O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA IJTIMOIY SOHADAGI ISLOHOTLAR

Narxni hisoblang

Jami: 5 000 so'm


=== Taqdimot 1 ===
O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy sohadagi islohotlar
=== Taqdimot 2 ===
Reja:
Manzilli ijtimoiy himoya tizimining yaratilishi va sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan izchil islohotlar.
Kuchli ijtimoiy siyosat konsepsiyasining shakllanishi, bosqichlari va rivojlantirilishi.
O‘zbekistonda ta’lim tizimini isloh qilish borasidagi islohatlar. O‘zbekistonda 2030-yilgacha mo‘ljallangan xalq ta’limini rivojlantirish konsepsiyasi.
Nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy himoya va manzilli ijtimoiy yordamni amalga oshirishdagi ishtiroki.
01
03
02
04
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash va “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida qonun”.
=== Taqdimot 3 ===
Kuchli ijtimoiy siyosat konsepsiyasining shakllanishi, bosqichlari va rivojlantirilishi
Aholining kam ta’minlagan qatlamini qo‘llab-quvvatlash va sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar. Kuchli ijtimoiy siyosatning xususiyatlari va ustuvor yo‘nalishlari. Mustaqil O‘zbekistonda islohotlar boshlangan dastlabki paytdayoq, uning asl maqsadi insonlarga munosib turmush va ish sharoitlarini vujudga keltirishdan iborat, deb belgilandi. Buning sababi shundaki, odamlarning ijtimoiy muammolariga e’tibor bermaslik barqarorlikka va milliy xavfsizlikka katta xavf tug‘diradi. Bozor munosabatlariga o‘tishning hamma bosqichlarida aholini oldindan ijtimoiy himoyalash davlat siyosatida ustuvor yo‘nalish mavqeyini egalladi.
=== Taqdimot 4 ===
“O‘zbekistonning o‘z yangilanish va taraqqiyot yo‘liga asos bo‘lgan eng muhim qoidalaridan biri bozor iqtisodiyotiga o‘tishning barcha bosqichlarida oldindan kuchli ijtimoiy siyosatni o‘tkazishdir”. Bozor iqtisodiyotiga o‘tishning dastlabki bosqichlari mulkni davlat tasarrufidan chiqarish, narxlarni erkinlashtirish, ish haqining kamayishi, nochor aholi qatlamining vujudga kelishi kabi holatlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Shu boisdan O‘zbekistonda aholi daromadlari darajasini saqlashga alohida e’tibor berildi. Birinchi navbatda, xalq iste’moli mahsulotlari narxining o‘zgarishi va pulning keskin qadrsizlanishi sharoitida aholi daromadlari darajasini saqlash tadbirlari ko‘rildi. Shu maqsadda 1993-yil yanvar oyida ish haqi to‘lashning yagona tarif setkasi joriy etildi.
=== Taqdimot 5 ===
Bu tadbir, xodimlarning ish haqi miqdorini tarif koeffitsiyentlari orqali, eng kam ish haqi vositasi bilan bevosita bog‘lash imkonini berdi. Eng kam ish haqini muntazam oshirish orqali aholining o‘rtacha ish haqi, pul daromadlari ham oshib bordi. 1994-yilda mazkur tarif setkasiga muvofiq eng kam ish haqi 150 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 1995-yilda 250 so‘m, 2009-yil 1-dekabrdan 37 680 so‘m, 2010-yil 1-dekabrdan 49735 so‘m, 2012-yil 1-avgustdan 7 2355 so‘mga yetdi. Eng kam ish haqidan kelib chiqqan holda davlat byudjetidagi tashkilot va muassasalari xodimlarining oylik maoshi tarif setkasida ular uchun belgilangan koeffitsiyentlarga mos ravishda oshirib borildi. Pensiya, nafaqa, talabalarga to‘lanadigan stipendiyalar miqdori ham eng kam ish haqining oshishiga mos ravishda o‘sib bordi.
