Ilk oʻspirinlik davrida psixik rivojlanish xususiyatlari

8000 so'm


Ilk oʻspirinlik davrida psixik rivojlanish xususiyatlari

 

 

Slayd 1

Ilk oʻspirinlik davrida psixik rivojlanish xususiyatlari

Slayd 2

Reja:
Ilk oʻspirinlik davrining psixik xususiyatlari.
Xorijiypsixologiyada ilk oʻspirinlik haqida nazariyalar.
Ilkoʻspirinlik davrida intellektual va emotsional rivojlanish.
Ilk oʻspirinlik davrida doʻstlashish muammosi.
Ilk oʻspirinlik davrida oʻz-oʻzini anglashning rivojlanishi.
Ilkoʻspirinlik davrida oʻquv kasbiy faoliyatning etakchi faoliyatga aylanishi va kasb tanlash muammosi.
Ilk oʻspirinlik davrida kasbga yoʻnaltirishning psixologik muammolari.

Slayd 3

Mavzuning oʻquv maqsadi:
Talimiy: Talabalarga ilk oʻspirinlik davrining psixik xususiyatlari, bu davrdagi aqliy va emotsional rivojlanish, shaxs xususiyatlari haqida tushuntirish va anglatishdan iborat.
Tarbiyaviy: ilk oʻspirinlik davrining psixik xususiyatlari bilan tanishtirish orqali shaxsda oʻz-oʻzini boshqarishni, irodaviy va shaxsiy sifatlarni tarbiyalash.
Rivojlantiruvchi: Talabalarda ilk oʻspirinlik davrining psixik xususiyatlari toʻgʻrisidagi bilimlarini rivojlantirish.

Slayd 4

Ilk oʻspirinlik davri «kamolot boʻsagʻasi» deb tariflanadi. Bu kamolot bosqichi fiziologik, psixologik va ijtimoiy chegaralarni oʻz ichiga oladi. Psixologiya fani oʻspirinlik muammosini kompleks oʻrganishni davat etadi.
Fiziologlar bu jarayonni 2-darajali jinsiy belgilarning paydo boʻlishiga qarab, 3-ta bosqichga ajratadilar:
Akseleratsiya munosabati bilan oʻspirinlik yoshining chegarasi endi 15-16 dan 18 yoshgacha boʻlmoqda. Demak, oʻspirinlik ham oldin boshlanadi. Lekin, bu taraqqiyot davrining qonkret mazmuni birinchi navbatda ijtimoiy sharoitlar bilan belgilanadi. yoshlarning jamiyatda tutgan oʻrni, ularning mavqei, ular egallaydigan bilimlarning hajmi va bir qator boshqa faktorlar ijtimoiy sharoitlarga bogʻliqdir.
Ilk oʻspirinlik davrining psixik xususiyatlari

Slayd 5

Ilk oʻspirinlik yoshidagi bolalar bu 15 yoshdan 17-18 yoshgacha boʻlgan akademik litsey va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilaridir. Oʻspirinlik – bu odamning fuqaro sifatida shakllanishi, uning ijtimoiy jihatdan etilishi, oʻz taqdirini oʻzi hal qilishi, ijtimoiy hayotga faol ishtirok etishi davri, fuqaro va vatanparvarning manaviy sifatlari tarkib topadigan davrdir.
Ilk oʻspirinlar mustaqil hayot sohasida yaqin istiqbolga ega boʻlar ekanlar, oʻzlarining hayot yoʻllarini belgilab olishga, bundan buyongi mehnat faoliyatlarining aniq istiqbollarini aniqlab olishga, oʻzlarining kelgusi ixtisoslarini tanlashga intiladilar. Shu munosabat bilan kasb-hunarga oid qiziqishlar tarkib topadi va yanada barqarorroq boʻlib qoladi, yigit va qizlar oʻz kelajaklari haqida jiddiyroq oʻylay boshlaydilar.

Slayd 6

Oʻzining jismoniy kuchini va jozibadorligini, sogʻlomligi va mukammalligini his etish yigit va qizlarda oʻziga ishonch, dadillik, tetiklik, optimizm va xushchaqchaqlik singari sifatlarning tarkib topishiga tasir koʻrsatadi.
Boʻyning oʻsishi oʻspirin qizlarda 15-16 yoshgacha, oʻgʻil bolalarda 17-18 yoshgacha davom etadi. Bu yoshda muskullar kuchi tez oʻsadi. Masalan, 18 yoshli bola muskul kuchi 12 yoshli bolaga nisbatan 2 baravar koʻp boʻladi. Jismoniy taraqqiyot, asosan, toʻgʻri ovqatlanish rejimiga va jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishiga koʻp jihatdan bogʻliq. Jinsiy taraqqiyot jihatdan bu yoshdagi koʻpchilik yigit va qizlar postpubertat (tugallanuvchi) davrda boʻladilar.

Slayd 7

Koʻkrak qafasining hajmi kengayadi, skelet, naychasimon suyaklar qattiqlashadi, toʻqimalar va azolarning shakllanishi va funksional taraqqiyoti tugallanadi. Odatda bu yoshda yurak va qon tomirlarning rivojlanishida oʻsmirlarga xos boʻlgan notekislik endi tekislashadi, qon bosimi baravarlashadi, ichki sekretsiya bezlari bir meyorda ishlay boshlaydi. Nerv sistemasining va xususan, miya rivojlanishidagi oʻzgarishlar malum boʻlib qoladi. Lekin, bu oʻzgarishlar miya massasining ortishi hisobiga emas, balki miyaning ichki hujayralari tuzilishining murakkablashuvi hisobiga roʻy beradi.
Katta yarim sharlar qatlamidagi hujayralarning tuzilishi sekin-asta kattta yoshdagi kishi miyasining hujayralariga xos boʻlgan xususiyatlarga ega boʻladi. Bosh miya poʻstining qismlarida assotsiativ toʻqimalarning miqdori koʻpayadi. Natijada oʻqish va mehnat jarayonida katta (yarim sharlar) qatlamining analitik-sintetik faoliyati murakkablashadi.

