ABDULLA AVLONIY (1878 1934)
5000 so'm

ABDULLA AVLONIY (1878 1934)
Abdulla Avloniy (1878–1934)
Abdulla Avloniy – milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotining yirik vakili, shoir, dramaturg, ma’rifatparvar, pedagog, nosir va ijtimoiy faol arbobdir. U o‘zining butun hayoti va ijodini xalqni ma’rifatli qilish, millatni uyg‘otish, zamonaviy maktab tizimini yaratish va o‘zbek adabiy tafakkurini rivojlantirishga bag‘ishladi.
Bolalik yillari va ilk ta’limi
Abdulla Avloniy 1878-yil 12-iyulda Toshkentning Mergancha mahallasida tug‘ilgan. Otasi Miravlon aka hunarmand va savdogar bo‘lgan, onasi Fotima esa oddiy, ammo ma’naviyatli ayol edi. Abdulla 7 yoshida eski maktabda savod chiqardi, so‘ngra Shayxontohurdagi Abdumalikboy madrasasida ta’lim oldi. Biroq oilaning iqtisodiy qiyinchiliklari tufayli yosh Avloniy o‘qishni to‘xtatib, mardikorlik va binokorlik ishlari bilan shug‘ullandi.
Maorif sohasidagi faoliyati
1904-yilda Avloniy Toshkentning Mirobod mahallasida yangi usuldagi maktab ochdi. U o‘zbek xalqini savodli, ilmli qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. O‘sha davr uchun bu katta jasorat edi, chunki eski usul tarafdorlari bunday maktablarga qarshi edilar. 1909-yilda u “Jamiyati xayriya” tashkilotini tuzib, kambag‘al bolalarning ta’lim olishini moliyaviy qo‘llab-quvvatladi.
Milliy matbuot va teatr faoliyati
Avloniy 1907-yilda Toshkentda o‘z uyida “Shuhrat” gazetasini chiqara boshladi. Keyinroq “Osiyo” gazetasi orqali milliy uyg‘onish g‘oyalarini keng targ‘ib qildi. 1913-yilda u “Turon” jamiyatini tashkil etdi. Ushbu jamiyat tarkibida teatr truppasi ham faoliyat yuritdi va o‘zbek sahna san’atining shakllanishiga asos soldi. “Padarkush”, “Pinak”, “Advokatlik osonmi?” kabi pyesalari xalqni jaholatdan ozodlik, ilm va ma’rifatga chaqirishga bag‘ishlangan edi.
Davlat va xalq xizmatidagi faoliyati
Avloniy 1919–1920-yillarda Afg‘onistonda RSFSR bosh konsuli sifatida ishlagan. Keyinchalik Toshkentga qaytib, madaniyat va maorif sohasida faoliyatini davom ettirdi. 1921-yildan boshlab u turli o‘quv yurtlarida dars berdi, SAKU va SAGU universitetlarida professor, til va adabiyot kafedrasi mudiri sifatida faoliyat yuritdi. O‘zbek ta’lim tizimini ilmiy asosda shakllantirishda beqiyos xizmat ko‘rsatdi.
Pedagogik merosi
Abdulla Avloniy o‘z davrining ilg‘or pedagoglaridan biri bo‘lib, o‘quvchilarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga katta e’tibor qaratgan. U birinchi milliy darsliklar muallifi hamdir:
- “Birinchi muallim” (1909-yil)
- “Ikkinchi muallim” (1912-yil)
- “Turkiy Guliston yoxud Axloq” (1913-yil)
- “Maktab gulistoni” (1916-yil)
Shuningdek, “Adabiyot yoxud milliy she’rlar” (1909–1916) to‘plamlari orqali milliy ongni yuksaltirishga xizmat qildi.
“Turkiy Guliston yoxud Axloq” asarining mohiyati
1913-yilda yozilgan bu asar o‘zbek axloqshunoslik va ma’naviy tarbiya tarixida muhim o‘rin egallaydi. Asarda insonni komillikka yetkazuvchi omillar – tarbiya, aql, ilm, ezgulik va vijdon kabi fazilatlar yuksak g‘oyaviy darajada yoritilgan. Avloniy shunday deydi:
“Tarbiya yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir.”
Asarda inson aqlini “piri komil va murshidi yagona” deb atagan Avloniy axloqiy tarbiyani jamiyat ravnaqi uchun eng muhim asos deb biladi.