=== Taqdimot 6 ===
Vazirlar Mahkamasining “Narxlarni erkinlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Qaroriga muvofiq 1992-yil 10-yanvardan boshlab O‘zbekistonda keng doiradagi ishlab chiqarilayotgan sanoat mollari, texnika vositalari ayrim turdagi xalq iste’moli mollari, bajarilgan ishlar va xizmatlarning kelishilgan (erkin) narxlari va tariflariga o‘tildi. 1993-yilda qat’iy belgilangan va tartibga solib turiladigan narxlarda sotiladigan tovarlar va ko‘rsatiladigan xizmatlarning ro‘yxati ancha qisqardi. Kelishilgan ulgurji narxlarni davlat tomonidan tartibga solish to‘xtatildi. 1994-yilning oktyabr-noyabr oylarida xalq iste’moli mollari asosiy turlarining narxlari erkin qo‘yib yuborildi, transport va kommunal xizmatlarning tariflari oshirildi. 1991-1994-yillarda respublika byudjeti hisobidan 30 ta soha va yo‘nalishlar bo‘yicha ijtimoiy himoya, moddiy yordam amalga oshirildi.
=== Taqdimot 7 ===
1994-yil 24-avgustda “Kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid tadbirlar to‘g‘risida” Prezident farmoni e’lon qilindi. Farmonga ko‘ra, 1994-yil oktyabrdan aholini ijtimoiy himoyalash siyosatining asosiy yo‘nalishlariga tuzatishlar kiritildi. 1995-yilda 500 mingga yaqin ehtiyojmand oilalarga mahalla qo‘mitalari orqali 6 mlrd so‘m nafaqa berildi. Faqat 2000-yilning o‘zida aholining kam ta’minlangan qismiga mahallalar orqali 54,3 mlrd so‘m miqdorida nafaqa, ko‘mak va boshqa turdagi yordamlar berildi. O‘zbekistonda yuritilayotgan ijtimoiy siyosat jamiyatning negizi bo‘lgan oilani mustahkamlash va tinch-totuvligini ta’minlash, oilada ayolning mavqeyini ko‘tarish maqsadi bilan uyg‘unlashgan.
=== Taqdimot 8 ===
Shu maqsadda mamlakatimizda 1997-yil – “Inson manfaatlari yili”, deb e’lon qilinib, bu yillarda oilani mustahkamlash, ayollarning jamiyatdagi o‘rnini ko‘tarish, sog‘lom, oqila xotin-qizlar avlodini voyaga yetkazish, qariyalarni e’zozlash, go‘zal diyorimizdagi barcha mahallalar faoliyatini yanada jonlantirish yo‘lida xayrli tadbirlar amalga oshirildi. Aholi jamg‘armalarini himoya qilish choralari ham amalga oshirildi.
=== Taqdimot 9 ===
O‘zbekistonda ta’lim tizimini isloh qilish borasidagi islohatlar. O‘zbekistonda 2030-yilgacha mo‘ljallangan xalq ta’limini rivojlantirish konsepsiyasi
Ma’lumki ta’lim mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy, g‘oyaviy-madaniy hayotining muhim tarmog‘idir. Ta’lim asoslari O‘zbekistonda uning Konstitutsiyasi va “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun bilan kafolatlangan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 2-iyuldagi qaroriga asosan “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni amalga kirdi. Ayni paytda xalq ta’limi tizimini ham tubdan isloh qilish boshlandi. Ilg‘or mamlakatlarning tajribalari asosida va chet davlatlar bilan hamkorlikda ko‘plab litsey va gimnaziyalar ochildi.
=== Taqdimot 10 ===
Viloyatlarda ham yangidan-yangi o‘quv yurtlari ochildi. Prezident I.Karimovning 1992-yil 28-fevral Farmoni bilan 8 viloyatda pedagogika institutlariga universitet maqomi berildi. Bu respublika hukumatining izchil madaniy-ma’rifiy siyosatining yana bir dalili bo‘ldi. Bunday yangilanishdan ko‘zda tutilgan maqsad birinchidan, viloyatlarda oliy universitet ta’limini tashkil etish, bu joylarda ilmiy-ma’rifiy ishlarni rivojlantirishga, eng olis va chekka shaharlarni madaniy-ma’rifiy markazga aylantirishga asos bo‘ldi.