Slayd 8

Ilk oʻspirlik yoshining boshlanishida odatda jinsiy yetilish tugallanadi, ikkilamchi jinsiy belgilar rivojlanadi, bu hol yigit va qizlarning tashqi koʻrinishida ham sezilarli oʻzgarish hosil qiladi. Jinsiy etilish davrining tugallanishi hali jismoniy etuklikni ham, buning ustiga psixik va manaviy etuklikni ham anglatmaydi. Faqat 18 yoshga borib, nikohdan oʻtishga ruxsat beriladigan davrda, shu yosh uchun minimal darajada zarur boʻlgan jismoniy, manaviy, fuqarolik etuklik darajasi boshlanadi. 18 yoshli yigit va qizlar jamiyat tomonidan katta yoshli kishilar deb etirof etiladi.
Hayot faoliyati kengaygan sari, oʻspirinlarda ijtimoiy rollar kengligi faqat miqdor tomondangina kengayib qolmay, balki sifat tomonidan ham oʻzgarib boradi. Masalan: 16 yoshda pasport oladi; 18 yoshidan faol saylash huquqiga va oila qurish imkoniyatiga ega boʻladi. Oʻspirin jinoiy ishlar uchun javobgar boʻladi. Bazi oʻspirinlar bu yoshdan boshlab ishlay boshlaydilar. Kasb tanlash haqida oʻylay boshlaydilar. Lekin, shunga qaramay oʻspirinlarda kattalarga qaramlik xususiyatlari saqlanib qoladi.

Slayd 9

Oʻsmirlar oʻzlarining oʻqishga boʻlgan munosabatlari va ularning oʻqish-oʻrganishga undovchi sabablarni yaxshi anglaydilar. Oʻspirinlik yoshida boshdan kechiriladigan his-tuygʻularning boyligi, xilma-xilligi bilan, hayotning turli tomonlariga emotsional munosabatda boʻlishi bilan ajralib turadi.

Slayd 10

Xorijiy psixologiyada ilk oʻspirinlik haqida nazariyalar
Rus psixologi L. S. Vigotskiy 1920 yillardayoq ilk oʻspirinlar haqida nazariyalar koʻpligi takidlagan edi. Ilk oʻspirinlar haqida 3ta yirik yoʻnalishlarni ajratib koʻrsatish mumkin.
Birinchi yoʻnalish biogenetik yoʻnalish deb ataladi, uning asosida etilishning biologik jarayonlari yotadi. Ikkinchi yoʻnalish sotsiogenetik yoʻnalish deb ataladi, unda asosiy etibor ijtimoiylashuvga qaratiladi. Uchinchi yoʻnalish psixogenetik deb atalib, uning asosida psixik jarayonlar va funksiyalarning rivojlanishi yotadi.

Slayd 11

Taraqqiyotning biogenetik nazariyalarida rivojlanishning biologik determinantlariga asosiy urgʻu beriladi. Rivojlanish jarayonining oʻzi bosqichlari universal boʻlgan etilish sifatida talqin etiladi. Bu yoʻnalishning yorqin namoyondalaridan biri XX asr amerikalik psixologi S. Xolldir. Uning takidlashicha, rivojlanish psixologiyasining asosiy qonuni biogenetik «rekapitulyasiya qonuni» hisoblanadi, unga koʻra individual rivojlanish, ontogenez filogenezning asosiy bosqichlarini takrorlaydi. Goʻdaklik rivojlanishning hayvonot fazalarini takrorlaydi. Bolalik qadimgi odamlarning asosiy mashgʻulotlari ovchilik va baliq ovlash boʻlgan davrga toʻgʻri keladi. 8 dan 12 yoshgacha boʻlgan davr oʻsmirlikdan oldingi davr deb ataladi, yovvoyilik tugallanib, madaniyatning boshlanishi deb tariflaydi. 12-13 yoshdan 22-25 yoshgacha boʻlgan davrni oʻspirinlik deb ataladi, kattalikning boshlanishi, romantizm davri deb ataladi. Bu davrda tashqi va ichki nizolar avj olib, insonda «individuallik hissi» paydo boʻladi. Holning bu nazariyasi psixologlar tomonidan tanqid qilinadi.

Slayd 12

Biogenetik nazariyaning boshqa varianti nemis «konstitutsional psixologiya» vakillari tomonidan ishlab chiqildi. E. Krechmer va E. Ensh bazi biologik omillar asosida (tana tuzilishi tiplari va boshqalar) shaxs tipologiyalari muammolarini ishlab chiqib, insonning jismoniy tiplari va uning rivojlanish xususiyatlari orasida qandaydir bogʻlanish mavjud boʻlsa kerak deb taxmin qiladilar. E. Krechmer barcha insonlarni ikki tomonga joylashtirish mumkin, bir tomonda sikloid (oson qoʻgʻaluvchan, kayfiyati oʻzgaruvchan) ikkinchi tomonda shizoid (kamgap,hissiyotlar i yorqin boʻlmagan) tiplarni joylashtirish mumkin. Krechmerning shogirdi K. Konradning takidlashicha, bu tavsiflarni yosh bosqichlariga ham qoʻllasa boʻladi: Oʻsmirlikdan oldingi davr «sikloid», ilk oʻspirinlik esa «shizoid» davrga toʻgʻri keladi. Shizoid shaxsning oʻspirinligi murakkab va ogʻir kechadi, uning hislatlari individual-tipologik xususiyatlar bilan yanada chuqurlashadi. Sikloid shaxs ilk oʻspirinlik xavotirlanishlarini engil shaklda boshidan kechiradi,bu yoshning xususiyatlari uning tipologik xususiyatlari bilan muvozanatlashadi.

Slayd 13

Psixika taraqqiyotini faqat biologik qonunlar asosida tushunish muvaffaqiyatga erishmadi. Ular taraqqiyotning ijtimoiy omillarining rolini yoʻqqa chiqarib, faqat biologik omillarning rolini boʻrttirmoqchi boʻldilar. Shunday nazariyalardan biri mashhur amerikalik psixolog A. Gezell nazariyasidir. U taraqqiyotda biologik omillarga urgʻu beradi. Gezellning fikricha, ilk oʻspirinlik yoshi 11 dan 21 yoshgacha davom etadi, ulardan birinchi besh yil (11dan 16 yoshgacha) boʻlgan davr juda muhimdir. Uning takidlashicha, oʻn yil, oltin davr boʻlib bola muvozanatli, hayotni oson idrok etadi, ota-onasi bilan muomalasi yaxshi, tashqi koʻrinishi haqida qaygʻurmaydi. 11 yoshdan organizmda qayta qurish boshlanadi; bola tasirchan boʻlib qoladi, qarshilik koʻrsatish (negativizm), kayfiyatning tez oʻzgarishi, tengdoshlari bilan janjallar, ota-onaga qarshi isyon paydo boʻladi.

