O’TKIR HOSHIMOV

Narxni hisoblang

Jami: 5 000 so'm


=== Taqdimot 1 ===
O‘TKIR
HOSHIMOV
=== Taqdimot 2 ===
REJA:
1. O‘tkir Hoshimov hayot yo‘li.
2. O‘tkir Hoshimov ijodiy faoliyati.
3. Uning asarlari haqida.
Foydalanilgan adabiyotlar.
=== Taqdimot 3 ===
Oʻtkir Hoshimov – taniqli oʻzbek yozuvchisi va jamoat arbobi. 1941-yili 5-avgustda Toshkentning Doʻmbirobod mahallasida tugʻilgan. Toshkent Davlat universiteti filologiya fakultetida oʻqigan. Turli tahririyat va nashriyotlarda ishlagan. Shuningdek, u Oliy Majlisda qoʻmita raisi vazifasini bajargan.
=== Taqdimot 4 ===
HAYOTI
Oʻtkir Hoshimov 1941-yil, 5-avgustda Toshkent shahrida oddiy bir oilada dunyoga keldi. Yozuvchining bolaligi urush va urushdan keyingi mashaqqatli davrga toʻgʻri keldi. “Oʻsha davrda non tanqis boʻlgani bilan kutubxonalarda kitob koʻp edi”¸- deya eslagan edi, yozuvchi oʻz xotiralarida. Kitob oʻqish barobarida Oʻtkir Hoshimov pochtada xat tarqatuvchi boʻlib ishladi. Aynan mana shu ish Oʻtkir Hoshimovni oddiy odamlarning kitobdagi hayotdan butunlay boshqa turmushiga oshno qildi.
=== Taqdimot 5 ===
Boʻlajak yozuvchi 1964-yilda Oʻzbekiston Milliy universitetining (sobiq ToshDU) filologiya fakulteti jurnalistika boʻlimini sirtdan tugatdi. 1959-1962-yillari “Qizil Oʻzbekiston”, 1963-1966-yil “Toshkent haqiqati” 1966-1982-yillari “Toshkent oqshomi” gazetalarida adabiy xodim boʻlib ishladi. Uning kitoblari juda qiziqarli va hayotiy kitoblar hisoblanadi. Yozuvchining ilk asari 1962-yilda “Poʻlat chavandoz” nomida ocherklar toʻplami tarzida nashrdan chiqdi. Ammo yozuvchiga muvaffaqiyat keltirgan asar 1970-yilda nashr qilingan “Bahor qaytmaydi” qissasi boʻldi. Oʻsha paytda nashr qilinayotgan mafkura targʻibotidan iborat asarlar fonida yozuvchi Oʻtkir Hoshimovning oddiy insoniy munosabatlar haqidagi bu asari qorongʻi osmonda chaqnagan mushak kabi eslanadi..
=== Taqdimot 6 ===
Bu asar asosida suratga olingan videofilm oʻz vaqtida eng koʻp tomosha qilingan asar sifatida tarixga kirdi. Oʻtkir Hoshimovning bir qancha asarlari ekranlashtirilgan. “Xazon boʻlgan bahor”, “Inson sadoqati” (1975), “Vijdon dorisi”, “Toʻylar muborak” (1979), “Qatagʻon” kabi drama, komediya, bir qator kinossenariylar muallifi. “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” (2001) kitobi ijtimoiy-maʼnaviy hayotda muayyan iz qoldirgan. “Choʻl havosi” nomli birinchi qissasi 1963- yilda bosilib chiqqan. Talabchan adib Abdulla Qahhorning eʼtiboriga sazovor boʻlgan.
=== Taqdimot 7 ===
“Urushning soʻnggi qurboni”, “Yanga”, “Muhabbat”, “Dehqonning bir kuni”, “Umr savdosi”, “Quyosh tarozusi”, “Oq bulut, oppoq bulut” singari oʻnlab hikoyalari, “Shamol esaveradi” (1968), “Bahor qaytmaydi” (1970), “Qalbingga quloq sol” (1973), “Dunyoning ishlari” (1982), “Ikki karra ikki-besh” (1987) qissalari, “Nur borki, soya bor” (1976), “Ikki eshik orasi” (1985), “Tushda kechgan umrlar” (1993) kabi romanlar yozgan. Adib asarlarida zamonaviy oʻzbek xalqining maʼnaviy dunyosi, milliy ruhi, urf-odatlari tasvirlangan.
