O‘RTA OSIYO TARIXIGA OID QADIMGI DAVR YOZMA MANBALARI

Narxni hisoblang

Jami: 5 000 so'm


=== Taqdimot 1 ===
O‘rta Osiyo tarixiga oid qadimgi davr yozma manbalari
=== Taqdimot 2 ===
Reja:
Qadimgi Eron hududida yaratilgan yozma manbalar  va ularning tahlili.
Qadimgi davrda O‘rta Osiyoda kechgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar.
Avesto – O‘rta Osiyo tarixini o‘rganishdagi eng qadimgi yozma manba.
Qadimgi Hind, Xitoy, Yunon va Rim davlatlarida yaratilgan yozma manbalar.
01
03
02
04
=== Taqdimot 3 ===
Qadimgi davrda O‘rta Osiyoda kechgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar
O‘zbekiston hududi ham Eron, Hindiston, Mesopotamiya, Yunoniston, Rim, Misr va Xitoy singari mamlakatlar kabi ilk madaniyat o‘choqlaridan biri hisoblanadi. Lekin, uning qadimiy madaniyati haqida ma’lumotlar juda kam saqlanib qolgan. Biz yurtimizning faqat miloddan avvalgi VI asrlardan keyingi ijtimoiy-siyosiy hayoti haqida ma’lum darajada yozma ma’lumotlarga egamiz. Eron, Hindiston va ayniqsa, qadimgi Yunoniston va Rim manbalarida saqlangan ma’lumotlarga qaraganda, qadim zamonlarda hozirgi O‘zbekiston hududida istiqomat qilgan so‘g‘diylar, baqtriyaliklar, xorazmliklar, saklar, massagetlar va boshqa qabilalar urug‘chilik tuzumini boshdan kechirganlar, chorvachilik, qisman dehqonchilik hamda hunarmandchilik bilan shug‘ullanganlar.
=== Taqdimot 4 ===
Miloddan avvalgi VI asrda yurtimiz Ahamoniylar davlati (miloddan avvalgi 550-330-yillar) asoratiga tushib qoldi. Ana shu davrda bu yerda istiqomat qilgan xalqlar hayotida muhim ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Urug‘ jamoalari orasida tabaqalanish boshlandi: yangidan paydo bo‘lgan urug‘ aslzodalari serunum yerlarni egallab oldilar, qul mehnati hamda erkin jamoa a’zolari zulm qilish yo‘li bilan boyib bordilar. Shu tariqa jamiyatning tabaqalanish jarayoni kuchaydi va quldorlik jamiyati paydo bo‘ldi.
Yillar o‘tishi bilan Ahamoniylar va ularning mahalliy noiblari baribir aholini to‘la itoatda tutib tura olmadilar. Fors hukmdorlari bilan yurtimiz xalqlari o‘rtasida uzluksiz davom etgan urushlar Ahamoniylar davlatini kuchsizlantirdi va Eronning Iskandar Zulqarnayn (Makedoniyalik Aleksandr) tarafidan bosib olinishini birmuncha osonlashtirdi.
=== Taqdimot 5 ===
Makedoniyalik Aleksandrning yurishlari (miloddan avvalgi 334-324-yillar.) yurtimiz ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatdi: katta yer egalari bo‘lmish mahalliy aslzodalarning mavqei yanada mustahkamlandi. Ma’lumki, Aleksandr vafotidan (miloddan avvalgi 323-yil 13-iyun) ma’lum vaqt o‘tgach, uning ulkan saltanati mayda-mayda davlatlarga bo‘linib ketdi. Miloddan avvalgi 250-yili Buyuk Makedoniya saltanatining Baqtriyadagi noibi Diodot mustaqillik e’lon qildi va Yunon-Baqtriya davlatiga asos soldi. Bu davlat tarkibiga Sirdaryo bilan Hind daryosi yuqori oqimlarigacha bo‘lgan yerlar va xalqlar qarar edi.
=== Taqdimot 6 ===
Miloddan avvalgi 190-yil Magnesiya yonida bo‘lgan janglarda Rim qo‘shinlari Buyuk Antiox (miloddan avvalgi 242-187-yillar) qo‘shinlarini tor-mor keltirib, Salavkiylar hukmronligiga qaqshatqich zarba berdilar. Bu Yunon-Baqtriya va ayniqsa Parfiya davlatlarining kuchayishiga yo‘l ochib berdi.