Slayd 14

12 yoshda hayotga munosabat ijobiylasha boshlaydi, oʻsmirning oiladan uzoqlashishi hamda tengdoshlarining tasiri kuchaya boradi. Bu yoshdagi asosiy hislatlar: aqllilik, chidamlilik va hazil; oʻsmir bajonudil tashabbus bilan chiqadi, tashqi koʻrinishi haqida qaygʻura boshlaydi va qarama-qarshi jins vakillariga qiziqishi ortadi. 13 yoshlilarning asosiy hislatlari – oʻsmir oʻzi bilan oʻzi boʻlib, introvertlik hislatlari kuchayadi; oʻz-oʻzini tanqid qiladi, tanqiddan tez xafa boʻladi, psixologiya bilan qiziqa boshlaydi, ota-onaga ham tanqidiy munosabatda boʻla boshlaydi, doʻst tanlashi ham oʻzgarib boradi, somatik oʻzgarishlar kuchayganligi sababli kayfiyatning tez oʻzgarishi namoyon boʻladi.

Slayd 15

14 yoshda introversiya ekstroversiya bilan almashadi, oʻsmir muloqatchan, kuch-quvvatga toʻla, oʻziga ishonchi ortgan, insonlarga va ular orasidagi farqqa qiziqish ortadi. U oʻzini boshqalar bilan solishtirishni, kino va adabiy qahramonlarga oʻzini oʻxshatib, muhokama qilishni yoqtiradi. Gezellning takidlashicha, 15 yoshlilarning xususiyatlarini yagona shaklda ifodalash qiyin, chunki individual farqlar ortib boradi. Bu yoshdagi yangi psixologik tuzilma – mustaqillik ruhining ortishi boʻlib, bunda oʻsmirning maktab va oilaga munosabati kuchayadi, tashqi nazoratdan qochish oʻz-oʻzini nazorat qilish va ongli oʻz-oʻzini tarbiyalash bilan uygʻunlashadi. Bularning barchasi oʻsmirning salbiy tasirlarni idrok qilish va tez xafa boʻlishini orttiradi.

Slayd 16

16 yoshda yana osoyishtalik boshlanadi: isyonchilik xushchaq-chaqlikkka aylanadi, ichki mustaqillik, hissiy barqarorlik, muloqatchanlik, kelajakka intilish kuchayadi. Shunday qilib, Gezellda biogenetik qonsepsiya taraqqiyotning turli jihatlarini, xronologik birlashtirilgan tavsiflashga aylanadi.
Sosiogenetik nazariyalarda ilk oʻspirinlik xususiyatlari jamiyatning tuzilishidan, ijtimoiylashuv usullaridan, boshqalar bilan oʻzaro tasir xususiyatlaridan kelib chiqadi. Ilk oʻspirinlikni oʻrganishda sotsiogentik yoʻnalish ijtimoiy psixologiyaning tasiri bilan bogʻliq.

Slayd 17

Nemis psixologi K. Levinning «maydon nazariyasi» boʻyicha insonning xulq-atvori, bir tomondan shaxsning, ikkinchi tomondan uni oʻrab turgan muhitning funksiyasidir. Lekin shaxs xususiyatlari va muhit hislatlari oʻzaro bogʻliq. Bola oiladan, maktabdan tashqarida mavjud boʻla olmaydi, chunki bu ijtimoiy institutlar alohida olingan individlarsiz boʻlishi mumkin emas. Levin shaxsiy va muhit komponentlarining birligi va oʻzaro tasirini hayotiy yoki psixologik fazo deb ataydi. Oʻtish davrining muhim jarayonlari sifatida Levin shaxs hayotiy dunyosining, muloqot doirasining kengayishi deb hisoblaydi.
Levin qonsepsiyasining yutugʻi shundaki, u oʻspirinlikni ijtimoiy-psixologik hodisa sifatida qaraydi, shaxsning psixik taraqqiyotini uning ijtimoiy holatining oʻzgarishi bilan bogʻlaydi.

Slayd 18

Psixogenetik yoʻnalish har ikkala yoʻnalishning ahamiyatini kamaytirmagan holda, psixik jarayonlarning rivojlanishini birinchi oʻringa qoʻyadi. Bu yoʻnalishni uchga boʻlib oʻrganish mumkin. Ular:
Xulq-atvorni hissiyot, mayl va boshqa psixikaning ratsional boʻlmagan tarkibiy qismlari bilan tushuntiruvchi nazariya psixodinamik nazariya deb ataladi. Bilish qobiliyatlari va intellektning rivojlanishiga urgʻu beriladigan qonsepsiya kognitiv yoki kognitiv-genetik qonsepsiya deb ataladi. Shaxsning rivojlanishiga urgʻu beriladigan qonsepsiyalar personologik qonsepsiyalar deb ataladi.

Slayd 19

Ilk oʻsprinlik haqida psixodinamik nazariyaning yirik namoyondasi mashhur amerikalik psixolog E. Erikson hisoblanadi. Uning falsafiy-metodologik qarashlari freydistik-psixoanalizning davomi hisoblanadi. Z. Freyd shaxs taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi biologik jinsiy mayl(«libido») deb hisoblaydi. Eriksonning takidlashicha, insonning rivojlanishi, oʻzaro bogʻliq uch jarayondan iborat: biologiya oʻrganadigan jismoniy taraqqiyot, psixologiya oʻrganadigan ongli «Men»ning rivojlanishi, ijtimioy fanlar oʻrganadigan ijtimoiy rivojlanish. Taraqqiyotning asosiy qonuni – «yepigenetik prinsip» boʻlib, rivojlanishning har bir yangi bosqichida oldingi bosqichlarda boʻlmagan yangi hodisa va hislatlar paydo boʻladi. Taraqqiyotning yangi fazasiga oʻtish «normativ inqiroz» shaklida oʻtadi, u tashqaridan patologik hodisaga oʻxshaydi, lekin oʻsishning normal qiyinchiliklarini ifodalaydi.