=== Taqdimot 8 ===
“Toʻylar muborak”, “Sizdan ugina, bizdan bugina”, “Vijdon dorisi”, “Inson sadoqati”, “Qatagʻon” singari pyesalar muallif. U E. Xemenguey, K. Simonov, A. Kuprin va boshqa adiblarning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Oʻtgan asrning sovet mafkurasi hukmron boʻlgan 70-yillarida Oʻtkir Hoshimov Oʻzbekiston televideniyesida “Bahs” deb nomlangan eshittirishlarni olib bordi. Bu eshittirishlar yozuvchining “Qalbingga quloq sol”, “Dunyoning ishlari” “Nur borki, soya bor” kabi asarlarida koʻtarilgan oʻtkir ijtimoiy muammolar haqidagi bahslarning davomi boʻldi. Keyinchalik yozuvchi “Ikki eshik orasi” (1986), “Tushda kechgan umrlar” (1994) romanlarida zamondosh-asrdosh odamlar taqdirini¸ 20-asrning eng keskin fojiaviy hodisalari Ikkinchi jahon urushi hamda mustabid tuzumning jinoyatkorona siyosati oqibatlari bilan bogʻliq holda tahlil va talqin etishga urindi.
=== Taqdimot 9 ===
Hali Oʻzbekistonda Sovet mafkurasi hukmron boʻlgan 1990-yilda Oʻtkir Hoshimov oʻzi bosh muharrir boʻlgan “Sharq yulduzi” jurnalida Qurʼoni karimning ilk oʻzbekcha tarjimasini chop qilishga jurʼat qildi. Tarixga Gorbachev hurriyati deya kirgan “Qayta qurish va oshkoralik” davri Oʻtkir Hoshimovga jasorat berdi deya aytish mumkin. Oʻsha paytdagi Oʻzbekiston rahbariyati zehniyatida ashaddiy ateizm mavjudligi hisobga olinsa¸ bu haqiqatda jasorat namunasi deya eslanadigan qadam. Toshkentdagi “Ateizm uyi” kabi idora vakillari Qurʼon suralarida milliy kamsitish elementlari bor deya “Sharq yulduzi” jurnalida Qurʼoni karim tarjimasini chop qilinishini toʻxtatishga urinishdi. Bu toʻsiqlarga qaramasdan Oʻtkir Hoshimov bu tarjimani toʻligʻicha jurnalning bir necha sonlarida bosib chiqara oldi. Marhum yozuvchi 2001-yili “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan edi.
=== Taqdimot 10 ===
Noyob iste’dod sohibi O‘tkir Hoshimov adabiyotga Abdulla Oripov, Omon Muxtor, Shukur Holmirzayev singari bir qator tengdoshlari bilan birga kirib keldi. O‘sha paytda adabiyotimizning Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda singari ulkan yozuvchilari hayot bo‘lib, ularning nazariga tushish hammaga ham nasib etavermasdi. O‘tkir Hoshimov esa Abdulla Qahhordek mashhur san’atkor e’tiborini jalb qilgan yoshlardan edi. Roman qissa, hikoyalarida so‘z san’atining azaliy muammosi inson taqdiri va qalbining badiiy tahlili ham mavjud edi. Yozuvchining romanlari, hikoyalari ko‘pdir.
=== Taqdimot 11 ===
Umrining soʻnggi yillarini Oʻtkir Hoshimov oʻzbek hukumatining targʻibot-tashviqot kompaniyalaridan xoliroqda oʻtkazdi. Oʻzbek prozasida zamonaviy mavzularni imkon qadar mafkuradan holi tarzda yorita olgan taniqli yozuvchi Oʻtkir Hoshimov 2013-yil, 24-may kuni, 71 yoshida olamdan oʻtdi. Toshkentning Doʻmbirobod masjididagi juma namozidan keyin yozuvchi jasadi tuproqqa berildi.
