Qushlarning tashqi va ichki tuzilishi hamda xilma-xilligi
5000 so'm

=== Taqdimot: Qushlarning tashqi va ichki tuzilishi hamda xilma-xilligi.pptx ===
=== Slayd 1 ===
Qushlarning tashqi va ichki tuzilishi hamda xilma-xilligi
=== Slayd 2 ===
Qushlar – havo muhitiga moslashgan issiqqonli hayvonlar. Tanasi pat bilan qoplangan. Suyaklari yengil, naysimon suyaklarning bo‘shlig‘iga havo to‘lgan, jag‘lari muguz tumshuqqa, oldingi oyoqlari qanotga aylangan. Ular tanasining harorati tashqi muhit haroratiga bog‘liq bo‘lmaydi. Nafas olishda o‘pka bilan birga havo xaltachalari ham ishtirok etadi. Yuragi to‘rt kamerali, issiqqonli hayvonlar tuxum qo‘yib ko‘payadi. Qushlarning tuzilishi ko‘k kaptar misolida o‘rganiladi.
Qushlar sinfi
=== Slayd 3 ===
Ko‘k kaptarning tashqi tuzilishi.
Qushlarning ichki tuzilishi.
Qushlarning mavsumiy hodisalarga moslashishi.
Qushlarning xilma-xilligi.
Reja:
=== Slayd 4 ===
Gavda bo‘limlari
Kaptarning gavdasi bosh, bo‘yin, tana va oyoqlardan iborat. Uncha katta bo‘lmagan yumaloq boshi uzun va juda harakatchan bo‘yin orqali tanaga tutashgan. Tumshug‘i ustida burun teshigi, boshining ikki yonida ko‘zlari, ulardan orqaroqda quloq teshiklari joylashgan. Qushlar uchayotganida yoyilgan qanotlar ko‘tarish yuzasini hosil qiladi Qushlar oyoqlarining pastki qismi – iligi va barmoqlari muguz tangachali dag‘al teri bilan qoplangan. Kaptar faqat oyog‘iga tayanib yerda yuradi.
Tana qoplag‘ichi. Qushlar terisi pat bilan qoplangan. Patlar tuzilishiga ko‘ra kontur patlar va parlarga bo‘linadi. Kontur patlar vazifasiga binoan kontur-qoplag‘ich (tana yuzasidagi patlar), qoqish qanotlar), boshqarish (dum), momiq patlarga ajratiladi.
=== Slayd 5 ===
Pat ingichka va qattiq o‘zakdan hamda uning ikki tomonida joylashgan keng va yumshoq yelpig‘ichdan iborat. Pat yelpig‘ichi o‘zakdan chiqib, ketma-ket ikki marta shoxlanadigan muguz o‘siqchalarning qalin to‘ridan hosil bo‘ladi. Pat o‘qining pastki yelpig‘ichsiz uchi teridagi pat xaltasiga kirib turadi. Pat o‘zagidan chiqadigan 1-tartib o‘siqchalar o‘zaro parallel joylashgan. Har bir o‘siqchaning ikki yonida yanada ingichkaroq 2-tartib o‘siqchalar joylashgan. Bir-birining ustiga tushib turadigan yondosh o‘siqchalar juda mayda ilgakchalar yordamida qo‘shilib ketgan Patlar yengil, egiluvchan va deyarli havo o‘tkazmaydigan bo‘ladi.
=== Slayd 6 ===
Qushlar uchganida qanot va dumidagi qoqish va boshqarish patlari bir-birining ustiga cherepitsa singari tushib, ko‘tarish yuzasini hosil qiladi. Qoplag‘ich patlar ostida momiq patlar joylashgan. Momiq patlarning yelpig‘ichi yumshoq va g‘ovak bo‘ladi; 2-tartib o‘siqchalari bo‘lmaydi. Bundan tashqari, suv qushlarida parlar ham bo‘ladi. Parlarning o‘zagi juda kalta, o‘siqchalari uning uchida mo‘yqalam singari joylashgan. Parlar tanadagi issiqlikni yaxshi saqlaydi.
