MATN HAQIDA MA’LUMOT

Narxni hisoblang

Jami: 5 000 so'm


=== Taqdimot 1 ===
MATN HAQIDA MA’LUMOT
=== Taqdimot 2 ===
Matn va uning ko‘rinishlari xususida.
01
Matn tiplari.
02
Reja:
=== Taqdimot 3 ===
Matn (lotincha: textus – mato; birikma) – maʼlum moddiy tashuvchiga bog‘langan inson fikri; belgilarning umumiy izchil va to‘liq ketma-ketligi.
“Matn” tushunchasining ikkita asosiy talqini mavjud:
1) immanent yondashuv matnda voqelikka xolis munosabat bildirib, uning ichki tuzilishini uchinchi shaxs tomonidan yoritishga e‘tibor qaratishni nazarda tutadi;
2) reprezentativ yondashuv matnni tashqi voqelik haqidagi maʼlumotni
taqdim etishning maxsus shakli sifatida ko‘rib chiqishni anglatadi.
=== Taqdimot 4 ===
Tilshunoslikda “matn” atamasi keng doirada, jumladan, og‘zaki nutq namunalarida ham qoʻllanadi. Matnni idrok etish matn lingvistikasi va psixolingvistika doirasida o‘rganiladi. Tilshunos olim I.R.Galperin matn xususiyatlari haqida to‘xtalib o‘tar ekan, unga quyidagicha taʼrif beradi:
“Matn bu yozma hujjat shaklida obyektivlashtirilgan, turli xil leksik, grammatik va mantiqiy bog‘lanishlar
bilan birlashtirilgan bir qator bayonotlardan tashkil topgan, axloqiy xarakter, pragmatik munosabat va shunga mos ravishda adabiy qayta ishlangan maʼlum bir xususiyatga ega bo‘lgan yozma xabardir”.
=== Taqdimot 5 ===
Matnning ko‘rinishlari
Matn og‘zaki yoki yozma nutqqa xos bo‘lishidan qat’iy nazar, ikki xil ko‘rinishda bo‘ladi: dialogik va monologik. Tavsifiy (monologik) matn so‘zlovchi yoki yozuvchi tomonidan bayon etilgan voqea-hodisa, narsa yoki shaxs tasviri, tavsifi yoxud xabar, ma’lumot bayonidir. Maqola, insho ham tavsifiy matnning bir turi sanaladi. Ma’lum voqea-hodisalarga, narsa va shaxslarga oid fikr-mulohaza bildirish, ularni badiiy-tasviriy vositalar yoki dalillar bilan ta’riflash, izohlash, isbotlash, asoslash tavsifiy matnga xos xususiyatlardandir.
=== Taqdimot 6 ===
Shuning uchun bunday matnda belgi-xususiyatni ifodalovchi so‘zlar, atamalar, modal so‘zlar, fe’lning funksional shakllari, ravishlar faol qo‘llanadi. Tavsifiy matn yaratishda uyushiq bo‘laklar, ajratilgan gap bo‘laklari, atov gaplar, qo‘shma gap ko‘rinishlaridan keng foydalaniladi. Tavsifiy matn ilmiy, publitsistik, rasmiy-idoraviy, shuningdek, badiiy uslubga xosdir.
=== Taqdimot 7 ===
Dialogik matn Ikki kishi o‘rtasidagi dialogik nutq savol-javob, buyruq-javob, xabar-e’tiroz kabi mazmunlarni ifodalab, fikr xususidagi tasdiq yoki inkorni, ziddiyat yoki munozarani bildiradi. Ko‘p kishilik dialoglarda suhbat mavzusi savol-javobdan iborat bo‘lmay, o‘rtaga tashlangan savol, taklif, da’vat, biror xabar, dalillar bilan xulosalanadi. Dialogik matn tarkibida so‘roq olmoshlari, muomala odobiga oid so‘z va iboralar, yuklamalar, undovlar, kirish so‘zlar keng qo‘llanadi. Bunday matndagi gaplar, asosan, sodda gaplardan tashkil topadi, sodda gaplarning bir tarkibli turlari, to‘liqsiz gaplar, so‘z-gaplar faol ishlatiladi. Dialogik matn so‘zlashuv uslubi va badiiy uslubga xosdir.