=== Taqdimot 11 ===
Ilmiy va ma’rifiy ishlar xalq hayotiga tobora chuqurroq kirib bora boshladi. Bu mamlakat aholisi ongi va dunyoqarashini kengaytirishda katta ahamiyat kasb etdi. Bevosita mehnat jarayoni bilan bog‘liq odamlar endi ilmiy yangiliklardan doimo va o‘z vaqtida xabardor bo‘lib bordilar. Yangidan-yangi ilmiy-texnikaviy ishlanmalar, ixtirolar yaratilgan joyida tezroq ishlab chiqarishga joriy etilish imkonlari vujudga keldi. Ikkinchidan, O‘zbekiston tarixiy-jug‘rofiy jihatdan xilma-xil sharoit va iqlimga ega bo‘lgan mamlakat. Buning ustiga, turli hudud xalqlari umumiy tarixga ega bo‘lgani bilan ruhiyati, yashash tarzi, voqelikka munosabati, uni idrok etish jihatidan ozmi-ko‘pmi farqlanadi. Bu hol bir viloyatning o‘zida ham turli ko‘rinishlarda ko‘zga tashlanadi.
=== Taqdimot 12 ===
Xususan, qadimiy Xorazm mashhur matematiklari, astronomlari, tarixchilari va davlat arboblari bilan, Farg‘ona vodiysi esa dunyo tan olgan shoir adiblari bilan mashhurdir. Uzoq davom etgan mustamlakachilik, haddan tashqari markazlashtirish natijasida markazdan uzoqda yashaydigan aholining ilmiy-madaniy saviyasi ancha orqada qoldi. Bu mamlakat ishlab chiqarishiga, iqtisod va umuman taraqqiyotiga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Ana shu salbiy oqibatlarni zudlik bilan bartaraf etish uchun ham joylarda universal ta’lim tizimini joriy etish hayot taqozosiga aylandi.
Uchinchidan, viloyat universitetlarining tashkil etilishi hayot bilan ilmning, nazariya bilan amaliyotning yaqinlashuviga katta yordam berdi.
=== Taqdimot 13 ===
Hozirgi kunda ilm-fan sohasida ham raqobat muhiti hayotiy zarurat bo‘lib qoldi. Busiz esa taraqqiyot bo‘lmaydi. Ilm-fandagi raqobat yangi-yangi fikr va g‘oyalarga turtki beradi, kishi dunyoqarashini kengaytiradi. Qaysi universitet o‘z ixtirolari, ilmiy xulosa va ishlanmalari bilan nom chiqarsa, o‘sha universitetning nufuz va e’tibori osha boradi.
To‘rtinchidan, viloyatlarning kelajak taraqqiyoti ana shu hududlardagi oliy ta’lim markazlari bilan bevosita bog‘liq. Viloyatlarda ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish uchun yangi sohalarni egallash, yangi ixtisosliklarni tashkil etish, zarur kadrlarni shu joylarda tayyorlash imkoniyati tug‘ildi. Oldindan markazda o‘qigan kadrlarni viloyatga yuborish masalasi ancha-muncha muammo edi. Viloyatlarda universitetlar tashkil etilishi bilan bu muammoning ham yechimi topildi.
=== Taqdimot 14 ===
Beshinchidan, viloyatlardagi universitetlar vositasida dunyoning eng ilg‘or, mashhur o‘quv yurtlari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari paydo bo‘ldi. Mamlakat shaharlarida oliy universal ta’limni joriy etishda rivojlangan davlatlar tajribasiga suyanib ish tutildi. Xalqi ma’rifatli, jahon ilm-fani va madaniyatidan xabardor mamlakatning ravnaqiga ravnaq qo‘shilaveradi. Xorijiy mamlakatlar bilan ilmiy-texnikaviy ta’lim sohasida hamkorlik tobora chuqurlashib bordi. Keyingi yillarda AQSh, Turkiya, Hindiston, Olmoniya va boshqa mamlakatlardagi oliy bilimgohlar ishi o‘rganildi. Natijada oliy o‘quv yurtlariga talabalar qabul qilishning butunlay yangi tizimi vujudga keldi. Shu maqsadda respublikada davlat komissiyasi tuzilib, oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda test sinovi o‘tkazishga qaror qilindi.