=== Slayd 7 ===
Qushlar tullaganida ularning eski patlari to‘kilib, o‘rniga yangi patlari hosil bo‘ladi. Qushlar terisida bezlar rivojlanmagan; faqat suv qushlarining dumi asosida dumg‘aza bezi bo‘ladi. Qush tumshug‘i bilan bu bezdan yog‘simon suyuqlikni siqib chiqarib, patlariga surkab turadi. Yog‘ patlarni egiluvchan va qayishqoq qiladi. Suvda suzadigan qushlarning yog‘langan patlari suv yuqtirmaydigan bo‘ladi. Qushlarning patsiz oyoq iligi terisidagi mayda tangachalar sudralib yuruvchilar terisidagi muguz tangachalarga o‘xshaydi. Ularning patlari, tumshug‘i, tirnoqlari ham muguzdan iborat.
=== Slayd 8 ===
Ko‘k kaptar va boshqa qushlarning skeleti bosh, umurtqa pog‘onasi, qanot, oyoq hamda yelka va chanoq kamarlari skeletidan iborat Skeletning tuzilishi qushlarning uchishga moslashganligini aks ettiradi. Naysimon suyaklarning bo‘shlig‘ida havo bo‘lganligi tufayli juda yengil bo‘ladi. Bir qancha suyaklar qo‘shilib o‘sganligi tufayli qushlar skeleti sudralib yuruvchilarnikiga nisbatan ancha pishiq va mustahkam bo‘ladi.
Skeleti
=== Slayd 9 ===
Bosh skeleti yumaloq bosh qutisi, yirik ko‘z kosasi, yuqori va pastki jag‘lardan iborat. Jag‘lar muguz bilan qoplangan tumshuqqa aylangan; tishlar bo‘lmaydi. Bosh skeletida faqat pastki jag‘ harakatchan bo‘ladi. Umurtqa pog‘onasining bo‘yin bo‘limi uzun bo‘lib, o‘zaro harakatchan birikkan umurtqalardan tashkil topgan. Qush boshini orqaga 180° ga burishi, tanasini qimirlatmasdan va egmasdan atrofidagi oziqni cho‘qilashi mumkin. Ko‘krak umurtqalari o‘zaro harakatsiz birikkan. Bel, dumg‘aza va dum umurtqalari o‘zaro birikib, yagona dumg‘aza suyagini hosil qiladi. Dum suyagi qushlarning dumidagi burilish patlari uchun tayanch bo‘ladi. Umurtqa pog‘onasining ko‘krak bo‘limi qovurg‘alar va to‘sh suyagi bilan birga ko‘krak qafasini hosil qiladi.
=== Slayd 10 ===
To‘sh suyagining pastki tomoni kengayib, qayiqqa o‘xshash ko‘krak toj suyagini hosil qiladi. Bu suyakka qanotlarni harakatga keltiradigan muskullar birikadi. Qovurg‘alarning bir uchi ko‘krak umurtqalari, ikkinchi uchi to‘sh suyagi bilan harakatchan qo‘shilgan. Qanotlar kamari ko‘krak tirgak, kurak va o‘mrov suyaklaridan iborat. O‘mrov suyaklarining pastki uchi tutashib, ayrini hosil qiladi. Qanot skeleti bitta yelka, ikkita bilak (tirsak va bilak) va bir necha panja suyaklaridan tashkil topgan. Qushlarning qanotida faqat uchta barmoq bo‘ladi, bu bilan ular suvda hamda quruqlikda yashovchilar va sudralib yuruvchilarning besh barmoqli oldingi oyoqlaridan farq qiladi. Qanotidagi mayda panja suyaklar qo‘shilib, yaxlit bitta suyakni hosil qiladi. Barmoqlar sonining kamayishi va mayda suyaklarining qo‘shilishi tufayli panja suyagi mustahkam bo‘ladi.
