=== Taqdimot 1 ===
Alisher Navoiy hayoti va ijodi
=== Taqdimot 2 ===
Alisher Navoiy hijriy 844- yil (tovuq yili) ramazon oyining 17 kuni, ya’ni melodiy 1441 -yilning 9 -fevral kuni Temuriyzoda Shohrux mirzo boshqarayotgan Xuroson mulkining poytaxti Hirot shahrida dunyoga keldi. Uning otasi G‘iyosiddin kichkina, G‘iyosiddin bahodur, G‘iyosiddin baxshi tarzida tilga olinadi. U temuriyzodalar, xususan Shohrux mirzo, Abulqosim Bobur mirzolarning amaldorlaridan bo‘lib, Sabzavor shahrining hokimi ham bo‘lgan. Alisher Navoiyning onasi (nomi noma’lum) ham ana shu muhitning vakili bo‘lib, temuriyzodalar xonadonining e’tiborli kishilaridandir. Shuning uchun Alisher Navoiy shunday yozadi:
Otam bu ostonning xokbezi,
Onam ham bu sarobo‘ston kanizi.
=== Taqdimot 3 ===
Alisher tug‘ilgan oila o‘z zamonasining taniqli hamda ma’rifatparvar xonadonlaridan edi. Uning tog‘alari Mir Said Kobuliy va Muhammad Ali G‘aribiylar ikki tilda she’r bituvchi shoirlar sifatida ma’lum bo‘lganlar. Alisherning og‘a-inilari – Nizomiddin Shayx Bahlul va Darvesh Ali ko‘kaldoshlar esa davlat arboblari –Xorazm va Balx hokimlari sifatida faoliyat ko‘rsatganlar. Bu xonadonda o‘z davrining olim va shoirlari yig‘ilib, mushoira va ilmiy suhbatlar qilganlar. Bu muhit esa hali bola bo‘lgan Alisherning she’riyatga moyilligini belgilagan edi. Shuning uchun Alisher Navoiy 3-4 yoshligidayoq she’rlarni yodlab olib, uyiga kelganlar taklifi bilan o‘qir edi. Bu haqda Alisher Navoiyning o‘zi “Majolis un-nafois”ning birinchi majlisida zikr etilgan Amir Qosim Anvor haqida so‘z yuritayotganda uning bir baytini keltirib, shunday yozadi:
Rindemu oshiqemu jahonso‘zu joma chok,
Bo davlati g‘ami tuzi fikri jahon chi bok?
=== Taqdimot 4 ===
Bu faqir (ya’ni Alisher Navoiy) avval nazmekim, o‘rganibmen bu…matla’dur. Hamono uch yosh bila to‘rt yoshning orasida erdim, azizlar o‘qimoq taklifi qilib, ba’zi hayrat izhor qilurlar erdi. Alisher to‘rt yoshga yetgach, uni muallimi donishmand bo‘lgan maktabga o‘qishga yuboradilar. Bu maktabda u Husayn Boyqaro bilan birga o‘qirdi. Shuning uchun Z.M.Bobur shunday yozadi: “Alisher va Husayn Boyqaro kichiklikda hammaktab ekondurlar”.
=== Taqdimot 5 ===
Alisherning maktabda “oz vaqt ichida darslarni o‘zlashtirishda o‘z sheriklaridan ilgarilab” ketganligini Xondamir “Makorim ul-axloq” asarida alohida o‘qtiradi. Shuning bilan birga Alisherning xotirasi nihoyatda kuchli bo‘lganidan u ana shu vaqtlarda Farididdin Attorning 4600 baytdan iborat falsafiy-irfoniy dostoni bo‘lmish “Mantiq ut-tayri”ni ham boshdan oxirigacha yodlab olgan edi. Alisherning unga maftun bo‘lib qolib, boshqa hech narsaga qaramay qo‘ygani tufayli oilada ham, maktabda ham bu kitob haqida so‘z yuritish man’ qilingan edi. Shuning uchun Alisher uni yashirin tarzda (ichida) doimo takrorlab o‘qirdi. Alisher maktabda faqat rasmiy dasturdagi fanlarni o‘rganib qolmay, she’riyat, musiqa, tarixni ham o‘z davrining yetuk bilimdonlaridan chuqur o‘rganadi. Alisher Navoiy keyinchalik “Majolis un-nafois”da bu sohadagi ustozlarining nomlarini ehtirom bilan tilga oladi.
=== Taqdimot 6 ===
Alisher Navoiy Samarqandda shahar hokimi Ahmad Hojibek Vafoiy g‘amxo‘rligida yashadi, mashhur alloma Fazlulloh Abulaysiy Samarqandiy nazdida ikki yil arabiyat, she’riyat va fiqhdan ta’lim oldi; naqshbandiya tariqatining peshvosi Xoja Ubaydulloh – Xoja Ahrori Vali (1404-1490)suhbatlaridan bahramand bo‘ldi; adabiy muhitning mavlono Riyoziy, Shayxim Suhayliy, Mirzobek kabi vakillari bilan yaqin ijodiy munosabatda bo‘ldi,mushoiralarda faol qatnashib, katta obro‘ga sazovor bo‘ldi. Samarqandda ekanligi vaqtida she’rlar yozdi, arabcha so‘zlar lug‘ati bo‘lmish “Sab’at ulab-hur”ni tuzdi, otaxoni Sayid Hasan Ardasherga masnaviyni bitdi, oxirlarida esa “Hiloliya” qasidasini yaratdi. 1469-yilda Abusaid mirzo vafotidan so‘ng Xuroson taxti Sulton Husayn Boyqaroga nasib etdi. Sulton Husayn Boyqaro do‘sti Alisher Navoiyni Samarqanddan chaqirib oldi. Alisher Navoiy Hirotga kelib, Sulton Husayn Boyqaroning ramazon hayiti kunida o‘tkazilgan taxtga rasman o‘tirish marosimiga qatnashib, “Hiloliya” qasidasini unga taqdim etdi.