=== Taqdimot 15 ===
Bundan tashqari ikki pog‘onali o‘qish tizimiga o‘tilgani ham oliy ta’limni hozirgi zamon sharoitida yanada takomillashtirishga qaratilgan tadbirdir. Masalan, bakalavrlik darajasini olish uchun 4 yil, magistrlik darajasini olish uchun 2 yil o‘qish talab qilinadi. O‘zbekiston sharoitida shunday yangi tizim uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida Nizom va Dasturlar ishlab chiqish uchun 1993-yilda 4-ta komissiya tuzildi.
=== Taqdimot 16 ===
Aytish mumkinki, dunyo davlatlari orasida O‘zbekiston xalq ta’limiga byudjet hisobidan mablag‘ ajratishda birinchi o‘rinda turadi. Buni 2007-yil 26-fevralda e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta’limi muassasalarini moliyalashtirish mexanizmini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni ham tasdiqlaydi. Bugungi kunda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi yosh avlodga uzluksiz ta’lim berish va uni tarbiyalash jarayonini yaxlit qamrab oladigan yagona ta’lim majmuyi hisoblanadi. Bunda ta’lim tizimining har bir bo‘g‘ini alohida o‘rin va mas’uliyatga egadir. Dasturni to‘liq amalga oshirish, qo‘yilgan vazifalarga erishish ana shu bo‘g‘inlarning holati va rivojlanish darajasiga, ularning o‘zaro uyg‘unligiga bog‘liqdir.
=== Taqdimot 17 ===
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 50 yillik tarixida birinchi bor akademiyaning haqiqiy a’zosi, Birinchi prezidentimiz I.Karimov tashabbusi bilan fundamental ilmiy-tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash akademiya jamg‘armasi tuzildi. 1997-yil 1-yanvardagi ma’lumotlar bo‘yicha Fanlar akademiyasida 8 ta bo‘lim bo‘lib, 135 akademik, 156 O‘zbekiston Fanlar akademiyasi muxbir a’zolari faoliyat ko‘rsata boshladi. 2006-yili Ko‘hna Urganchda Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Beruniy kabi buyuk allomalar tashkil etgan Xorazm Ma’mun akademiyasining 1000 yilligi keng nishonlandi. Bu o‘z-o‘zidan milliy fanimiz o‘tmishi bilan istiqbolini bog‘laydigan mo‘tabar voqelikka aylandi. 2006-yilda FA tomonidan 180 fundamental, 281 amaliy va 12 innovatsion loyihalar hamda fundamental tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash fondi tomonidan 185 ta grant, shuningdek, xalqaro fondlarning 106 granti bajarildi.
=== Taqdimot 18 ===
Shu bilan bir qatorda, FA olimlari tomonidan 2006-yilda 3596 ilmiy ish, shu jumladan, 3439 ilmiy maqola va tezislar, 157 ta monografiya, darslik, o‘quv qo‘llanmalar va risolalar chop etildi, 30 ta patent va 10 ta dasturiy mahsulotlarga guvohnoma olindi, 2 ta litsenziya sotildi.
Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan xorijiy iste’molchilarga 2147,4 ming AQSh dollari miqdorida ilmiy mahsulotlar sotildi, bu esa 2005-yilga nisbatan 43 foizga ortiqdir.
=== Taqdimot 19 ===
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019-yilning 29-aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.
Farmon bilan Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish uchun yo‘l xaritasi tasdiqlandi. Mazkur konsepsiya ta’lim tizimini rivojlantirishning quyidagi yo‘nalishlarini belgilab berdi:
O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilga kelib PISA (The Programme for International Student Assessment) Xalqaro miqyosda o‘quvchilarni baholash dasturi reytingi bo‘yicha jahonning birinchi 30 ta ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish;
=== Taqdimot 20 ===
uzluksiz ta’lim tizimi mazmunini sifat jihatidan yangilash, shuningdek professional kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
o‘qitish metodikasini takomillashtirish, ta’lim-tarbiya jarayoniga individuallashtirish tamoyillarini bosqichma-bosqich tatbiq etish;
xalq ta’limi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion loyihalarni joriy etish;
xalq ta’limi muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va budjetdan mablag‘ bilan ta’minlashning samaradorligini oshirish;
yoshlarni tarbiyalash va ularning bandligini ta’minlashda maktabdan tashqari ta’limning zamonaviy usullari va yo‘nalishlarini joriy etish; davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish hisobiga davlat ta’lim tizimida raqobat muhitini kengaytirish;
=== Taqdimot 21 ===
yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq etish;
xalq ta’limi tizimida faoliyat ko‘rsatishning jozibadorligini oshirish maqsadida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish darajasini bosqichma-bosqich oshirib borish.