=== Slayd 11 ===
Oyoq kamari skeleti uch juft chanoq suyagidan iborat. Ular umurtqa pog‘onasining bel va dumg‘aza bo‘limlari hamda oldingi dum umurtqalari bilan harakatsiz birikkan. Kaptar oyoqlarining skeleti yo‘g‘on son, ikkita boldir hamda ilik va barmoq suyaklaridan iborat. Ilik suyagi faqat qushlar uchun xos bo‘lib, bir necha mayda suyaklarning birikishidan hosil bo‘ladi. Ilik suyagining pastki uchiga barmoq suyaklari kelib tutashgan. Ilik
suyagi qush tanasini yerdan dast ko‘tarib turadi va qo‘nayotganda tanaga beriladigan zarbani kamaytiradi.
=== Slayd 12 ===
Muskullari
Bir juft katta ko‘krak muskullari massasi boshqa barcha muskullar massasiga teng keladi. Ko‘krak muskullarining bir uchi yelka suyagiga, ikkinchi uchi ko‘krak toj suyagiga birikadi. Katta ko‘krak muskullari qisqarganida qanotlar tushiriladi. O‘mrov muskullarining qisqarishi tufayli qanotlar ko‘tariladi. Yaxshi rivojlangan oyoq muskullari qushlarning yerda harakatlanishiga yordam beradi. Oyoq bo‘g‘imlari orqali paylar o‘tgan. Paylar uchi barmoqlarga birikadi. Qush shoxga qo‘nganida bu paylar tortiladi va barmoqlar siqilib, shoxni mahkam ushlab turadi. Shuning uchun qushlar daraxt shoxida bemalol o‘tirishi va yiqilib tushmasdan uxlashi mumkin.
=== Slayd 13 ===
Qushlarning ichki tuzilishi
Burun teshiklari
Traxeya
Oldingi havo xaltachalari
Orqa havo xaltachalari
O‘pka
Halqum
=== Slayd 14 ===
Qushlar oziqni tumshug‘i bilan cho‘qilaydi. Tumshug‘ining tuzilishi oziq xiliga va oziqlanish usuliga bog‘liq. Tishlari bo‘lmaganligi uchun qushlar oziqni butunligicha yutadi. Birmuncha yirikroq oziqni tumshug‘i bilan cho‘qilab, uzib olib yutadi. Donxo‘r qushlar (masalan, kaptar)larda qizilo‘ngachning keyingi qismi kengayib, zaxira oziq saqlanadigan organ jig‘ildonga aylangan. Qushlarning oshqozoni ikki bo‘limdan iborat. Oldingi bezli bo‘limidan ajralib chiqayotgan oshqozon shirasi ta’sirida oziq yumshaydi. Oshqozonning muskulli ikkinchi bo‘lmasida oziq maydalanadi. Qushlar yutadigan mayda toshlar oziqni maydalashga yordam beradi.
Hazm qilish sistemasi
=== Slayd 15 ===
Qushlar tanasida haroratning doimiy bo‘lishi va ularning uchishi juda katta energiya talab qiladi. Shuning uchun qushlar tez-tez oziqlanib turadi; hayotining ko‘p qismini oziq topish uchun sarflaydi. Oziq ularning ichagida tez hazm bo‘ladi. Qushlar ichagi kloakaga ochiladi. Kloakaga jinsiy organlarning chiqarish yo‘li va siydik yo‘li ham ochiladi. Kloakada siydik axlat bilan aralashib tashqariga chiqariladi.
=== Slayd 16 ===
Nafas olish sistemasi
=== Slayd 17 ===
Qushlarning o‘pkasi murakkab tuzilgan bo‘lib, havo saqlovchi juda ko‘p mayda pufakchalardan iborat. Pufakchalar devorida joylashgan mayda kapillyarlar orqali qonga kislorod o‘tadi. Nafas olishda havo pufaklari ham ishtirok etadi Pufaklar ichki organlar orasida joylashgan va o‘pka bilan bog‘langan. Qushlar yerda ko‘krak qafasining kengayib-torayishi
tufayli nafas oladi.