Slayd 20

Taraqqiyotning yangi bosqichiga oʻtish oldingi bosqichga xos boʻlgan asosiy qarama-qarshilikni hal qilish asosida mumkin boʻladi. Agar qarama-qarshilik hal qilinmasa u albatta keyin namoyon boʻladi.
Erikson hayotiy siklni sakkiz bosqich (faza) ga boʻladi.
Birinchi bosqich – goʻdaklik. Uning asosiy maqsadi – tashqi dunyoga «ishonish» hissini hosil qilishdir. Uning asosiy vositasi ota-onaning muhabbati va gʻamxoʻrligidir. Agar goʻdakda «asosli ishonish » vujudga kelmasa, unda dunyoga «asosli ishonmaslik», xavotirlanish hissi paydo boʻladi.
Ikkinchi bosqich – ilk bolalik – bolada uyat va shubhalanish kabi hislar paydo boʻladi. Bolada mustaqillik, masuliyat, tartib va intizomni hurmatlash kabi xislatlar paydo boʻladi.

Slayd 21

Uchinchi bosqich – oʻyin yoshi (5-7 yosh) tashabbus hissi, nimadir qilish hissi paydo boʻladi. Bu yoshda guruhiy oʻyinlar, tengdoshlari bilan muloqot, xayolning rivojlanishi muhim hisoblanadi. Bu yoshda adolat, qoidaga mosligini tushunish hissi paydo boʻladi.
Toʻrtinchi bosqich –maktab yoshidagi yangi psixologik tuzilma – maqsadga erishish qobiliyati, tashabbuskorlik hissidir.
Beshinchi bosqich – oʻspirinlik boʻlib, boshqalarga oʻxshamaslik, individuallik hissining paydo boʻlishi bilan xarakterlanadi. Erikson oʻz-oʻzini anglash, vaqtni yangicha his qilish, jinsiy qiziqishlar shakllanishi mexanizmlarini toʻliq tavsiflaydi.

Slayd 22

Oltinchi bosqich – yoshlik – boshqalar bilan intim psixologik yaqinlik, jumladan jinsiy yaqinlik ehtiyoji va qobiliyati paydo boʻladi.
Ettinchi bosqich – etuklik davrida hayotiy faoliyatning barcha sohalarida ( mehnatda, ijodiyotda, gʻamxoʻrlikda, pusht qoldirishda, tajriba uzatish va boshqalarda) mahsuldorlik tuygʻusi uzluksiz hamroh boʻladi va ezgu niyatlarning amalga oshishida turtki vazifasini bajaradi.
Sakkizinchi bosqich, yani qarilik – inson sifatida oʻz burchini uddalay olganligidan, turmushning keng qamrovliligidan qanoatlanish tuygʻulari bilan xarakterlanadi.

Slayd 23

Kognitivistik yoʻnalishning asoschilari qatoriga J. Piaje, Dj. Kelli, L. Kolberg, D. Bromley, Dj. Birrer, A. Vallon, G. Grimm va boshqalarni kiritish mumkin. J. Piajening intelekt nazariyasi aql-idrok funksiyalari hamda uning davrlari haqidagi talimotni oʻz ichiga oladi. Intellektning asosiy funksiyalari uyushqoqlik va moslashish, koʻnikishdan iborat boʻlib, aql-idrokning funksional invariantligi deb yuritiladi.

U intellektni quyidagi rivojlanish davrlariga ajratadi:
Sensomotor intellekt (tugʻilishdan 2 yoshgacha);
Operasiyalardan ilgarigi tafakkur davri (2 yoshdan 7 yoshgacha);
Konkret operasiyalar davri 7-8 yoshdan 11 -12 yoshgacha);
Rasmiy operasiyalar davri.

Slayd 24

Ilk oʻspirinlarning bilish jarayonlari shunday darajaga etadiki, kattalar bajaradigan barcha aqliy ishlarni bajarishga amaliy jihatdan tayyor boʻladilar. Ularning bilish jarayonlari murakkab va egiluvchan boʻlib boradi.
N. D. Levitov koʻrsatib oʻtganidek, oʻspirinlar oʻz kuzatishlarida parishonxotir boʻlmasliklarini, kuzatishni oʻz oldilariga qoʻyilgan vazifalarga boʻysundirishlarini, etarli darajada toʻplangan faktlar toʻplanmaguncha xulosa chiqarishga shoshilmasliklarini nazorat qilib borish zarur. Ilk oʻspirinlarning oʻquv faoliyati ularning faolligi va mustaqilligiga ancha yuqori talablar qoʻyadi.
Ilk oʻspirinlik davrida intellektual va emotsional rivojlanish

Slayd 25

Xotirani rivojlantirishda mavhum soʻz-mantiq xotira, manosiga tushunib esda olib qolishning roli sezilarli darajada ortadi. Garchi ixtiyoriy xotira ustunlik qilsa-da, ixtiyorsiz esda olib qolish ham ilk oʻspirinlar tajribasidan chiqib ketmaydi. U faqat oʻziga xos xususiyatga ega boʻladi, ilk oʻspirinlarning qiziqishlari, xususan ularning bilishga oid va kasb tanlashga oid qiziqishlari bilan koʻproq bogʻlanadi. Shu bilan birga faol ravishda bilim egallash, oʻqish va jamoat faoliyatida har holda ixtiyoriy xotira etakchi rol oʻynaydi.
Diqqatni koʻchirish va taqsimlash qobiliyati sezilarli ravishda rivojlanib, takomillashib boradi. Xususan, diqqatni taqsimlash bir vaqtning oʻzida oʻqituvchining tushuntirgan narsalarini ham tinglash, ham yozib borish, oʻz javobining mazmunini kuzatib borish mahoratining shakllanishida oʻz aksini topadi. Ilk oʻspirinlar oʻquv ishlari jarayonida oʻzlariga tasir qiladigan chalgʻituvchi narsalarga oʻsmirlardan koʻra koʻproq qarshi turishga, bardosh berib engishga qobildirlar.