=== Taqdimot 7 ===
Miloddan avvalgi II asrning 40-yillarida Parfiya butun Eron va Mesopotamiyaning katta qismini o‘ziga qaratib olib, yirik davlatga aylandi. Taxminan o‘sha vaqtlarda Yunon-Baqtriya davlati ham o‘z chegaralarini birmuncha kengaytirib oldi. Yevtidem, Demetriy va Yevkradit zamonida hozirgi O‘zbekiston, Tojikiston, Eronning sharqiy qismi hamda Afg‘onistonning katta qismi Yunon-Baqtriya davlati tarkibiga kirar edi. Lekin, Yunon-Baqtriyaning ichki ahvoli u qadar mustahkam emas edi. Mahalliy xalq bilan yunon-makedoniyalik hokimlar o‘rtasidagi ziddiyat tobora chuqurlashib bordi, chet el bosqinchilariga qarshi qo‘zg‘olonlar kuchaydi.
=== Taqdimot 8 ===
Qаdimdа xunlarning g‘arbga yurishi natijasida bu yerdagi skif (Xitoy mаnbаlаridа yuechji, аntik adabiyotda tохаrlаr nomi bilаn mashhur) vа usun qаbilаlаri So‘g‘diyonа vа Bаqtriya hududlarigа ko‘chib o‘tdilаr vа bu yеrdа sаklаr vа bоshqа mаhаlliy qаbilаlаr bilаn qo‘shilib, mil.avv. 128-yili Yunоn-Bаqtriya dаvlаtini qulatishga muvаffаq bo‘ldilаr. Shundаy qilib, Yunоn-Bаqtriya dаvlаti o‘rnidа yuechjilаr dаvlаti tаshkil tоpdi va bu dаvlаt tаriхdа Kushоnlаr dаvlаti nоmi bilаn mаshhurdir.
=== Taqdimot 9 ===
Kushonlar davlatiga hozirgi O‘zbekistonning katta qismi, Afg‘oniston, shimoliy Hindiston va Pokistonning shimoliy-g‘arbiy qismlari qaragan. Ushbu davlat Kanishka va uning taxt vorisi Xuvishka hukmronlik qilgan yillari kuchaydi. Lekin milodning II asri o‘rtalarida bu davlatning ham inqirozi boshlandi va IV asrga kelib mayda davlatlarga bo‘linib ketdi.
=== Taqdimot 10 ===
Yurtimiz hududida hukm surgan qadimiy davlatlardan yana biri Qang‘ va Farg‘ona (Parkana)dir. Qang‘ davlati tarkibiga Buxoro, Shahrisabz, Kattaqo‘rg‘on, Toshkent viloyati va Xorazmning shimoliy qismi kirgan. Davlat tepasida jabg‘u (xitoy manbalarida chaovu) turgan. Miloddan avvalgi II-I asrlarda Farg‘ona ham mustaqil davlat bo‘lgan. Xitoy manbalarida keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, Farg‘onada hunarmandchilik, ayniqsa dehqonchilik rivoj topgan qadimiy mamlakat bo‘lib, uning 70 ga yaqin katta-kichik shaharlari bo‘lgan. Mil.avv. 104-101-yillar orasida Xitoy qo‘shinlari Farg‘onaga ikki marta bostirib kirdilar. Lekin, davlat hududini egallay olmadilar, sulh tuzib va ozgina o‘lpon 3 ming bosh ot olib qaytib ketishga majbur bo‘ldilar.
=== Taqdimot 11 ===
“AVESTO” – O‘rta Osiyo tarixini o‘rganishdagi eng qadimgi yozma manba
Avesto – Zoroastrizm (otashparastlik)  dinining muqaddas kitobi bo‘lib, miloddan avvalgi VI- milodning IV asrlarida yozilgan, Eron hamda O‘rta Osiyo xalqlarining qadimgi madaniyati, e’tiqodi, tili, adabiyoti va qisman tarixini o‘rganishda asosiy manba hisoblanadi.
Asarning yozilgan joyi haqida turlicha fikrlar mavjud. Bir guruh olimlar fransuz J. Darmsteter, Ozarbayjon olimi I.Aliyev “Avesto” Midiya – hozirgi Eronning shimoliy-g‘arbiy qismi va Ozarbayjonda yozilgan desalar, ko‘pchilik V.V.Struve, S.P.Tolstov, F.Altxaym va boshqalar Amudaryo bo‘yida joylashgan viloyatlarda, Balx va Xorazm oralig‘ida yaratilgan, deb hisoblaydilar.
