O‘zbekiston hududidagi antik davr davlatlari
3000 so'm

=== Taqdimot: O‘zbekiston hududidagi antik davr davlatlari.pptx ===
=== Slayd 1 ===
O‘zbekiston hududidagi antik davr davlatlari
=== Slayd 2 ===
Reja:
Davan davlatining tashkil topishi va ijtimoiy-siyosiy hayoti.
Qang‘ davlatining tashkil topishi va ijtimoiy-siyosiy hayoti.
Kushon davlatining tashkil topishi va ijtimoiy-siyosiy hayoti.
01
02
03
=== Slayd 3 ===
Davan davlatining tashkil topishi va ijtimoiy-siyosiy hayoti
O‘rta Osiyoning Sharqida, Sirdaryoning yuqori havzasida joylashgan qadimgi Farg‘ona antik davr o‘zbek davlatchiligi tarixida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan edi. Farg‘ona haqida yunon-rim mualliflari ma’lumotlar bermaydilar. Bu davlat haqidagi yozma ma’lumotlar asosan Xitoy manbalarida – Chjan syan ma’lumotlarida, Sima syanning “Tarixiy xotiralar”, Ban Gunning “Birinchi xan sulolasi tarixi” asarlarida beriladi. Bu manbalarda ushbu davlat “Dayuan” yoki “Davan” nomi ostida eslatiladi. Farg‘ona so‘zi Sug‘d manbalarida “Fragonik” shaklida yozilib “tog‘lar orasidagi vodiy, atrofi berk soylik” ma’nosini beradi. Xitoy manbalaridagi Dayyuan ham “tog‘lar orasidagi vodiy” ma’nosini beradi.
=== Slayd 4 ===
Davan davlati tarixi bo‘yicha uzoq yillardan buyon tadqiqot ishlari olib borilib, so‘nggi yillarda o‘zbek olimlaridan A.Asqarov, A.Xo‘jaev, B.Matboboev, A.Anorboev, S.Qudratov, B.Abulg‘ozieva, B.Abdullaev, Abduholiq Abdurasul o‘g‘li kabilar arxeologik ma’lumotlarni yozma manbalar bilan qiyosiy o‘rganish asosida samarali ishlar olib borayotgan bo‘lishlariga qaramay, bu yo‘nalishda hali ko‘pgina masalalar o‘z yechimini topmagan. Davan davlati shaharlarining aniq joylashuvi, davlat tizimi va boshqaruvi, davlatning chegaralari, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar, mahalliy madaniyatning qo‘shni madaniyatlar bilan munosabatlari masalalari shular jumlasidandir. Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, mil.avv. III asrdan boshlab butun Farg‘ona vodiysida shaharsozlik madaniyati keng yoyiladi.
=== Slayd 5 ===
Aynan mana shu davrda Farg‘ona vodiysi orqali o‘tgan Buyuk ipak yo‘li tarmoqlari bo‘ylab Axsikent, Marhamat, Kubo, Marg‘ilon, Bob (Pop) kabi ko‘hna shaharlar paydo bo‘ladi. Shuning uchun ham mil.avv. II asrga oid Xitoy manbalari Farg‘onada 70 ta katta- kichik shaharlar borligi haqida ma’lumot beradi.
Sima syanning “Tarixiy xotirala” asarida Davanning ikkita poytaxti – Ershi va Yuchen bo‘lganligi haqida xabar beriladi. Bu shaharlarning joylashuvi masalasida olimlar orasida yagona fikr yo‘q. Ular O‘zgan, Mingtepa (Marhamat), Qo‘qon, Koson, Axsikent, O‘ratepa yoki Jizzax o‘rnida joylashtiriladi.
Eng qadimgi yozma manbalar O‘rta Osiyodagi ayrim ilk davlat uyushmalari haqida ma’lumotlar bersa-da, Farg‘ona haqida bunday ma’lumotlar uchramaydi. Shunga qaramasdan Yu. A. Zadneprovskiy Qadimgi Farg‘ona (Davan) podsholigining mavjud bo‘lganligini taxmin qiladi.