=== Taqdimot 12 ===
“Dunyoning ishlari” Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov qalamiga mansub memuar qissa. Asar katta-kichik hikoyalardan iborat, uzoq yillar davomida yozilgan va toʻliq tarzda 2005-yilda “Sharq nashriyoti” tomonidan nashr etilgan. Keyinchalik, boshqa nashriyotlar tomonidan ham koʻp bora qayta nashr etildi. Jumladan, 2015-yilda Yangi asr avlodi nashriyoti tomonidan 336 betli qattiq muqovada nashr etildi. Shu yili Meriyus nashriyoti tomonidan 272 betda, 3000 nusxali qattiq muqovada nashr etildi. Ushbu nashrning ustki qismida qishloq koʻchasidagi uylar va adibning onasi tasvirlangan. Kitobning orqa tomonida adibning quyidagi soʻzlari keltirilgan: “Dunyoda hech bir chegarani tan olmaydigan va quyosh kabi muttasil nur sochib turadigan sehrli kuch bor. Bu Ona mehri! Alloh Onani shunday yaratgan!” Oʻtkir Hoshimov asarini 2005-yilgi nashrida shunday taʼriflagan:
=== Taqdimot 13 ===
“Bu qissa katta-kichik novellalardan iborat. Biroq, ularning barchasida eng aziz odam onam siymosi bor. Bundagi odamlarning hammasini oʻz koʻzim bilan koʻrganman. Faqat baʼzilarining ismi oʻzgardi, xolos. Bu odamlarning qismati ham qaysidir jihatdan onamga bogʻlangan.“Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” Oʻtkir Hoshimov XX asr oʻzbek adabiyotida oʻz oʻrni va uslubiga ega boʻlgan adib. Uning asarlari oddiy va xalqchilligi bilan ajralib turadi. Dunyoning ishlari asari ham ana shunday xalqchil asarlar sirasiga kiradi. Asar 2024-yilda tarjimon Mark Ris tomonidan ingliz tiliga oʻgirilgan.
=== Taqdimot 14 ===
Oʻtkir Hoshimovning qirqdan ortiq asarlari nashr etilgan. Ushbu kitoblarning umumiy tiraji 2 million nusxadan oshiq. Yozuvchining asarlari koʻpgina xorijiy tillarga tarjima qilingan. Asar haqida Jonli va hayotiy tasvirlar, oʻzbekona yondashuv va xarakter, qahramonlar oʻrtasidagi suhbatlar mutolaa taʼsirini kuchaytiradi. Asar adibning bolalik davridagi voqealari asosida qurilgan. Sovet davridagi oddiy qishloq oilalar-u, odamlar turmush tarzi adibning onasi bilan uygʻunlashtirib tasvirlangan. Oʻtkir Hoshimov shu kichik asarida ham dunyoning ishlarini mujassamlashtirgan.
=== Taqdimot 15 ===
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad qissani shunday ta’riflagan: “Dunyoning ishlari” asarini qissa emas, doston deb atashni istardim. U qoʻshiqday oʻqiladi. Uni oʻqib turib, oʻz onalarimizni oʻylab ketamiz. Shu mushfiq, shu jafokash onalarimiz oldidagi bir umr uzib boʻlmas qarzlarimizning aqalli bittasini uza oldikmi, degan bir andisha, bir savol koʻz oldimizda koʻndalang turib oladi. Qissa bizni insofga, insonni qadrlashga, hurmat qilishga chaqiradi. “Ikki eshik orasi” oʻzbek yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov qalamiga mansub roman. Asar Oʻtkir Hoshimov merosining asosiy oʻrinlardan birini egallaydi.
=== Taqdimot 16 ===
Asarda insonlar taqdiri va inson umrining murakkabligini mahorat bilan tasvirlangan. Adib, birinchi navbatda, tinchlikka raxna solgan urushni tilga oladi. Ayniqsa, urush voqeligining har bir ota-ona qalbini jarohatlagani, koʻngillariga ozor yetkazgani romanning umuminsoniy pafosini tashkil etadi. Adib qalamga olgan obrazlari oddiy odamlarning fazilatlari, mardligi, matonati, vatanparvarligi va sabr-bardoshi haqida soʻzlaydi. Tajribali yozuvchi roman hodisalarini teran oʻrgangani uchun har bir epizod oʻquvchini qalbiga jiddiy taʼsir qiladi. Asarda tasvirlangan hayot manzaralari, insonlararo munosabatlar shuningdek, yozuvchining oʻziga xos badiiy uslubi juda tabiiy hamda samimiyligi bilan ajralib turadi. Yetti qism, qirq yetti bobdan tarkib topgan roman kompozitsion qurilishi jihatidan ham oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Undagi voqea-hodisalar bayonida qatnashgan toʻqqizta personaj hikoyalarini adib bir-biriga ustalik bilan bogʻlagan.