=== Taqdimot 12 ===
“Avesto” matni to‘liq saqlanmagan. Bizgacha, uning juda oz qismi yetib kelgan, xolos. Ma’lumki “Avesto” Kayoniy hukmdorlardan Vishtosp zamonida kitob holiga keltirilgan. Rivoyatlarga qaraganda, uning gatlar deb ataluvchi asosiy qismi xudo Zaratushtra tomonidan yozilgan va Mas’udiy, Tabariy va Beruniylarning so‘zlariga qaraganda, 12 000 ho‘kiz terisidan tayyorlangan maxsus pergamentga oltin harflari bilan yozilgan.
=== Taqdimot 13 ===
O‘sha vaqtlarda uning uch nusxasi mavjud bo‘lgan, lekin bir nusxasi Iskandar Zulqarnaynning amr-farmoni bilan yoqib yuborilgan. Ikkinchi nusxasi Yunonistonga olib ketilgan, uchinchi nusxasi esa otashparastlar diniga o‘ta e’tiqodli bo‘lgan kishilar qo‘lida saqlanib qolgan. Lekin, bu nusxa to‘la emas. Asarning saqlanib qolgan qismlarini to‘plash va kitob holiga keltirish ishlari Parfiya podshosi Valgash III (148-192 yillar) hamda Sosoniylar (milodning III asri) davrida ham davom ettirildi.
=== Taqdimot 14 ===
“Avesto” sosoniy Shopur II (309-379) davrida tartibga solindi, izohlar va qo‘shimchalar (zand) bilan boyitildi va to‘la kitob holiga keltirilib, asosiy qismlari pahlaviy tiliga tarjima qilindi. Bu kitob “Zand Avesto” nomi bilan mashhur. Afsuski, “Zand Avesto” ham bizning zamonimizgacha to‘la holda yetib kelmagan. Uning bir qismi Iskandar Zulqarnayn yurishlari vaqtida, boshqa bir qismi esa arablar istilosi (674-715 yillar) vaqtida yo‘q qilingan. Asarning bizgacha yetib kelgan qismi, professor Y.E.Bertelsning ma’lumotiga qaraganda 83 000 so‘zdan iboratdir. U asosan to‘rt qismdan – “Yasna, Yashtov, Visparad, Vendidad” lardan tashkil topgan. Yasna tarkibiga kirgan “gat” deb ataladigan qo‘shiqlar “Avesto”ning eng ko‘hna va qimmatli qismlaridir.
=== Taqdimot 15 ===
Avesto kitobi tarixi nisbatan yaxshi o‘rganilgan. Jumladan, K.Zalemen, X.Bartolomey, Y.E.Bertels, V.V.Struve va boshqalar. U fransuz tiliga Anketel d Perron, Y. Darmsteter, rus tiliga K.A.Kossovich, ingliz tiliga L.X.Mayls, Laniya tiliga A.Xristensen va fors tiliga Ibroham Pur Dovudlar tomonidan tarjima qilingan. Uning Kopengagenda (Daniya) saqlanayotgan yagona nusxasi asosida tayyorlangan fotomatni 1937-1944-yillari olti jild qilib nashr etilgan.
Avestoning qo‘shiqlari va qissalari Abulqosim Firdavsiyning (taxminan 940- 1030 yillari) “Shohnoma” dostoniga manba bo‘lib xizmat qilgan.
=== Taqdimot 16 ===
Abulqosim Firdavsiy qalamiga mansub “Shohnoma” asari uch qism va 65 ming baytdan iborat doston bo‘lib, u 976 – 1011-yillar orasida yozilgan. Uning birinchi qismi afsonaviy bo‘lib, “Avesto” materiallariga asoslanib yozilgan va Eron hamda Turon xalqlarining diniy aqidalari va rivoyatlaridan bahs yuritadi. Asarning ikkinchi va uchinchi qismlari muhim hisoblanadi. Ikkinchi qism qahramonlik dostoni bo‘lib, qadimgi Eron podshohlari va ular zamonida o‘tgan qahramonlar Rustam va Kova siymolari talqin qilingan.
=== Taqdimot 17 ===
“Shohnoma”ning uchinchi qismi tarixiy doston bo‘lib, unda Eron va Turonning zardushtiylikning paydo bo‘lishidan to arablar istilosigacha bo‘lgan siyosiy hayoti talqin etilgan. “Shohnoma”ning qo‘lyozma nusxalari ko‘p mamlakatlarning kutubxonalarida, shuningdek O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik universitetida saqlanmoqda. Asarning to‘la matni Hindiston (1829 y.), Fransiya (1838-1878 yillar), Germaniya (1877-1884 yillar), Eron (1934-1936 yillar) va Rossiyada (1960-1971 yillar) chop etilgan, rus va o‘zbek tillariga tarjima qilingan.
