=== Taqdimot 1 ===
XX ASR BOSHLARIDAGI O‘ZBEK ADABIYOTI
=== Taqdimot 2 ===
Reja:
publitsistika;
nasr;
she’riyat;
dramaturgiya
01
02
03
Jadidchilik harakati va jadid adabiyotining maydonga kelishi.
Milliy matbuotning shakllanishi.
Jadid adabiyotining janriy rang-barangligi:
=== Taqdimot 3 ===
Ko‘p asrlik o‘zbek adabiyoti tarixida XX asr adabiyoti alohida o‘rinni egallaydi. Feodal boshboshdoqlik va ayniqsa mustamlakachilik davrida o‘z marralarini boy bera boshlagan o‘zbek adabiyoti XIX asrning oxirlarida Muqimiy va Furqat ijodi tufayli bir oz jonlana boshlagan edi. XX asr boshlarida qo‘shni xalqlar, jumladan, rus xalqi hayotida ro‘y bergan inqilobiy o‘zgarishlar o‘zbek yurtiga ham yangi hayot shabadalarini olib keldi. Xalqning ilg‘or kishilari XX asr Turkistonga ijtimoiy taraqqiyot, hurlik va mustaqillik g‘oyalarini olib kelayotganini butun vujudlari bilan his etdilar. Shu kishilarning fidokorona ishlari va tashabbuslari bilan butun Turkiston bo‘ylab milliy uyg‘onish harakati boshlandi. Bu ulug‘ harakat shu davrda tug‘ilgan va shakllangan adabiyotning ham g‘oyaviy yo‘nalishini belgilab berdi.
=== Taqdimot 4 ===
Ovro‘poning eng taraqqiy etgan mamlakatlari hayoti bilan tanishgan I. Gaspirali o‘z gazetasi orqali dunyoviy fanlardan ham bilim beruvchi maktablar ochish, xalqni ma’rifatli qilish masalalarini targ‘ib etayotgandi. U o‘zi 1884-yili Boqchasaroyda ochgan yangi turdagi maktabga “Usuli jadida” deb nom bergandi. Shuning uchun “Tarjimon” gazetasini yashirin o‘qigan yoshlarni ham jadidlar deb atay boshlaganlar. Shu tarzda, “jadid” so‘zi ilk marotaba “gazetchi” yoshlarga nisbatan qo‘llana boshlagan.
I. Gaspirali
=== Taqdimot 5 ===
Turkistonda, xususan, hozirgi O‘zbekistonda 1905-yil arafalaridan to Turkiston muxtoriyati tor-mor qilingunga qadar (1918) davom etgan milliy uyg‘onish harakatining kelib chiqish manbalari to‘g‘risida so‘z borganda, bu harakatning manbaida Furqat, Muqimiy, Avaz O‘tar, Komil Xorazmiy kabi shoirlar, Sattorxon, Ibrat kabi ma’rifatparvarlarning turganligini ham unutmaslik lozim.
Furqat
Muqumiy
Avaz O‘tar
=== Taqdimot 6 ===
Chor hukumati o‘zining milliy siyosatida ingliz mustamlakachilarining Hindistonda olib borgan ishlaridan o‘rnak olib, mahalliy aholining maorif va madaniyat sohasidagi intilishlariga doimo raxna solib turdi. Turkistonga 1916-yil qo‘zg‘olonidan keyin general-gubernator bo‘lib kelgan I.A.Kuropatkin o‘z kundaliklarida: “Biz yerli aholini 50 yil mobaynida taraqqiyotdan, maktabdan va rus hayotidan chetda tutib keldik”, deb g‘urur bilan yozgan edi.
I.A. Kuropatkin
=== Taqdimot 7 ===
Rus mustamlakachilarining na mahalliy ulamolarning xalqni xatli-savodli va bilimli qilishdan manfaatdor ekanliklarini ko‘rgan jadidlar bu har ikkala kuchning qattiq qarshiligiga qaramay, yangi maktablar ochib, ularda I.Gaspiralining “Usuli jadida” maktabida bo‘lganidek, diniy ilmlardan tashqari, tarix, tibbiyot, nabotot, kimyo, jug‘rofiya kabi dunyoviy fanlarni o‘qitishga ham alohida e’tibor berdilar. Jadidlarning xalqqa ma’rifat olib kirishga qaratilgan bu harakatlari o‘sha davr uchun katta jasorat edi.