Farmonga ko‘ra, konsepsiya tegishli davrga mo‘ljallangan maqsadli parametrlar va yo‘nalishlardan kelib chiqib, har yili alohida tasdiqlanadigan “Yo‘l xarita”si orqali bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Konsepsiya ta’lim tizimini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.
=== Taqdimot 22 ===
Manzilli ijtimoiy himoya tizimining yaratilishi va sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan izchil islohotlar
Mustaqillik sharofati bilan aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish sohasi rivoj topdi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “OITS bilan kasallanishning oldini olish to‘g‘risida” (1991-yil), “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘ri-sida” (1992-yil), “Fuqarolar salomatligini muhofaza qilish to‘g‘risida” (1996-yil 29- avgust), “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi (1997-yil) Qonunlari aholi salomatligini saqlashning huquqiy kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, “Qizil yarim oy jamiyati”, “Sog‘lom avlod uchun”, “Mehr-shafqat”, “Sog‘lomlashtirish va sport”, nogironlar respublika jamg‘armalari sog‘liqni saqlashga xizmat qilmoqda.
=== Taqdimot 23 ===
Respublikamizda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishga alohida e’tibor berilmoqda. Barcha shahar va tumanlarda “Ona va bola” markazlari tashkil etildi. Nukus, Namangan, Qarshi, Jizzax shaharlarida Respublika akusherlik va ginekologiya ilmiy tekshirish institutining filiallari ochildi. Minglab bolalar poliklinikalari, akusherlik-ginekologiya kabinetlari, tug‘uruqxonalar, “Nikoh va oila” hamda tibbiy- genetik konsultatsiya punktlari onalar va bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqdalar. Yosh oilalarni mustahkamlash maqsadida 311646 ta yosh oila tibbiy patronaj nazoratiga olindi, 102390 nafar turmush qurayotgan yoshlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, 89125 nafar yoshlar oila va nikoh asoslari bo‘yicha o‘qitildi.
=== Taqdimot 24 ===
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 10-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni va mazkur farmonning ijrosini ta’minlash yuzasidan qabul qilingan hukumat qarori aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Belgilangan Davlat dasturini hayotga tatbiq etish borasida katta tadbirlar amalga oshirildi. 2001-yil mart oyida Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli 1-klinik shifoxona negizida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish ilmiy markazi barpo etildi. Qurilish ishlariga 4 mlrd so‘m sarflandi. Markazda 760 o‘rinli 8 ta jarrohlik markazi aholiga kecha-kunduz shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Davlat dasturiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish markazining filiallari, 171 ta tuman markaziy shifoxonalarida bo‘limlar tashkil etildi.
=== Taqdimot 25 ===
Mustaqillik yillarida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishning rivojlangan tizimi bunyod etildi. 1991-2001-yillarda 19,5 ming o‘rinli shifoxonalar, 95,7 ming tashrifli poliklinikalar qurilib, foydalanishga topshirildi. 1991-yilda shifoxonalar soni 1300 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2001-yilda ularning soni 1500 tadan ortdi. Ambulatoriya-poliklinikalarning soni esa 1990-yilda 3139 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2010-yilda qariyb 2 baravar ko‘payib, 5886 taga yetdi. 2000-2010-yillarda qishloq joylarida 3208 ta qishloq vrachlik punkti tashkil etildi. Respublikamizda shifokorlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashga, yosh shifokorlarni tayyorlash ishlariga alohida e’tibor berildi. Bu borada 7 ta oliy tibbiy o‘quv yurtlari, o‘rta tibbiy bilim yurtlari va kollejlar faoliyat ko‘rsatmoqda.