=== Taqdimot 18 ===
Qadimgi Eron hududida yaratilgan yozma manbalar va ularning tahlili
“Xvaday namak” (“Podshohnoma”) qadimgi Eronning 627-yilgacha bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy hayotidan bahs etuvchi afsonaviy tarixiy asar bo‘lib, pahlaviy tilida yozilgan. Sosoniylardan Yazdigard III (632-651 yillar)ga yaqin kishi tomonidan 632-637-yillar orasida yozib tamomlangan. Asar ayniqsa Ahamoniylar, Ashkoniylar va Sosoniylar tarixi bo‘yicha muhim manbalardan hisoblanadi. “Xvaday namak”ning o‘zi ham, mashhur shoir, olim va tarjimon Abdulloh ibn Muqaffa (721-757 yillar) tarafidan qilingan tarjima (“Siyar al-muluk” deb atalgan) ham bizgacha yetib kelmagan. Lekin uning ayrim parchalari Yaqubiy, ibn Qutayba, Tabariy, ibn al-Asir, shuningdek Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”sida saqlangan.
=== Taqdimot 19 ===
“Matakdani xazar datastan” (“Bir ming nafar huquqiy ajrim”) pahlaviy tilida yozilgan bo‘lib, unda Eronning Sosoniylar davridagi davlat tuzilishi va uning ijtimoiy hayoti haqida qimmatli ma’lumot bor. Asarning faqat ayrim qismlarigina saqlangan. Mitropolit Ishobaxt qilgan suryoniycha tarjima saqlangan.
Inglizcha tarjimasi S.Y.Bulsаrа tomonidan chop etilgan (Bоmbаy, 1937 y.). Geografik asarlаrdаn “Shаhristоnhоyi Erоn” (“Erоn shaharlari haqida risоlа”) Eronning Sosoniylar davridagi geografik holati va ularning bunyod etilishi haqida ma’lumot berdi.
=== Taqdimot 20 ===
Qadimgi Eron manbalari tosh va sopolga o‘yib yozilgan katibalar (mixiy yozuvlar) Ahamoniylarning qadimgi poytaxti Persopol, shuningdek Suza va Ekbatana (hozirgi Hamadon) shaharlari va uning atrofida topilgan. Masalan, pishiq sopol taxtachaga o‘yib yozilgan bir katibada Doro I (miloddan avvalgi 522-486 yillar) hukmronligining dastlabki yillarida (miloddan avvalgi 494-490-yillar orasida) Suzada bunyod etilgan saroyning qurilish tafsiloti, aniqrog‘i qurilishga ketgan materiallarning qaysi mamlakatdan keltirilganligi yozilgan.
Taxtachadagi ma’lumotlarga ko‘ra, oltin Lidiya bilan Baqtriyadan, qimmatbaho toshlar, lazurit va serdolik (qizil va qizg‘ish rangli tosh) So‘g‘diyonadan, firuza Xorazmdan olib kelingan.
=== Taqdimot 21 ===
Persopoldan topilgan yozuvlar va tasviriy suratlar – releflar katta ilmiy qiymatga ega. Ularning ayrim namunalari italiyalik sayyoh Pedro Della Valle va daniyalik olim K. Niburning nomi bilan bog‘liq. 1931-1934-yillar va undan keyingi yillari nemis olimi E.Xersfild, amerikalik E.Shmidt, fransuz A.Godar hamda eronlik M.T.Mustafoviy va A.Somiylar tarafidan o‘tkazilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida Persopolda juda ko‘p noyob yodgorliklar ochildi. Ular orasida Apadana zinalari ustiga ishlangan tasviriy suratlar alohida ahamiyat kasb etadi.
=== Taqdimot 22 ===
Suratlarda (balandligi 30, 479 santimetrga teng) ahamoniylarga tobe bo‘lgan 23 satraplikdan (qaram mamlakatdan o‘lpon olib kelgan kishilar qiyofasi tasvirlangan. Bular orasida baqtriyaliklar turli idishlar, teri, mo‘yna va tuya bilan, so‘g‘dliklar turli mato, teri va qo‘ylar bilan, saklar ot va chakmonlar bilan, parfiyaliklar idishlar va tuya bilan va xorazmliklar ot va qurol-aslaha bilan tasvirlangan.