=== Slayd 18 ===
Uchayotgan qush qanotlarining ko‘tarilib tushirilishi bilan pufaklar ham kengayib-torayadi. Bunda gaz almashinuvi ikki marta: havo o‘pkaga kirganida va pufaklardan chiqayotganda sodir bo‘ladi. Qush qancha ko‘p qanot qoqsa, o‘pka orqali havo aylanishi shuncha tez boradi. Shuning uchun uchayotgan qushning nafasi bo‘g‘ilmasdan, aksincha, tezlashadi. Kaptar bir minutda tinch turganida 26 marta, uchganida esa 400 marta nafas oladi. Havo pufakchalariga kiradigan havo qushlar tanasini sovitib turadi.
=== Slayd 19 ===
Ikkita qon aylanish doirasidan iborat. Yuragi to‘rt kamerali: ikkita yurak bo‘lmasi va ikkita qorinchadan iborat Shuning uchun arteriya va vena qoni tamoman ajralgan bo‘lib, yurakdan tanaga kislorodga boy arteriya qoni keladi. Qushlar yuragining ishlashi ularning harakatlanishi bilan bog‘liq. Masalan, kaptarning yuragi tinch turganida 165 marta, uchganida esa 550 marta qisqaradi. Moddalar almashinuvi jarayoni qushlar organizmida juda tez kechganidan, ularning tana harorati o‘rtacha 42°C ni, ayrim qushlarniki hatto 44,5°C ni tashkil etadi.
Sezgi organlari. Qushlarning ko‘zi juda yaxshi rivojlangan. Ayrim qushlarning ko‘zi odamnikidan 100 marta o‘tkirroq bo‘ladi. Ular rangni ham yaxshi ajrata oladi. Qushlar yaxshi eshitadi, lekin hidni yaxshi ajrata olmaydi.
Qon aylanish sistemasi
=== Slayd 20 ===
Qushlarning bosh miyasi ancha yirik va murakkab tuzilgan. Ularning xilma-xil xatti-harakatlari bosh miyaning, ayniqsa, oldingi yarimsharlarning kuchli rivojlanganligi bilan bog‘liq. Qushlarning miyachasi po‘stlog‘ida burmalar ko‘p bo‘ladi. Ularning xilma-xil murakkab harakatlari miyacha bilan bog‘liq. Lekin ularning ko‘pchilik xatti-harakatlari (urchish, uya qurish, tuxum bosish, bola boqish) tug‘ma instinkt hisoblanadi. Qushlarning hayoti davomida ham turli xil shartli reflekslar hosil bo‘lib turadi. Masalan,tuxumdan chiqqan jo‘jalar dastlab ko‘zga ko‘ringan hamma narsani cho‘qib ko‘radi. Keyinchalik ular yeb bo‘ladigan va yeb bo‘lmaydigan narsalarni farq qilishni o‘rganadi; o‘z egasini taniydigan, uning ovoziga e’tibor beradigan bo‘lib qoladi. Qushlarning havoda chamalab yo‘l topish xususiyati ham yaxshi rivojlangan.
Nerv sistemasi
=== Slayd 21 ===
Bu xususiyat qushlarning uchib ketishi va uchib
kelishida katta ahamiyatga ega. Qushlar turli tovushlar yordamida o‘zaro aloqa qiladi. Ular sayrash bilan birga notinchlik, qo‘rqinch, chaqiriq kabi holatlarni bildiruvchi tovushlar chiqarib, o‘z turi individlari bilan o‘zaro munosabatda bo‘ladi. Qarg‘a, mayna, qorayaloq va ayniqsa to‘tilar ayrim so‘zlar va hatto iboralarni eslab qolib, takrorlashi mumkin.
=== Slayd 22 ===
Qushlarning tuxumi yirik bo‘ladi (88-rasm).