=== Taqdimot 7 ===
Sulton Husayn Boyqaro AlisherNavoiyning podshohlik muhrdori lavozimiga (1470-yilda) tayin etdi va amirlik unvonini ham berdi. Shundan Alisher Navoiyning davlat arbobi sifatidagi faoliyati boshlandi. Keyinchalik muhrdorlikni do‘sti Shayximbek Suhayliyga topshirib (1472), amirlik faoliyatini bajarishga kirishib ketdi. Amirlik faoliyati ko‘pqirrali bo‘lib, mamlakat osoyishtaligi, obodonligi, ilmiy-adabiy muhitni tashkil etishga qatnashish, xayr-ehson ishlarini amalga oshirish kabi sohalarni ham qamrab olardi.Eng muhimi shundaki, bu ishlarni amalga oshirishda mamlakat podshohi ham, fuqarosi ham shoir Navoiyga ishonganlaridek, Nizomiddin Amir Alisher Navoiyga ham astoydil ishonardilar. Bu esa Alisher Navoiyga yana ko‘proq mas’uliyat yuklar edi.
=== Taqdimot 8 ===
Shuning bilan birga, saroydagi amiru amaldorlarning o‘zaronifoqlari, qing‘ir ishlari Alisher Navoiyni ruhan qiynardi. Buning ustiga tashkiliy ishlar ko‘p vaqtni olganidan ijodiyotga berilib ketolmasdi. Shu jihatdan Alisher Navoiy 1476 yilda mansabdorlikdan rasman iste’fo berdi. “Xamsat ul-mutahayyirin”da o‘qiymiz: “Ushbu tarixda (1476 yilda ) erdikim, faqir (Alisher Navoiy) sipohiyliqdin mutanaffir bo‘lub, manosibni tark qilib, mulozimatni o‘ksutub erdim” Shundan so‘ng Alisher Navoiy podshoh hazratlarining eng yaqin kishisi (muqarrabi hazrati sulton) sifatida ham ijod va ham ijtimoiy obodonchilik ishlari bilan shug‘ullanadi.
=== Taqdimot 9 ===
Bobur Mirzoning “Boburnoma”da quyidagicha yozgani ham diqqatga sazovordir: “Alisherbek… Mirzo (Sulton Husayn Boyqaro)din nima olmas, balki yilda Mirzog‘a kulliy (katta) mablag‘lar peshkash qilur edi”. Shuning bilan birga Alisher Navoiy ana shu daromadlar hisobidan 360 dan ko‘proq turli xildagi inshaotlarni-madrasa (Ixlosiya), masjid (Qudsiya), xonaqoh (Xalosiya), shifoxona (Shifoiya), rabot (Raboti ishq), 70-80 km.lik (o‘n tosh) kanal (Gulasb), ko‘prik, maqbaralarni (Attor, Qosim Anvor) qurdirdi, ularga vaqflar ajratdi, xayr-ehsonlarni doimiy tarzdaamalga oshirdi; adabiyot, san’at va ilm sohasi mutaxassislari, talaba va mudarrislarni moddiy jihatdan rag‘batlantirdi. Bunday ishlar haqida Alisher Navoiyning “Vaqfiya”, Xondamirning “Makorim ul-axloq”, Vosifiyning “Badoe’ul-vaqoe” asarlarida ancha keng ma’lumotlar mavjud. Alisher Navoiyning turkiy-o‘zbek tilida yozgan she’rlari quyidagi manbalarda to‘plangan. Alisher Navoiy she’rlaridan tuzilgan 1. “Ilk devon”. Alisher Navoiy she’riyatining noma’lum muxlislari tomonidan tuzilgan “Ilk devon”.
=== Taqdimot 10 ===
Mazkur devon Alisher Navoiyning muxlislari tomonidan hijriy 870 – (1465-1466) yildatuzilib, Sulton Ali Mashhadiyning go‘zal nasta’liq xati bilan ko‘chirilgan. Noma’lum musavvir devonning varaqlarini alohida go‘zal naqshlar bilan bezagan. “Ilk devon”da to‘rt xil janrdagi she’rlar kiritilgan. Bular g‘azal (391), mustazod (1), muxammas (1) va ruboiy (41). Ularning jam’i 434 ta bo‘lib, umumiy hajmi 5871 misrani tashkil etadi. “Badoe’ ul-bidoya” va “Navodir un-nihoya” devonlari. “Badoe’ ul-bidoya” (ajoyib yangiliklarning boshlanishi) deb atalgan birinchi devon 1479-1480 yillarda tuzilgan. Bu devonni tuzishga Sulton Husayn Boyqaro juda ham xayrxoh bo‘lgan va, Alisher Navoiyning devonga yozgan debochasida uqtirilganidek, uni tezlashtirishga buyruq ham bergan ekan:
=== Taqdimot 11 ===
“Tilarbiz bu parishon bo‘lsa majmu”,
Ravon bo‘lkim, emastur uzr masmu’…
Chu bilding hukm, bor, ishtin ruju’ et,
Ravon maqsud sori- o‘q shuru’ et.