=== Taqdimot 23 ===
Persopoldan qariyb 5 km masofada, uning shimol tarafida Husa qoyalarida ahamoniylardan Doro I, Ksereks I, Artaks I hamda D II (miloddan avvalgi 522-404-yillar) larning maqbaralarini hamda ularga kiraverishda o‘yib yozilgan katibalar bor. Mazkur yodgorlik sosoniy sarkardalardan Rustam (636 yili arablar bilan bo‘lgan jangda halok bo‘lgan) nomi bilan ham bog‘liq va tarixda ko‘pincha Naqshi Rustam deb ataladi.
=== Taqdimot 24 ===
Katibalarda, ayniqsa Doro I surati ostiga yozilgan Katibada, uning davlati ko‘klarga ko‘tarib maqtaladi, uning tarafidan bosib olingan xalqlar esa itoatkorlikka va halol mehnat qilishga chaqiriladi, bo‘ysunmaganlar va shu sababdan jazoga mahkum etilganlarning nomlari qayd etiladi. Muhimi shundaki, Katibada ahamoniylarga tobe bo‘lgan 23 satraplik va xalqlarning to‘la ro‘yhati yozilgan. Bular orasida parfiyaliklar, baqtriyaliklar, so‘g‘diyonaliklar hamda xorazmliklar ham bor.
=== Taqdimot 25 ===
Yodgorliklar orasida muhimlaridan yana biri mashhur Behistun yozuvlaridir. Bu yozuvlar uzunligi 22 m, umumiy balandligi 7,8 m bo‘lib, ular Shimoliy Eronda, Kirmonshohdan 30 km masofada, daryo bo‘ylab o‘tgan qadimgi karvon yo‘li yoqasida, uning chap tarafida, Zagros nomli tik qoyaga, taxminan 105 metr balandlikda Doro I ning amri bilan yozilgan g‘alaba yodgorligidir.
Yozuv elam, Bobil va qadimgi Eron tillarida bitilgan va miloddan avvalgi 523-522 yillari Ahamoniylar saltanatini larzaga keltirgan Gaumata – 522-yil 29-sentyabrda halok bo‘lgan, Frada – marg‘iyonalik, 522-yil 10-dekabrda asirga olingan, Skunxa – hozirgi Qozog‘iston va O‘zbekiston hududida istiqomat qilgan sak qabilalarining yetakchisi kabi boshliqlar rahbarligidagi xalq harakatlari haqida hikoya qiladi.
=== Taqdimot 26 ===
Qadimgi Hind, Xitoy, Yunon va Rim davlatlarida yaratilgan yozma manbalar
Qadimgi hind manbalari. Saklar, massagetlar, toharlar va qadimgi Qanha xalqi, ularning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti haqidagi qimmatli ma’lumotlarni hindlarning epik dostoni “Mahabharata”da ham uchratamiz. “Mahabharata” (“Bharata avlodlari jangnomasi”) sanskrit tilida yozilgan bo‘lib, 100 ming baytni o‘z ichiga olgan 18 kitobdan iborat.
Afsonaviy Shoh Bharataning ikki toifa avlodlari kavravlar va nandavlarning o‘zaro adovatlari va urushlari bayon etiladi. Shuningdek, asarda uzoq Hindistonga, fikrimizcha savdo-sotiq ishlari bilan borgan saklar, toharlar va qanhalar haqida mana bu muhim ma’lumot keltirilgan: “Uning (podshoh Yudhishtraning) eshigi oldida boshqa xalqlar bilan birga saklar, toharlar va qanhaliklar ham navbat kutib turardilar.
=== Taqdimot 27 ===
Xitoy manbalari haqida so‘z boshlashdan oldin shuni alohida qayd etib o‘tish kerakki, ular ham xitoy hukmdorlarining maqsad va manfaatlarini ko‘zlab yozilgan, boshqa xalqlarning tarixi ko‘p hollarda bir taraflama yoritilgan. Lekin, xitoy manbalarida bo‘lib o‘tgan voqealarning vaqti va o‘rni aniq ko‘rsatiladi, bir- biriga qarshi turgan qo‘shinlarning umumiy soni aniq ko‘rsatiladi.
Xitoy tarixshunosligining otasi Sima Syanning 130 bobdan iborat “Shi Szi” (Tarixiy esdaliklar) nomli asarida Xitoyning qadimiy zamonlardan to miloddan avvalgi I asr boshlariga qadar o‘tgan tarixi bayon etilgan. Asarda O‘zbekiston, uning 123-bobida xususan Farg‘ona va uning qadimiy xalqi, hayoti haqidagi qimmatli ma’lumotlar mavjud.