Tuxum markazida suyuq sariqlik bor, sariqlikni suyuq oqsil o‘rab turadi. Sariqlik ikki tomondagi kanopcha yordamida tuxum po‘chog‘iga osilib turadi. Murtak sariqlik sirtida joylashgan. Qush tuxum bosib yotganida tuxumlari bir me’yorda isishi uchun ularni oyog‘i bilan dam-badam aylantirib turadi. Tuxum aylanganida sariqlik ham aylanganidan, murtak doimo sariqlik ustida, ya’ni qush tanasi yaqinida turadi.
Tuxumning tuzilishi
=== Slayd 23 ===
Qushlarning mavsumiy hodisalarga moslashishi
Hayot tarzining yil fasllariga qarab o‘zgarishiga binoan qushlarni o‘troq, ko‘chib yuruvchi va uchib ketuvchi guruhlarga bo‘lish mumkin. O‘troq qushlar. Yil davomida bir joyda yashaydigan chittak, musicha, ko‘k kaptar, kaklik, so‘fito‘rg‘ay, qirg‘ovul, chumchuq, mayna o‘troq qushlar deyiladi. Ayrim qushlar yozda biroz oziq g‘amlaydi. Chittaklar yoz oxirida urug‘ va hasharotlarni daraxt po‘stlog‘I yoriqlariga va shoxlardagi lishayniklar orasiga yashirib qo‘yadi. Oziq taqchil bo‘ladigan qish yoki erta bahorda ana shu oziqni topib yeydi.
=== Slayd 24 ===
Ko‘chib yuruvchi qushlar. Yil fasllariga qarab joyini o‘zgartirib turadigan qushlar ko‘chib yuruvchi qushlar deyiladi. Go‘ngqarg‘a, olaqarg‘a, zog‘cha va qorayaloqlar sovuq tusha boshlashi bilan gala bo‘lib qor kam, oziq mo‘lroq bo‘lgan joylarga uchib ketadi. Uchib ketuvchi qushlar. Bunday qushlar kuzda birmuncha sovuq yoki mo‘tadil iqlimli joylardan issiq mamlakatlarga uchib ketadi va o‘sha joylarda.Uchishdan oldin ular gala hosil qiladi. Qushlar har xil paytda uchib ketadi. Qaldirg‘och, bulbul, zarg‘aldoq va laylaklar ancha barvaqt, ya’ni yoz oxirlarida yoki erta kuzda, hali uya qurgan joyda havo iliq va oziq mo‘l bo‘lishiga qaramasdan uchib ketadi. O‘rdak, g‘oz va oqqush kech kuzda, yashash joyidagi suv havzalari muzlab, oziq topolmay qolganidan so‘ng uchib keta boshlaydi. Qushlar qishlov joyiga doimo bir xil yo‘ldan uchib boradi.
=== Slayd 25 ===
Qushlarning mavsumiy hodisalarga moslashishi
Hayot tarzining yil fasllariga qarab o‘zgarishiga binoan qushlarni o‘troq, ko‘chib yuruvchi va uchib ketuvchi guruhlarga bo‘lish mumkin. O‘troq qushlar. Yil davomida bir joyda yashaydigan chittak, musicha, ko‘k kaptar, kaklik, so‘fito‘rg‘ay, qirg‘ovul, chumchuq, mayna o‘troq qushlar deyiladi. Ayrim qushlar yozda biroz oziq g‘amlaydi. Chittaklar yoz oxirida urug‘ va hasharotlarni daraxt po‘stlog‘I yoriqlariga va shoxlardagi lishayniklar orasiga yashirib qo‘yadi. Oziq taqchil bo‘ladigan qish yoki erta bahorda ana shu oziqni topib yeydi.