=== Taqdimot 17 ===
ASAR HAQIDA
“Ikki eshik orasi” romanidagi Orif oqsoqol, Husan Duma, Komil tabib kabi obrazlarni yoritib bergan. Ayniqsa, Orif oqsoqol obrazi romanga koʻrk bagʻishlaydi. Uning insonparvarligi, odamlar orasida qozongan obroʻ-eʼtibori, eng ogʻir damlarda qiyinchiliklarni yengib oʻtishga kuch topishi bilan oʻquvchi xotirasiga muhrlanadi. U donishmand, tajribali, hayotning achchiq-chuchugini tatib koʻrgan oʻzbek qariyalariga oʻxshab har bir ishda tashabbuskorlikni oʻz qoʻliga oladi. Shu bilan birga asarda Robiya ismli ayol qahramon ham mavjud.
=== Taqdimot 18 ===
ASAR HAQIDA
Oʻtkir Hoshimov oʻz romani haqida va shu orqali dilidagi soʻzlarni ham aytib oʻtgan: Urush esa oʻyin emas. Ikkinchi jahon urushi ellik million odamning uvoliga qoldi. Shundan yigirma millioni bizning odamlar edi. Eng aziz, eng asl kishilarimiz. Qolaversa, urush faqat okopdagi jangchilarning joniga chang solib qolmadi. Minglab chaqirim naridagi odamlarni ham sinovdan oʻtkazdi. Mushkul damlarda iymonini, insonligini saqlab qolgan ota-onalarimiz, aka-opalarimizning hayoti bugungi zamonda bizga oʻrnak boʻlsa ne ajab!
=== Taqdimot 19 ===
“Rost bilan yolgʻonning oʻrtasi toʻrt enlik”, degan gap bor. Qiziq, nega endi oz emas, koʻp emas, toʻrt enlik? Gap shundaki, koʻz bilan quloqning orasi toʻrt enlik ekan. Eshitganingga emas, koʻrganingga ishon … Maqsad shu. Bu kitobdagi koʻp odamlarni oʻzim koʻrganman. Koʻplari bilan gaplashganman. Baʼzilarining oʻzi bilan, baʼzilarining … ruhi bilan … Baʼzilari nimani gapirgan boʻlsa, shuni qogʻozga tushirdim. Baʼzilari nima gapirganini emas, nima oʻylaganini yozishga majbur boʻldim. (Nachora, hamma rost gapiravermaydi. Ammo yolgʻon gapirayotgan odam ham ichida, baribir rostini oʻylaydi.) Xullas, bu savdolar koʻp yillar davomida koʻp kishilarning boshidan kechgan. Ular ustidan hukm chiqarish sizlarga havola … Tilimning uchida turgan yana bir andishani aytmasam boʻlmaydi. Ehtimol, siz bu kitobda fojia koʻpayibroq ketmadimikan, degan xayolga borarsiz. Nachora, avvalo hayot nuqul bayramdan iborat emas.
=== Taqdimot 20 ===
“Tushda kechgan umrlar“ oʻzbek yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov qalamiga mansub roman. 1993-yil yozib tugatilgan roman ilk bor “Sharq yulduzi” jurnalida seriallashtirilgan. Kitob oʻlaroq 1994-yil Toshkent shahrida “Sharq” nashriyotida chop etilgan. “Tushda kechgan umrlar” Hoshimovning eng taniqli asarlaridan biridir. Roman tanqidchilar tomonidan yaxshi kutib olingan. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad “Romanni loqayd-hayajonsiz oʻqib boʻlmaydi. U kitobxonni larzaga soladi. Xalq boshiga kulfatdan boshqa narsa solmagan qonli urushni boshlagan telba urushqoqlarga dil-dilidan qargʻish yogʻdiradi” deya yuqori baholagan.
