishlangan boy ilmiy merosi bilan boyitgan so‘z san’atkoridir.
Slayd 5
O‘z ijodiy merosida 26 mingdan ortiq lug‘at boyligidan foydalangan bu buyuk daho mana besh asrdan oshibdiki, asarlaridagi chuqur falsafiy mushohadakorlik, ma’no-mohiyatning keng ko‘lamligi va nazmiy merosidagi fasohat dengizining bepoyonligi bilan jahon ahlini hayratga solib keladi.
Slayd 6
Navoiyning o‘z asarlaridagi ma’lumotlar
Alisher Navoiyning hayoti va ijodi haqida ilk ma’lumot beruvchi manba bu shubhasiz ulug‘ shoirning o‘z asarlaridir. Shoir garchi o‘z tarjimai holini maxsus yozib qoldirmagan bo‘lsa-da, lekin Navoiyning deyarli barcha asarlarida uning shaxsiyati, ijodiy va ijtimoiy faoliyati haqida muayyan fikrlar keltiriladi. Xususan, “Vaqfiya”, “Munshaot” asarlarida ulug‘ shoirning ijtimoiy faoliyati aks etsa, “Majolis un-nafois”, “Xamsa”, “Munojot”, “Xazoyin ul-maoniy” kabi asarlarida shaxsiy hayoti, “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher” kabi asarlarida shoir qalamiga mansub ba’zi asarlarning yozilish tarixi bilan bog‘liq ma’lumotlarni uchratish mumkin.
Slayd 7
Zamondoshlarining asarlarida keltirilgan ma’lumotlar
Abdurazzoq Samarqandiyning “Matla’i sa’dayn va majmai bahrayn” (“Ikki baxtli sayyoralarning kelib chiqishi va daryolarning qo‘shilishi”) asari shoir haqida ma’lumot beruvchi ilk manbadir.
O‘sha davrning yana bir tarixchisi Muhammad ibn Xovandshoh Mirxondning “Ravzat us-safo” (“Soflik bog‘i”) asarida ham Alisher Navoiy hayoti va faoliyatiga doir qimmatli ma’lumotlar keltirilgan.
Slayd 8
Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” (“Shoirlar tazkirasi”) asari Alisher Navoiy nomi zikr etilgan ilk tazkiradir. Tazkirada besh asr davomida yashab faoliyat yuritgan 150 ga yaqin ijodkor haqida ma’lumot keltiriladi. Asar 1486-yilda yaratilgan bo‘lib, muqaddima, 7 qism va xotimadan iborat. Alisher Navoiy haqidagi ma’lumot asarning xotima – muallifga zamondosh shoirlar haqidagi qismida keltirilgan.
Slayd 9
Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston”, “Haft avrang” (“Yetti taxt”), “Nafahot ul-uns” (“Do‘stlik tarovati”) asarlarida ham Alisher Navoiy hayoti va ijodiy faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab ma’lumotlar keltiriladi. Xususan, Sa’diy Sheroziyning “Guliston” asari ta’sirida yaratilgan “Bahoriston” asarining 8 ravza (bob)sidan 7-ravzasida 39 shoirdan biri sifatida Alisher Navoiyga to‘xtalib o‘tilib, uning komil axloqi ijodidan ham yuksakroq ekanligi ta’kidlanadi.
Slayd 10
G‘iyosiddin Humomiddin Xondamirning “Xulosat ul-axbor” (“Xabarlar xulosasi”, 1498-1499) va “Habib us-siyar” ( 1515-1523) asarlarida Husayn Boyqaroning Xuroson taxtiga o‘tirishi va Alisher Navoiyning Hirotga qaytishidan boshlab, ulug‘ shoirning vafot etishigacha bo‘lgan davr oralig‘idagi voqealar bayon qilinadi. Tarixchining “Makorim ul-axloq” asari esa Navoiyning yuksak axloqiga bag‘ishlangan maxsus risola bo‘lib, shoir tarjimai holiga doir muhim faktik ma’lumotlarning keltirilganligi bilan ahamiyatlidir.