=== Taqdimot 8 ===
– Shu, deyman, Toshpo‘lat, sen menga mundoq xushomad qilsang-u Xolidaga uylansang, nima bo‘larkan? – deb hazillashdi Samad.
– U mening jiyanim, sen mening do‘stim, begonaga uzatgandan ko‘ra…
– Senga xudo bas kelsin, oshna, – dedi G‘aybarov.
– Esing joyidami yo meni uyingga kelmaydigan qilmoqchimisan?
– Nega, qarindosh bo‘lsak yomonmi?
– Xolida hali yosh-ku?..
Ma’suma bu gap og‘zidan qanday chiqib ketganini payqamay qoldi. Labini tishladi. G‘aybarovga zimdan razm soldi: yo‘q, og‘rinmadi, tusi o‘sha-o‘sha…
– Hazil, – deb kuldi Samad.
– Darvoqe, Toshpo‘lat, ko‘pdan beri so‘ramoqchi bo‘lib yuraman, haliyam Galatepaga ko‘milishim shart, deb o‘ylaysanmi?
– Harholda, tug‘ilgan joying… (Murod Muhammad Do‘st)
Matn
=== Taqdimot 9 ===
Matn, o‘ziga xos tarzda, bir nechta jumlalardan tarkib topadi. Keng yoritilgan, murakkab hajmga ega bo‘lgan bir jumladan iborat yozuvni matn deb atash mumkin emas. Chunki matn bir nechta mustaqil gapga ajralishi mumkin, bunda gap bo‘laklari matnga emas, balki murakkab gapning sintaksis qonunlariga ko‘ra birikadi.
Asosiy qoida! Matn ikki yoki undan ortiq jumladan iborat bo‘ladi.
=== Taqdimot 10 ===
Nutq predmetining birligi gapning mavzusidir. Mavzu esa matnning semantik o‘zagi, uning ixchamlashtirilgan va umumlashtirilgan mazmunidir.
“Matn mazmuni” tushunchasi nutqning axborot mazmuni kategoriyasi bilan bog‘liq jarayon bo‘lib, faqat matnga xosdir. U o‘quvchiga hodisalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni, ularning barcha sohalardagi ahamiyatini muallifning individual munosabati orqali xabardor qiladi, unga semantik yaxlitlik beradi.
Matnning semantik yaxlitligi mavjud voqelikdagi bog‘lanish va bog‘liqliklar (ijtimoiy hodisalar, tabiat hodisalari, inson, uning tashqi ko‘rinishi va ichki dunyosi, jonsiz tabiat obyektlari va boshqalar)ni aks ettiradi.
=== Taqdimot 11 ===
Katta matnda yetakchi mavzu bir qator kichik tarkibiy mavzularga, kichik mavzular esa, o‘z navbatida, paragraflar (mikromavzular)ga bo‘linadi.
Matnda bayon qilinayotgan fikrning to‘liqligi matnning semantik yaxlitligi bilan bog‘liq bo‘lib, to‘liq tugallangan, yaxlit tugal mazmunga ega matn mazmunni to‘liq aks ettiruvchi sarlavhani tanlash orqali amalga oshiriladi.
Shu tariqa matnning semantik yaxlitligidan uning quyidagi xususiyatlari kelib chiqadi:
•Matn – bu maʼlum bir mavzudagi bayonot.
•Matn so‘zlovchining niyatini, asosiy g‘oyasini ifodalab beradi.
•Har qanday hajmdagi matn nisbatan avtonom (to‘liq) bayonotdir.
•Matnda gaplar mantiqiy jihatdan bog‘langan bo‘ladi.
•Matn uchun uning mazmuniga mos sarlavha tanlash mumkin.
•To‘liq matn odatda boshlanish va yakunga ega bo‘ladi.
=== Taqdimot 12 ===
Badiiy uslubda yozilgan matnda minimal matn deb biror mavzuni yoritishga bag‘ishlangan qatralar, xalq donishmandligini ifodalaydigan maqol, matal va aforizmlar, miniatyuralar, hajviy asarlar, nomalar, she’r va she’riy parchalar, umuman, kichik mavzuni qamrab oluvchi bir necha gaplardan iborat butunlik tushuniladi.