=== Taqdimot 21 ===
QAHRAMONLARI
Romanda bosh qahramon Rustamning fojiaviy qismati orqali afgʻon urushining maʼnosiz mohiyati ifoda etilgan. Butun umri davomida totalitar rejim siyosatining qalqoni va qilichi sifatida ish koʻrgan, necha minglab halol odamlar dilini jarohatlagan, yostigʻini quritgan Komissar ham oʻziga xos fojiaviy obrazdir. Bu kimsaning fojiasi shundaki, u oʻzi olib borgan qora ishlarni haq deb biladi. Shuningdek, asarda Qurbonoy xola obrazi boʻlib, u boshiga tushgan qiyinchiliklarni matonat bilan yenggan oʻzbek ayoli timsolida gavdalanadi.
=== Taqdimot 22 ===
Roman, qissa, hikoyalarida so‘z san’atining azaliy bosh muammosi – inson taqdiri va qalbining badiiy tahlili ham mavjud edi. Muallif dolzarb ijtimoiy muammolar talqini bilan yondosh holda ko‘p o‘rinlarda personajlar ruhiyatidagi g‘oyat nafis jarayonlarni san’atkorona ifoda etardi. “Cho‘l havosi”, “Muhabbat”, “Nigora”, “Shamol esaveradi” nomli hikoya va qissalar shundan dalolatdir. Keyinroq u dolzarb, ijtimoiy muammolar talqiniga ko‘proq moyillik bildirib, ayni zamonda bevosita ma’naviyat, ruhiyat tahliliga bag‘ishlangan asarlar ustida ish olib bordi. Yozuvchining shu yo‘nalishdagi “Qalbingga quloq sol” (1973), ayniqsa, “Bahor qaytmaydi” (1970), “Dunyoning ishlari” (1982) qissalari unga katta shuhrat keltirdi.
=== Taqdimot 23 ===
“Bahor qaytmaydi” (1970) qissasida yozuvchi iste’dodli, biroq uning qadriga yetmagan, ulug‘ maqsadlardan marhum xudbin yigitning tanazzul tarixini, ruhiy-ma’naviy inqirozini san’atkorona tahlil etib berdi. Bundan adibning haqiqiy ijod yo‘liga kirganligini ko‘ramiz. O‘tkir Hoshimov asardan-asarga o‘sib bordi. Unda nafosat tuyg‘usi behad kuchli. Hatto u aldangan odamning ma’naviy inqirozi, fojiasi, halokati tasvirida ham shu tuyg‘usini saqlab qoladi. Ayniqsa, u yaxshi, oliyjanob, ma’naviy barkamol odamlar qalbi tahlilida O‘zini nihoyatda erkin his etadi. Uning ijobiy qahramonlari aksari go‘dakday beg‘ubor, nafosat tuyg‘usiga boy, hissiyotli, o‘ta ta’sirchan odamlardir.
=== Taqdimot 24 ===
Yozuvchi ijodiga xos liro-romantik tarona uning “Dunyoning ishlari” qissasida eng baland pardalarda jarangladi. Bu asar ona haqidagi, ona qalbining cheksiz saxovati to‘g‘risidagi o‘ziga xos qasidadir. Asardagi Ona farzandi, uning oromi, baxti uchun jonini, jahonini berishga tayyor. U ming-minglab o‘zbek onalarining timsoliga aylandi. Har bir o‘zbek kitobxoni unda o‘z onasining qandaydir fazilatini topgandek bo‘ladi. Qissadagi “Alla”, “Oq marmar, qora marmar” kabi novellalarda onaning farzandi qalbida qoldirgan armonlari haqida o‘tkir yozilgan. Kishi bularni o‘qir ekan, tasvirdan ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketadi.
=== Taqdimot 25 ===
O‘tkir Hoshimovning “Oq kamalak” to‘plami ham hayotiy muammolar, to‘g‘rirog‘i, turmush tashvishlari to‘g‘risida bahs yuritadi. Yozuvchining birinchi romani “Nur borki, soya bor” 1977-yili nashr qilindi. Roman chiqishi hamono turli fikr-mulohazalarga sabab bo‘ldi. Asarda ko‘pgina hayotiy, muhim ahamiyatga ega muammolar ko‘tarilgan edi. Bular azaldan kishilik jamiyatining falsafasi bo‘lmish “nur” va “soya”lar orasidagi kurash, tortishuv fonida yoritiladi. Asar o‘z davrida adabiy tanqidchilik tomonidan iliq kutib olindi, unga munosib baho berildi, faqat romanga keskin to‘qnashuvlar va kolliziyalar yetishmasligi qayd qilindi. Bundan tashqari, O‘tkir Hoshimov O‘rta Osiyo respublikalarining qator teatrlarida namoyish qilingan “To‘ylar muborak”, “Sizdan ugina, bizdan bugina”, “Inson sadoqati”, “Qatag‘on” kabi pyesalarining muallifidir.