=== Taqdimot 8 ===
Jadidlar, birinchi navbatda, “Usuli savtiya” maktablari orqali xalqni savodli qilish, uning ongini oshirish va ma’rifatlashgan, taraqqiylashgan xalq yordami bilan mustamlaka kishanlarini parchalash vazifasini o‘z oldilariga qo‘ydilar. Jadidchilik harakatiga pisandsizlik bilan qarovchi ayrim tarixchi va adabiyotshunoslar bu qudratli harakat doirasini faqat ma’rifat masalalari bilan cheklab qo‘yadilar. Holbuki, Munavvarqori 1927-yildayoq bu fikrga zarba berib, bunday degandi: “Chor hukumatini yo‘qotish jadidlarning tilagida bor edi. Siyosiy vazifamiz va maqsadimiz ham shundan iborat bo‘lishi yashirin emas. Nainki, biz jadid maktabi ochish bilan do‘konda o‘ltirib, nasiya yozadurg‘on xodimlar yetkazsak…” Shunday qilib, jadidchilik, ya’ni milliy uyg‘onish harakatining pirovard maqsadi chor hukumatini 1905-yil inqilobiga o‘xshash ommaviy harakatlar yordamida ag‘darib tashlash va o‘lkaning mustaqilligiga erishish edi.
=== Taqdimot 9 ===
Jadidchilik harakati yirik namoyandalari
=== Taqdimot 10 ===
Ikkinchidan, jadidlar xalqni uyg‘otishda targ‘ibot va tashviqot ishlarining muhimligini his etib, “qora xalqni oqartirmoq va va ko‘zini ochmoq” maqsadida matbuot masalalariga g‘oyat katta e’tibor berdilar. Avloniy yozganidek: “Bu maqsadga erishmoq uchun gazet chiqarmoqni munosib ko‘rib, uyushmaning harakati bilan o‘zbek tilida gazetalar chiqarildi”, ular jadid adabiyotini maydonga keltirib, o‘z g‘oyalarini she’riy, nasriy va dramatik asarlar orqali xalq ommasi ongiga yetkazishga intildilar.
Abdulla Avloniy
=== Taqdimot 11 ===
Matbuot jadidchilik g‘oyalarining tarqalishi va milliy uyg‘onish harakatining vujudga kelishida g‘oyat katta ahamiyatga molik bo‘ldi. 1905-yildan keyin chiqa boshlagan jadid gazetalarining qaldirg‘ochi “Taraqqiy” edi. Bu gazeta 1905-yildan e’tiboran chiqa boshlagan, ammo mushtariysizligi orqasida to‘xtagan Ivan Geyyerning gazetasi o‘rniga haftada ikki marta chop etilgan. Ulamolarning xalq o‘rtasidagi obro‘-e’tiborini tushirishga harakat qilgan, din, millat, vatan nomidan aytilgan fikrlari bilan yoshlarni milliy madaniyat uchun kurashga chaqirgan bu gazeta tez fursatda shuhrat topdi va shu sababdan tez orada yopildi.
=== Taqdimot 12 ===
1912-yildan boshlab jadidchilik harakati butun o‘lka bo‘ylab qanot yozadi; xalqni ma’rifatli va madaniyatli qilish orqali, milliy ozodlikka olib chiqish masalasi esa Samarqand, Buxoro, Qo‘qon kabi shaharlarni ham o‘zining ta’sir doirasiga tortadi.
1913-yildan boshlab bu shaharlarda “Samarqand”, “Turon”, “Buxoroi sharif”, “Sadoi Farg’ona”, Toshkentda esa “Sadoi Turkiston” gazetalari chiqa boshlaydi.