=== Slayd 6 ===
A. Asqarovning fikricha, mil.avv. I ming yillikning o‘rtalaridan oldingi davrdagi Farg‘ona haqida so‘z yuritilganda odatda faqat “chifdom” (voha) shaklidagi qadimgi davlat asoslarining paydo bo‘lishi anglashiladi. Olimning fikricha, mana shu holatni hisobga olib Farg‘onada davlatchilik, aftidan, mil. avv V-IV asrlarda paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
B.Matboboevning fikricha, A. Asqarovning bu xulosasi ikkita tarixiy dalilga asoslangan. Birinchisi, aynan mana shu davrga oid arxeologik topilmalar (Sho‘rabashot madaniyati) ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanganligi (mahsulot ishlab chiqarish va savdo sotiqning o‘sishi) haqidagi taxminlarni ilgari surish imkonini beradi. Ikkinchisi, mil.avv. II asrdayoq Farg‘onada ko‘p sonli shaharlar mavjudligi haqida ma’lumotlar bor. Mil. avv II asrdan boshlab Qashg‘ardan Davanga shimoliy yo‘ldan karvon yo‘li harakati boshlanadi. Bu yo‘ldan ipak va boshqa mahsulotlarning xalqaro tranzit savdosi amalga osha boshlaydi.
=== Slayd 7 ===
Mil.avv. 125-yilda Davanga kelgan Xitoy elchisi Chjan syan bu yerda qishloq va shaharlari obod, sug‘orma dehqonchilik va hunarmandchilik xo‘jaliklari yuksak rivojlangan, kuchli harbiy kuchlarga ega davlatni ko‘radi. Chjan syan Davanning qishloq xo‘jaligi haqida ma’lumot berib, shunday yozadi: “O‘troq aholi yer haydaydi, g‘alla va sholi ekadi, ularda musallas navli uzum, juda ko‘plab yaxshi otlar bor. Davanning barcha joylarida uzum vinosi tayyorlaydilar. Boy xonadonlar uni katta miqdorda tayyorlaydi, bu ichimlik xumlarda bir necha o‘n yillarda ham buzilmay saqlanadi”.
=== Slayd 8 ===
Xitoy manbalari, shuningdek, qadimgi Farg‘ona chorvachiligining o‘ziga xos tomoni bo‘lgan yilqichilikning yuqori darajada rivojlanganligi haqida ham ma’lumotlar beradi. Davan davlati antik davrda mashhur zotdor otlari bilan shuhrat qozongan edi. Manbalardan ma’lum bo‘lishicha, ularni yetishtirish bilan o‘troq aholi shug‘ullangan. “Davanda yaxshi otlar bo‘lib, ular Ershi shahridadir, otlarni yashiradilar va Xan elchisiga berishga rozi bo‘lmaydilar”. Davanning mashhur “samoviy otlari” tasvirlari tushirilgan qoyatosh suratlari bizning kunlarimizgacha saqlanib qolgan.
=== Slayd 9 ===
Davan davlati ma’lum bir siyosiy uyushmani tashkil etgan bo‘lib, davlatni boshqaruvchi hukmdor manbalarda “Van” (podsho) unvoni bilan ish yuritgani eslatiladi. Manbalarda “Van” unvoniga ega bo‘lgan Mosay, Chan Fin, Mug‘ua, Yan’lyu kabi hukmdorlarning nomlari saqlanib qolgan. Yagona hukmdor bo‘lgan podsho, ya’ni, “Van” davlat ahamiyatiga molik bo‘lgan ishlarni oqsoqollar kengashiga suyangan holda olib borgan. Manbalarning ma’lumot berishicha, podshoga yaqin kishilar (odatda uning qarindoshlari) orasidan yordamchilar – bitta katta yordamchi (Fu van) va bitta kichik yordamchi (Fu-go-van), tayinlangan. Davlat hukmdori yoki podsho mamlakatning siyosiy va diniy hayotida katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Bu jarayonda oqsoqollar kengashining ham ahamiyati kam bo‘lmagan. Oqsoqollar urush va sulh tuzish masalalarini hal etishda ishtirok etganlar, ba’zan ular hukmdorning taqdirini ham hal qilganlar.