Matnlar tipologiyasida axborotni uzatish kanali alohida o‘rin tutadi. Ana shunga ko‘ra matnlarning og‘zaki matn va yozma matn tiplarini farqlash lozim. Kommunikatsiya jarayonida berilayotgan axborotning hajmi ham matnlar tipologiyasi uchun yana bir asos bo‘ladi.
Har qanday matnni unda ifodalangan axborotning hajm belgisiga ko‘ra minimal matn va maksimal matn tiplariga ajratish mumkin.
=== Taqdimot 13 ===
Masalan: Talantsiz yozuvchi tovuqqa o‘xshaydi. Yong‘oqdek tuxum tug‘adi-da, qaqog‘lab olamni buzadi (O‘.Hoshimov).
Yoki: Sevgi nima? Insoniyat paydo bo‘ptiki, shu savol ustida bosh qotiradi, ammo javob topolmaydi. Agar inson sevgining barcha sir-asrorlarini bilganida edi, uning modeli – qolipini yaratgan bo‘lardi. Sevgi hech qanday qolipga sig‘magani uchun ham sirli va abadiydir.
Matnning ichki tomonini mazmun yaxlitligi, tashqi tomonini esa turli shakldagi bog‘lamalar, sintaktik vositalar birlashtirib turadi.
=== Taqdimot 14 ===
Mazmunni birlashtirishga xizmat qiladigan sarlavha berilmagan. Bu vazifa tovuq va u bilan bog‘liq so‘zlarga yuklatilgan (tovuq–tuxum–qaqog‘lamoq). Iste’dodsiz yozuvchi birinchi gapda tovuqqa o‘xshatilmoqda. Ikkinchi gap esa bu o‘xshatishni to‘laroq izohlash yoki sababini ko‘rsatish uchun keltirilgan. Ya’ni iste’dodsiz yozuvchi tovuqqa o‘xshatildi, ammo tovuqning qaysi sifat va xususiyatiga? Muallif munosabati ikkinchi gapda tugal ifodasini topgan. Matn butunligini ta’minlashda tovuq–tuxum–qaqog‘lamoq so‘zlari mazmuniy o‘q vazifasini bajarmoqda.
Minimal matn deb atash mumkin bo‘lgan ikkita parchani keltirdik. Tarkiblanish jihatidan birinchisi ikkita gapdan tuzilgan.
=== Taqdimot 15 ===
Matn 4 ta gapdan tashkil topgan. Butunlikni ta’minlayotgan vositalar sirasiga izchil va tugal ohang, ammo bog‘lovchisi, agar bog‘lovchisi va matnning mazmuniy o‘qini tashkil qiluvchi sevgi so‘zi kiradi. Demak, masala savol shaklida qo‘yilyapti va unga matn orqali javob berilyapti. Ya’ni, Sevgi nima? Sevgi – sirli va abadiy tushuncha.
Keyingi kichik hajmli matnni oladigan bo‘lsak, ushbu matnning ichki mazmuni savol shaklidagi sarlavha orqali oshkor qilingan.
=== Taqdimot 16 ===
Maksimal matn deyilganda keng ko‘lamdagi voqealarni yoritish ehtiyoji bilan yuzaga kelgan butunlik nazarda tutiladi. Badiiy uslubda hikoya, qissa, roman, epopeya kabi yirik hajmli asarlar maksimal matn hisoblanadi.
Bunday matn tarkibida epigraf, so‘zboshi (muqaddima), so‘ngso‘z (epilog) kabi yordamchi qismlar ham ishtirok etishi mumkin. Ular asar mazmuni va g‘oyasiga, shuningdek, mavzuning tanlanishi va yoritilishiga oid ayrim masalalarga qo‘shimcha izoh, sharh bo‘lib keladi. Maksimal matn tashqi jihatdan turlicha shakllangan bo‘ladi.
