=== Taqdimot 1 ===
Frazeologiya. Frazemalarning xususiyatlari, o‘rganilish tarixi, semantik tuzilishi
=== Taqdimot 2 ===
Tayanch tushunchalar
Frazeologiya, frazema, frazemaning ifoda plani, frazemaning mazmun plani, o‘z qatlam frazemalari, o‘zlashgan qatlam frazemalari, dialektizm-frazema, istorizm-frazema, arxaizm-frazema, neologizm-frazema, frazeologik omonimiya, frazeologik paronimiya, omofrazemalar, parafrazemalar, frazeologik sinonimlar, frazeologik variatsiya, leksik-frazeologik sinonimlar, leksik-frazeologik antonimlar, frazeologik monosemiya, frazeologik polisemiya, frazeologik butunlik, frazeologik chatishma.
=== Taqdimot 3 ===
Reja:
Frazemalarning ifoda va mazmun plani.
03
Frazeologizmning semantik strukturasi.
02
Frazeologik monosemiya va polisemiya.
04
Frazeologizmlarda semantik munosabat.
01
=== Taqdimot 4 ===
Frazemalarning ifoda va mazmun plani
01
=== Taqdimot 5 ===
Frazeologiya tilshunoslikning bir bo‘limi bo‘lib, u tilning lug’at tarkibidagi frazemalar haqida ma’lumot beradi.
Frazema ko‘chma ma’noli turg’un konstruksiyadir.
Masalan, zo‘raymoq (leksema) — avj olmoq (frazema), qiynalmoq (leksema) — azob chekmoq (frazema) kabi.
Demak, frazema ham leksema kabi lug’aviy birlik sanaladi, ammo o‘zining ifoda va mazmun planlaridagi qator belgilari bilan leksemadan farqlanadi.
=== Taqdimot 6 ===
Frazemaning ifoda plani deganda uning tovush tomoni, leksik tarkibi, birikmaga yoki gapga teng konstruksiyasi nazarda tutiladi.
Masalan: ko‘nglini olmoq (birikmaga teng), ko‘zlari qinidan chiqib ketdi (gapga teng), boshi qotdi (gapga teng), ensasi qotdi (gapga teng) kabi. Frazemalar orasida qo‘shma gapga teng qurilishli turg’un konstruksiyalar ham uchraydi: “qor yog‘ib, iglar bosildi” kabi.
=== Taqdimot 7 ===
Frazemalaming ifoda planida leksemalardan tashqari, yordamchi so‘zlar (ko‘makchilar) va turli forma yasovchi morfemalar qatnashishi mumkin. Masalan, ochiq yuz bilan (bu frazemaning ifoda planida “bilan” ko‘makchisi qatnashgan), dam olmoq (bu frazemaning ifoda planida “-moq” morfemasi ishtirok etgan). Keltirilgan misollarda ko‘makchi va affiksal morfema frazemalarning doimiy belgilari hisoblanadi, chunki ular shu frazemalarning ichki grammatik qurilishiga mansubdir, ammo dam oldim, dam olgin, dam olsin kabi bog‘lanishlarda qo‘llangan -di+m, -gin, -sin morfemalari (zamon, shaxs-son, mayl ko‘rsatkichlari) shu frazemalarning ifoda planiga kirmaydi, chunki bu morfemalar nutq talabiga ko‘ra qo‘shiladi.
=== Taqdimot 8 ===
Frazemaning mazmun plani uning nimanidir nomlashi, ifodalashi, anglatishidir.
Masalan, og‘zi-qulog‘ida frazemasining mazmun planida “xursand” ma’nosi ifodalangan.
Frazemaning mazmun plani albatta ko‘chma ma’noga asoslanadi, aks holda uning to‘g‘ri ma’noli turg‘un birikmalardan (elektron hisoblash mashinasi, kvadrat uyalab ekish kabi sostavli terminlardan) farqi qolmaydi.