=== Taqdimot 26 ===
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan mamlakatda “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra uzoq yillar og‘ir ahvolga tushib qolgan, hatto yashash uchun oddiy sharoitlar ham bo‘lmagan qishloqlarni tubdan yangilashga kirishildi. Xususan, 2018-yil fevraldan boshlab Jizzax viloyati, Do‘stlik tumanidagi “Manas”, Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi, “Xovosobod”, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Jom” qishloq fuqarolar yig‘inlarida keng ko‘lamli yangidan qurilish va bunyodkorlik ishlari tufayli aholiga topshirildi. Ular namunali qishloqlar sifatida yangilangandan so‘ng, ushbu tajriba respublikaning har bir tumanida har yili 2 va 3 tadan qishloqlar “Obod qishloq dasturi” asosida yangilandi.
=== Taqdimot 27 ===
Ushbu tajriba asosida 2018-yil iyun oyidan e’tiboran “Obod mahalla dasturi” Toshkent shahri misolida ommalashtirish boshlandi. “Obod qishloq dasturi” doirasida 2018-yilda mamlakatimizning 174 ta tumanidagi 368 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarini kompleks ravishda yangilash ko‘zda tutilgan. Belgilangan ishlarga 3 trillion 40 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi. 2017-yil 22-dekabrda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida qayd etilganidek “biz keyingi 25-yil davomida birinchi marta aholi uchun arzon, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan ko‘p qavatli uy-joylar qurishni boshladik. 2017-yilning o‘zida 800 ming kvadrat metrdan ziyod ana Shunday uy-joylar qurib foydalanishga topshirildi. Birgina Toshkent shahrining o‘zida joriy yilda 420 ming kvadrat metr ko‘p qavatli uy-joy fondi foydalanishga topshirildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 3 barobar ko‘pdir.
=== Taqdimot 28 ===
Nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy himoya va manzilli ijtimoiy yordamni amalga oshirishdagi ishtiroki
So‘nggi uch yil ichida NNTlar soni sezilarli o‘sgan. 2017-yil 8700 ta, 2018-yilda 9 235 ta, 2019-yilning 1-aprel holatiga 9964 NNT faoliyat ko‘rsatmoqda . 2019-yil 1-oktyabr holatiga esa 10462 ta NNT ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 2017-yilda “Nuroniy” jamg‘armasi, Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Savdo-sanoat palatasi, o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi kabi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan alohida farmon va qarorlar qabul qilinishi ham NNTlarning huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi.
=== Taqdimot 29 ===
Mamlakatimizda OAV samaradorligi va mustaqilligini, islohotlarning ochiq oshkoraligini ta’minlash, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar izchil amalga oshirilayotgani hamda bu ijtimoiy-siyosiy hayotni demokratlashtirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu borada “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”, “Jurnalistlik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. 2009-2012-yillarda Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan o‘tkazilayotgan grant tanlovlarida ishtirok etayotgan OAVlar soni to‘rt barobarga ko‘paydi. Bu davrda OAVni rivojlantirish va faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan grant mablag‘lari hajmi ham 25 baravardan oshdi.
=== Taqdimot 30 ===
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil va kelgusi 5 yilda rivojlantirish bo‘yicha, ustuvor yo‘nalish va vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlab, 2020-yil 25-yanvarda Parlamentga Murojaatnomasida, “nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bugungi kunda aholini o‘ylantirayotgan muammolarga davlat idoralari e’tiborini qaratib, o‘zlarining asoslangan takliflarini berib borishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Buning uchun mamlakat va hududlar darajasida nodavlat notijorat tashkilotlari bilan ijtimoiy sheriklikni keng yo‘lga qo‘yib, grantlar va ijtimoiy buyurtmalarni ko‘paytirishimiz kerak.