Slayd 26

Oʻspirinlik yoshi oʻqish, mehnat, muloqot singari etakchi faoliyatlar asosida umumiy va maxsus layoqatlarning rivojlanayotganligi bilan xarakterlanadi. Lekin, bu rivojlanish oʻspirinning oʻziga va uning atrofidagi kuzatuvchilarga kam seziladi. Oʻspirinlik davriga kelib, juda koʻp bolalarda oʻz faoliyatlarini oldindan rejalashtirish layoqati yaxshi rivojlangan boʻladi. Shuningdek, oʻz-oʻzini boshqarish ham oʻspirinlik yoshidagi bolalarda yaqqol koʻzga tashlanadi.
Oʻspirinlik davrida bilishga oid qiziqish koʻlami tobora amaliy xususiyat kasb eta boshlaydi. Jumladan, ijtimoiy-siyosiy masalalarga, texnika, tabiatga, osmon jismlariga, sport va hokazolarga qiziqishi kuchayadi. Oʻspirinlarda sezgirlik, kuzatuvchanlik yanada takomillashib boradi, mantiqiy xotirasi, esda olib qolishining oqilona yoʻli sifatida talim jarayonida etakchi vazifani ado eta boshlaydi. Mazkur pallada oʻspirinlarning tafakkuri tobora mantiqiy, faol, mustaqil va ijodiy xususiyat kasb eta boshlaydi. Tafakkur rivojlanishi bilan birgalikda oʻquvchilarning nutq madaniyati rivojlanadi.

Slayd 27

Oʻspirin turli janrdagi adabiy asarlarni oʻqishi, tushunishi orqali mustaqil fikr yuritish, mulohaza qilish va munozaraga kirishish, nazariy fikrlash hamda oʻz-oʻzini tahlil qilishga oʻrganib boradi. Oʻspirinlik tafakkurining sifatiga uning mazmundorligi, chuqurligi, kengligi, mustaqilligi, samaradorligi, tezligi kabilar kiradi. Tafakkurning mazmundorligi deganda, oʻspirin ongida tevarak-atrofdagi voqelik toʻgʻrisida qancha miqdorda mulohazalar, muhokamalar va tushunchalar joy olganligi nazarda tutiladi.
Tafakkurning kengligi oʻzining mazmundorligi va chuqurligi sifatlari bilan bogʻliq boʻladi. Tafakkurning mustaqilligi deganda oʻspirinning shaxsiy tashabbusi bilan oʻz oldiga yangi vazifalar qoʻya bilishi, bu vazifalarni hech kimning yordamisiz, oqilona usullar bilan mustaqil hal qilish xususiyatini tushunish kerak. Tafakkurning tezligi qoʻyilgan savolga toʻliq javob olingan vaqt bilan belgilanadi.

Slayd 28

Shaxsning bilish jarayonlari uning emosiyalari bilan bogʻliq. Oʻsmirlik davridagi kuchli emotsional reaksiyalar garmonal va fiziologik jarayonlarga bogʻliq. Bolgariyalik psixologlar G. D. Pirov va boshqalar 5 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan bolalarni koʻndalang kesim metodi orqali oʻrganib, nerv faoliyatining eng qoʻzgʻaluvchan tipi 5 yoshlilar orasida uchrashini aniqlashgan. Bola katta boʻlgan sayin qoʻzgʻaluvchanlik kamayib, muvozanatlilarning soni ortgan. Pubertat yoshda ( 11-13 yosh qizlarda va 13 – 15 yosh oʻgʻil bolalarda) qoʻzgʻaluvchanlarning miqdori ortadi, bu davrning oxiriga borib qoʻzgʻaluvchanlik yana kamayadi.
Amerikalik psixolog R. Kettel tadqiqotlarida ham ilk oʻspirinlarda oʻsmirlarga nisbatan muloqotchanlik, odamlar bilan kirishimlilik, boshqaruvchanlik kabi hislatlar ortishini, umumiy qoʻzgʻlaluvchanlik kamayishini aniqlashgan.

Slayd 29

Hozirgi yigit va qizlarni 30-40 yil avvalgi tengqurlari bilan solishtirganda, ularning umumiy saviyalari naqadar oʻsganligini koʻrish mumkin. Oʻspirinlarning intellektual qiziqishlari doirasi keng va koʻpqirralidir. Oʻspirinlarning qiziqishlari aksariyat hollarda oʻzi tanlagan kasb va yoʻnalish shuningdek, hayotiy rejalariga asoslangandir.
Kasb tanlash vaqtida ilk oʻspirinlar oʻz moyilligi va qobiliyatlarini shaxsiy sifatlar, xususan, nerv sistemasining tipi, analizatorlar xususiyati emotsional-irodaviy sifatlarini ham hisobga olishlari zarur.

Slayd 30

Ilk oʻspirinlik davrida doʻstlashish muammosi
Axloqiy va ijtimoiy, siyosiy hislarning rivojlanishi ayniqsa xarakterlidir. Ular odatda muayyan axloqiy talablar bilan oʻzaro toʻgʻri munosabatda boʻladilar. Boshdan kechirgan his-tuygʻularni anglab etish mahorati ham rivojlanadi.
Doʻstlik – ilk oʻspirinlik davridagi shasxlararo munosabat va hissiy bogʻlanishning muhim turidir. Oʻspirinlik yoshida oʻquvchilarda oʻrtoklik hissining rivoj topishi xarakterlidir. Rossiya psixologlari I. V. Straxov bilan A. L. Shnirman tadqiqotlarining koʻrsatishicha, oʻspirinlik yoshidagi doʻstlik, oʻsmirlik yoshidagi doʻstlikdan bazi bir xususiyatlari bilan farq qiladi.

Slayd 31

Birinchidan, oʻspirinlarda doʻstlik motivlari ancha chuqurroq boʻladi. Doʻstlikning oʻziga yuqori talablar qoʻyiladi, bular: oshkoralik, oʻzaro ishonch, talabchanlik, sadoqat, birgalikda doimiy yordam koʻrsatish, kamchiliklarni tugatish, doʻstiga yordam berish, oʻzaro hurmat, bir-birini tushunish va hokazo.
Ikkinchidan, doʻstlik hislari ancha sermazmun boʻlib, qiziqishlar faoliyatning keng doirasini qamrab oladi.
Uchinchidan, doʻstlik emotsional boʻlib, doʻsti kechirayotgan hislarga javob bera olish qobiliyatiga ega boʻladi.
Oʻspirinlik yoshidagi doʻstlik koʻpincha butun umr boʻyi davom etadi. Ilk oʻspirinlik davridagi doʻstlikning psixologik qonuniyatlari oʻzining barqarorligi bilan ajralib turadi. Har xil insonlarning doʻstligi bir xil boʻlmaydi, yosh, jins, va individual-tipologik xususiyatlarga ega boʻladi.