=== Slayd 10 ===
O‘zining butun tarixi davomida Davan davlati yirik imperatorlar va kuchli davlatlar ta’siri ostiga tushmasdan o‘z siyosiy erkinligini saqlab qolgan. Arxeologik topilmalar ham qadimgi Davanning o‘ziga xos rivojlanish yo‘liga ega bo‘lganligidan dalolat beradi. Misol uchun, Farg‘ona vodiysi mil.avv. VI-IV asrlarda Eron Ahamoniylari va Aleksandr Makedonskiy bosqinlaridan chetga qolgan. Aleksandr faqat Xo‘jand shahrigacha kelganligi taxmin qilinadi. Salavkiylarning ham Farg‘ona vodiysiga kirib borganlari haqida ma’lumotlar yo‘q.
=== Slayd 11 ===
Milodning I-II asrlariga kelib qadimgi Farg‘ona aholisining o‘troq dehqonchilik madaniyati yuqori darajaga ko‘tariladi. Olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida Farg‘ona vodiysida bu davrga oid ko‘p sonli aholi manzilgohlari, qal’alar, qo‘rg‘onlar, ko‘hna shaharlar xarobalari aniqlangan. Aholi manzilgohlarini vodiyning turli hududlarida keng yoyilish sug‘orma dehqonchilik va irrigatsiya ishlarining yuqori darajada rivojlanishi natijasi edi.
=== Slayd 12 ===
Tadqiqotchilarning fikricha, Davan davlati mil.avv. III – milodiy III asrlarda mavjud bo‘lgan bo‘lib, boshqaruv tizimiga ko‘ra podsholik hisoblangan. Aholining ko‘pchiligi shaharlarda istiqomat qilgan. Buyuk Ipak yo‘lining paydo bo‘lishi ham ushbu davlatning gullab-yashnagan davriga to‘g‘ri keladi. Xitoydan O‘rta yer dengizigacha cho‘zilgan bu yo‘ldagi qit’alararo savdoda sharqiy Sug‘diyona chegaralaridan to Tan davridagi Xitoy imperiyasigacha bo‘lgan yo‘lning xavfsizligini ta’minlashda, oziq-ovqat, yo‘l ko‘rsatuvchilar va tarjimonlar yetkazib berishda Davan davlati asosiy rol o‘ynagan.
Demak, podsholik boshqaruv tizimi va oqsoqollar kengashiga asoslangan Davan davlati – o‘z davrida qadimgi o‘zbek xalqi davlatchiligi taraqqiyoti an’analarini davom ettirgan davlat bo‘lib, davlatchiligimiz tarixida alohida ahamiyat kasb etadi.
=== Slayd 13 ===
Antik davr O‘zbekiston hududlarida taraqqiy etgan davlatlardan biri – Qang‘ davlatidir. Qadimgi Xitoy manbalarida Qang‘ davlati mavjud bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlar mil.avv. III asr oxiri – II asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Ammo, Qang‘ davlati va qang‘arlar tarixining mashhur bilimdoni K. Sh. Shoniyozovning fikricha, bu davlat mil. avv III asrning boshlarida paydo bo‘ladi. Keyinroq esa, Yunon-Baqtriya davlati va qo‘shni ko‘chmanchi qabilalar bilan bo‘lgan kurashlar natijasida Qang‘ davlati yanada mustahkamlanadi hamda manbalarda O‘rta Osiyodagi yirik davlatlardan biri sifatida tilga olinadi. Davlatning nomi “qang‘”, “qang‘ar”, “qang‘uy” deb nomlanuvchi qabilaning nomidan olingan bo‘lib, etimologiyasi munozarali hisoblanadi.
Qang‘ davlatining tashkil topishi va ijtimoiy-siyosiy hayoti
=== Slayd 14 ===
Qang‘ davlati asosini tashkil etgan qabilalar Sirdaryoning o‘rta va quyi oqimlarida istiqomat qilganlar. Davlat tashkil topgan dastlabki davrda uning hududiy asosini Toshkent vohasi tashkil etgan. Tashqi harbiy hujumlar tufayli Qang‘ davlati nafaqat mustahkamlanib oladi, balki o‘z chegaralarini ham kengaytirib boradi. Ya’ni, mil.avv. II va milodiy I asrda Qang‘ davlatining hududi ancha kengayib Toshkent vohasi, O‘rta Sirdaryo yerlari, Talas vodiysi va Chu daryosining quyi oqimidagi yerlarni o‘z ichiga olar edi.