Murattab qilmaguncha, tinma bir dam,
“So‘z o‘ldi muxtasar, Vallohu a’lam”.
3. ”Navodir un-nihoya” (nihoyat ko‘p nodirliklar) devoni 1486-1487-yilda tuzilib, uning 1487-yilda Abuljamil kotib, Sulton Ali Mashhadiy tomonidan ko‘chirilgan nisbatan to‘liq nusxalari hamda yana bir noto‘liq nusxasi ma’lum. Noto‘liq nusxa Tehronning Guliston qasri kutubxonasida saqlanadi.
=== Taqdimot 12 ===
Ziyo ul-haq vad-dunyovu vad-din,
Berib ikkinchi devonimg‘a taz’yin.
Savod uzra savod ar qildi mastur,
Vale ma’nidadur nurun alan nur.
Katabahu al-abd al-faqir Alisher al-mashhur bin- Navoiy (yozuvchi Navoiy tarzida mashhur banda va faqir Alisher ). Alisher Navoiy muhrida esa quyidagi so‘zlar bitilgan: “Kun osha fid-dunyo kal-g‘arib al-faqir Alisher” (dunyoda g‘arib va faqir Alisherdek yasha).
=== Taqdimot 13 ===
3. Alisher Navoiyning turkiy she’riyati kulliyoti “Xazoyin ul-maoni”. “Xazoyin ul-maoni” (Ma’nolar xazinalari) devonlar turkumi Sulton Husayn Boyqaroning “farmoni vojib ul-iz’oni” (itoat qilishga majbur farmoni) bilan 1491-1498 yillar orasida tuzilgan va shu davrga qadar yozilgan lirik asarlar kiritilgan. “Xazoyin ul-maoni” shoir umrining to‘rt fasli asosida to‘rtta quyidagi devonlardan iborat:
1.”G‘aroyib us-sig‘ar” (Kichiklik ajoyibotlari) 7-8 yoshdan 20 yoshgacha bo‘lgan davrga xos she’rlarni qamrab oladi.
2. “Navodir ush-shabob” (Yigitlikning nodirliklari) 20-35 yoshlar ga xos she’rlarni qamrab oladi.
3. “Badoe’ ul-vasat” (O‘rta yoshning ajoyib yangiliklari) 35-45 yoshlar ga xos she’rlarni qamrab oladi.
4. “Favoyid ul-kibar” (Keksalikning foydalari) 45-60 yoshga yaqin vaqtda yozilgan she’rlarni o‘z ichiga oladi.
=== Taqdimot 14 ===
“Xazoyin ul-maoni” debocha, g‘azal (2600), ruboiy (133), muxammas (10), mustazod (4), musaddas (5), tarje’band (4), qit’a (210), lug‘z-chiston (10), muammo (52), tuyuq (13), fard (86), masnaviy(1), qasida (1), musamman (1),tarkibband (1), soqinoma (1), jam’i o‘n olti janrdagi she’rdan iborat bo‘lib, uning umumiy hajmi 45000 misradir Navoiy-Foniyning forsiy me’rosi “Devoni Foniy” .Alisher Navoiy arab, forsiy va turkiy tillarni mukammal bilgan holda bu tillarda asarlar ijod etardi.Uning she’riyatida ham bunday sifat ko‘zga tashlanadi. Alisher Navoiyning turkiy tildagi she’riyati shoirning jahoniy shuhratini ta’min etgan bo‘lsa, fors-tojik tilida bitgan she’rlari ham uning forsiygo‘ylar orasidagi ulkan mavqeini yana bir karra tasdiqladi. Alisher Navoiy – Foniy quyidagi mashhur qit’asida turkiy va forsiy she’riyatini go‘zal tarzda tavsiflaydi:
=== Taqdimot 15 ===
Ma’nii shirinu ranginam ba turki behad ast,
Forsi ham la’lu durhoi samin gar bingari.
Go‘iyo dar rastai bozor suxan bikshudaam,
Yak taraf do‘koni qannodiyu yak so‘ zargari.
Mazmuni: Turkiy tilda shirin ma’nolar, badiiy go‘zal asarlarim ko‘pdir, forsiy she’rlarim ham qimmatbaho gavhardirlar. Bu bilan go‘yo so‘z bozorining bir tomonida shirinliklar do‘koniyu ikkinchi tomonida zargarlik do‘konini ochgandekman. Devonning tuzilgan yili va nomi bu o‘rinda eslatilmagan bo‘lsa-da, ammo bularga ishorani “Muhokamat ul-lug‘atayn”da (bu asar 905-h. 1499-1500-melodiy yilda yozilgan) berilgan quyidagi ma’lumotda uchratish mumkin: “Yana forsiy g‘azaliyot devoni… tartib beribmenkim, olti mingdin abyoti adadi ko‘prakdur”. Demak, forsiy she’rlar devoni 905-hijriy 1499-1500-melodiy yildan oldin taxminan 90-yillarning ikkinchi yarmida tartib berilgan. Undagi she’rlarda Foniy taxallusi qo‘llanilganidan uni “Devoni Foniy” tarzida atash odat bo‘lib qolgan.