=== Taqdimot 28 ===
Byan Gu tomonidan bitilgan “Syan Хаn Shu” (Avvalgi Xan sulolasi tarixi) asarining 95-bоbidа O‘zbеkistоn (аyniqsа, qаngli, yuechji vа usunlаr hаqidа) vа Shаrqiy Turkistоnning qаdimiy tаriхi, хаlqi vа uning hаyoti hаqidа ko‘p muhim mа’lumоtlаrni uchrаtаmiz.
Fan Xuaning “Xou Xаn Shu” (Keyingi Xan sulolasi tarixi) Xitоyning аvvаlgi Хаn sulоlаsi dаvridаgi tаriхni o‘z ichigа оlgаn kаttа аsаr bo‘lib, u 130 bоbdаn ibоrаt. Undа O‘zbеkistоn, Shаrqiy Turkistоn vа Jung‘оriyaning 25-221- yillаr оrаsidаgi tаriхi hаqidа diqqаtgа sаzоvоr mа’lumоtlаr bоr.
=== Taqdimot 29 ===
Qаdimgi yunоn vа rim mаnbаlаri
Xeradot (Geradot) (miloddan avvalgi 490-480-yil, 425-yil) yirik qomusiy olim, tarix fanining “ota”si, asli Kichik Osiyoning Galikarnas shahridan, Yevropa, Osiyo va Misr bo‘ylab sayohat qilgan. Geradot Ellada va Sharq mamlakatlarining qadim zamonlardan to miloddan avvalgi 479-yilgacha bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy hayotidan hikoya qiluvchi 9 kitobdan iborat “Tarix” nomli asari bilan shuhrat topgan. Bu asar umumiy tarix yo‘nalishida yozilgan birinchi kitob hisoblanadi. Shu tufayli ham Geradot, Siseronnning so‘zlari bilan aytganda, tarix fanining “ota”si hisoblanadi.
=== Taqdimot 30 ===
Geradot garchi o‘zi bayon etayotgan voqealar ustida chuqur mulohaza yuritmasa ham, ularni to‘g‘ri bayon etishi, o‘zga xalqlar va mamlakatlar tarixiga hurmat nuqtai nazaridan qarashi bilan ba’zi tarixchilardan ajralib turadi. Geradotning asarida O‘zbekistonning qadimiy xalqlari bo‘lmish agrippiylar, issedondar, massagetlar, daylar va saklar haqida, ularning turmushi, urf-odatlari hamda qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalari haqida qimmatli ma’lumotlarni uchratamiz.
=== Taqdimot 31 ===
Diodor (miloddan avvalgi 90-21-yillar) yirik tarixchi olim, asli Sitsiliyaga qarashli Argiriya shahridan. U “Tarixiy kutubxona” nomli 40 kitobdan iborat asar yozib qoldirgan. Umumiy tarix yo‘nalishida yozilgan bu asar asosan Yunoniston va Rimning qadim zamonlaridan to milodning I asr o‘rtalarigacha bo‘lgan tarixini o‘z ichiga oladi. Unda Sharq xalqlari, shuningdek, O‘zbekistonning qadimiy xalqlari skiflar, saklar, massagetlar, baqtriyaliklar, yurtimizning Eron bilan bo‘lgan munosabatlari haqida qimmatli ma’lumotlar bor. Diodorning mazkur asari ko‘p jihatlari bilan ko‘chirma-kompilyatsiya hisoblanadi. Muallif Efor, Polibiy asarlaridan keng foydalangan. Bundan tashqari, ko‘p hollarda bayon etilayotgan voqealar uzviy bog‘lanmay qolgan. Shunga qaramay, bu asar dalillarga boy va katta ilmiy ahamiyatga egadir. Diodorning asari to‘la holda bizning zamonamizgacha yetib kelmagan.
=== Taqdimot 32 ===
Pompey Trog – “Filipp tarixi” asari bilan mashhur bo‘lgan Rim tarixchisi. 44 kitobdan iborat bu asar afsonaviy Assuariya podshohlari zamonidan to Rim imperatori Avgust (miloddan avvalgi 63 – milodning 14-yili) davrigacha dunyoda bo‘lib o‘tgan voqealarni bayon qiladi, lekin asosiy e’tibor Yunonistonning makedoniyalik Filipp II (miloddan avvalgi 359-336-yillar) va Iskandar Zulqarnayn davridagi ijtimoiy-siyosiy tarixini bayon etishga qaratilgan.
Mazkur asarning qimmati shundaki, u bir talay noma’lum kitoblarga suyanib yozilgan, Rim, Yunoniston kabi yirik davlatlarning paydo bo‘lishi va tarixini keng yoritib bergan. Pompey Trog tarixni harakatga keltiruvchi kuch urf-odat va taqdir deb hisoblagan.