Qang‘ davlati haqida bizgacha yetib kelgan manbalarda bu davlat hokimiyati qanday idora qilingani, boshqaruv tartibi va shakllari haqida aniq ma’lumotlar saqlanib qolmagan. Katta Xan sulolasi tarixida (mil.avv. 202-yildan mil. 25-yillar) Qang‘ podshosi o‘z oqsoqollari bilan maslahatlashib ish tutganligi haqida ma’lumot beriladi.
=== Slayd 15 ===
Qang‘ davlatiga qarashli yerlar bir nechta viloyatlarga (yoki mulklarga) bo‘lingan bo‘lib, ularning har birini jobg‘u yoki yobg‘u (qad. Xitoy manbalarida – chjaovu) deb nomlangan xokimlar boshqargan. Jobg‘ular mamlakat boshqaruvida Qang‘ podsholarining asosiy tayanchi hisoblangan. Jobg‘ular podsholarga yaqin kishilardan, ularning qarindoshlaridan, yirik urug‘-qabila boshliqlaridan tayinlangan.
=== Slayd 16 ===
M.I.Filanovichning fikricha, siyosiy tuzilma sifatida Qang‘, ehtimol, mil. avv II asrgacha shakllangan ko‘chmanchi va yarim o‘troq qabilalarning Qang‘ yo‘lboshchilari qo‘l ostida birlashtirilgan turli-tuman ittifoqlaridan iborat bo‘lgan. Dastlab u uncha katta bo‘lmagan qabilalar ittifoqidan iborat bo‘lib, janubda yuechjilar hokimiyatiga bo‘ysunsa, sharqda xunnlarga qaram edi. Ammo, mil.avv. II-mil. II asrda asta-sekinlik bilan u qudratli davlatga aylanadi. Bu davrda Qang‘ davlati manbalarda 120 ming deb ko‘rsatiluvchi kuchli qo‘shinga ega bo‘lgan va qo‘shni Xitoyga nisbatan g‘oyatda mustaqil siyosat olib borgan.
Arxeologik manbalarning guvohlik berishicha, Qang‘ qo‘shinlaridagi otliq suvoriylar yuechji suvoriylari kabi yubka shaklidagi burmali sovut, ko‘krakka taqiladigan qalqon kiyishgan. Baland po‘lat yoqalar ularning bo‘ynini himoya qilsa, dubulg‘alar boshni omon saqlagan.
=== Slayd 17 ===
Katta Xan sulolasi tarixida “qang‘lilar mamlakati podshosining turar joyi Loyuenidagi Bityan shahrida” deb ma’lumot beriladi. Boshqa tarixiy manbalarda Loyueni nomi uchramaydi. Binobarin, uning qaerda joylashganligi aniqlanmagan. K. Shoniyozov Bityan shahrini Toshkent vohasida joylashgan deb hisoblaydi. Chunki tarixiy manbalarda aytilishicha, Yaksart-Sirdaryo bo‘yida qadimgi Kanha – Kanka shahri xarobalari joylashgan. Yu. Buryakov uzoq yillik arxeologik tadqiqotlar olib borish natijasida Kanxa shahri mil.avv. III-II asrlarda paydo bo‘lganligini aniqladi. Demak, manbalarda eslatilgan Bityanning tashkil topgan vaqti Kanka shahri paydo bo‘lgan davrga mos keladi. Bu nomlar bitta shaharning ikki xil nomlanishidir. Ushbu shahar Sirdaryoning o‘ng irmoqlaridan biri Ohangaronning quyi oqimida (hozirgi Toshkent vil. Oqqo‘rg‘on tumani hududida) joylashgan.