=== Slayd 26 ===
Voha qushlari. Shahar va qishloqlarimizdagi bog‘ va xiyobonlar, dalalar va o‘tloqlarda xilma-xil qushlar orasida chumchuqsimonlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Qushlarning xilma-xilligi: voha va cho‘l qushlari
=== Slayd 27 ===
Chumchuqsimonlar turkumi. Bu turkumga qaldirg‘och, go‘ngqarg‘a, chug‘urchiq, bulbul, chumchuq va boshqa qushlar kiradi. Ularning erkagi yirik va rangli bo‘lishi, ovozi va boshidagi tojga o‘xshash patlari bilan urg‘ochilaridan ajralib turadi. Chumchuqsimonlar barcha qushlar turining deyarli yarmini o‘z ichiga oladi. Qaldirg‘och tanasining orqasi ko‘kimtir-qora, qorin tomoni oq, peshana va bo‘yni qizg‘ish-qo‘ng‘ir; qanotlari ingichka va uzun; uzun dumi ikkiga ajralgan bo‘ladi. Uning oyoqlari kalta va kuchsiz rivojlangan; yassi va qisqa tumshug‘i juda keng ochiladi. Qaldirg‘och tumshug‘i yordamida havoda uchayotgan hasharotlarni tutadi. Qaldirg‘och ayvon peshtoqi yoki shift ostidagi to‘sinlarga, ba’zan devorga ham so‘lagi bilan aralashtirilgan loydan uya quradi. Uyaga 4–6 ta tuxum qo‘yib, urg‘ochisi bosadi. Bolalarini hasharotlar bilan oziqlantiradi. Qaldirg‘ochlar deyarli butun kunni havoda o‘tkazadi.
=== Slayd 28 ===
Kaptarsimonlar turkumi. Shahar va qishloqlarimiz ko‘chalari va xiyobonlarida ko‘k kaptar va musicha ko‘p uchraydi. Ko‘k kaptar to‘kilgan donlar, yovvoyi o‘tlarning urug‘ini terib yeydi; jarliklar, qoyalar, tashlandiq imorat va baland binolarning chordoqlariga uya quradi. Ko‘k kaptar xonaki kaptar zotlarining nasl boshi hisoblanadi. Musichalar ko‘pincha oziq axtarib odamlar yashaydigan uylarga ham kirib qoladi. Ular har xil don, sabzavot va mevalarning urug‘lari bilan oziqlanadi; juft bo‘lib yashaydi; yil davomida 5 marta bola ochadi.
Tuyaqushsimonlar turkumi. Tuyaqushlar – eng yirik qushlar bo‘lib, qanotlari patlari yelpig‘ich hosil qilmaydi; toj suyagi ham bo‘lmaydi. Ular uchmaydi, ammo kuchli va uzun oyoqlari yordamida tez yuguradi. Oyoqlari ikki barmoqli. Tovoni qalin teri bilan qoplanganidan issiq qumda ham oyoqlari qizib ketmaydi. Urg‘ochisining patlari qo‘ng‘ir-kulrang tusda bo‘lganidan cho‘l manzarasida uzoqdan ko‘zga tashlanmaydi. Erkak tuyaqushning patlari qora bo‘lib, dumi va qanotlarining uchida oq patlar bor.
=== Slayd 29 ===
Suv havzalari va sohil qushlari
Suv qushlari. Suv qushlari hayotining ko‘p qismini suvda suzib o‘tkazadi. Ularning barmoqlari orasiga parda tortilgan; oyoqlari biroz orqaroqda joylashgan bo‘ladi. Qushlarning pat va parlari zich joylashib, suv o‘tkazmaydigan tig‘iz qoplag‘ichni hosil qiladi. Qushlar dumg‘aza bezlari ajratib chiqaradigan yog‘simon suyuqlikni tumshug‘i bilan siqib olib, patlariga surtib turadi. Bu suyuqlik patlarga suv yuqtirmaydi, ularni qayishqoq va egiluvchan qiladi. Suv havzalarida yashovchi qushlarning ko‘pchiligi suvda chaqqon suzadi va sho‘ng‘iydi, ozig‘ini ham suvdan topadi. Suv qushlari quruqlikda sekin va beso‘naqay harakatlanadi.