=== Taqdimot 9 ===
Frazemaning mazmun planidagi ma’no frazeologik ma’no hisoblanadi.
Qiyos qiling: leksemaning mazmun planida – leksik ma’no; frazemaning mazmun planida — frazeologik ma’no. Frazeologik ma’no leksik ma’nodan murakkabroqdir, chunki u frazema tarkibidagi so‘zlar bog’lanishidan kelib chiqadi va umumlashgan bo‘ladi.
Frazemalarning semantik tarkibidagi turkum semalari Bu semalar frazeologik ma’noga tayanadi. Masalan: aravani quruq olib qochmoq (fe’l frazema), arpasini xom o‘rmoq (fe’l frazema), ammamning buzog‘iday (sifat frazema), bag‘ri qattiq (sifat frazema), bir og‘iz (ravish frazema), bir og‘izdan (ravish frazema), to‘rt ko‘z bilan (ravish frazema), tomdan tarasha tushganday (ravish frazema) kabi.
=== Taqdimot 10 ===
Frazeologik monosemiya va polisemiya
=== Taqdimot 11 ===
Frazeologik monosemiya — frazemaning semantik tarkibida bitta frazeologik ma’noning bo‘lishi. Chunonchi, ko‘ngliga qo‘l solmoq frazemasining semantik tarkibida “yashirin fikr-o‘yini bilishga harakat qilmoq” ma’nosidan boshqa frazeologik ma’no yo‘q: “Rizaning yuragiga qo‘l solib ko‘rgan Muhiddin uning javobidan xursand bo‘ldi.” (R.F.). “Kechagi ishdan maqsadim u yerdagi xotinlarning ko‘ngliga qo‘l solib ko‘rish, undan keyin o‘zimga ba’zi bir ishonchliroqlarini tanlab olish edi.” (S.Z.).
Keltirilgan gaplarning birinchisida ko‘ngliga qo‘l solmoq frazemasining variatsiyasi — “yuragiga qo‘l solib ko‘rmoq” ishlatilgan, har ikki holda ham bitta frazeologik ma’no — “yashirin fikr-o‘yini bilishga harakat qilmoq” nazarda tutilgan.
=== Taqdimot 12 ===
Frazeologik polisemiya — frazemaning semantik tarkibida ikki yoki undan ortiq frazeologik ma’noning bo‘lishi. Masalan: boshi(m) aylandi frazemasining semantik tarkibida ikkita frazeologik ma’no bor:
1) “Behud bo‘lmoq” ma’nosi: “stol yoniga kelguncha uning boshi aylanib ketdi. “Muncha darmonsiz bo‘lmasam”, — o‘yladi u”. (S.Z.);
2) “Esankiramoq” ma’nosi: “…muloyim qarab qo‘yishlarini, … jilmayib gapirishlarini sezardim, buning hammasidan boshim aylanardi”. (O.Yo.)
=== Taqdimot 13 ===
Frazeologik butunlik va frazeologik chatishma
=== Taqdimot 14 ===
Frazeologik butunlik. Bunday frazemaning umumlashgan ko‘chma ma’nosi frazema tarkibidagi leksemalar ma’nosi bilan izohlanadi. Masalan, tepa sochi tikka bo‘lmoq frazemasi yaxlit holda “g‘azablanmoq” ma’nosini — umumlashgan ko‘chma ma’noni anglatadi. Bunday ko‘chma ma’noga esa kishi darg’azab bo‘lganida uning badanidagi tuklarning sezilar-sezilmas harakatga kelishi (psixo-fiziologik holat) asos bo‘lgan, demak, frazemaning ko‘chma ma’nosini frazema tarkibidagi so‘zlarning o‘z ma’nolari bilan izohlash mumkin.
Ona suti og‘zida frazemasi yaxlit holda “hali yosh”, “tajribasiz” ma’nosini anglatadi, bunday ko‘chma ma’noni esa frazema tarkibidagi so‘zlar ma’nosi bilan izohlash mumkin: “Mahmadona, shumsan-da. Ona suting og‘zingda-yu, soqolimning oqiga qaramay aql o‘rgataman deysan”.