Slayd 32

Doʻstlar bir-birlari bilan yuraklarini boʻshatadilar. Doʻstlarga samimiy mehribonlik shaxsining reflektivlik darajasiga hamda uning emotsional hayot xususiyatlariga bogʻliqdir. Oʻspirin hamma vaqt rostgoʻy, samimiy boʻlishni istaydi.
Ilk oʻspirinlik davridagi doʻstlikning mezonlarini aniqlash uchun ularga quyidagi bir necha tugallanmagan gaplar taklif etiladi: «Doʻst – bu…», «Doʻstim bilan men koʻpincha….», «Doʻst va oʻrtoq bir emas, chunki ular …». Bunda doʻstlikning ikkita bosh mezoni aniqlandi: birinchisi oʻzaro yordam koʻrsatish va sodiqlik; ikkinchisi – psixologik yaqinlik («…meni tushunadigan»; » …meni yaxshi koʻradigan», «…hamma narsa haqida gaplashish mumkin» va h. ). Birinchi tipdagi javoblar koʻp uchrasa-da, yosh ulgʻayishi bilan, ayniqsa 18-19 yoshlilarda psixologik yaqinlik ehtiyoji ortadi. Bu ehtiyoj qizlarda oʻgʻil bolalarga nisbatan, shahardagi ilk oʻspirinlarda qishloqdagi tengdoshlariga nisabatn kuchli namoyon boʻladi.

Slayd 33

Fransuz psixologi B. Zazzo ham oʻz tadqiqotlarida yuqoridagidek natijalarni qoʻlga kiritgan. «Ideal doʻst» yoshi bazi har doim anglanmaydigan psixologik ehtiyojlarni ochadi. Buning uchun tengdoshlarni tanlash teng munosabatlarga intilishni bildiradi. Tengdoshi bilan doʻstlashish oʻxshashlik va tenglik tamoyillariga asoslanadi: «Men bilan teng yigit bilan muloqot qilish oson», «Ustimdan kuladi, deb qoʻrqmasdan unga hamma narsani aytish mumkin», «Oʻzimni aqlli koʻrsatishga intilmasdan, qanday boʻlsa shunday oʻzimni koʻrsatishim mumkin, u bilan oʻzimni erkin tutaman». Oʻzidan kattaroq doʻstni tanlash gʻamxoʻrlik, rahbarlik ehtiyojini bildiradi: «Men bilmaydigan narsalarni aytib berishi mumkin».

Slayd 34

Bolalarga xos 16-17 yoshlarda birinchi jinsiy moyillik va sevgi ehtiyojlari koʻrina boshlaydi. Ikki jins oʻrtasidagi oʻzaro munosabat masalasi asosiy muammolardan biri boʻlib hisoblanadi.
Ilk oʻspirinlarda kuchli va chuqur his boʻlgan sevgi hissi aks ettirilgan, kishiga yaxshi tasir koʻrsatadigan badiiy adabiyot, kinofilm va teatrlarga zoʻr qiziqish paydo boʻladi. Oʻz hissiyotlarini oʻzi ham qogʻozda bayon qilish, koʻpincha sheriy shaklda izhor etish ehtiyoji tugʻiladi.

Slayd 35

Oʻspirinlar tasavvuridagi ideal kimnidir yoqtirishiga, sevishiga turtki boʻladi. Oʻspirinlarning ideal obrazlari bazan real boʻlmaydi, yani ular hech kimni «unga» oʻxshatmaydilar. Bu esa ularda ishonchsizlik hamda yolgʻizlik hissini ham yuzaga keltirishi mumkin.
Oʻspirinlar shaxsining shakllanishi jarayonida jamoat tashkilotlarining roli alohida ahamiyat kasb etadi. Ularda faollik, tashabbuskorlik, mustaqillik, qatiyatlilik, masuliyatlilik, oʻz harakatlarini tanqidiy baholash singari fazilatlari barqaror xususiyat kasb etib boradi. Oʻspirin yigit va qizlarning jamoatchilikda faol ishtirok etishi orqali muayyan tashkilotchilik qobiliyati namoyon boʻladi.

Slayd 36

Oʻspirinlarni hali toʻla katta deb hisoblab boʻlmaydi, chunki ularning shaxs xususiyatlarida hali bolalikni kuzatish mumkin. Bu ularning fikrlarida, berayotgan baholarida, hayotga va oʻz kelajaklariga munosabatlarida koʻzga tashlanadi. Koʻpchilik oʻspirinlar maktabni tugatish vaqtiga kelib ham kasb tanlashga nisbatan masuliyatsiz yondoshadilar. Bu davr oʻspirinning axloqan oʻz-oʻzini anglashi va barqaror «Men» obrazining shakllanishi Shuningdek, axloqning yangi bosqichiga oʻtishi bilan xarakterlanadi. Bu anglash oddiygina oʻsishdan iborat boʻlib qolmasdan, u sifat jihatdan oʻziga xos xarakterga ega boʻladi, bu hol oʻz shaxsining manaviy-psixologik xususiyatlarini qonkret hayotiy maqsadlar va intilishlar nuqtai nazaridan anglash va ularga baho berish ehtiyoji bilan bogʻlangandir.
5. Ilk oʻspirinlik davrida oʻz-oʻzini anglashning rivojlanishi

Slayd 37

Oʻz-oʻzini anglash oʻquvchining ichki kechinmalar dunyosiga kirishi bilan bogʻliq emas va foydasiz, maqsadsiz oʻz-oʻzini tahlil qilishdan ham iborat emas. Oʻz-oʻzini anglash hayot va faoliyat talablaridan kelib chiqadi. Jamoadagi yangi vaziyat, tevarak-atrofdagilar bilan boʻladigan yangicha munosabatlar oʻquvchini oʻz imkoniyatlarini baholashga, oʻzining shaxsiy xususiyatlarini, oʻziga nisbatan qoʻyilayotgan talablarga javob bera olishi yoki javob bera olmasligi nuqtai nazaridan anglashga majbur qiladi.
Ilk oʻspirinning oʻz-oʻzini anglashiga oid bu qiziqarli xususiyat quyidagilardan iborat. Ilk oʻspirin oʻzining kuchli va ojiz tomonlarini, oʻzining ustunligi va kamchiliklarini oʻsmirga qaraganda yaxshiroq va chuqurroq baholay oladi. Biroq oʻsmir koʻpincha ilk oʻspiringa qaraganda oʻziga toʻgʻriroq baho beradi.