=== Slayd 30 ===
G‘ozsimonlar turkumi. Bu turkumga o‘rdaklar, g‘ozlar va oqqushlar kiradi (93-rasm). Ular tumshug‘ining qirrasi bo‘ylab har xil shakldagi muguz plastinkalar joylashgan; tumshug‘ining uchi esa kengaygan. G‘ozsimonlarning tuxumdan chiqqan jo‘jalari urg‘ochisi orqasidan ergashib yuradi. O‘rdaklar suv tubidagi balchiqni tumshug‘idagi muguz plastinkalari orqali sizdirib o‘tkazib, undan mayda jonivorlar va o‘simliklarni ajratib oladi. O‘rta Osiyo suv havzalarida yovvoyi o‘rdak, churrak, suqsun uchraydi. Yovvoyi o‘rdak erkagining boshi to‘q yashil, bo‘yni oq; urg‘ochisining tumshug‘i qizg‘ish, dumi oqish bo‘ladi. Ular kuzda qishlov joylariga uchib o‘ta boshlaydi. O‘rdaklar Osiyoning janubi, Shimoliy Afrika, Markaziy Amerika, shuningdek, o‘lkamiz janubidagi suv havzalarida qishlaydi. Erta bahorda daryolar bo‘yidagi qamishzorlar va qalin o‘tlar orasiga uya quradi. Yovvoyi o‘rdak, churrak, suqsun va boshqa o‘rdaksimon qushlar ovlanadi.
=== Slayd 31 ===
Pingvinlar turkumi. Pingvinlarning qanoti kalta va ingichka bo‘lib, eshkakka aylangan. Oyoqlari tanasining keyingi qismiga birikkanligi uchun quruqlikda yurganida tanasini tik tutadi. Eshkak qanotlar yordamida ular soatiga 30 km tezlikda sho‘ng‘iy oladi. Antarktida, Tinch okean orollari, Avstraliya, Janubiy Amerika va Afrika sohillarida tarqalgan. Baliqlar va yirik qisqichbaqasimonlar bilan oziqlanadi. Imperator pingvinining bo‘yi 120 sm, vazni 45 kgkeladi. Pingvinlar koloniya bo‘lib in quradi. Ular sovuqqa juda chidamli. Imperator pingvini qishda 60–70°C sovuqda tuxum qo‘yib, bola ochadi.
=== Slayd 32 ===
Sohil qushlari. Sohil qushlari suv havzalarining sayozliklari, sohil yaqini va botqoqliklarda oziqlanadi. Ko‘pchiligining bo‘yni va oyoqlari uzun bo‘ladi. Shuning uchun ular sayozliklarda va balchiqda yaxshi yuradi; tumshuqlari yordamida ozig‘ini oladi; lekin suvda suzolmaydi.
Laylaksimonlar turkumi. Laylaklar ancha yirik, oyoqlari va tumshug‘i uzun qushlar. Oq laylakning qanotlari keng va qora bo‘ladi. Uzun oyoqlari ularga balchiqda bemalol harakatlanishiga imkon beradi. Oq laylak yirik daraxtlarning shoxlariga yoki eski binolarning tomiga uya quradi; baqalar, sichqonlar, turli hasharotlar va kaltakesaklar bilan oziqlanadi. U juda foydali qush bo‘lgani va soni kamayib ketganligi uchun muhofaza qilinadi.
=== Slayd 33 ===
Yirtqich qushlar Yirtqich qushlar, asosan, umurtqali hayvonlar bilan oziqlanadi. Ularning tana tuzilishi va xatti-harakati o‘ljani qidirib topish va ushlab olishga moslashgan. Xususan, uzun va o‘tkir tirnoqlarining uchi ilmoqqa o‘xshash qayrilgan bo‘lib, o‘ljani ushlash va o‘ldirishga moslashgan; qisqa baquvvat va uchi pastga qayrilgan tumshug‘i esa o‘ljasi etini yulib olishga imkon beradi. Yirtqich qushlarning ko‘zi o‘tkir bo‘lganidan o‘ljasini uzoqdan payqab oladi.