=== Taqdimot 15 ===
Frazeologik chatishma. Bunday frazema ifodalagan ko‘chma ma’no frazema tarkibidagi so‘zlar anglatgan leksik ma’nolar bilan izohlanmaydi. Masalan, ikki qo‘lini burniga tiqib frazemasi “quruqdan quruq, evaziga hech narsa olmay” ma’nosini ifodalaydi, bu ma’noni frazema tarkibidagi so‘zlarning ma’nolari bilan izohlab bo‘lmaydi: “Kelmagandan keyin, domlaga “ozodlik” olib kelish kerak-da. Bu bo‘lsa shumshayib, ikki qo‘lini burniga tiqib keldi. (P.T.) “… Senga ish yo‘q!” — deb, bizni quvib yubordi. Katta o‘g‘lim bilan ikki qo‘limizni burnimizga suqib o‘z uyimizga bordik”. (S.A.)
=== Taqdimot 16 ===
Umumiylik:
ikkalasi ham turg’un konstruksiya sanaladi;
ikkalasida ham umumlashgan yaxlit bir ma’no (ko‘chma ma’no) ifodalanadi;
ikkalasida ham uslubiy bo‘yoq (uslubiy sema) bo‘ladi, chunki frazemalarning barchasi voqelikni nomlash bilan cheklanmaydi, uni baholash xususiyatiga ham ega;
ikkalasi ham nutqda yaxlit holda bitta sintaktik vazifada qo‘llanadi.
=== Taqdimot 17 ===
Farqlari:
Frazeologik butunlik tarkibidagi so‘zlarning ma’nolari frazemaning ko‘chma ma’nosini izohlaydi. Frazeologik chatishmada esa so‘zlar ma’nosi bilan frazema ma’nosi (frazeologik ma’no) o‘rtasida bunday aloqa yo‘q;
Frazeologik butunlikning ma’nosida ichki obraz saqlanadi: tarkibidagi so‘zlarga xos ma’nolar sezilib turganligidan frazemaning ma’nosi ko‘p qirrali, boy bo‘ladi. Frazeologik chatishma ma’nosining gavdalanishida esa frazema tarkibidagi so‘zlarning ma’nolari ishtirok etmaydi, shuning uchun unda ichki obraz so‘ngan bo‘ladi.
=== Taqdimot 18 ===
Frazeologizmning semantik strukturasi
=== Taqdimot 19 ===
Frazeologizm ikki yoqlama lisoniy birlik, shakl va mazmunning dialektik birligidan iborat. Frazeologizmning shakliy tomonini so‘z (leksema emas) tashkil qiladi. Ularning mazmuniy tomoni frazeologik ma’nodir. Frazeologik ma’no o‘ta murakkab tabiatli, leksemada bo‘lgani kabi ayrimi denotativ tabiatli bo‘lsa, boshqalari grammatik ma’noga ega, xolos.
Masalan, mustaqil so‘z turkumiga kiruvchi frazeologizm: (burgaga achchiq qilib, ko‘rpaga o‘t qo‘ymoq, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushmoq; ko‘ngli bo‘sh; hash-pash deguncha) denotativ ma’noga ega bo‘lsa, turgan gap, shunga qaramay kabi nomustaqil frazeologizmlar faqat grammatik vazifa bajaradi.