=== Taqdimot 16 ===
“Xamsa” atamasining lug‘aviy va istilohiy ma’nolari haqida. “Xamsa” so‘zi arabcha xamsun – besh sanoq sonidan yasalgan bo‘lib, beshlik, ya’ni besh qismdan iborat butunlik degan ma’noni ifodalaydi. Adabiyot shunoslik atamasi sifatida “xamsa” beshta dostonni o‘z ichiga oladigan bir butun yaxlit asar ma’nosini ifoda etadi. Mumtoz adabiyotda “xamsa” so‘zi bir necha ma’nolarda ishlatilganligini ko‘rishimiz mumkin. Xususan, Alisher Navoiy dostonlarida:
1. “Saloti xamsa” (besh vaqt namoz) yoki shoir ta’biri bilan aytganda “panj ganj”:
Xamsa salotingga chu navbat bo‘lub,
Panjai islomg‘a quvvat bo‘lub…
Faqr aro ul panja qabul etti ranj,
Lek haqiqatda erur panj ganj .
=== Taqdimot 17 ===
2. Islomning beshta rukni – “xamsi muborak”:
Besh yasamish tangri taborak ani,
Desa bo‘lur xamsi muborak ani.
Navoiy she’riyatida ham “Xamsa” o‘rni-o‘rni bilan tilga olinadi. Xususan, “Navodir un-nihoya” devonidagi beshinchi na’t g‘azalida shunday bayt mavjud: Bo‘lmag‘ay erdi muyassar “Xamsa”, ya’ni panj ganj, Qilmasa erdi madad holimg‘a besh oliy abo.
Mazkur g‘azal “Xazoyin ul-ma’oniy”ga ham kiritilgan. Unda “besh oliy abo” (besh oliy ota) jumlasi “besh oli abo” (ota oilasining besh a’zosi) tarzda keltirilgan. “Besh oli abo” manbalarda Muhammad (a.s.), qizlari Fotima, kuyovlari Ali hamda ikki nabiralari Imom Hasan va Imom Husayn deb tilga olinadi.
=== Taqdimot 18 ===
Alisher Navoiy o‘z qobiliyatining buyukligini namoyon etishda kichik she’riy nav’lar torlik qilajagini anglagach, u endi nazm sohasida o‘zining dahosini namoyon etuvchi “vase’ maydon”-keng maydonni izlaydi va, shoirning qayd qilganidek, masnaviy – doston ana shunday maqsadlarni amalga oshirish uchun muvofiq ekanligiga ishonch hosil qiladi. Shunisi ham borki, Alisher Navoiy buning uchun mumtoz adabiyotda yaratilgan alohida dostonlarni ham, dostonlar turkumixamsalarni ham chuqur o‘rganib, bu sohada “xamsatayn”-ikki xamsa, ya’ni Nizomiy va Xusrav Dehlaviylar xamsalari an’anasiga murojaat etib, bu niyatni amalga oshirishga bel bog‘laydi. Alisher Navoiy bu ishning og‘irligini ham biladi:
Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasiga panja urmoq…
Kerak sher ollida ham sheri jangi
Agar sher o‘lmasa, bore palangi.
=== Taqdimot 19 ===
Ammo uning ezgu niyati – o‘zbek adabiyoti tarixida ham ana shunday asar xamsa yozish orqali turkiy xalqlarni undan bahramand etish, turkiy-o‘zbek tili imkoniyatlarining ulug‘ligini namoyon etish hamda o‘zining olijanob maqsad va buyuk orzularini ana shu asarda ifodalashdan iborat bo‘lganidan bu ishni bajarishda duch kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklardan qo‘rqmadi, aksincha she’riyatning “sheri jangiysi” ekanini sharaf bilan ado etdi. Natijada, uning jahonga mashhur “Xamsa” si maydonga keldi.
Alisher Navoiy “Xamsa”ni yozish uchun bevosita olti oy sarflaganini alohida uqtirib, shunday yozadi:
=== Taqdimot 20 ===
Bu mehnatlar ichra chekib so‘zga til,
Zamondin kamo besh o‘tub ikki yil.
Chekib xoma bu noma itmomig‘a,
Yeturgaysen og‘ozin anjomig‘a.
Ki aqli munosib shitob aylasa,
Deyilgan zamonin hisob aylasa.
Yig‘ishtursa bo‘lmas bori olti oy,
Ki bo‘ldung bu ra’nog‘a suratnamoy.
“Hayrat ul-abror” dostonining yaratilishi, kompozitsiyasi.
“Hayrat ul-abror” (yaxshilarning hayratlanishi) butun “Xamsa” turkumining fikriy-nazariy dasturi sifatida badiiy timsol sarguzashti qurilmasiga emas, balki fikriy-nazariy masalalarning bayoni-maqolot hamda ularni tasdiqlaydigan kichik hikoya va masallardan tashkil topgan qurilmaga asoslangan. Asarning nomlanishi va yozilish yili haqida Alisher Navoiy shunday yozadi:
=== Taqdimot 21 ===
Hayrati abror ko‘rub zotini,
“Hayrat ul-abror” dedim otini.
Nuktai ta’rixiki, ahsan edi.
Sekkizu sekkiz yuzu seksan edi.