Slayd 38

Ilk oʻspirinlik davrida oʻquv kasbiy faoliyatning etakchi faoliyatga aylanishi va kasb tanlash muammosi
Ilk oʻspirinlar shaxsining taraqqiyotida ijtimoiy foydali mehnatning roli katta. Ilk oʻspirinlar mehnati faqat oʻzining moddiy natija berishi tomoni bilangina muhim emas. Bu yoshdagilarning mehnatini toʻgʻri tashkil etish shaxsning kollektivizm, umum foydasi uchun qilinadigan mehnatga muhabbat, tashabbuskorlik, maqsadga intiluvchanlik, intizomlilik, qatiyatlilik singari sifatlarini tarkib toptirishga yordam beradi. Oʻquvchilar umumiy mehnatda qatnashar ekanlar, mehnatni va mehnat kishilarini hurmatlash tuygʻusini hosil qiladilar, ularda mehnat qilish ehtiyoji va istagi paydo boʻladi.

Slayd 39

Ilk oʻspirinlik yoshida bilishga oid qiziqishlar tobora keng, qatiy va amaliy xarakter kasb etadi. Oʻquvchilarning qiziqishlari keng va xilma-xil boʻlib boradi: texnikaga, tabiyotga, ijtimoiy-siyosiy masalalarga, falsafiy-axloqiy masalalarga, sportga qiziqish ortadi.

Slayd 40

Ilk oʻspirinlarga xos xususiyatlardan biri hayotiy rejalarning shakllanishidir. Bir tomondan hayotiy rejalar shaxs oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarni umumlashtirishi va mustahkamlashi natijasida vujudga keladi. Boshqa tomondan maqsad va motivlarning qonkretlashishi jarayoni roʻy beradi.
Ilk oʻspirinlik davrida kasbga yoʻnaltirishning psixologik muammolari

Slayd 41

Ilk oʻspirin uchun kasb tanlash avvalo axloqiy muammodir. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham shaxs mehnat qilish huquqi bilan birga, oʻz qobiliyati, layoqati va qiziqishiga koʻra kasb tanlash huquqiga egaligi takidlangan.
Bugungi kunda kasb tanlash har xil nuqtai nazardan qarash mumkin boʻlgan koʻp oʻlchovli va koʻp darajali jarayondir. Birinchidan, jamiyat shakllanayotgan shaxs oldiga qoʻygan vazifalar seriyasi sifatida, ularni shaxs malum vaqt davomida ketma-ket hal qilishi zarur. Ikkinchidan, individ oʻz qiziqish va layoqatlarini shakllantiradigan qaror qabul qilish jarayoni sifatida namoyon boʻladi. Uchinchidan, hayotning individual uslubini shakllantirish jarayoni sifatida, kasbiy faoliyat uning bir qismi sifatida namoyon boʻladi. Bu uch nuqtai nazar oʻzaro bir-birini toʻldiradigan ishning har xil tomonlaridir.

Slayd 42

Fanga qiziqish oʻquvchini u bilan koʻproq shugʻullanishga undaydi, bu esa uning qobiliyatlarini rivojlantiradi, qobiliyatlar esa faoliyat muvaffaqiyatini taminlaydi va qiziqishlarni mustahkamlaydi.
Toʻrtinchi bosqich – amaliy qaror qabul qilish, kasb tanlash bosqichi boʻlib, oʻz ichiga ikki bosh tarkibiy qismni oladi: avval biror faoliyat bilan shugʻullanish istagi paydo boʻladi, keyin esa qonkret soha tanlanadi («Oʻqituvchi boʻlaman», «Matematika oʻqituvchisi boʻlaman»). Kasb tanlash koʻp bosqichli jarayon. 9-Sinf oʻquvchilari akademik litseyga yoki qaysi kasb –hunar kollejiga topshirishlarini tanlashlari zarur. Qiziqishlar, qobiliyatlar va qadriyatlar yoʻnalganligidan tashqari qaror qabul qilishda oʻzining imkoniyatlarini – oilaning moddiy sharoiti, oʻquv tayyorligi darajasi, sogʻligʻi va boshqalarni hisobga olish ham muhim rol oʻynaydi.

Slayd 43

Kasbiy yoʻnalganlik nafaqat ijtimoiy, balki psixologik muammo hamdir. Psixologiyada kasbiy yoʻnalganlik boʻyicha uch nazariy nuqtai nazar mavjud.
Birinchi nuqtai nazar faoliyatning muvaffaqiyati va usullari bogʻliq boʻlgan individual xususiyatlarning amaliy oʻzgarmasligi va barqarorligi haqida gʻoyaga asoslangan. Bunda birinchi tomondan, u yoki bu ishga mos insonlarni kasbga yoʻllash va tanlashga urgʻu beriladi, ikkinchi tomondan u yoki bu insonning individual xususiyatlariga mos kasblarni tanlashda namoyon boʻladi.
Ikkinchi nuqtai nazar qobiliyatlarni maqsadga muvofiq shakllantirish gʻoyasidan kelib chiqadi, bunda har bir insonning muhim xislatlarini rivojlantirish nazarda tutiladi. Yuqorida keltirilgan bu ikki nuqtai nazar ham har xil shakllantirilishi mumkin, lekin ularning umumiy metodologik kamchiligi shundaki, individuallik va mehnat faoliyati oʻzaro bogʻliq boʻlmagan, bir-biriga qarama-qarshi, biri ikkinchisini albtata boʻysundiradigan kattaliklar sifatida qaraladi.

Slayd 44

Uchinchi nuqtai nazar psixologiyadagi ong va faoliyatning birligi tamoyilidan kelib chiqadi, faoliyatning individual uslubini shakllantirishga yoʻnaltirilgan.
Ushbu qonsepsiya E. A. Klimov ilgari surgan quyidagi qarashlarga asoslanadi:
Faoliyatning muvaffaqiyati uchunmuhim boʻlgan amaliy tarbiyalanmaydigan shaxsiy (psixologik) xislatlar mavjud.
Kasbiy faoliyat sharoitlariga moslashishning mehnat mahsuldorligi boʻyicha bir xil boʻlgan, har xil usullari mavjud.