=== Taqdimot 20 ===
Odatda, frazeologizmning ma’nosi bir leksema ma’nosiga teng deyiladi. Biroq hech qachon ular teng emas. Chunki frazeologizm va leksema ma’nosi teng bo‘lganda unda frazeologizm ortiqcha bo‘lib qolar edi. Misol sifatida yoqasini ushlamoq frazeologizmi bilan hayron bo‘lmoq leksemasining ma’nolarini qiyoslab ko‘raylik. Mazkur frazeologizm “kutilmagan, tushunib bo‘lmaydigan narsa yoki hodisadan o‘ta darajada ta’sirlanib, taajjublanmoq” bo‘lsa, hayron bo‘lmoq leksemasi “kutilmagan, tushunib bo‘lmaydigan narsa yoki hodisadan ta’sirlanmoq” sememasiga ega. Har ikkala ma’noda ham kishi ichki ruhiy holati (denotat) aks etgan. Biroq frazeologizm ma’nosida “o‘ta darajada” va “so‘zlashuv uslubiga xos”, “bo‘yoqdor” semalariga egaligi bilan “hayron bo‘lmoq” leksemasidan farqlanadi.
=== Taqdimot 21 ===
Demak, frazeologizmning ko‘pincha, ifoda semalarida obrazlilik, bo‘yoqdorlik bo‘rtib turadi. Umuman olganda, frazeologik ma’no torroq va muayyanroq, leksema ma’nosi esa unga nisbatan kengroq va mavhumroq bo‘ladi.
Masalan, hayron bo‘lmoq leksemasi umumuslubiy va bo‘yoqsiz. Shuning o‘ziyoq barcha uslubda qo‘llanish imkoniga egaligini va turli “bo‘yoqlar” bilan ishlatish mumkinligini ko‘rsatadi.
=== Taqdimot 22 ===
Frazeologizm birdan ortiq mustaqil so‘zdan tashkil topadi. Biroq uning ma’nosi tashkil etuvchi ma’nolarining oddiy yig‘indisi emas. Masalan, qo‘yniga qo‘l solmoq frazeologizmining ma’nosi qo‘yin, qo‘l, solmoq leksemalari ma’nolari sintezi yoki qo‘shiluvchi emas. Frazeologizmning ma’nosi tashkil etuvchi so‘z to‘la yoki qisman ko‘chma ma’noda ishlatilishi natijasida hosil bo‘ladi. Masalan, birovning fikrini bilishga urinish harakati uning qo‘ynini titkilab, nimasi borligini bilishga intilish harakatiga o‘xshaydi. Natijada, qo‘yniga qo‘l solmoq erkin birikmasi o‘zidan anglashilgan mazmunga o‘xshash bo‘lgan boshqa bir mazmunni ifodalashga ixtisoslashadi va qurilma frazeologizmga aylanadi. Yoki kishi qo‘ltiqlab ketayotgan tarvuzini tushirib yuborsa, qanday ahvolga tushadi? Biror narsadan ruhiy tushkunlikka tushgan odamning holati shunga monand va erkin birikma frazeologizm mohiyatiga ega bo‘lgan. Bu esa frazeologik ma’noning mantiqiyligidan dalolat beradi.
=== Taqdimot 23 ===
Frazeologizm tarkibidagi ayrim so‘zning ko‘chma ma’noda, boshqalarining o‘z ma’nosida qo‘llanilishi natijasida ham vujudga kelishi mumkin. Masalan, aqlini yemoq, ko‘zini bo‘yamoq, ko‘zi ko‘ziga tushdi, og‘zi qulog‘ida frazeologizmlarida aql, ko‘z, og‘iz so‘zlari o‘z ma’nosida, yemoq, bo‘yamoq, tushmoq, qulog‘ida so‘zlari ko‘chma ma’noda.
Ba’zan harakat-holatning natijasini ifodalovchi qurilma frazeologizmga aylanadi. Masalan, kishi afsuslanishi natijasida barmog‘ini tishlab qolishi mumkin. Shuning uchun barmog‘ini tishlab qolmoq qurilmasi frazeologik qiymat kasb etgan. Tishni-tishga qo‘ymoq, tepa sochi tikka bo‘lmoq, labiga uchuq toshmoq iboralari ham shular jumlasidandir.