Yirtqich qushlar kunduzgi yirtqichlar va yapaloqqushlar turkumlariga bo‘linadi.
=== Slayd 34 ===
Kunduzgi yirtqichlar turkumi. O‘rta Osiyo hududida kunduzgi yirtqichlardan qora kalxat, miqqiy, tasqara, jo‘rchi, burgut, qarchig‘ay va boshqalar uchraydi. Qora kalxat vohalar, to‘qaylar va tog‘larda, xullas, daraxtlar bo‘lgan hamma joyda uchraydi. Uchib borayotgan kalxatni ayri dumiga qarab oson bilib olish mumkin. Kalxat Markaziy Afrika va Janubiy Osiyoda qishlaydi, mart oylarida uchib kelib, daraxtlarning shoxiga in quradi. Kalxat juda foydali qush bo‘lib, ko‘pincha baqalar, kemiruvchilar, har xil hasharotlar, shuningdek, kushxonalarning tashlandiqlari va o‘laksalar bilan oziqlanadi; mayda qushlarni ham tutib yeydi. U havoda baland uchib, o‘lja axtaradi.
=== Slayd 35 ===
Tasqara – o‘lkamizda uchraydigan qushlarning eng yirigi. Tanasining uzunligi 1,5 m ga, qanotlarini yozganda kengligi 3 m gacha yetadi; uning og‘irligi 6–12 kg, boshi va bo‘ynidagi patlari juda siyrak bo‘ladi. Tasqarani uchganida keng va uzun qanotlaridagi oqish patlarini panjasimon yozilishiga qarab bilish mumkin. Ko‘pincha kasal va qari hayvonlarni yo‘q qilib, boshqa hayvonlarning kasallanishi oldini oladi; hayvonlar naslini sog‘lomlashtirishga yordam beradi.
=== Slayd 36 ===
Yapaloq qushlar – tunda hayot kechirishga moslashgan yirtqichlar. Ularga faqat qorong‘i tushgandan so‘ng ov qiladigan yapaloqqushlar: ukki, boyo‘g‘li, boyqushlar kiradi. Yapaloqqushlar tumshug‘ining uchi qayrilgan, tirnog‘i o‘tkir bo‘lib, tirik o‘ljani tutishga imkon beradi. Ularning ko‘zlari katta, ko‘z qorachig‘i keng ochiladi. Shuning uchun g‘ira-shira yorug‘likda ham mayda hayvonlarni ko‘ra oladi. Sezgir quloqlari esa tunda shitirlagan ovozni ham ilg‘ab oladi. Patlari g‘ovak va yumshoq bo‘lganidan uchganida ovoz chiqmaydi. Tungi yirtqichlarning yuzi yapaloq yuraksimon bo‘lganidan yapaloqqushlar turkumiga kiritilgan.
Yapaloq qushlar turkumi
=== Slayd 37 ===
Ukki – yapaloqqushlar orasida eng yirigi. Boshining ustida quloqqa o‘xshash ikki to‘p pati dikkayib turadi. Ukki ko‘proq turli kemiruvchilar bilan oziqlanadi; ba’zan o‘rgimchaklar va ayrim qushlarni ham tutib yeydi.
Boyo‘g‘li – ukkiga nisbatan ancha kichik. Kechqurunlari simyog‘och yoki daraxtlarning qurigan shoxida o‘tirib olib, o‘lja poylaydi. Bu qush o‘simliklarga ziyon keltiradigan qo‘ng‘iz, chigirtka va kemiruvchilarni qirib, juda katta foyda keltiradi.
=== Slayd 38 ===
E’TIBORINGIZ UCHUN RAHMAT!
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring!
Slaydchi.uz — tarix, metodika va fan taqdimotlari uchun vizual platforma.
Boshqa darslar uchun: slaydchi.uz
| 5 |
|
0 |
| 4 |
|
0 |
| 3 |
|
0 |
| 2 |
|
0 |
| 1 |
|
0 |














Sharhlar
Hali sharhlar mavjud emas.