Masalan, Pirimqul Qodirovning “Humoyun va Akbar” tarixiy romani ikki mustaqil qismga ajratiladi. Har ikki qism alohida nomlanadi (Humoyun. Akbar). Qismlar 9-10 tadan bo‘limlarga bo‘linadi va har bir bo‘lim voqea bo‘lib o‘tayotgan joy hamda gap kim yoki nima haqida ketayotganligiga qarab nomlab boriladi (Masalan; 1. Agra. Hamidabonu arosatda. 2. Ganga. Ko‘rgilik.). Romanning umumiy hajmi 30 bosma taboq.
=== Taqdimot 17 ===
Lekin mikromatn va makromatn tushunchalari matn tiplari bo‘la olmaydi. Chunki ular butun-bo‘lak munosabatini tashkil etadi. Masalan, A.Qahhorning “Bemor” hikoyasi butun holicha makromatn (garchi hajman kichik – minimal matn bo‘lsa ham), undagi murakkab sintaktik butunliklar mikromatndir.
Shuningdek, matn lingvistikasiga oid ishlarda ma’lum bir matn tarkibidagi murakkab sintaktik butunlikka nisbatan mikromatn, yaxlit matnga nisbatan esa makromatn atamasi qo‘llanadi.
=== Taqdimot 18 ===
Matnlarni tiplashtirishda ularning lisoniy strukturasi ham nazarda tutilishi kerak. Shunga ko‘ra, tipologik jihatdan turg‘un strukturali matnlar (ma’lumotnoma, dalolatnoma, annotatsiya, patent kabilar) va erkin strukturali matnlar (maqola, hikoya, she’r, roman kabilar)ni farqlash mumkin.
Turg‘un strukturali matn:
Jizzax davlat pedagogika universiteti
akademik litseyi direktori J.Yusupovga
I bosqich talabasi Alijon Hakimovdan
Ariza
Boshqa viloyatdan kelganligimni inobatga olib, menga talabalar yotoqxonasidan joy berishingizni so‘rayman.
2024-yil 9-sentabr (imzo) A.Hakimov
Erkin strukturali matn:
Qulluq qil demasman. Yurt tuprog‘in o‘p,
Unga qullar emas, fidolar kerak.
Uning sen-u mendek shoirlari ko‘p,
Buyuk elga endi daholar kerak.
Erkin Vohidov
=== Taqdimot 19 ===
Matnlar mazmuni va ifoda maqsadiga ko‘ra ham farqli tiplarga birlashadi. Bunda berilmoqchi bo‘lgan axborotning xarakteri va uni ifodalashdan ko‘zlangan maqsad asosiy o‘lchov vazifasini bajaradi. Bu nuqtayi nazardan matnlarni nutqiy muloqotning asosiy shakllariga uyg‘un ravishda hikoya, tasviriy, muhokama matnlariga ajratish tilshunoslikda an’anaga kirgan.
=== Taqdimot 20 ===
Matn funksional uslubiy mohiyatiga ko‘ra quyidagi tarmoqlarga bo‘linadi:
ilmiy matn (tezis, maqola, ma’ruza, taqrizlar);
badiiy matn (nasriy, nazmiy asarlar);
rasmiy matn (ma’lumotnoma, qaror, buyruq, tavsifnoma, tavsiyanomalar);
ommabop matn (maqola, suhbat, tabrik va xitob nutqi matnlari).
Matn tiplarini belgilashda yana bir omil – asos nutqning funksional uslublaridir.
=== Taqdimot 21 ===
Asosiy maqsad-mohiyatida kommunikativ vazifa yetakchilik qilgan matnni nobadiiy matn deb, asosiy maqsad mohiyatida estetik vazifa yetakchilik qilgan matnni esa badiiy matn deyish ma’qul.
Matn maqsad-mohiyatida tilning ikki muhim vazifasidan qaysi birining – kommunikativ vazifaningmi yoki estetik vazifaningmi – yetakchilik qilishiga asoslangan holda matnlarning ikki oppozitiv tiplarini farqlash zarur, ya’ni badiiy matn va nobadiiy matn.
=== Taqdimot 22 ===