Adabiy va teatr ijodi
Avloniy o‘z dramatik asarlarida Turkiston xalqining ijtimoiy muammolarini aks ettirdi. “Pinak”, “Advokatlik osonmi?” va “Portugaliya inqilobi” pyesalari orqali jaholat, nodonlik, adolatsizlik va befarqlikka qarshi kurash g‘oyasini ilgari surdi. U millatni uyg‘otuvchi, xalqni harakatga chorlovchi adabiyot tarafdori edi.
Faxriy unvonlari va merosi
- 1927-yilda “Mehnat qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
- 1930-yilda “O‘zbekiston xalq maorifi zarbdori” unvonini olgan.
- 2020-yilda unga “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni berilgan.
Xulosa
Abdulla Avloniy o‘zbek xalqining ma’naviy uyg‘onishiga poydevor qo‘ygan buyuk siymo bo‘lib, uning asarlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. U adabiyot, pedagogika, teatr va matbuot sohalarida olib borgan faoliyati bilan milliy madaniyat tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Avloniy – millat fidoyisi, ma’rifat yo‘lida umrini bag‘ishlagan buyuk o‘zbek ziyolisi.
=== Taqdimot 1 ===
Abdulla Avloniy(1878-1934)
=== Taqdimot 2 ===
Reja:
Abdulla Avloniy hayoti va ijodi.
Abdulla Avloniyning maorif tizimidagi faoliyati.
01
02
“Turkiy Guliston yoxud axloq” asari badiiy xususiyatlari.
03
=== Taqdimot 3 ===
Abdulla Avloniy – Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotining yirik vakili. Bu davr adabiyotining biror bir qirrasi yo‘qki, Avloniy ijodida bo‘y ko‘rsatmagan bo‘lsa: millatni uyg‘otishga va milliy ozodlikka chaqiruvchi she’rlarini deysizmi, teatr sohasidagi faoliyatini hamda dramatik asarlarini sanaysizmi, yangi avlod tarbiyasiga bag‘ishlangan pedagogik asarlarini aytasizmi, milliy matbuotni oyoqqa turg‘izishdagi sa’y-harakatlari yoxud shu matbuot sahifalarida bosilgan publitsistik maqolalarini olasizmi – bularning barchasi bizga Abdulla Avloniy shaxsiyatini millat taraqqiyoti yo‘lida fidoyilarcha xizmat qilgan ulkan mutafakkir sifatida namoyon etadi.
=== Taqdimot 4 ===
Abdulla Avloniy 1878-yilning 12-iyulida Toshkentda Mergancha mahallasida dunyoga keldi. Otasi Miravlon aka mayda hunarmandlik to‘quvchilik bilan shug‘ullangan. Piyonbozorda (hozirgi Navoiy teatri maydoni), Yarmarka bozorida (hozirgi San’at muzeyi atrofi) bo‘z va chit bilan savdo qilardi. “Onamning oti Fotimadir” deb yozadi adib o‘z tarjimayi holida.
=== Taqdimot 5 ===
Ilk ta’lim
Abdulla 7 yoshdan O‘qchidagi eski maktabda Akramxon domlada savod chiqardi. 1890-yilda shu mahalladagi madrasaga o‘tdi. So‘ng Shayxontohurdagi Abdumalikboy madrasasida Mulla Umar Oxunda tahsil ko‘rdi.
=== Taqdimot 6 ===
Ammo tirikchilikning og‘irlashuvi o‘qishga imkon bermaydi. “1891-yildan boshlab faqat qish kunlarida o‘qib, boshqa fasllarda mardikor ishladim”, – deb yozadi Avloniy. Ko‘p o‘tmay bu ham barham topdi. U butunlay ishga sho‘ng‘ib ketdi. O‘zi aytganidek, “binokor”likni o‘rgandi, “g‘isht quyish, suvoqchilik, pechkachilik, duradgorlik ishlari” bilan mashg‘ul bo‘ldi.
=== Taqdimot 7 ===
1900-yilda Avloniy toshkentlik savdogar bir xonadonning Salomatxon degan qiziga uylanadi. Shu yili otasi vafot etadi.
1904-yilda Avloniy Mirobodda usuli jadid maktabi ochadi.