=== Taqdimot 13 ===
Behbudiy asos solgan “Samarqand” gazetasi, masalan, mahalliy savdogarlarni tijorat ilmini bilmaslikda, rus-tuzem maktablarida o‘qigan musulmonlarni esa millat qayg‘usidan uzoqlikda ayblab, mushtariylarni boyish ilmini egallashga chaqiradi. U, umuman, xalqning chor amaldorlari “poshnasi tagida” qolganligining sabablarini ilmsizlikdan, iste’dodsizlikdan ko‘rib, yozadi: “Biz Rusiya tabaasi va grajdanimiz; ruslar ila baravar huquq, madaniyat va mulkiyaga molikmiz. Ammo biz iste’dodligimizga taassuf qilurmiz. Bank va savodxonalar, sud mahkamalari, notarius, temir yo‘l, xullas, zamonning paydo qilgan har bir yangi nimarsalariga muhtoj bo‘lsak, avvalgi qadamda ruscha bilmoq lozim kelur…”
=== Taqdimot 14 ===
Mahmudxo‘ja Behbudiy
1875-1919
=== Taqdimot 15 ===
10-yillarda jadid matbuoti bilan birgalikda jadid adabiyoti ham maydonga keldi. Bu adabiyot asosan 1905-1918-yillarda shakllanib, Turkiston muxtoriyatining mag‘lubiyatga uchrashi bilan o‘z umrini tugatdi va uning aksar vakillari sho‘ro hokimiyati bilan murosaga kirishdilar.
Jadid adabiyoti garchand qisqa umr ko‘rgan bo‘lsa-da, jadid yozuvchilari badiiy ijodning qariyb barcha turlari isloh etilishi va taraqqiy qilishiga katta hissa qo‘shdilar; eng muhimi, xalqning ko‘zini ochib, uning 1916-yili o‘z haq-huquqini talab etib, maydonga chiqishiga yo‘l ochib berdilar.
=== Taqdimot 16 ===
Jadid adabiyotining yetakchi sohasi she’riyatdir. O‘zbek mumtoz she’riyatidan ham vazn, ham til va uslub, ham g‘oyaviy jihatdan keskin farq qilgan jadid she’riyati XX asr o‘zbek adabiyotining yangi yo‘nalishda ravnaq topishiga tamal toshini qo‘ydi.
Avloniy 1909-1917-yillar davomida e’lon qilgan “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim”, ayniqsa olti qismdan iborat “Adabiyot yoxud Milliy she’rlar” degan to‘plamlaridagi she’r va masalalari bilan jadid she’riyatining shakllanishiga kuchli turtki berdi.
=== Taqdimot 17 ===
Garchand bu to‘plamlarning dastlabkisi o‘zbek ma’rifatining darg‘alaridan biri Sayidrasul Aziziyning “Ustozi avval” idan keyin va unga taqlidan yaratilgan bo‘lsa-da, ular, birinchidan, yosh avlodni maktabga chorlovchi va unga ilmli bo‘lishning ahamiyatini tushuntiruvchi ruhi bilan, ikkinchidan, “milliy she’rlar” ni yaratish borasidagi tajribalari bilan katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Avloniyning maktablar uchun o‘quv qo‘llanmasi va darslik sifatida yozgan risolalari, ulardagi “Maktab sizni inson qilur, Maktab hayot ehson qilur, Maktab g‘ami vayron qilur, G‘ayrat qilib o‘qing, o‘g‘lon!” singari so‘zlar Hamza pedagogik asarlarining maydonga kelishiga zamin hozirladi.
=== Taqdimot 18 ===
Shoir “Millatga xitob” singari o‘nlab she’rlarida xalq qo‘shiqlarining musiqiy ohanglaridan keng foydalanib, g‘aflat uyqusida yotgan vatandoshlarini uyg‘otishga birinchilardan bo‘lib kirishdi:
Ko‘zlaring och, ey millat, ko‘p zamon g‘ofil yotding,
Umring o‘tdi yotmakda, qayg‘uga toza botding.
Hamza “Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi” va “Gul” to‘plamlariga kirgan she’rlarida xalq va yurt hayotidagi achinarli jihatlarni shafqatsizlik bilan ochib tashladi. U g‘aflat uyqusida yotgani uchun “Ruhsiz tandir, xanjar ursa qoni sochilmas”, deb butun shoirlik kuchini shu mudroq elning basirat ko‘zlarini ochishga sarfladi. Hamza bu milliy she’rlari bilan jadid she’riyatini yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tardi.