Ba’zan fikrimizni turli dalillar yordamida isbotlashga, izohlashga ehtiyoj sezamiz. Yoxud kimgadir pand-nasihat qilamiz. Uni turli hayotiy voqealar vositasida tarbiyalash yoki aytilganlardan xulosa chiqarishini istaymiz. Muloqot maqsadimiz ba’zan qandaydir xabarni tinglovchiga yetkazishga qaratilgan bo‘ladi.
Muloqot paytida, gapirayotganda yoki yozayotganda har doim yangidan matn yaratmaymiz. Ehtiyojimizga ko‘ra turli matn tiplaridan foydalanamiz. Ba’zan boshimizdan o‘tgan yoki o‘zimiz guvoh bo‘lgan voqealarni kimgadir aytib beramiz. Tinglovchiga notanish bo‘lgan biror kishi yoki joyni batafsil tasvirlab berishga harakat qilamiz.
=== Taqdimot 23 ===
Insonlar o‘rtasidagi muloqot maqsadi va mazmuni shular bilangina chegaralanib qolmaydi. Inson hissiyotlarini, tuyg‘ularini, hayajonlarini, azob va qayg‘ularini ifodalash, shu orqali tinglovchi yoki kitobxonni ta’sirlantirishni istaydi. Ana shunday hollarda ba’zan mubolag‘a, ba’zan o‘xshatish-qiyoslash kabi tasviriy vositalardan foydalanamiz.
Ba’zan nimanidir so‘rashga ehtiyoj sezamiz. Shu bilan birga biror ishni qanday bajarish kerakligi haqida tavsiyalar beramiz yoki biror ishni qilmaslik haqida buyruq beramiz. Maqsadimizga erishish uchun turli ko‘rsatma, taqiq va xitob jumlalaridan foydalanamiz.
=== Taqdimot 24 ===
Shu asosda badiiy matn ifoda mazmuniga ko‘ra ham tiplarga ajratiladi:
hikoya mazmunli matn
tasviriy matn
izoh mazmunli matn
didaktik matn
xabar-darak mazmunli matn
so‘roq mazmunli matn
buyruq-istak mazmunli matn
hissiy ifoda mazmunli matn
Unutmaslik kerakki, biror bir badiiy matnda sanab o‘tilgan matn tiplarining hammasi yoki ayrimlari ishtirok etgan bo‘lishi mumkin. Yoxud butun boshli asar yuqorida zikr etilgan matn tiplaridan faqatgina bittasi asosida shakllangan bo‘lishi ham mumkin.
=== Taqdimot 25 ===
Bir narsani orzu qilaman. Bu dunyoda men qilgan yaxshi ishlardan
aqalli bitta ko‘proq yaxshilik qilsang… Bu dunyoda men qilgan xatolardan aqalli bitta kamroq xato qilsang… (O‘.Hoshimov)
Qush bo‘lib osmonda uchma. Toshbaqa bo‘lib, yerda sudralma. Daraxt bo‘l! Boshing – osmonda, oyog‘ing yerda bo‘lsin! (O‘.Hoshimov)
Bandasining boshi – Ollohning toshi deydilar. Boshingga ko‘rgilik tushsa, noumid bo‘lma: bulut o‘tkinchi, Quyosh esa abadiydir…
(O‘.Hoshimov)
Matn tiplaridan biri sanalgan buyruq-istak mazmunli matnlar (Le texte injonctif – inyunktiv matn)ga izoh beramiz. Buyruq – istak yoki maslahat ohangi yеtakchilik qiladigan, buyruq maylidagi gaplardan tuzilgan, biror ishni bajartirish yoki turli taqiqlashlarni ifoda etadigan matn tipiga buyruq-istak mazmunli matn dеyiladi. Masalan:
=== Taqdimot 26 ===
E’tiboringiz uchun rahmat!
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring!

0.00
0 sharh
5
0
4
0
3
0
2
0
1
0
“MATN HAQIDA MA’LUMOT” uchun birinchi sharh yozing;

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Bu maydon to‘ldirilishi shart.

Bu maydon to‘ldirilishi shart.

Bu maydon to‘ldirilishi shart.

Sharhlar

Hali sharhlar mavjud emas.

Kategoriya: 
Mening savatim
Xohishlar ro‘yxati
Kategoriyalar