=== Taqdimot 8 ===
1907-yilda o‘z hovlisida “Shuhrat” gazetasini chiqara boshladi. Ma’rifatparvar shoir uni o‘z uyida – hozirgi Mirobod tumanida tayyorlab, chop etdi. Gazetaning yo‘li ayon bo‘lishi bilan do‘stidan dushmani ko‘payadi. Natijada, 10-soni chiqib bekildi. Redaksiya asbob-ashyolari, qog‘ozlar va materiallar hammasi musodara qilindi. Lekin Avloniy bo‘sh kelmadi. A.Bektemirov nomiga ruxsat olib “Osiyo” ni chiqara boshladi. Bu gazetalar o‘zbek milliy matbuotining dastlabki namunalari bo‘lishi bilan ham muhim edi.
=== Taqdimot 9 ===
1908-yilda Avloniyning Miroboddagi maktabi yopildi. Buning sabablari ko‘p bo‘lishi kerak. Avloniy, nazarimizda, o‘z tarjimayi holida shulardan bittasini tilga olib: “Maktabimda yer, odamlar, tog‘-toshlar, daryo, osmon haqida suhbatlar o‘tkazmoqqa harakat qilganimni Mirobod johil kishilari bilishib meni kofir bo‘lding, deb maktabimni yopdilar…..” deydi.
Adib 1909-yilda Degrez mahallasida yana maktab ochadi. Avloniy dars berish jarayonida ochilayotgan yangi usuldagi maktablar uchun har jihatdan qulay bo‘lgan ko‘plab darsliklar yaratish zaruriyatini his qiladi. Negaki, yangi maktabning afzalligini shunchaki targ‘ib qilish, o‘z o‘quvchilari misolida ko‘rsatish hali kifoya emas edi. Yangi o‘quv tizimining yoyilishi uchun uning prinsiplaridan kelib chiqib yozilgan darsliklar ham kerak edi.
=== Taqdimot 10 ===
1909-yilda “Jamiyati xayriya” tashkilotini ochdi va mahalliy xalq bolalarining o‘qib, bilim olishiga ko‘maklashish maqsadida pul yig‘ib, maktablarga tarqatdi.
=== Taqdimot 11 ===
1913-yilda “Turon” jamiyatini ochdi. Jamiyatning g‘oyaviy-badiiy rahbari Avloniy edi. Jamoat qoshida teatr truppasi tuzildi. Avloniy truppasi sahnalashtirgan birinchi asar Behbudiyning “Padarkush”i bo‘ldi.
Uning vazifasi:
Aholi o‘rtasida sahna ishlariga qiziqish uyg‘otish;
Xalq uchun spektakllar qo‘yib berish va ular orqali ommaga ma’naviy oziq berish;
Klub, musiqa kurslari, kutubxona va qiroatxonalar ochish;
O‘quvchilarga moddiy yordam ko‘rsatish va boshqalardan iborat edi.
=== Taqdimot 12 ===
1914 yilning 26 dekabrida truppa “Turkiston” nomi bilan Farg‘ona vodiysi bo‘ylab safarga chiqdi, bir qator shaharlarda gastrolda bo‘ldi.
10 taga yaqin pyesani ozarbayjon tilidan o‘zbekchaga tarjima qildi.
3 ta yangi pyesa yozdi va ularni sahnalashtirdi.
Turon teatri
=== Taqdimot 13 ===
Avloniy 1917-yilda o‘qituvchilik ishlari bilan shug‘ullanishga ham imkon topdi. Shoir 1917-yilda mahalliy muallimlar o‘rtasida siyosiy ishlar olib boruvchi “O‘qituvchilar soyuzi”ni tuzgan edi…
1919-yilning iyunida Avloniy RSFSR hukumatining topshirig‘i bilan Afg‘onistonga boradi. 1919-yilning 28-sentyabridan 1920-yilning 20-iyuligacha Hirotda bosh konsul bo‘lib turadi.
Avloniy 1920-yilda sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli Afg‘onistondan chaqirib olinadi va Turkbyuroning madaniyat bo‘limiga boshliq qilib tayinlanadi. U shu yillari “Kasabachilik harakati” jurnalining muharriri “Qizil bayroq” gazetasining tahrir hay’ati a’zosi sifatida ish olib boradi.