=== Taqdimot 19 ===
Nasr adabiy harakatni davr talablari va xalqning ruhiy-ma’naviy ehtiyoji sari yaqinlashtirishga uringan jadid adabiyotida salmoqli o‘rinni egallaydi.
O‘zbek jadidchilik harakatining yirik arboblaridan biri Fitrat “Munozara” asari bilan jadid nasrini boshlab berdi. 1909-1913-yillari Turkiyada tahsil ko‘rgan va shu yillari yosh turklar harakati bilan yaqindan tanishgan Fitrat Turkistondagi davlat, din, maorif va madaniyat sohalarida tubdan islohot o‘tkazish lozimligini birinchilardan bo‘lib sezdi. U o‘sha yerda yozilib nashr etilgan “Sayha” (“Faryod”, 1910) she’rlar to‘plami, “Munozara” (1909) va “Sayyoh hindi” (1912) nasriy asarlarida Turkistondagi voqelikka farang olimi va hind sayyohining ko‘zi bilan qarab, undagi chirkin tomonlarni shafqatsiz tarzda ochib tashladi.
=== Taqdimot 20 ===
Abdurauf Fitrat
1886-1938
=== Taqdimot 21 ===
Jadid nasrida realistik an’analarni boshlab bergan Cho‘lpon, Mirmuhsin Shermuhammedov, Hamza, Mo‘minjon Muhammadjon o‘g‘li (Toshqin) va boshqalar, Fitratdan farqli o‘laroq, Turkiston xalqlari hayotining mudhish manzaralarini tasvirlash va xalqqa milliy taraqqiyot manzillarini ko‘rsatish yo‘lidan bordilar. Cho‘lpon “Qurboni jaholat” hikoyasida (1913) o‘lkaning zaharlangan muhiti har qanday yangi shabadani ham “yutib yuborishi” mumkinligini haqqoniy ko‘rsatdi. “Do‘xtur Muhammadiyor” (1914) qissasida esa yangi avlod navqiron paytidayoq mahv bo‘lmasligi uchun taraqqiyot darajasi shaharlar va mamlakatlarga borib, yuqori malakali mutaxassislar bo‘lib kelishi hamda millatni olg‘a yetaklashi lozim, degan fikrni ilgari surdi. Bu har ikkala asar keyinchalik jadid yozuvchilarining ma’rifat nuri bilan sug‘orilgan aksar asarlari uchun andoza vazifasini o‘tadi.
=== Taqdimot 22 ===
Cho‘lpon
Mirmuhsin Shermuhamedov
Hamza
=== Taqdimot 23 ===
Shu yillari publitsistika sohasida ayniqsa samarali ijod qilgan Mirmuhsin Shermuhammedov ham badiiy nasr bilan qiziqib,“Befarzand Ochildiboy” asarini (1914) yozdi. Muallif o‘zining bu asarini garchand roman deb atagan bo‘lsa-da, bu davrda hali jadid nasri yetarli badiiy tajribaga ega bo‘lmagan vaqtda o‘zbek romanining tug‘ilishi mahol edi. Shuning uchun ham, Hamza singari, uning ham orzusi to‘la ro‘yobga chiqmagan. Biroq Mirmuhsin o‘z asarida, bir tomondan, Ochildiboy ismli badavlat boyning, ikkinchi tomondan, unga qarzdor bo‘lib qolgan Qulahmadning hayot tarzini kuzatgan va bu ikki obraz orqali 10-yillardagi voqelikning asosiy tamoyillarini belgilashga uringan.