=== Slayd 18 ===
Kanka haqida dastlabki ma’lumotlar Avestoning eng eski qismlari bo‘lgan Yashtlarda Turon qabilalarining turar-joylari sifatida eslatiladi. Sosoniylar davri (224-651-yillar) manbalarida bu shahar “Qandesh” yoki “Qandiz” shaklida tilga olinadi. Shuningdek, Firdavsiyning “Shohnoma” asarida ham Kanka shahri bir nechta marta tilga olinadi. Undan tashqari o‘rta asrlar geograflari asarlarida bu ko‘hna shahar “Kenkrak”, “Xarashkent”, “Tarband” nomlari bilan eslatib o‘tiladi.
Yuqorida eslatilgan Katta Xan sulolasi tarixida “Qang‘ podshosining yozgi qarorgohi Loyuenidan yetti kun yo‘l yurib boriladigan yerda joylashgan” degan ma’lumot beriladi. Shi- gu solnomalarida ta’kidlanishicha “Qang‘ hokimi qishda (sovuqda), yozda (issiq paytlarda) bir yerda yashamas edi”. Bu bilan bu fasllarda ularning turar-joylari boshqa–boshqa yerda bo‘lishi o‘qtirib o‘tiladi.
=== Slayd 19 ===
Mil.avv. II-I asrlarga kelib Qang‘ davlati kuchayishi natijasida bir qancha viloyatlar unga tobe etiladi. N. Ya. Bichurin, Xitoy solnomalarida qang‘lilarga tegishli quyidagi beshta viloyatlar haqida ma’lumotlar borligini ta’kidlaydi: Suse (Susye), Fumu, Yuni, Gi, Yuegyan. Ushbu viloyatlarning qaysi hududlarda joylashganligi haqida tadqiqotchilar orasida yagona fikr yo‘q. Ayrim tadqiqotchilar (V. V. Bartold, M. Ye. Masson, S. P. Tolstov) Suseni-Kesh (Shaxrisabz), Fumuni-Zarafshondagi Kushoniya, Yunini-Toshkent, Gini-Buxoro, Yuegyanni-Urganch va uning atroflari bilan aynan bir deb hisoblaydilar. Ammo, Qang‘ga tobe viloyatlarning bunday joylashtirish to‘la holda ilmiy asoslanmagan bo‘lib, munozarali hisoblanadi. Sirdaryoning o‘rta oqimida yashagan qang‘lilar Qang‘ davlati tashkil topishida asosiy o‘rinni egallagan bo‘lib, Qang‘ podsholari asosan qang‘lilar bo‘lgan.
=== Slayd 20 ===
Agarda antik davrda O‘rta Osiyoning janubida shakllangan Kushon va Parfiya davlatlari Ahamoniylar, Aleksandr Makedonskiy, Salavkiylar asos solgan davlatlar an’analarini o‘zlashtirib taraqqiy etgan bo‘lsa, Qang‘ davlati taraqqiyotida ko‘chmanchilar davlatchiligi belgilari borligi bilan ajralib turadi. Arxeologik ma’lumotlarga asoslangan tadqiqotchilar Qang‘ davlati, uning tarkibi, siyosiy, madaniy va iqtisodiy tarixini yoritishga, mazkur siyosiy birlashmada davlatchilik boshqaruvining shakllanishi va rivojlanishi xususida o‘z munosabatlarini bildiradilar.
=== Slayd 21 ===
Tadqiqotchilarning fikricha, qang‘lilarning eng ashaddiy dushmanlaridan biri – usunlar edi. Qang‘ davlati hokimiyat boshliqlari usunlarning bosqinchilik siyosatini cheklash maqsadida xunnlar bilan yaqinlashib, ular bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatadilar. Mil. avv II-I va mil. I asrda usunlar Xitoy hukmdorlari bilan yaqin munosabatlar o‘rnatib xunlar va qang‘lilarga qarshi kurash olib boradilar. O‘z navbatida Xitoy imperatorlari ko‘chmanchilarning o‘zaro kurashlaridan foydalanib, o‘z yerlarini kengaytirish maqsadida Qashg‘ar, Yorkent va Davan yerlariga hujumlar uyushtiradilar.