=== Taqdimot 14 ===
1921-yildan maorif sohasiga o‘tadi. O‘sha yili Toshkentdagi o‘lka bilim yurtida, 1923-yilda Toshkent xotin-qizlar bilim yurtida mudir, 1924-yilda harbiy maktabda o‘qituvchilik qiladi.
1925-1930-yillarda O‘rta Osiyo Kommunistik universiteti (SAKU), O‘rta Osiyo qishloq xo‘jaligi maktabi (SAVKSXSH)da, O‘rta Osiyo davlat universiteti (SAGU)da dars beradi. Pedagogika fakultetining til va adabiyot kafedrasi professori, so‘ng mudiri bo‘lib ishlaydi.
=== Taqdimot 15 ===
Ilk darsliklarlar muallifi
“Birinchi muallim” (1909-yil);
“Ikkinchi muallim” (1912-yil);
“Turkiy Guliston yoxud axloq” (1913-yil);
“Maktab gulistoni” (1916-yil).
Shuningdek, 6 qismdan iborat ”Adabiyot yoxud milliy she’rlar” (1909-1916) singari darsliklar, alifbo va o‘qish kitoblarini yozdi.
=== Taqdimot 16 ===
O‘tgan asrning 30-yillarida 7-sinf o‘qish xrestomatiyasini tuzib nashr ettirdi. Unda o‘z davridagi ko‘plab o‘zbek adiblari hamda rus, jahon adabiyotining qator vakillari haqida biografik ma’lumotlar keltirilgan, ularning mashhur asarlaridan namunalar berilgan edi.
=== Taqdimot 17 ===
A. Avloniyning xalq uchun qilgan fidokorona mehnatlari munosib baholandi.
Abdulla Avloniy 1927-yilda “Mehnat qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi.
1930-yili “O‘zbekiston xalq maorifi zarbdori” unvoni berildi.
2020-yil Abdulla Avloniy “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.
Abdulla Avloniy 1934-yil 25-avgustda vafot etdi.
=== Taqdimot 18 ===
She’rlari haqida
Avloniy “1894-yildan boshlab she’r yozishga tutingan” bo‘lsa-da, u she’rlar bizgacha yetib kelmagan. Shoirning ilk she’rlari dastlab 1905-yildan keyin dunyo yuzini ko‘rgan milliy gazetalarimizda chop etilgan. Keyinchalik Avloniy bu she’rlarini o‘zining “Adabiyot yoxud milliy she’rlar” to‘plamlariga kiritdi.
=== Taqdimot 19 ===
Shoirning “Adabiyot yoxud milliy she’rlar” nomli to‘rt qismdan iborat she’riy to‘plamlari 1909-1917-yillar oralig‘ida alohida-alohida bir necha marotaba nashr qilingan. Shuningdek, o‘sha davr vaqtli matbuoti sahifalarida ham shoir she’rlarini ko‘plab uchratamiz. Bu she’rlarning deyarli hammasi mazkur to‘plamlarga kiritilgan. Aksariyati shoirning 1905-yildan keyingi ijodiga mansub bo‘lib, milliy-ijtimoiy xarakterdadir. Buning sababi shundaki, 1905-yildan keyin she’riyatning o‘z masalalari paydo bo‘ldi. Vatan va millat dardini anglashga urinish sezila boshladi.
=== Taqdimot 20 ===
Turkiy guliston yoxud axloq
Abdulla Avloniyning “Turkiy Guliston Yoxud Axloq” asari 1913-yilda bosilib chiqdi. 1917-yilda ikkinchi marta nashr qilindi. Kitob maktablarning yuqori sinf o‘quvchilariga darslik sifatida yozilgan. Lekin asrimiz boshlaridagi o‘zbek jadid ma’rifatchiligining noyob hodisalaridan bo‘lgan bu asarning ahamiyati faqat maktab doirasi bilan cheklanmadi. U adabiyot va axloq havaskorlari uchun ham qo‘llanma bo‘lib xizmat qildi. Asarda insonlarni “yaxshilikka chaqiruvchi, yomonlikdan qaytaruvchi bir ilm” axloq haqida fikr yuritiladi.