=== Taqdimot 24 ===
Hamzaning “Yangi saodat yoxud Milliy roman” asari (1915) ham yosh avlodning tarbiyasi masalasiga bag‘ishlangan. Hamza bu asarida Olimjon ismli yigitning murakkab hayot yo‘lini tasvirlar ekan, uning jadid maktabida va oqila bag‘rida tarbiya topgani uchun faqat oila a’zolariga mehribon, ustoz va homiylariga sadoqatli bo‘lib emas, balki “g‘arib millat uchun kerakli” kishi bo‘lib o‘sganiga ham alohida e’tiborni qaratadi. Olimjonning otasi boyning o‘g‘li bo‘lganiga qaramay, johilligi orqasida ma’rifat bulog‘idan bahramand bo‘lmagan. Shu sababdan u kufr yo‘liga kirib, mol-mulkidan ayrilgan va qimorbozlarning cho‘tali bilan kun kechiruvchi kimsaga aylangan.
=== Taqdimot 25 ===
10-yillarning o‘rtalarida “Juvonboz” va “Uloqda” hikoyalari bilan Abdulla Qodiriy ham jadid nasrining maydonga kelishiga o‘z hissasini qo‘shdi.
Shunday qilib, jadid nasri o‘zbek adabiyotida ilk bor realistik qissa, hikoya, ocherk va esse-dialog janrlarining namunalarini yaratdi va shu jarayonda zamonaviy o‘zbek adabiy tilining shakllanishiga sharoit hozirladi.
Abdulla Qodiriy
=== Taqdimot 26 ===
Jadid dramaturgiyasi va teatrining otasi Mahmudxo‘ja Behbudiydir. U garchand “Padarkush” nomli yagona pyesaning muallifi bo‘lishiga qaramay, bu asari bilan o‘zbek madaniyati tarixida dramaturgiyani boshlab berdi va jadidchilik harakatining dasturulamal ahamiyatiga molik g‘oyalarini shu pyesada ilk bor ifodaladi.
“Padarkush” 1911-yili yozilgan va 1913-yili alohida kitobcha shaklida nashr etilgan. Turkistonni ijtimoiy va madaniy taraqqiyotdan chetda tutib turgan chor amaldorlari hatto shu asarning xalqqa yetib borishini ham o‘z manfaatlari uchun zid, deb topganlar. Ammo bunday urinishlarga qaramay, chop etilgan va o‘sha kezlardayoq sahnalashtirilgan “Padarkush” o‘lkaning madaniy hayotida inqilob yasadi. Har holda, teatr san’atining imkoniyatlari adabiyotga nisbatan keng va xalq ongiga teatr yordami bilan ta’sir etish samarali ekanligi ravshan bo‘ldi.
=== Taqdimot 27 ===
Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyov” nomli pyesasi (1915) “Padarkush” ta’sirida yozilgan. Yozuvchi bu asarda o‘zbek xalqining islohga muhtoj an’analari va urf-odatlaridan biri-dabdabali to‘y qilish oqibatida og‘ir ahvolga tushgan yigitning fojiasini ko‘rsatgan. Solih ismli yetim yigit amakisining maslahati bilan katta qarz hisobiga to‘y qiladi va garovga qo‘yilgan hovli-joyidan mahrum bo‘lishi oldida o‘zini o‘zi o‘ldiradi. A.Qodiriy ana shu voqea misolida o‘zbek xalqining ayrim urf-odatlari uning oyog‘iga urilgan kishan ekanligini ko‘rsatadi.
=== Taqdimot 28 ===
Hoji Muinning “Mazluma xotin”, Qudratillaning “To‘y” pyesalarida ham ana shu ruhdagi voqealar tasviri orqali jadidchilik g‘oyalari targ‘ib-tashviq etilgan. Jadid adabiyoti tarixi bilan shug‘ullangan mutaxassislar bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 1911-1917-yillari maydonga kelgan sahna asarlarining soni 40 dan oshadi. Shular orasida, shubhasiz, Fitratning “Begijon”, “Abo Muslim” (1916) va “Temur sag‘anasi” (1918) singari pyesalari ham bo‘lib, ular bizgacha yetib kelmagan.