=== Slayd 22 ===
Qang‘lilar xitoyliklarning harbiy va siyosiy maqsadlarini tushunib, ularni o‘z chegaralariga yaqinlashtirmaslikka harakat qiladilar. Chunonchi, Xitoy qo‘shinlari mil.avv. 104, 102, 65-yillar va milodiy I asrda Davan, Yorkent va Qashg‘ar viloyatlariga bosqinchilik yurishlari uyushtirgan vaqtlarda qang‘lilar yordamga kelib xitoyliklarning bosqinchilik yurishlarini bartaraf etishda faol ishtirok etadilar.
=== Slayd 23 ===
Kushon davlatining tashkil topishi va ijtimoiy-siyosiy hayoti
Xitoy manbalarida “Da-yuechji” – “Buyuk” yoki “Katta yuechji” deb eslatiladi. Chjan szyan ma’lumotlariga ko‘ra, yuechjilar xunn qabilalaridan mag‘lubiyatga uchragach O‘rta Osiyoning janubiga tomon harakat qilib, Dahya (Baqtriya)ni bosib oladilar va Guyshuy (Amudaryo)ning shimoliy tomonida joylashadilar. Katta Xan uyi tarixida ham yuechjilar Guyshuy daryosining shimoliy tomonida o‘z poytaxtlariga asos solganliklari ta’kidlanadi.
Tadqiqotchilarning fikrlariga ko‘ra, yuechjilar mil.avv. 140-130-yillar oralig‘ida Baqtriyaga bostirib kirganlar. Oradan ko‘p o‘tmay Baqtriyada Katta yuechji davlati tashkil topadi. Kichik Xan uyi tarixi ma’lumotlariga ko‘ra, Katta yuechji hukmdorlari qo‘l ostida beshta hokimlik (Xi-xeu) bor bo‘lib, ular Xyumi, Shaunmi, Guyshuan, Xise va Dumilardan iborat edi.
=== Slayd 24 ===
Xitoy manbalaridan xulosa chiqargan ko‘pchilik tadqiqotchilar Baqtriya tarixidagi butun yuechji davrini uch bosqichga bo‘ladilar:
1. Mil.avv. 139-125-yillar – Katta yuechji Dahya viloyatini bosib oladi, ammo ularning asosiy mulklari Amudaryodan shimol tomonda edi.
2. Mil.avv. 25-yilga qadar – Katta yuechji davlatining shakllanishi va keyingi rivojlanishi. Davlatning poytaxti Amudaryodan shimol tomonda bo‘lib, janubiy chegarasi Gibin atroflarida (Kashmir yoki Qandahor) edi. Yuechjilar bo‘ysundirgan hududlar Xise, Shaunmi, Guyshuan, Xyumi, Dumi mulklaridan iborat bo‘lib, ular xi-xou (yabg‘u) tomonidan birlashtirilgan.
3. Mil.avv. 25 yildan keyin Katta yuechji davlatining inqirozi va yuqorida eslatilgan mulklarning mustaqil bo‘lishi. Kushon (Guyshuan) yabg‘usi Kioszyukyu (Kujula Kadfiz) qolgan to‘rtta mulkni birlashtirib Kushon davlatiga asos soldi.
=== Slayd 25 ===
Kushon davlatining paydo bo‘lishi haqida ko‘proq Xitoy manbalari va tangashunoslik ma’lumotlari xabar beradi. Umuman, Kushonlar saltanatining paydo bo‘lishi va rivojlanishi uzoq vaqt tadqiqotchilar orasida bahslarga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, o‘tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab bu masalaga juda ko‘plab aniqliklar kiritish imkonini bergan tadqiqotlar olib borildi. Ayniqsa, 1961-yil Londonda o‘tkazilgan xalqaro simpozium, 1968-yil Dushanbeda YUNESKOning konferensiyasi, 1970-yil Qobuldagi xalqaro anjuman Kushon davlati masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, undan keyin ham bu masala bo‘yicha ko‘plab xalqaro anjumanlar bo‘lib o‘tdi. Mil.avv. I asrning oxiri – mil. I asrning boshlariga kelib, Guyshuan hokimi Kioszyukyu barcha mulklarni birlashtirib Qobuliston va Qandahorni zabt etadi.