Ya’ni: Asarni o‘qigan yaxshi odamlarning hayratda qolganligini e’tiborgaolib, dostonni “Hayrat ul-abror” – yaxshilarning hayratlanishi deb atadim. Uning yozilgan yili-tarixi esa 888-hijriy 1483-melodiy yil edi. Doston aruzning sare’i musaddasi matvii makshuf bahrida yozilgan:
Odamiy er/sang demagil/ odamiy
– v v -/ – v v – / – v –
Oniki yo‘q/ xalqi g‘amiy/ din g‘ami
– v v – / – v v – / – v –
muf-ta-i lun/ muf-ta-i lun/ fo-i-lun
=== Taqdimot 22 ===
Dostonning umumiy hajmi 3988 bayt, 63 bobdan iborat bo‘lib, muqaddima (I-XXI boblar), maqolot va hikoyatlardan tashkil topgan asosiy qism (XXII-LXI boblar) hamda xotima (LXII-LXIII boblar)dan tashkil topgan.
“Hayratul-abror”ning kirish va xotima boblari ham juda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki ularda shoir o‘zining falsafiy tushunchalari, inson va Alloh taolo, koinot, so‘z va uning ta’rifi, ulug‘ daholar bo‘lmish Nizomiy, Xusrov Dehlaviy va Abdurahmon Jomiylar, naqshbandiya tariqatining piri-murshidi.
Bahovaddin Naqshband va uning davomchisi Xoja Ahrori Vali, zamona podshohi Sulton Husayn Boyqaro haqidagi mulohazalarini bayon etgan. Bu boblarda mutafakkir Alisher Navoiy ulug‘ shoir sifatidagi fazilatlari bilan o‘zaro uyg‘un holda namoyon bo‘ladi. qizig‘i shundaki, shoir Alloh taolo va uning barcha buyukliklari haqida so‘z yuritib, u yaratgan xazina-koinot va Yer kurrasidagi enggo‘zal durdona bu Inson ekaniga alohida urg‘u beradi:
=== Taqdimot 23 ===
Ganjing aro naqd farovon edi,
Lek boridin g‘araz inson edi.
Turfa kalomingg‘a dog‘i komil ul,
Sirri nihoningg‘a dog‘i homil ul.
Bu falsafiy mushohada bejiz aytilmagan. Bu bilan shoir hamma imkoniyat va afzaliyatlarga ega bo‘lgan hazrati Insonning o‘z mavqeini qanday saqlashi lozimligi masalalariga diqqatni qaratadi. Shundan so‘ng hazrati Rasululloh, nazm sohasining daholari Nizomiy, Xusrav va Jomiylar, tasavvufning atoqli arboblari, podshohlik saltanatning ardoqli namoyandasi haqida so‘z yuritib, ularning shu sohada namuna va ibrat ekanliklariga ishora qiladi. Shunday qilib, “Hayrat-ulabror”ning fikriy-nazariy qurilmasining asosiy sababini ham ana shulardan izlash mumkin. Demak, asosiy diqqat hazrati Insonga qaratilgan ekan, u qanday bo‘lmog‘i kerak va qanday bo‘lmasligi kerak degan masalaga javob dostonning maqolotlarida nazariy umumlashma tarzida bayon etiladi.
=== Taqdimot 24 ===
“Farhod va Shirin” hamda “Layli va Majnun” ISHQ konsepsiyasining badiiy talqini:
Alisher Navoiy “Xamsa”si, ko‘rib o‘tilganidek, ikki xil qurilmaga asoslangan dostonlardan iborat. Agar “Hayrat ul –abror” fikriy-nazariy maqolotlar va kichik hikoyalardan tarkib topgan bo‘lsa, “Xamsa”ning boshqa to‘rtta dostonlari sujetli, ya’ni ma’lum qahramonlarning turli xildagi faoliyatlarining badiiytasviridan iboratdir. Bular orasida “Farhod va Shirin” hamda “Layli va Majnun” ISHQ konsepsiyasining badiiy talqiniga bag‘ishlangan monosujetli (yakka sujetli) dostonlardir. Adabiyotshunoslikda ular ba’zan she’riy roman sifatida ham baholanadi. Xusrav – Shirin – Farhod hamda Layli va Majnun haqidagi qissa, rivoyat va dostonlarning yaratilish tarixi ancha qadimiydir.Xusrav Parvez binni Hurmuz sosoniylar sulolasiga mansub shohlardan bo‘lib, u 590-628-yillar orasida hukmronlik qilgan.
=== Taqdimot 25 ===
Uning shaxsiy va davlat arbobi sifatidagi fazilatlari zamondoshlari bo‘lmish misrlik Simokatta va arman tarixchisiSebeosdan boshlanib, XV asr tarixchilaridan Mirxond va Xondamirning asarlarida, jumladan Alisher Navoiyning “Tarixi muluki Ajam”ida ham bayon etilgan. Tarixiy asarlar, yodnomalarda Xusrav va Shirin muhabbati, hatto Shirin Xusravning jufti haloli ekanligi haqidagi ma’lumotlar bor. Ammo X asrgachabo‘lgan davrdagi manbalarda Farhod eslanmaydi. Tabariyning arab tilida yozilgan “Tarixi rusul val-muluk” asarida ham Xusrav va Shirin mojarolari tilgan olingani holda Farhod eslanmaydi. Faqat shu asarni “Tarixi Tabariy” nomi bilan fors tiligao‘girgan tarixchi Abu Ali Muhammad al-Bal’amiyning (X asr) asarida Xusrav tarixi bayonida Shiringa oshiq bo‘lgan Farhod dev (bahaybat inson) tilga olinadi.