=== Taqdimot 21 ===
Axloq, bu – xulqlar majmui. Xulq esa, ezgulik yoxud razillikning muayyan bir insonda namoyon bo‘lish shakli. Binobarin, har bir xulq ezgulik va oliyjanoblikning yoki razillik va badbinlikning timsoli. Shu jihatdan ular kishida o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Ularning shakllanishi uchun ma’lum bir sharoit, tarbiya kerak. Kishilar tug‘ilishdan yomon bo‘lib tug‘ilmaydilar. Ularni muayyan sharoit yomon qiladi. Demak, hamma narsa tarbiyaga bog‘liq. Tarbiya “yo hayot yo mamot, yo najot yo halokat, yo saodat – yo falokat – masalasidir”.
=== Taqdimot 22 ===
“Turkiy guliston yoxud axloq” asarida aql va ilmning, ma’naviy-axloqiy olamning favqulodda ehtiros bilan ulug‘lanishi adib ma’rifatchiligining bevosita mazmunidan kelib chiqadi. Mana u nima deb yozadi: “Aql insonlarning piri komili, murshidi yagonasidir. Ruh ishlovchi, aql boshlovchidir…” ajratib, ta’kidlab ko‘rsatadi.
Muallif bu fazilatlarni shunchaki qayd etmaydi, uning aniq hayotiy, amaliy ahamiyati ustida ham to‘xtab o‘tadi. Uning insonni kamolotga yetkazishda bosh omil ekanligini atroflicha dalillashga harakat qiladi.
=== Taqdimot 23 ===
Avloniyning 10-yillarda yozgan “Pinak” (1915), “Advokatlik osonmi?” (1916) dramatik asarlarida she’riyatdagi g‘oya va fikrlar davom etdi. Jaholat va zulmatga botgan Turkistonning chirkin manzaralari kulgili lavhalarda sahnada namoyish qilindi. Masalan, “Pinak”da g‘ayrat va shijoatlari bilan dunyoni larzaga solgan, kunchiqardan kunbotishgacha yurt so‘ragan buyuk bobolarning zalolatga botgan avlodlari ko‘knori va qimorbozlar hayoti orqali fosh etiladi. “Advokatlik osonmi?!” dramasining mazmuni quyidagicha: Davonbek Rusiyada yetti yil o‘qiydi va Turkistonga advokat bo‘lib qaytadi. Lekin shu o‘tgan vaqt ichida uning turmushida biror o‘zgarish bo‘lmapti. Xalq hali ham ilm-u ma’rifatdan yiroq. Fuqarolik qoidalari, davlat qonunlari, huquqiy tartiblardan bexabar. Shu sababli ular baxtsizdirlar. Davronbek shunday o‘ylaydi va qo‘lidan kelgancha ularga yordam bermoqchi bo‘ladi.
=== Taqdimot 24 ===
Avloniyning shaxsiy arxivida “Portugaliya inqilobi” nomli bir dramatik asari bor. U adibning boshqa asarlaridan ajralib turadi. 5 parda 10 ko‘rinishli bu asarni muallif fojia (tragediya) deb atasa-ada, mazmuniga ko‘ra u qahramonlik dramasiga yaqin. Qo‘lyozma muqovasiga “1921-yil 23-yanvarda yozildi” deb qo‘yilgan. 20-yillarda adabiyotimizda “jahon revolyutsiyasi” degan gap keng tarqalgan payt edi. Shu jihatdan buni ham o‘sha yillarda yozilgan deb taxmin qilish mumkin.
=== Taqdimot 25 ===
Xulosa qiladigan bo‘lsak, Abdulla Avloniy maktablar ochib, keng xalqni ma’rifatli qilishga, yoshlarni davrning ilg‘or ruhida tarbiyalashga urindi. Ta’limiy-axloqiy asarlar, darsliklar yozib, o‘zbek pedagogik fikri taraqqiyotida sezilarli iz qoldirdi. Jadidchilik harakatining, o‘zbek jadid adabiyotining, ya’ni milliy ong, milliy adabiyotning maydonga kelishi va taraqqiyotiga katta xizmat qildi.
=== Taqdimot 26 ===
E’tiboringiz uchun rahmat!
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring!
Slaydchi.uz — o‘zbek adabiyoti, ma’rifat va milliy uyg‘onish davri bo‘yicha taqdimotlar platformasi.
Boshqa adabiy taqdimotlar: slaydchi.uz
| 5 |
|
0 |
| 4 |
|
0 |
| 3 |
|
0 |
| 2 |
|
0 |
| 1 |
|
0 |
















Sharhlar
Hali sharhlar mavjud emas.