=== Taqdimot 26 ===
O‘tkir Hoshimov E.Heminguyey, K.Simonov, A.Kuprin, O.Berggols singari yozuvchilar asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Uning asarlari qardosh xalqlar va xorijiy tillarga tarjima qilingan. Ijodkor 80-yillar o‘zbek publitsistikasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan adiblardan biridir. Uning odob-axloq, ma’naviy olam, milliy qadriyatlar, sho‘ro davri adolatsizliklarini dadil yoritgan ocherk va teleko‘rsatuvlari bu davrning barkamol mevalaridir.
=== Taqdimot 27 ===
Muallifni endi kundalik dolzarb ijtimoiy masalalar emas, ko‘proq azaliy ma’naviy muammolar, inson taqdiri, uning qalbi jumboqlari qiziqtiradi. Bu narsa “Ikki eshik orasi” romanida ayniqsa, ravshan ko‘rindi. Bu bilan adib ijodiy yo‘lining yetuklik bosqichi boshlandi. Yozuvchining “Ikki eshik orasi” romani ham kitobxonlar tomonidan iliq kutib olindi. Roman 1986-yilning eng yaxshi asarlaridan deb topilib, Hamza nomidagi respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgandi. “Ikki eshik orasi” romanida o‘z davrining muhim muammolari qalamga olindi, o‘sha yillar voqea-hodisalariga munosabat bildirildi. Romanning asosiy qahramonlari ikkinchi jahon urushi og‘irliklarini yelkasida ko‘targan, unda mardona g‘olib chiqqan kishilardir.
=== Taqdimot 28 ===
Umuman olganda, romanda butun jamiyat kishilarining urush davridagi fidokorligi o‘zining badiiy ifodasini topgan. Roman qahramonlaridan biri Muzaffar urush davrida muayyan qiyinchiliklarni boshidan kechirgan, 70-yillarga kelib farovon turmushga erishgan yoshlarning timsoli tarzida beriladi. Romanning sarlavhasidan tortib, deyarli butun mazmunigacha yozuvchi jiddiy falsafiy ma’no yuklashga intilgan.
=== Taqdimot 29 ===
Xususan, u “Ikki eshik orasi” deganda, inson umrini, ya’ni tug‘ilgandan o‘lgungacha bosib o‘tgan yo‘lni ko‘zda tutadi. Muallifning g‘oyaviy falsafasiga ko‘ra bu yo‘l juda murakkab va ziddiyatli bo‘lib, uni muvaffaqiyat bilan bosib o‘tishi uchun insondan katta matonat, iroda, bilim va jasorat talab qilinadi. Asardagi ko‘pchilik qahramonlar, xususan, Oqsoqol, Qora amma, Robiya, Shomurod, Kimsan xuddi shunday jasoratli va ruhan boy kishilar bo‘lib, ko‘p jihatdan yozuvchining g‘oyaviy maqsadini ta’sirchan ifodalashga xizmat qilgan.
=== Taqdimot 30 ===
Muallif falsafasiga ko‘ra o‘z umrini sharaf bilan bosib o‘tmog‘i uchun insondan katta matonat va jasorat talab qilinishining sababi shundaki, u o‘z hayoti davomida og‘ir kurashlar girdobidan, yengib bo‘lmas to‘siqlardan o‘tishga majbur bo‘ladi. Asarda xuddi shunday inson hayotining to‘siqlari, illatlari sifatida Umar zakonchi, Ra’no, Zuhra kabi shaxslar timsoli yaratilgan bo‘lib, ular romandagi kurashlar, to‘qnashuvlar, ma’naviy ixtiloflar keskinligini, tarangligini oshirishga imkon tug‘dirgan.