=== Taqdimot 26 ===
Nizomiy Ganjaviy bu mavzuga murojaat etar ekan, Farhodni toshyo‘nar hunarmand hamda Shirinni sevuvchi oshiq sifatida tasvirlaydi. Ammo u dostonning voqealarida boshdan oyoq qatnashmaydi, balki sut kanalini qazish ehtiyoji tug‘ilgandan voqealar maydoniga kirib keladi. Xusrav Dehlaviy qalamigamansub “Shirin va Xusrav” dostonida Farhod Chin xoqonining o‘g‘li sifatida qalamga olinib, Shirinni sevuvchi oshiq sifatida tasvirlaydi. Bunda Shirinning ham Farhodga moyilligi seziladi. Ozarbayjonlik shoir Orif Ardabeliy 717 hijriy (1369) yilda fors tilida “Farhodnoma” nomli doston yaratdi. XV asrda yashagan Ashraf Marog‘aviy ham o‘z “Xamsa” si tarkibiga “Shirin va Xusrav” dostonini kiritgan.
=== Taqdimot 27 ===
Alisher Navoiy o‘zigacha yozilgan asarlardan farq qiluvchi yangi dostonni yaratishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganini shunday ifoda etgan:
Burun jam’ et nekim bo‘lg‘ay tavorix,
Borida ista bu farxunda tarix.
Topilg‘ay shoyad andog’ bir necha so‘z,
So‘z aytur elg‘a ul yon tushmagan ko‘z.
Ani nazm etki tarhing toza bo‘lg‘ay,
Ulusqa mayli beandoza bo‘lg‘ay
Alisher Navoiy o‘zining ijodiy niyati haqida shunday yozadi:
Meni mahzungakim ishq etti bedod,
Solib g‘am tog‘ida andoqki Farhod.
=== Taqdimot 28 ===
Munosibdur agar tortib navoni,
Desam Farhodi mahzun dostoni.
“Farhod va Shirin” dostoni 1484-yilda (hijriy 889) an’anaga ko‘ra aruzninghazaji musaddasi mahzuf (mafoiylun mafoiylun fauvlun) vaznida yozilgan. Alisher Navoiy “Layli va Majnun” dostonida shu mavzuda o‘zigacha yozilgan asarlarga, bir tomondan, o‘xshaydigan (mavzu, voqea, timsollar), ikkinchi tomondan va eng muhimi, o‘xshamaydigan (voqea, timollar talqinida) asar yaratish borasida ko‘p o‘ylagani va, nihoyat, bu masalaning yechimini topgani haqida shunday yozadi:
=== Taqdimot 29 ===
Kim, Ganjada ganjlar yoshurg‘on,
Har ganjigakim yasadi qo‘rg‘on.
Yo hindnajodi hinduvizod Kim, qasrlarini qildi obod.
Har qal’a uchun kerakdurur shahr,
Ham qasrg‘a bog‘u sabzadin bahr.
Bo‘lsa manga fursat ul qadar chog’ Kim , shahr ila tarh solibon bog‘. Bog‘ini riyozi xurram etsam, Shahrini savodi a’zam etsam.
“Layli va Majnun”dostoni ham an’anaga ko‘ra hazaj bahrida, hazaji musaddasi axrabi maqbuzi mahzuf (maf’uvlu mafoilun fauvlun) vaznida yozilgan.
=== Taqdimot 30 ===
Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida “Xamsa”ning har bir dostonini yozishda unga madad bergan manbalarni e’tirof etadi. Chunonchi “Farhod va Shirin” shabistonig‘a xayolim yuz tutubdur, Mir Xusrav dami “Shirin va Xusrav” o‘tidin charog‘imni yoritibdur. Yana chun “Layli va Majnun” vodisida ishqim po‘ya urub, Xoju himmati “Gavharnoma”sida nisorimga gavharlar etkurubtur. Mazkur dostonlarning kompozitsiyasi, sujeti va umuman mazmunmohiyatida bir qator mushtarak jihatlar mavjud.
Alisher Navoiy nasriy asarlari:
1.“Muhokamat ul-lug‘atayn”
“Ikki til muhokamasi” deb nomlangan bu asar 905 hijriy yilning jumodiyul avval oyi – 1499-melodiy yilning dekabr oyi oxirlarida chorshanba kuni yozib tugatilgan:
=== Taqdimot 31 ===
Bu nomaki, yozdi qalamim tortib til,
Tarixin aning jumodiyul-avval bil.
Kunnung raqamini chorshanba qilg‘il,
To‘qqiz yuz yildin o‘tub erdi besh yil.
“Turkiy va sort lug‘ati kayfiyati va haqiqati sharhida bu risolani jam” qilib bitidim va anga “Muhokamat ul-lug‘atayn” ot qo‘ydum, to turk eli tili fasohatu diqqati va balog‘atu vus’ati…(ni) zohir qildim. Va xayolimg‘a mundoq kelurkim, turk ulusi fasihlariga ulug’ haq sobit qildimki, o‘z alfoz va iboratlari haqiqati va o‘z til va lug‘atlari kayfiyatidin voqif bo‘ldilar.