=== Taqdimot 24 ===
Ayrim frazeologizm turli diniy aqida, tushuncha, rivoyat asosida ham shakllanadi:
1. Uning eriga mening ko‘zim tekkan emish. (I.Rah.)
2. Hammani qo‘yib, sizning soldat o‘g‘lingizga tegaman deb ko‘zim uchib turibdimi? (M.Muham.)
3. “Jabrdiyda”ning ham, guvohlarning ham dumi xurjunda gaplari shunday savollar berilishini talab etardi. (M.Ism.)
=== Taqdimot 25 ===
Frazeologizm, asosan, bir ma’nolidir. Ammo polisemantiklik frazeologizmda ham uchrab turadi.
Masalan, aqli yetadi frazeologizmi “idrok qilmoq”, “ishonch hosil qilmoq” ma’nosiga;
bo‘yniga qo‘ymoq iborasi 3 ta – “aybni birovga to‘nkamoq”, “isbotlab e’tirof qildirmoq”, “biror ishni bajarishni birovning zimmasiga yuklamoq” ma’nolariga;
qo‘lga olmoq iborasi esa 4 ta – “o‘z ixtiyoriga o‘tkazmoq”, “qo‘qqisdan hujum qilib bosib olmoq”, “qamash maqsadida tutmoq”, “biror yo‘l bilan o‘z xohishiga bo‘ysunadigan qilmoq” ma’nolariga ega.
=== Taqdimot 26 ===
Frazeologizmlarda semantik munosabat
=== Taqdimot 27 ===
Leksikada bo‘lgani kabi frazeologiyada ham lisoniy-semantik munosabat amal qiladi. Frazeologik sinonimiya ya’ni ma’nodoshlik hodisasi frazeologizmlarda ham mavjud. Frazeologizmning ma’nodoshlik paradigmasida birliklar ifoda semalari darajasiga ko‘ra farqlanadi: yaxshi ko‘rmoq – ko‘ngil bermoq, yer bilan yakson qilmoq – kulini ko‘kka sovurmoq, ipidan ignasigacha – miridan sirigacha, qilidan quyrug‘igacha kabi. Ma’nodosh frazeologizmlarning atash semasi bir xil bo‘ladi. Masalan, ipidan ignasiga – miridan sirigacha, qilidan quyrug‘igacha kabi iboralarida “butun tafsiloti bilan” atash semasi umumiy. Ammo ular uslubiy xoslanganlik va bo‘yoqdorlik darajasini ifodalovchi semalari bilan farqlanadi.
=== Taqdimot 28 ===
Sinonim frazeologizmlarni frazeologik variantdan farqlash lozim. Sinonim iboralarda ayni bir so‘z bir xil bo‘lishi mumkin. Lekin qolgan so‘zlar sinonim leksemaning ko‘rinishlari bo‘lmasligi lozim. Jonini hovuchlab va yuragini hovuchlab iboralarida bir xil so‘z mavjud. Ammo jon va yurak so‘zlari sinonim leksema ko‘rinishi emas. Ko‘ngliga tugmoq va yuragiga tugmoq iboralari frazeologik variant.
=== Taqdimot 29 ===
Frazeologik antonimiya ikki frazemaning o‘zaro zid ma’no ifodalashidir: oshig‘i olchi va ishi o‘ngidan kelmaslik; boshi ko‘kka yetmoq va fig‘oni falakka chiqmoq kabi.
Antonimiya hodisasi ikki frazema o‘rtasidagina emas, leksema bilan frazema o‘rtasida ham yuzaga kelishi mumkin: xursand (leksema)-dili siyoh (frazema), landavur (leksema)-yulduzni benarvon uradigan (frazema) kabi. Bular lug’aviy antonimlarning leksik-frazeologik turi sanaladi. Demak, lug‘aviy birliklar o‘zaro zid ma’no anglatishiga ko‘ra leksik antonimlar (so‘z bilan so‘z o‘rtasida), frazeologik antonimlar (frazema bilan frazema o‘rtasida) va leksik-frazeologik antonimlar (so‘z bilan frazema o‘rtasida) kabi mikrosistemalarni hosil qilishlari mumkin.