=== Taqdimot 29 ===
Yaqin-yaqingacha Hamzaning o‘zbek teatri va dramaturgiyasiga asos solganligi haqida adabiyotshunoslikda hukm surib kelgan fikrlar g‘ayriilmiydir. Hamza dramaturgiyaga kirib kelgan paytda o‘zbek teatr to‘dalarining afishalarida faqat Behbudiyninggina nomi emas, balki Avloniy, Fitrat, A.Qodiriy, Qudratilla, Hoji Muin, Badriyning ham nomlari bor edi. Lekin “Zaharli hayot yoxud Ishq qurbonlari” pyesasi (1915) bilan san’at ahliga o‘zini tanitgan Hamza milliy dramaturgiyaning zabardast vakillaridan biri darajasiga ko‘tarildi. U shu davrda “Muxtoriyat yoki Avtonomiya” (1917), “Boy ila xizmatchi”, “Tuhmatchilar jazosi”, “Kim to‘g‘ri” (1918) singari pyesalarini yozdi. Ular orasida “Zaharli hayot” dramasi jadidchilik g‘oyalarini ilgari surganligi bilan ayniqsa ahamiyatlidir.
=== Taqdimot 30 ===
Xullas, jadid yozuvchilari adabiyotning qariyb barcha tur va janrlarida Milliy uyg‘onish davri g‘oyalarini xalq ommasi ongiga quyishda qizg‘in ishtirok etdilar. Jadid yozuvchilari tufayli o‘zbek adabiyotining xalq hayoti bilan aloqasi mislsiz darajada mustahkamlandi, g‘oyaviy va estetik ta’sir kuchi oshdi. Jadid adabiyoti xalq ommasining barcha qatlamlariga g‘oyaviy ta’sir o‘tkazish maqsadini o‘z oldiga qo‘ygani uchun ham mumtoz adabiyotga xos murakkab obrazlar tizmasiga asoslangan tantanavor-kitobiy tilni isloh qilib soddalashtirdi va jonli xalq tiliga yaqinlashtirdi. eng muhimi, bu adabiyot g‘aflat og‘ushida yotgan, baxtli va farovon turmush, erk va mustaqillik haqidagi orzu-o‘ylari ikkiyoqlama zulm sharoitida so‘ngan xalq ommasining ko‘zini ochib, uni shahdam qadamlar bilan olg‘a borayotgan XX asr bilan, yangi dunyo bilan, ma’rifat va mustaqillik g‘oyalari bilan tanishtirdi.
=== Taqdimot 31 ===
Jadid adabiyoti va uning namoyandalari sho‘ro mafkurasi hukmronlik qilgan davrlarda qirg‘in-qatag‘on etilib, o‘rganilmay kelindi. Shuning oqibatida XX asr boshlarida matbuot va adabiyot olamida fidoyilarcha mehnat qilgan kishilarning xalq va vatan oldidagi xizmatlari qadrlanmay, aksincha, tuhmat va malomat toshlari ostida qoldi. Holbuki, jadid adabiyoti g‘aflat uyqusida yotgan xalqni uyg‘otib, uni yangi hayot uchun kurashga tayyorladi. Agar o‘zbek xalqi sho‘ro hokimiyati yillarida ijtimoiy hayotda faol qatnashgan bo‘lsa, bu avvalo, jadid adabiyotining-uni mudroq holatdan uyg‘otgan ijodiy kuchlarning xizmatidir.
=== Taqdimot 32 ===
Jadid adabiyoti namoyandalari oktyabrdan keyin ham muayyan vaqtga qadar ijod qilishda davom etdilar. Agar ularning bir qismi 1929-1930-yillari mahv qilingan bo‘lsa, qolganlari 1937-yilga qadar badiiy ijod bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘ldi. Shunisi ahamiyatliki, ular oktyabrdan keyin ham jadid adabiyoti g‘oyalarini xalqqa yetkazish ishiga sodiq qoldilar. Shuning uchun ham ayrim adabiyotshunoslar jadid adabiyotining faoliyat chegarasini 1929-1930-yillar bilan belgilaydilar.
=== Taqdimot 33 ===
E’tiboringiz uchun rahmat!
Bizni ijtimoiy tarmoqda kuzating!
5 |
|
0 |
4 |
|
0 |
3 |
|
0 |
2 |
|
0 |
1 |
|
0 |
Sharhlar
Hali sharhlar mavjud emas.