=== Taqdimot 32 ===
Barchasidin arab tili fasohat oyini bila mumtoz va balog‘at taz’yini bila mu’jiza tirozdurkim, hech takallum ahlining munda da’vosi yo‘qtur va so‘zi sidq va ishi taslim-o‘qdurkim, malikun allomun jalla va aloning kalomi mu’jiz nizomi ul til bila nozil va rasul (alayhis-salavot vas-salom)ning ahodisi saodat anjomi ul lafz bila vorid bo‘lubdur. Va avliyoyi kibor va mashoyixi oliy miqdor (qaddasallohu asrorahum) ko‘proq haqoyiq va maorifki surubturlar va maoniy zebolarin taqrir libosig‘a kiyurupdurlar ul farxunda iborat va ul xujasta alfoz va ishorat bila voqi’ bo‘lubtur…
Mundin so‘ngra uch nav’ tildurkim, asl va mu’tabardur va ul tillar iborati gavhari bila qoyilining adosig‘a zevar va har qaysining furui bag‘oyat ko‘ptur. Ammo turkiy va forsiy va hindiy asl tillarning manshaidurki, Nuh payg‘ambar (salavotullohu alayh)ning uch o‘g‘lig‘akim, Yofas va Som va Homdur yetushur.
=== Taqdimot 33 ===
Turkning ulug‘din kichigiga degincha va navkardin begiga degincha sort tilidin bahramanddurlar. Andoqkim, o‘z xurd ahvolig‘a ko‘ra aytaolurlar, balki ba’zi fasohat va balog‘at bila ham takallum qilurlar. Hatto turk shuarosikim, forsiy til bila rangin ash’or va shirin guftor zohir qilurlar, ammo sort ulusining arzolidin ashrofig‘acha va omisidin donishmandig‘acha hech qaysi turk tili bila takallum qila olmaslar va takallum qilg‘onning ma’nisin ham bilmaslar. Agar yuzdin, balki mingdin biri bu tilni o‘rganib so‘z aytsa ham har kishi eshitsa bilur va aning sort ekanini fahm qilur. bag‘oyat ko‘ptur. Ammo turkiy va forsiy va hindiy asl tillarning manshaidurki, Nuh payg‘ambar (salavotullohu alayh)ning uch o‘g‘lig‘akim, Yofas va Som va Homdur yetushur.
=== Taqdimot 34 ===
“Mezon ul-avzon”
“Mezon ul-avzon”da arabiy, forsiy va turkiy tillardagi she’riyatda qo‘llanilgan hazaj, rajaz, ramal, munsareh, muzore’, muqtazab, sare’, jadid, qarib, xafif, mushokil, mutaqorib, mutadorik, vofir, komil, tavil, madid, basit kabi o‘n to‘qqizta bahr haqida o‘zbek tilidagi misollar asosida mulohaza yuritilgan. Alisher Navoiy mazkur bahrlarning xususiyatlarini yoritish bilan bir qatorda ulardan arab, Ajam va turkiy she’riyatda ko‘proq ishlatilgani hamda zamondoshlari tomonidan qo‘shilgan yangi bahrlar haqida ham o‘z kuzatishlari natijalarini bayon etgan.
=== Taqdimot 35 ===
Yofasniki, tavorix ahli Abut-turk bitirlar, Xito mulkiga yibordi va Somniki, Abul-furs bitirlar Eron va Turon mamolikining vasatida voli qildi va Homniki, Abul-hind debdurlar Hindiston bilodig‘a uzatti. Va bu uch payg‘ambarzoda avlod va atboi mazkur bo‘lg‘on mamolikda yoyildilar va qalin bo‘ldilar.Andoq malum bo‘lurki, turk sortdin tez fahmroq va baland idrokroq va xilqati sofrok va pokroq maxluq bo‘lubtur va sort turkdin taaqqul va ilmda daqiqroq va kamol va fazl fikratida amiyqroq zuhur qilibdur va bu hol turklarning sidq va safo va tuz niyatidin va sortlarning ilm va funun va hikmatidin zohir durur. Va yana ham turk ulusida bir suruddurkim, ani “Muhabbatnoma” derlar va ul hazaji musaddasi maqsur bahridadur va holo matrukdur, budur,
Meni og‘zing uchun shaydo qisen.
Manga yo‘q qayg‘uni paydo qilibsen.
Mafoiylun mafoiylun mafoiyl.
=== Taqdimot 36 ===
Yana surudedurkim, ani “turkey” debdurlar, bu lafz anga alam bo‘lubdur va ul g‘oyatdin tashqori dilpisand va ruhafzo va nihoyatdin mutajoyiz aysh ahlig‘a sudmand va majolis oro suruddur, andoqki, salo-tin ani yaxshi aytur elni tarbiyatlar qilibdurlar, turkigo‘ylik laqabi bila mashhurdur va ul dog‘i ramali musammani maqsur vaznida voqi’dur, andoqkim, bayt: Ey saodat matla’i, ul orazi mohing sening,
Ahli biynish qiblagohi xoki dargohing sening.