=== Taqdimot 30 ===
Frazeologik omonimiya. Frazeologizmlar omonimik munosabatda ham bo‘lishi mumkin. Misollar: so‘z bermoq I (va’da bermoq), so‘z bermoq II (gapirishga ruxsat bermoq), boshga ko‘tarmoq I (ardoqlamoq), boshga ko‘tarmoq II (to‘polon qilmoq), qo‘l ko‘tarmoq I (ovoz bermoq), qo‘l ko‘tarmoq II (urmoq).
=== Taqdimot 31 ===
O‘z qatlam frazemalari o‘zbek tilining o‘ziniki bo‘lgan yoki umumturkiy manbaga mansub frazemalardir. Bunday frazemalar asosida bevosita o‘zbek xalqi (yoki turkiy xalqlar) hayotiga xos voqelik va shunga suyangan obraz yotadi: ikki ko‘zi to‘rt bo‘Imoq (varianti: ko‘zi to‘rt bo‘lmoq) — ma’nosi: “intizor bo‘lmoq”; bel bog‘lamoq (varianti: bel(i)ni bog‘lamoq) — ma’nosi: “shaylanmoq”, “otlanmoq”.
=== Taqdimot 32 ===
O‘zlashgan qatlam frazemalari — o‘zbek tiliga boshqa tillardan o‘tib, o‘zlashib qolgan frazemalar. Bunday frazemalarning aksariyati kalka usulida o‘zlashtirilgandir: pashshaga ozor bermaslik (ruscha Мухи не обидеть frazemasining kalkasi) — ma’nosi: “beozor”; pashshadan fil yasamoq (ruscha из мухи делать слона frazemasining ijodiy kalkasi) — ma’nosi: “bo‘rttirib yubormoq”, “oshirib yubormoq”, “mubolag‘a qilmoq”.
Boshqa tillardan frazemalarning o‘zicha (o‘zgarishsiz) o‘zlashtirilishi o‘zbek tilida juda kam uchraydi: dardi bedavo (tojik tilidan); sukut — alomati rizo (tojik tilidan) kabi.
=== Taqdimot 33 ===
Ishlatilish doirasi chegaralanmagan frazemalar millat vakillarining barchasi uchun umumiydir, ular barchaning nutqida bir xil darajada qo‘llanadi, barchaga tushunarli bo‘ladi: ikki gapning birida, ko‘ngliga qil sig‘maydi, ter to‘kmoq, g‘azabi kelmoq kabilar shular jumlasidandir.
=== Taqdimot 34 ===
Ishlatilish doirasi chegaralangan frazemalar, asosan, muayyan dialekt yoki sheva birligi bo‘lib, umumtil va adabiy til doiralarida qo‘llanmaydi. Masalan, qipchoq lahjasi shevalarida qo‘lini moylab kelmoq (ma’nosi: “xohlamay, loqayd ishlamoq”), ayroni achimas (ma’nosi: “loqayd”, “beparvo”), jiydaning ostidan o‘tmoq (ma’nosi: “esini yo‘qotmoq”, “miyasi aynimoq”), qulog‘i ostida qolmoq (ma’nosi: “o‘lmoq”, “vafot etmoq”) frazemalari uchraydi.
Ba’zan, umumtil frazemalarining u yoki bu shevadagi varianti (ko‘rinishi) ham uchraydi: Qo‘yniga qo‘l solib ko‘rmoq (umumtil frazemasi) — ichiga qo‘l solib ko‘rmoq (dialektal variant), chillaki chillakini ko‘rib chumak uradi (umumtil frazema) — chilgi chilgini ko‘rib chumak uradi (dialektal variant) kabi.
=== Taqdimot 35 ===
E’TIBORINGIZ UCHUN RAHMAT!
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring!
5 |
|
0 |
4 |
|
0 |
3 |
|
0 |
2 |
|
0 |
1 |
|
0 |
Sharhlar
Hali sharhlar mavjud emas.