=== Slayd 26 ===
Tangashunoslik ma’lumotlariga tayangan tadqiqotchilarning fikricha, Kujula Kadfiz yoki Kadfiz I 80-yildan ziyodroq umr ko‘rib 50-60-yil davlatni boshqarib, taxminan milodiy 35-yilda vafot etadi. O‘zining hukmronligi davrida Kadfiz I Baqtriyadagi uncha katta bo‘lmagan yuechji mulklari hukmdoridan Baqtriyadan tashqari G‘arbiy va Janubiy Afg‘oniston va Shimoliy Hindistonni o‘z tarkibiga olgan qudratli davlatning podshosi darajasiga ko‘tariladi. Ammo, manbalarning guvohlik berishicha Kadfiz I davrida Kushon davlati to‘la shakllanib bo‘lmagan edi. Har holda, bu davrda Kushonlar o‘z tangalariga ega bo‘lmay, Kadfiz I Rim imperatorlariga (Avgust va Tiberiyga) taqlid qilib tanga zarb ettirgan.
=== Slayd 27 ===
Manbalarning dalolat berishicha, Kujuladan keyin taxtga uning o‘g‘li Vima (Gima) Kadfiz (Kadfiz II) o‘tiradi. Xitoy mualliflari Kadfiz II taxtga o‘tirganidan so‘ng “Tyanchju (Markaziy Hindiston)ni zabt etdi va u yerga o‘z sarkardalaridan birini boshqarish uchun qoldirdi. Shu davrdan boshlab yuechji kuchli va boy davlatga aylandi”, deb xabar beradilar. Bu xabarni tangashunoslik ma’lumotlari ham ta’kidlaydi. Kadfiz II zarb ettirgan tangalarning o‘ng qirg‘oq Baqtriyadan, Tojikiston va O‘zbekistonning janubiy tumanlaridan topilishi bu hududlarning Kushon davlati tarkibiga kirganligidan dalolat beradi.
=== Slayd 28 ===
Tangashunoslarning so‘nggi yillardagi tadqiqotlariga ko‘ra, Kadfiz II zarb ettirgan “Shohlar shohi – buyuk xaloskor” degan yozuv bor tangalar Hindiston, Afg‘oniston va O‘rta Osiyoda keng tarqalgan. Bunday tangalar Ashxobod, Xorazm, Toshkent vohasi, Surxondaryo, Qashqadaryo, Panjikent hududlaridan ham topilgan. Kadfiz II ning Rim saltanati bilan aloqalar o‘rnatganligi haqida ma’lumotlar bor.
=== Slayd 29 ===
Kushon podsholari ichida eng mashhuri Kanishka hisoblanadi. Uning hukmronligi davrida Kushonlar saltanati gullab-yashnashining yuqori cho‘qqisiga ko‘tariladi. Kanishka davrida Panjob, Kashmir viloyatlari mamlakatga qo‘shib olinadi. Ayrim tadqiqotchilarning fikricha, davlatning poytaxti Dalvarzindan Peshovar (Afg‘oniston) atroflariga ko‘chiriladi. Bu davrda (mil. II asr) mamlakatning hududi Shimoliy Hindiston, Afg‘oniston, O‘rta Osiyoning katta qismi, Sharqiy Turkmanistondan iborat edi. Syuan szyanning yozishicha, Kanishka podsholik qilgan davrda uning shon shuhrati qo‘shni mamlakatlarga yoyildi.
=== Slayd 30 ===
Kushonlar sulolasi yozma manbalar asosida va tangashunoslik tadqiqotlari orqali o‘rganilgan. Kushonlar davrida chiqarilgan ilk tangalarning bir tomonida Yunon-Baqtriyaning so‘nggi podshosi Germey tasviri, ikkinchi tomonida esa “kushonlar yabg‘usi Kujula Kadfiz” degan so‘zlar bor. Demak, dastlab Kushon hokimlari o‘z nomlarini “podsho”, “shoh” tushunchalari bilan bog‘lamaganlar. Ammo, Kushon davlati hududining kengayishi va siyosiy-harbiy ahamiyatining ortib borishi bilan birga tanga pullarda “shoh”, “shohlar shohi” atamasi ko‘plab uchraydi. Bunday o‘zgarishlar Xitoy muallifi bergan ma’lumotlarni ya’ni, davlatning harbiy qudrati ko‘pchilik mamlakatlar tomonidan tan olinganligini isbotlaydi.