Slayd 11
Shuningdek, Husayn Boyqaroning “Risola”, Abdulloh Hotifiyning “Layli va Majnun”, Husayn Voiz Koshifiyning “Javohir ut-tafsir” yoki “Mavohibi oliya”, Atoulloh Asiliyning “Ravzut ul-ahbob” asarlari va boshqa ko‘plab asarlarda ham Alisher Navoiyning hayoti, ijodi va ijtimoiy faoliyati haqida muhim ma’lumotlar keltirilgan.
Slayd 12
XVI-XIX asrlardagi tazkira, lug‘at, tarixiy va badiiy asarlar
Alisher Navoiy haqidagi ma’lumotlar XV asrdan keyingi tazkira, tarixiy va badiiy asarlarda ham keltirib o‘tiladi. Xususan, Lutf Alibek Ozarning “Otashkadai Ozariy”, Som Mirzo Safaviyning “Tuhfai Somiy”, Rizoqulixon Hidoyatning “Majmu’au-l-fusaho” (“Go‘zal so‘z egalarining to‘plami”), Faxriy Hirotiyning “Latoifnoma”, Mirzo Haydarning “Tarixi Rashidiy”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” kabi asarlarida Navoiy hayoti va ijodiy faoliyati bilan bog‘liq fikrlar muayyan darajada bayon qilib berilgan.
Slayd 13
Bu davrda Navoiy asarlarini chuqurroq o‘rganish uchun maxsus lug‘atlar ham tuzila boshlaydi. Navoiy hayotining so‘nggi yillarida uning asarlari asosida “Badoe’ul-lug‘at”, bir oz keyinroq “Lug‘ati Navoiy” yaratiladi. 1560-yilda Aloyi binni Muhibiy “Al lug‘at un-Navoiyat val-istishhodatu-l-chig‘atoiyat” (“Navoiy lug‘ati va chig‘atoy tili dalillari”) lug‘atini tuzadi.
Slayd 14
Navoiy ijodining ilmiy mezonlar asosida o‘rganilishi
Slayd 15
O‘tgan asrning 20-30 yillaridan boshlab Navoiy ijodini chinakam ilmiy mezonlar asosida o‘rganish boshlandi. Bu sohadagi dastlabki qadam sifatida Abdurauf Fitratning “Navoiyning forsiy shoirlig‘i ham uning forsiy devoni to‘g‘risida” (“Maorif va o‘qitg‘uchi” jurn., 1925) va “Farhodu Shirin” dostoni to‘g‘risida” (“Alanga” jurn., 1930) maqolalarini ko‘rsatish mumkin.
Slayd 16
Butun sobiq Sho‘rolar Ittifoqi miqyosida Navoiy tavalludining 500 yilligini keng nishonlash haqida qaror qabul qilinishi munosabati bilan “Xamsa”ning qisqartirilgan varianti (Sadriddin Ayniy, 1939), “Chor devon”, “Muhokamatu-l-lug‘atayn”, “Mahbubu-l-qulub” asarlari nashr qilindi, turli tadqiqot va monografiyalar yaratildi, shoir asarlari rus, ukrain, tojik, ozarbayjon va boshqa ko‘plab tillarga tarjima qilindi. Olim Sharafiddinov (“Alisher Navoiy”, 1939), M.Shayxzoda (“Genial shoir”, 1940), V.Abdullaev (“Navoiyning Samarqanddagi hayoti va faoliyati haqida”, 1940) kabi olimlarning tadqiqotlari yaratildi; A.Borovkov, Y.E.Bertels, H.Olimjon, X.Zarif, O.Usmonov, M.Shayxzoda hamda boshqa ijodkor va olimlarning ilmiy maqolalarini o‘z ichiga olgan “Rodonachalnik uzbekskoy literatury” (1940) to‘plami e’lon qilindi.
Slayd 17
Sobiq Ittifoq hududida 1941-yilda II jahon urushining boshlanishi munosabati bilan Navoiy yubileyi 1948 yil may oyida nishonlandi va shu munosabat bilan Y.E.Bertels, O.Sharafiddinov, S.Ayniylarning ilmiy risolalari e’lon qilindi.