=== Taqdimot 31 ===
Hayotdagi illatlarga qarshi ayovsiz o‘t ochish istagi O‘tkir Hoshimovni “Ikki eshik orasi” romanidan keyin tadrijiy ravishda hajviyotga murojaat qilishga olib keldi. Oqibatda uning “Ikki karra ikki, besh” qissasi maydonga keldi. Yozuvchining ilgarigi asarlarida ahyon-ahyonda hajviyot uchrab turar edi. “Ikki karra ikki, besh” qissasi esa, ulardan butunicha hajviy uslubda yozilganligi bilan farq qiladi. Hajviyot tig‘ini hayotdagi martabali kishilarga, katta rahbarlarga, xususan, raislarga qaratgani va ularning ma’naviy tubanligini ro‘yi-rost fosh qilishga intilgani bilan yozuvchi qissaning ko‘p sahifalari ta’sirchan va qiziqarli bo‘lib chiqishiga erishgan. Faqat dalillash san’atining etishmaganligi va ayniqsa, raisning o‘g‘li o‘z otasiga qarshi keskin kurashga kirishishi yaxshi asoslanmaganligi sababli qissa 80-yillar o‘zbek hajviyotidagi sezilarli hodisa darajasiga ko‘tarilmay qoldi.
=== Taqdimot 32 ===
Yuqorida tilga olingan so‘nggi ikki asarida O‘tkir Hoshimovning inson ma’naviy olamini, psixologiyasini teran tahlil qilish mahorati ancha oshganligi aniq-ravshan sezilib turadi. Bunda yozuvchi turli-tuman vositalar qatorida qahramonlarning dil izhorlaridan, ichki monologlaridan unumli foydalangan. Ichki monologlar qo‘llashda yuqoridagi asarlarda boshlangan usuldan yozuvchi “Tushda kechgan umrlar” romanida yanada ustalik bilan foydalandi. “Tushda kechgan umrlar” romanida voqealar qamrovi juda keng: 30-yillarning mash’um “qatag‘on” qilish manzaralari, 80-yillarda Afg‘oniston urushi lavhalari, shu yillarda sodir bo‘lgan “O‘zbek ishi” mojarolari. Bu uchta yirik, juda katta hajmli voqealarni bir-biri bilan bog‘lashda, ular orasiga “biriktirish nuqtasini” topishda muallif ichki monologdan unumli foydalanadi.
=== Taqdimot 33 ===
Yozuvchi endilikda badiiy asar yaratishda publitsistika bajarishi lozim bo‘lgan vazifani sekin-asta o‘z zimmasidan soqit qilmoqda. U kundalik dolzarb masalalar tahlilini publitsistikaga berib, e’tiborini o‘zining azaliy ishi inson qalbi jumboqlari tadqiqiga astoydil qaratmoqda. Romandagi Rustam, Shahnoza kabi qahramonlar ruhiy olamining talqini xuddi shunday xulosa chiqarishga imkon beradi. Faqat roman kompozitsiyasining nomukammalligi uning adabiyotda juda katta hodisa darajasiga ko‘tarilishiga xalaqit bergandek tuyuladi. Kompozitsiyadagi tarqoqlik, ayniqsa, Rossiyadan yuborilgan kishilar hayotiga, faoliyatiga bog‘liq voqealarning, tafsilotlarning asosiy syujet chiziqlariga uzviy bog‘lab yuborilmaganida yaqqol seziladi.
=== Taqdimot 34 ===
Shunga qaramay, yozuvchining so‘nggi asarlari O‘tkir Hoshimovning hozirgi o‘zbek nasridagi sermahsul ijodkorlardan biri darajasiga ko‘tarilganligidan guvohlik beradi. O‘tkir Hoshimovga samarali ijodiy mehnati uchun 1991-yili “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” faxriy unvoni berilgan. U “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan ham taqdirlangan.
=== Taqdimot 35 ===
E’TIBORINGIZ UCHUN RAHMAT!
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring!

0.00
0 sharh
5
0
4
0
3
0
2
0
1
0
“O’TKIR HOSHIMOV” uchun birinchi sharh yozing;

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Bu maydon to‘ldirilishi shart.

Bu maydon to‘ldirilishi shart.

Bu maydon to‘ldirilishi shart.

Sharhlar

Hali sharhlar mavjud emas.

Kategoriya: 
Mening savatim
Xohishlar ro‘yxati
Kategoriyalar