=== Slayd 31 ===
Podsho Kanishka I o‘zidan oldingi davlat boshqaruvi an’analarini saqlab qoldi va davom ettirdi. Ma’lum viloyatlar va shaharlar davlat tepasida turuvchi oliy hukmdor noiblari tomonidan boshqarilar edi. Bunday noiblar podsho tomonidan tayinlanib, uning eng yaqin va ishonchli vakillari hisoblangan. Ular oliy hukmdorga, ya’ni, podshoga so‘zsiz itoat etib, doimiy ravishda davlat xazinasiga o‘lponlar tulab turganlar. Kushonlar davrida mahalliy aholidan yig‘iladigan soliq tartibi haqida ma’lumotlar bizgacha saqlanmagan bo‘lsa-da, bunday tartib mavjud bo‘lganligi aniq.
Kushon podsholigi ruhoniylar qo‘lidagi davlat bo‘lib bu davlatda podsho hokimiyatni boshqarish bilan birga bosh kohin ham hisoblangan. Podsholik satrapiyalarga bo‘lingan bo‘lib, ularning noiblari podsho tomonidan tayinlangan. Kushon podsholigi markazlashgan davlat hisoblanib, davlatda qishloq jamoalarining ahamiyati nihoyatda katta bo‘lgan.
=== Slayd 32 ===
So‘nggi yillarda olib borilgan ko‘plab arxeologik tadqiqotlar Kushon davri O‘rta Osiyo xalqlarining moddiy madaniyatini o‘rganish bo‘yicha boy materiallar berib, keng imkoniyatlar yaratdi. Ushbu tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, mil.avv. I ming yillikning oxiri-milodning dastlabki asrlari O‘rta Osiyoda xo‘jalik va madaniy hayot darajasining ko‘tarilgan davri bo‘ldi. Janubiy Turkmaniston va Xorazm, Buxoro va Samarqand, Surxon vohasi, Vaxsh, Qashqadaryo va Farg‘ona vodiysidan topilgan shu davrga oid arxeologik topilmalar sug‘orma dehqonchilikning anchagina rivojlanganligidan dalolat beradi.
E.V.Rtveladzening tadqiqotlariga ko‘ra, faqatgina Shimoliy Baqtriyada (Surxon vohasi) 120 dan ziyod kushon davriga oid aholi shahar va qishloqlari aniqlangan.
=== Slayd 33 ===
Bu davrda O‘rta Osiyo shaharlari ham yuqori darajada rivoj topadi. Kushon davri ko‘pgina viloyatlar va vohalarda o‘tgan davrlarga nisbatan yirik shahar markazlari, kichik shaharchalar va shahar tipidagi manzilgohlar sonining ancha ko‘payganligi kuzatiladi. Kushon davri shaharlari viloyatlar, ayrim vohalar va tumanlarning ma’muriy-siyosiy markazlari hisoblanib, ularning saqlanib qolgan xarobalarida qal’alar alohida ajralib turadi. Bunday qal’alar Samarqanddagi Afrosiyobda, Marvdagi Govurqal’ada, Qarshi vohasidagi Yerqurg‘onda, Eski Termizda, Dalvarzintepa va boshqalarda yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Kushon davri shaharlari diniy-mafkuraviy markazlar vazifasini ham bajarib, ularda yirik-yirik topinish joylari va diniy marosimlar o‘tkaziladigan inshootlar joylashgan. Xorazmdagi Tuproqqal’a, Balxdagi budda majmuasi, Termizdagi budda ibodatxonalari, Quvadagi budda saroyi shular jumlasidandir.
=== Slayd 34 ===
E’TIBORINGIZ UCHUN RAHMAT!Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Slaydchi.uz — tarix, metodika va fan taqdimotlari uchun vizual platforma.
Boshqa darslar uchun: slaydchi.uz
| 5 |
|
0 |
| 4 |
|
0 |
| 3 |
|
0 |
| 2 |
|
0 |
| 1 |
|
0 |















Sharhlar
Hali sharhlar mavjud emas.