“Filipp tarixi”da skiflar, Baqtriya, Iskandar Zulqarnayn davrida Baqtriya va So‘g‘dda qurilgan shahar va katta imoratlar, Iskandar Zulqarnayn vafotidan keyin yuz bergan voqealar, Baqtriya, Parfiya va Midiyaning o‘zaro munosabatlariga oid muhim ma’lumotlar mavjud.
=== Taqdimot 33 ===
Arrian Flaviy – yirik yunon yozuvchisi, tarixchisi va geograf olimi, Kichik Osiyoning Nikomadiya shahridan. U “Iskandar haqida”, “Parfiyaliklar haqida”, “Hindiston” va 7 jildlik “Iskandarning yurishlari” nomli kitoblar muallifidir. O‘zbekiston va Eronning qadimiy tarixini o‘rganishda Arrianning “Iskandarning yurishlari” (Aleksandr anabasisi) nomli asari muhim ahamiyat kasb etadi.
Unda Aleksadrning O‘zbekiston, Eron hududlari va boshqa mamlakatlarga istilochilik yurishlari tarixi batafsil bayon qilingan. Asar panegrizm-maddohlik ruhida yozilgan– muallif Iskandar Zulqarnayn va uning faoliyatini ko‘klarga ko‘tarib ulug‘laydi. U ko‘pgina qo‘lyozma manbalar va rasmiy hujjatlar asosida yozilgan bo‘lib, mavzu bo‘yicha muhim va asosiy manbalardan hisoblanadi.
=== Taqdimot 34 ===
Kvint Kursiy Ruf – mashhur Rim tarixchisi, Iskandar Zulqarnaynning Eron, Turon va boshqa mamlakatlarga qilgan harbiy yurishlari haqida 10 kitobdan iborat “Buyuk Iskandar tarixi” nomli asar yozib qoldirgan. Muallif Ptolomey Lag va Iskandar Zulqarnaynning safdoshlari Onesikrit va Kallisfenning xotira va asarlaridan keng foydalangan. Kvint Kursiy Rufning asarida O‘zbekiston hududining Iskandar Zulqarnayn qo‘shinlari tomonidan istilo qilinishi, xalqlarning chet el bosqinchilariga qarshi kurashi, xususan, Spitamen boshliq qo‘zg‘olon keng yoritib berilgan. “Buyuk Iskandar tarixi” 1841-yili Myutsel, 1867-yili T.Nyoldeke va 1885-yili Fogel tomonidan nashr etilgan.
=== Taqdimot 35 ===
Gay Pliniy Sekun – sermaxsul olim, 20 kitobdan iborat “Germanlarning urushlari”, ikki jilddan iborat “Pomponiy Sekundning hayoti” va 37 kitobdan iborat “Oddiy tarix” nomli asarlar yozib qoldirgani ma’lum. “Oddiy tarix” Gay Pliniy Sekundning Shoh asari hisoblanadi va unda antik dunyo tarixi, iqtisodiy ahvoli hamda madaniyati bayon etilgan. Unda muallifning o‘z manbalariga jiddiy va tanqidiy munosabatda bo‘lmaganligi, ayrim dalil va voqealarni buzib ko‘rsatilganligi sezilib turadi. Bu kitob antik dunyo tarixi bo‘yicha keng ma’lumot beruvchi qomusiy asar sifatida e’tiborga sazovordir. “Oddiy tarix”da O‘zbekistonning ham qadimiy tarixi, unda yashagan xalqlar, masalan, skiflar, Oks-Amudaryo, Yaksart-Sirdaryo va skifcha jo nomlari, tabiiy boyliklari, Antioxiya shaharlarining barpo etilishi haqida qimmatli ma’lumotlar bor.
=== Taqdimot 36 ===
Polibiy – yirik yunon tarixchisi, 40 kitobdan iborat “Umumiy tarix” asari bilan mashhur. Unda Yunoniston, Makedoniya, Karfagen, Misr, Suriya va Rimning 220-146-yillar orasidagi ijtimoiy-siyosiy tarixini o‘z ichiga oladi. Umumiy tarix yo‘nalishida yozilgan bu asarning katta qismi saqlanmagan, bizgacha faqat 1-5- kitoblargina yetib kelgan, xalos.
Polibiyning “Umumiy tarixi” daliliy ma’lumotlarga boyligi, voqealarning nisbatan xolisona yoritilishi bilan alohida ahamiyatga egadir. Unda Oks – Amudaryo va Yaksart – Sirdaryo haqida, Antiox I ning Baqtriya podshohi Ye qarshi harbiy yurishi haqida muhim ma’lumotlar bor.