Foilotun foilotun foilotun foilon
=== Taqdimot 37 ===
Hazrati Sulton sohibqiron bu vaznning g‘oyat ravonlig‘ va latofatidin va ruhparvarlig‘ va salosatidin o‘z devonlarinki, jami’ davovin orasida badanlar aro jondekdur va kavokib ichra xurshidi raxshondek voqi’ bo‘lubdur, boshdin-oyoq iltizom qilib, bu vaznda tartib beribdurlar erdi.
Yana “chinga”durkim, turk ulusi zufof va qiz ko‘churur to‘ylarida ani ayturlar, ul surudedur bag‘oyat muassir va ikki nav’dur. Bir nav’i hech vazn bila rost kelmas va bir nav’ida bir bayt aytilurkim, munsarihi matviyi mavquf bahridur va yor-yor lafzini radif o‘rnig‘a mazkur qilurlar, andoqkim,
Qaysi chamandin esib keldi sabo, yor-yor,
Kim damidin tushti o‘t jonim aro, yor-yor.
Muftailun foilon muftailun foilon
=== Taqdimot 38 ===
“Majolis un-nafois”
“Nafosat ahlining majlislari” deb atalgan bu mashhur asarning birinchi tahriri 1491-melodiy yilda yaratilib, shundan so‘ng u yanada to‘ldiriladi va 1498-melodiy yilda uning ikkinchi-to‘ldirilgan nusxasi maydonga keladi. Asarning birinchi tahririda 350 ta shoir, ikkinchisida 459 ta shoir va she’riyatga daxldor siymolarning zikri keltirilgan.
“Majolis un-nafois”ning kirish qismida uqtirilganidek, unda Sulton Husayn Boyqaro tavalludidan (m. 1438) to kitob yaratilgan davr oralig‘ida faoliyat ko‘rsatgan she’r va she’riyatga aloqador siymolar, ya’ni asosan Alisher Navoiyga zamondosh bo‘lganlarning zikri keltirilgan.
=== Taqdimot 39 ===
“Bu jihatdin Sulton Sohibqironning humoyun valodatlari zamonidin ro‘zafzun davlatlari davronig‘achakim, qiyomatg‘acha barqaror va olam inqirozig‘acha poydor bo‘lg‘ay, ulcha faqir eshitibmen, ammo xizmatlarig‘a yetmaymen va ulcha xizmatlarig‘a yetibmen, ammo holo bu fano dor ul-g‘ururidin baqo dor us-sururig‘a intiqol qilibdurlar va ulcha holo bu farrux zamonda namoyandadurlar va ul hazrat zoti malakiy sifotig‘a madh saroyandadurlar, jam’ qi-lilg‘ay va har qaysining natoyiji tab’idin biror nima nishona yozilg‘ay”.
Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”ida XV asrdagi zullisonayn adabiy muhitning xususiyatiga ko‘ra ham turkiy-o‘zbek va ham forsiy-tojik tilida ijod qilgan shoirlar qamrab olingan. Asarda shoirlarga daxldor ma’lumotlar o‘zbek tilida bo‘lsa-da, ularning asarlari qaysi tilda (turkiy, forsiy) yozilgan bo‘lsa, aynan keltirilgan.
=== Taqdimot 40 ===
Alisher Navoiy turkiy tilda Sharq mumtoz she’riyatining 16 xil janrida, fors-tojik tilida esa 9 xil janrida bebaho va benazir lirik asarlar ijod etdi. Barcha devonlarini umumlashtirganda esa mumtoz she’riyatning 18 xil janrida asarlar yaratilganligi ma’lum bo‘ladi. Biroq Hazrat Navoiyni “Shoirlar sultoni” darajasiga yetkazgan asosiy omil janriy rang-baranglik ham, misli ko‘rilmagan salmoq ham emas, albatta. Bu birinchi navbatda lirik durdonalarning badiiy barkamolligi, mazmun mukammalligi va huddi poyonsiz yuksak g‘oyalar olamidir. Bu olamga kirib borish, badiiy barkamollik jozibasini his qilish har qanday insonni bir umrga o‘ziga oshno etadi.
=== Taqdimot 41 ===
Alisher Navoiy hayoti, shaxsiy fazilatlari, faoliyati, ko‘pqirrali merosini bilish va anglashga intilish moziydan hozirgi kunga qadar davom etib kelmoqda.Chunki ulug‘ o‘zbek shoiri, nosiri, mutafakkiri, davlat arbobi, ma’rifatparvari, ijodkorlarning murabbiysi, fuqaro g‘amxo‘ri, mamlakat yaxlitligi, tinchligi va osoyishtaligining tolmas kurashchisi Nizomiddin Amir Alisher Navoiy o‘zining ko‘pqirrali faoliyati bilan mamlakat va xalq taqdiri, ilm -ma’rifat, she’riyat va ma’naviyat tarixida alohida mavqega ega bo‘lgan benazir siymodir.
Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 19-oktyabrdagi ‘Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi PQ-4865-son Qarorida ’“yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan bugungi kunda Alisher Navoiyning bezavol adabiy merosi misolida o‘zbek adabiyoti va madaniyatini chuqur o‘rganish va ommalashtirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda”-deb, ta’kidlashi bejiz emas.
=== Taqdimot 42 ===
E’TIBORINGIZ UCHUN RAHMAT!
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring!
5 |
|
0 |
4 |
|
0 |
3 |
|
0 |
2 |
|
0 |
1 |
|
0 |
Sharhlar
Hali sharhlar mavjud emas.