=== Taqdimot 31 ===
Vazirlik va idoralar ham bir chetda tomoshabin bo‘lib o‘tirmasdan, bunday ijtimoiy hamkorlik ishlarini kengaytirishi lozim. Shuning uchun Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining faoliyatini takomillashtirish darkor”, deb ta’kidlagan edilar. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini rivojlantirish sohasida davlat siyosatini amalga oshiradigan organ sifatida rasman e’tirof etilgan. Diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi soddalashtirildi, ro‘yxatdan o‘tkazishda to‘lanadigan davlat boji 5 martaga kamaytirilgan. NNTlarga xorijiy grant mablag‘lari mazkur tashkilotlarning istalgan bank muassasalarida ochilgan maxsus hisob varaqlariga kelib tushishiga ruxsat berilgan.
=== Taqdimot 32 ===
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash va “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida qonun”
Mamlakatimiz prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi va u 2017-yil 4-yanvardan boshlab kuchga kirdi. Mazkur Qonundan ko‘zlangan asosiy maqsad korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘ldi. Unda “korrupsiya”, “korrupsion huquqbuzarlik” va “manfaatlar to‘qnashuvi” kabi tushunchalarga izohlar berildi. Qonunning 3-moddasida korrupsiyaga doir asosiy tushunchalarga doir quyidagi ta’riflar ifodalandi:
=== Taqdimot 33 ===
korrupsiyaga oid huquqbuzarlik – korrupsiya alomatlariga ega bo‘lgan, sodir etilganligi uchun qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda tutilgan qilmish;
korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeyidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish;
manfaatlar to‘qnashuvi – shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat.
=== Taqdimot 34 ===
Qonunda korrupsiyaga qarshi kurash sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilab qo‘yildi:
aholining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan toqatsizlikni shakllantirish;
davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyadan ogohlantirish bo‘yicha choralarni amalga oshirish;
korrupsion huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ular oqibatlari, sabablari va keltirib chiqargan sharoitlarni bartaraf etish hamda korrupsion huquqbuzarliklar sodir etilgani uchun muqarrar jazolash tamoyilini tatbiq etish.
=== Taqdimot 35 ===
2017-yilning birinchi yarmida 1566 ta mansabdor shaxsga nisbatan 1130 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilib, ulardan 954 tasi (84,4 foizi) sudga oshirilgan. Lekin, bu davrda 2016-yilning birinchi yarmiga nisbatan sudga oshirilgan jinoiy ishlar 22 foizga kamaydi. Korrupsiyaviy faoliyat tufayli keltirilgan zararning 77 foizi undirildi. 374 ta guruhlar tomonidan sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar ochib tashlandi, 1330 ta korrupsiyaviy jinoyatlar aniqlandi.
=== Taqdimot 36 ===
2018-yil 19-fevralda O‘zbekiston ichki ishlar vazirining bergan ma’lumotlariga binoan 2017-yilda 1426 ta korrupsiyaviy jinoyatlar fosh etilib, undan 171 tasi poraxo‘rlik, 109 tasi tovlamachilik, 517 tasi firibgarlik, 125 tasi noqonuniy valyuta aylanmasini amalga oshirish, 19 tasi soxta pullarni ishlab chiqish, 190 tasi davlat mulkini o‘g‘irlash va unga kamomad keltirish kabi jinoyat turlarini tashkil etdi. 2017-yilda jinoiy harakat qilganligi uchun 230 ta ichki ishlar organlari xodimlari ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, 8000 ta xodim intizomiy javobgarlikka tortildi. Lekin, 2017-yilda 73692 ta jinoiy ishlar fosh etilib, bu 2016-yilga nisbatan 15,7 foizga kamaygani ham qayd etildi.
=== Taqdimot 37 ===
E’TIBORINGIZ
UCHUN
RAHMAT!
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating

0.00
0 sharh
5
0
4
0
3
0
2
0
1
0
“O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA IJTIMOIY SOHADAGI ISLOHOTLAR” uchun birinchi sharh yozing;

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Bu maydon to‘ldirilishi shart.

Bu maydon to‘ldirilishi shart.

Bu maydon to‘ldirilishi shart.

Sharhlar

Hali sharhlar mavjud emas.

Kategoriya: 
Mening savatim
Xohishlar ro‘yxati
Kategoriyalar