Slayd 45

Alohida qobiliyatlarning kuchsiz ifodalanganligini mashq qilish yoki boshqa qobiliyatlar yoki ish usullari yordamida bartaraf etishning keng imkoniyatlari mavjud. (Sekin javob qaytarish qobiliyatini tayyorlanish tadbirlaridagi oʻta diqqatlilik bilan toʻldirish mumkin; bir sharoitdagi faoliyatning susayishini, inson suniy ravishda faoliyatni oʻzgartirishi mumkin – harakatlar tartibini oʻzgartirishi yoki obyektlar ranglarini oʻzgartiradi deb tasavvur qilishi mumkin).

Slayd 46

Kasb tanlashda kasbiy maslahat juda muhim hisoblanadi. Bu jiddiy tayyorgarlikni talab qiladigan qiyin ishdir. Hozirgi vaqtda har bir maktab psixologi tomonidan oʻtkaziladigan 9-sinf oʻquvchilari bilan olib boriladigan kasbga yoʻnaltirish ishlari boʻyicha diagnostik va maslahat ishlari bunga yaqqol misol boʻla oladi.
Kasb tanlashda – kasb tanlash amalga oshiriladigan yosh, ilk oʻspirinning malumotlilik darajasi va uning intilish darajasi muhim omillar hisoblanadi.

Slayd 47

Erta kasbiy tanlash ijobiy omil hisoblansa-da, uning ham oʻziga yarasha kamchiliklari bor. Oʻsmirlarning qiziqishlari tasodifiy, vaziyatli omillarga bogʻliq. Oʻsmir faqat faoliyatning mazmuniga qarab ish tutadi, uning boshqa jihatlarini payqamaydi.
Ilk oʻspirinlarning boʻlajak kasblari haqida xabardorlik darajasi ham muhim hisoblanadi. Yigit va qizlar ular tanlaydigan kasblar doirasini, har bir kasbning aniq xususiyatlarini bilmaganliklari uchun kasbni tasodifan tanlaydilar. Kasb haqida malumotga ega emaslik oliy oʻquv yurtiga kirganlar orasida ham uchraydi. «Boʻlgʻusi kasbingizning xarakteri, mazmuni va sharoitidan xabardormisiz?» degan savolga talabalarning toʻrtdan bir qismigina «ha» javobini berishgan. Inson kasb tanlayotgan vaqtida qanchalik kichik boʻlsa, uning kasb tanlashi shunchalik mustaqil boʻlmaydi, shaxsiy qadriyatlar tizimi asosida emas, malumotlarning etarli boʻlmaganligi tufayli kimningdir tavsiyasiga koʻra amalga oshiriladi.

Slayd 48

Oʻspirinlar turli kasblarni turlicha baholaydilar.17 yoshlilar kasblarni qontrast «oq-qora», mavhum deb baholasalar, 25 yoshlilar oʻzlarining hayot yoʻllari bilan baholaydilar. Muvaffaqiyatli kasbga yoʻnaltirishning muhim shartlaridan biri oʻquvchilarning mehnatga toʻgʻri munosabatda boʻlishi va ularning faolligidir.
Kasbga yoʻnaltirish – shaxsning ijtimoiy taqdirini belgilashning tarkibiy qismidir. Kasb tanlash – hayot mazmuni haqidagi oʻylari va shaxsiy «Men» tabiati bilan mos kelganda muvaffaqiyatli hisoblanadi.

Slayd 49

Talabalarda kasbiy yoʻnalganlikning shakllanishi va rivojlanishi jarayoniga faol maqsadga muvofiq tasir koʻrsatish uchun quyidagilarni tavsiya etish mumkin:
Oliy oʻquv yurtidagi talim jarayonida har bir talabaning barqaror kasbiy yoʻnalganligi shakllanishiga yordam berish uchun talimning muvafaqqiyatini taminlaydigan psixologik fenomenlar majmuini hisobga olish zarur.
Oliy talim davomida har bir talabaga individual yondashuvni amalga oshirmoq, kasbiy yoʻnalganlik imkoniyatlaridan kengroq foydalanish lozim.

Slayd 50

Talabalarning anchagina qismi kasbni anglamay tasodifan tanlaganliklarini hisobga olib, oliy oʻquv yurtidagi talim jarayonida talabalarda dunyoni kasb nuqtai nazaridan koʻrishni shakllantirishga yoʻnaltirilgan tadbirlar tizimini tavsiya etish mumkin.
Koʻpchilik talabalar hozirgi zamon masalalari bilan aloqasi borligi, ilmiylik, muammolilik, bilimining chuqurligi, talimda koʻrsatmalik va texnika vositalarining qoʻllanilishini mutaxassislik fanlarini oʻqitishdagi ijobiy jihatlar sifatida takidlangani bois, darslarni jonli, yangi pedagogik texnologiyalarga asoslangan holda qiziqarli qilib oʻtishlarini oʻqituvchilarga tavsiya etamiz.
Talabalarda kasbiy yoʻnalganlikni shakllantirish uchun kasb professiogrammasi va psixogrammasi bilan tanishtirish hamda kasbiy muhim hislatlarni psixologiya darslarida amaliy mashgʻulotlarda hamda tarbiyaviy soatlarda guruh murabbiylari yordamida rivojlantirishni tavsiya etamiz.

Slayd 51

E’tiboringiz uchun rahmat!

Slayd 52

Foydali havolalar

🛒 Barcha taqdimotlar | 📰 Yangiliklar | ℹ️ Biz haqimizda

0.00
0 sharh
5
0
4
0
3
0
2
0
1
0
“Ilk oʻspirinlik davrida psixik rivojlanish xususiyatlari” uchun birinchi sharh yozing;

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Bu maydon to‘ldirilishi shart.

Bu maydon to‘ldirilishi shart.

Bu maydon to‘ldirilishi shart.

Sharhlar

Hali sharhlar mavjud emas.

Kategoriya: 
Mening savatim
Xohishlar ro‘yxati
Kategoriyalar