=== Taqdimot 37 ===
Strabon – uni dunyoga tanitgan uning 17 kitobdan iborat “Geografiya” nomli asaridir. Asarning 1-2- kitoblari “Muqaddima” deb ataladi va unda geografiya ilmi va uning hokimlar, sarkardalar va savdogarlar faoliyatidagi o‘rni va roli haqida gap boradi. Asarda Osiyo mamlakatlariga katta o‘rin berilib, ular to‘g‘risida 11-16 kitoblarda ma’lumot berilgan.
Strabonning “Geografiya”sida Girkaniya, Parfiya, Baqtriya va Marg‘iyonaning tabiiy holati, shaharlari, qisman ularga borish yo‘llari, Oxa (Herrirud), Oks va Yaksart daryolari haqida, O‘zbekistonning qadimiy xalqlari – saklar, massagetlar, daylar, atasiyalar, toharlar hamda xorazmliklar va ularning kelib chiqishi, bu xalqlarning turmushi, urf-odati va e’tiqodi, shuningdek Parfiya va Baqtriyaning miloddan avvalgi III asrning birinchi choragidagi ichki ahvoli va o‘zaro munosabatlari haqida muhim va qimmatli ma’lumotlar mavjud.
=== Taqdimot 38 ===
Ptolomey Klav ga shuhrat keltirgan asarlari “Almagest” va “Geografiya”dir. “Geografiya”ning (8 kitobdan iborat) birinchi kitobi, aniqrog‘i uning 24-bobi jahon mamlakatlarini tavsiflashga bag‘ishlangan va katta ilmiy qiymatga ega. Shunisi muhimki, asarda shaharlar, mamlakatlar va ularning koordinatalari keltirilgan va unga 27 ta xarita ilova qilingan.
Ptolomeyning “Geografiya”sida Girkaniya, Marg‘iyona, Baqtriya, So‘g‘diyona hamda skiflar mamlakatining geografik holati, Baqtriya va So‘g‘diyonaning mashhur shaharlari, shuningdek o‘sha mamlakatlar va ular bilan tutash o‘lkalar va ularning aholisi haqida asl va qimmatli ma’lumotlar keltirilgan.
=== Taqdimot 39 ===
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, O‘rta Osiyo sivilizatsiya o‘choqlaridan biri hisoblangan Qadimgi Sharqning noyob  gavharlaridandir. Bu hudud o‘zining qadim va zalvorli tarixi va taqdiri bilan har bir davrda ko‘plab ilm ahlini qiziqtirib, o‘ziga chorlab kelgan. Qadimgi davrda yaratilgan bir qator yozma yodgorliklar xususan, zardushtiylikning muqaddas kitobi Avestoda O‘rta Osiyoning qadim tarixi, xalqlari, urf-odati bo‘yicha dastlabki ma’lumotlar berib o‘tiladi.
O‘rta Osiyo tarixi, manbashunosligi bo‘yicha Eron hududida yaratilgan, Behistun bitiklari, Naqshi Rustam qoyalari, Persepoldagi saroy devoriy suratlari, Eron davlatchiligi tarixi bo‘yicha hikoya qiluvchi bir qator asarlarda ham vatanimiz tarixi haqida qimmatli ma’lumotlar keltirilgan.
=== Taqdimot 40 ===
Bundan tashqari, Qadim Hind, Xitoy, Rim va Yunoniston muarrix olimlarining o‘z esdalik va solnomalarida Markaziy Osiyoda kechgan tarixiy jarayonlar, xalqlarning turmush tarzi, diniy e’tiqodi, xo‘jaligi, o‘ziga xos madaniyati haqida qiziqarli ma’lumotlar mavjud. Ularni har tomonlama chuqur tahliliy va tanqidiy o‘rgangan holda boy tariximizning qadimiyati xususida kerakli xulosalar chiqara olishimiz hozirgi davrning ayni muhim talablaridan biri hisoblanadi.
=== Taqdimot 41 ===
E’tiboringiz uchun rahmat!
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring!

0.00
0 sharh
5
0
4
0
3
0
2
0
1
0
“O‘RTA OSIYO TARIXIGA OID QADIMGI DAVR YOZMA MANBALARI” uchun birinchi sharh yozing;

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Bu maydon to‘ldirilishi shart.

Bu maydon to‘ldirilishi shart.

Bu maydon to‘ldirilishi shart.

Sharhlar

Hali sharhlar mavjud emas.

Kategoriya: 
Mening savatim
Xohishlar ro‘yxati
Kategoriyalar