XX asrning 60-yillaridan boshlab navoiyshunoslik yanada sermahsul ishlarni amalga oshirdi.
Slayd 18
“Xamsa”ning mukammal nashri (Porso Shamsiev, 1960), “Xazoyinu-l-maoniy”ning akademik nashri (Hamid Sulaymonov, 1959-60) va Alisher Navoiy “Asarlar”i 15 tomligining e’lon qilinishi navoiyshunoslikdagi muhim voqealardan bo‘ldi.
O‘tgan asrning 90-yillarigacha Navoiy hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan tadqiqotlar ro‘yxatining o‘zi alohida bir kitobni tashkil qiladi (Alisher Navoiy. Adabiyotlar ko‘rsatkichi, 1991).
Slayd 19
1987-2003-yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti tomonidan Alisher Navoiyning 20 jildlik “Mukammal asarlar to‘plami” e’lon qilindi.
Slayd 20
Mustaqillik yillaridan boshlab Alisher Navoiy ijodini yangicha tamoyillar asosida o‘rganish boshlandi. I.Haqqulovning “Tasavvuf va she’riyat” (1991), S.Hasanovning “Navoiyning yetti tuhfasi” (1991), M.Muhiddinovning “Ikki olam yog‘dusi” (1991), H.Qudratullaevning “Alisher Navoiyning adabiy-estetik qarashlari” (1991), A.Qayumovning “Nazm va tafakkur quyoshi” (1992), A.Hayitmetovning “Navoiyxonlik suhbatlari” (1993), “Temuriylar davri o‘zbek adabiyoti” (1996), A.Abdug‘afurovning “Buyuk beshlik saboqlari” (1995), R.Vohidovning “Alisher Navoiyning ijod maktabi” (1994), “Alisher Navoiy va ilohiyot” (1994), N.Komilovning “Tasavvuf” (1996, 2009), S.Olimovning “Naqshband va Navoiy” (1996), N.Jumaevning “Satrlar silsilasidagi sehr” (1996), kabi tadqiqotlari; M.Muhiddinov, A.Erkinov, K.Mullaxo‘jaeva kabi olimlarning dissertatsion ishlari shular jumlasidandir.
Slayd 21
Navoiy “Xamsa”si tarkibiga kiruvchi besh doston 2006-yilda asl matni va mukammal nasriy bayoni bilan G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi tomonidan lotin yozuvida nashr etildi.
Alisher Navoiy tavalludining 570 yilligi munosabati bilan shoir asarlarining 10 jildligi nashr etildi. Shuningdek, “Xazoyin ul-maoniy” kulliyoti tarkibiga kiruvchi 4 devon ham nashrdan chiqdi.
Slayd 22
1. Navoiy ijodiga uning hayotlik chog‘idayoq qiziqish paydo bo‘lganining sababi nimada deb o‘ylaysiz?
2. Navoiyshunoslikning tadrijiy taraqqiyotini qanday bosqichlarga bo‘lib o‘rganish mumkin?
3. Navoiy o‘zining qaysi asarlarida o‘zi bilan bog‘liq ma’lumotlarni bayon etadi?
4. Navoiy haqida zamondoshlari tomonidan yozilgan yoki zikr etilgan asarlar nomlarini ayting.
5. G‘arb adabiyotshunoslari Navoiyni dastavval tarjimon-shoir sifatida tushunganlari sababi nima bo‘lishi mumkin?
Savol va topshiriqlar:
Slayd 23
E’TIBORINGIZ UCHUN RAHMAT!
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring!
Slayd 24
Foydali havolalar
🛒 Barcha taqdimotlar | 📰 Yangiliklar | ℹ️ Biz haqimizda
| 5 |
|
0 |
| 4 |
|
0 |
| 3 |
|
0 |
| 2 |
|
0 |
| 1 |
|
0 |














Sharhlar
Hali sharhlar mavjud emas.