=== Taqdimot 1 ===
MUMTOZ ADABIYOTNI SHARHLAB O‘RGANISH. BOBUR ASARLARI MISOLIDA
=== Taqdimot 2 ===
Reja:
1. Bobur g‘azallarida ruhiy kechinmalar.
2. Alisher Navoiy va Bobur g‘azallarini sharhlab o‘rganish
=== Taqdimot 3 ===
Bobur g‘azallarida inson ruhiyati va kechinmalari
Bobur g‘azallarida go‘zallik, vasl va yor istig‘nosi nihoyat darajada aniq va ta’sirli qilib ko‘rsatiladi.
=== Taqdimot 4 ===
Chun falak qo‘ymas meni bir lahza vasl ayyomida,
Tong yo‘q, ey bemehr, agar o‘lsam firoqing shomida.
Ey ko‘ngul, yuzin ko‘rub, zulfi parishonin sog‘in,
Shomi xijrondin tavahhum ayla vasl ayyomida.
Zulfidakim maskan etting, ko‘r zanaxdon choxini,
Voqif o‘lg‘ilkim, erursen ajdahoning komida.
G‘unchadek og‘zing g‘ami ko‘nglumda gar yo‘q, bas nedur
Chok ko‘nglum xay’ati gul g‘unchasi andomida?
Yorning payg‘omi yetkach, topti jon farsuda tan,
Iso e’jozi magar muzmardurur payg‘omida?
Bobur, ul gul zulfi ostinda emastur xollar,
Jon qushin sayd aylar uchun donalardur domida.
=== Taqdimot 5 ===
Mazkur g‘azalning dastlabki misralarda oshiq – ma’shuqlar qismati, ularning vasl onlari davomiy bo‘lmasligi va buning oxiri firoq ekanligi – bu tabiiy bir hol, bunga ajablanishning hojati yo‘q ekanligi ifoda etilsa, keyingi baytda oshiqqa ma’shuqaning yuzini ko‘riboq men endi maqsadimga yetdim, kamim ravo bo‘ldi deb xotirjam bo‘lma uning zulmi shonini o‘yla, uning seni ko‘p ko‘ylarga solishi xavfini faromush qilma, u vasl ayyomining hijronini unutma deb ogohlantirilmoqda. Baytda yorning yuzi yorug‘lik, ravshanlik, go‘zallik, yorqin bir huzurbaxsh tongga o‘xshatilsa, zulfi hijron, ayriliq timsoli sifatida tasvirlanadi.
=== Taqdimot 6 ===
Keyingi baytda yorning zulfidakim maskan etting bu go‘zal fursatning zanoxdan (iyak) chohini ham unutma, o‘zing ajdahoning komida ekaningni bilgil deyilmoqda. Chunki zulf mumtoz adabiyotda ajdahoga o‘xshatilishi g‘azalda ajoyib tarzda ifoda etilganligi oshiqni hushyor tortishga da’vat etmoqda. Ajdaho komi – bu mulk, mulkdorlikni ham anglatadiki, ulug‘ ustoz Alisher Navoiy podshohlar saroyini ajdaho komiga o‘xshatadi. Keyingi baytdagi g‘unchadek og‘zing g‘ami, xayoli go‘yo ko‘nglimda yo‘qdek tuyulsa-da, bu chok-chok bo‘lgan ko‘nglimning hay’ati gul g‘unchasi andomida mujassam bo‘lganligi unga yo‘g‘rilganligi ifoda etiladi. Zotan unga g‘oyat nozik, mo‘jaz bo‘lganligi sababli bu ko‘ngilga o‘xshatiladi, ko‘ngil bilan bog‘liqligi ta’kidlanadi. Chunki ko‘ngil ham nozik, g‘uncha ham nozik. G‘uncha ham bir onda zabon topsa ko‘ngil ham bir zumda parishon bo‘lishi mumkin..
=== Taqdimot 7 ===
Shoirning bu tashbehlarida tabiat va inson o‘rtasidagi hayotbaxsh bog‘liqlik tarannum etilgan. Keyingi baytda Bobur san’atkorlikning yana ham bir go‘zal namunasini ifoda eta olgan. Ya’ni baytda lirik qahramonga yorning payg‘omi (xabari) yetgach xushnud bo‘lishi, xotirjam bo‘lishning sababi yorning bu payg‘omida hayotbaxsh Iso e’jozi (mo‘jizasi) pinhon etilganidan mamnuniyat ifoda etilgan. Chunki Iso Masih (silovchi) o‘likka jon kirituvchi, hayot baxsh etuvchi payg‘ambar ekanligiga ishora qilinmoqda. Keltirilgan matnning so‘nggi baytida yana ham go‘zal tashbehlar o‘z ifodasini topgan. Ya’ni yorning (go‘zalning) zulfi ostidagi xollar oddiy bir narsa yoki husn belgilari emas, bu xollar oshiqning jon qushini sayd etmoq uchun sepilgan donlarga o‘xshatiladi.
=== Taqdimot 8 ===
Shu tashbehlar orqali shoir maftunkor go‘zalning yuzidagi va jismidagi barcha “kashfiyotlar” bejiz emasligi, ul kashfiyotlarning barchasi o‘sha ma’shuqaning, go‘zalning oshiqni turli ko‘ylarga, holatlarga soluvchi narsalar ekanligini, buni e’tibordan chetda qoldirmaslik zarurligini ifoda etmoqda. Mazkur tashbehlar orqali shoir oshiqni o‘ziga jalb etgan intiltirgan ma’shuqaning sehru jodulari ko‘p ekanligi, u sehru jodularning maftunkor bo‘lishi barobarida qiyin holatlarga solib qo‘yishi mukinligidan ogoh etiladi.
Zahiriddin Muhammad Boburning “Ne ko‘ray to‘biyni qaddi xushhiroming borida” deb boshlanuvchi g‘azalida oshiqning ma’shuqaga berilgan ta’rif va tavsifi quyidagicha beriladi:
=== Taqdimot 9 ===
Ne ko‘ray to‘biyni qaddi xushxiroming borida!
Ne qilay sunbulni xatti mushkfoming borida?
Kim Xizr suyin og‘izlang‘ay , bolingning qoshida,
Kim Masih alfozidin degay kalomning borida.
Oshiqingni davlati vasling bila qil muhtaram,
Husn ahli ichra muncha ehtiroming borida.
Bizdin ayru doim el birla ichorsen bodani,
Bizni ham gohi sog‘in surbi mudoming borida.
Ey ko‘ngul, gar g‘ayr so‘zi zahri qotildur, ne g‘am,
Lablaridin sharbati yuqyil-izoming borida.
Bobur, ul gul ko‘yida bulbul topting maqom,
Bir navoye rost qil mundoq maqoming borida.
=== Taqdimot 10 ===
G‘azaldagi lirik qahramon o‘z ma’shuqasining, sevgilisining qaddi xushxiromini jannatdagi to‘biy daraxtidan ham ustun qo‘yadi. Uning yuzlaridagi xat esa sunbulni bee’tibor qoldiradi. Chunki ma’shuqaning yuzidagi xol qop – qoragina emas, uning mushkfom ekanligi, ya’ni mushkanbar hidli ekanligi ham sunbulni lol qoldiradi. Shuning uchun ham oshiq to‘biy daraxtining tikligini sarv ozodligiga ham sunbulning dilraboligiga ham ehtiyojmand emas. Keyini misrada talmeh usulida Xizr suvi tilga olinib, uning muborakligi eslatilsa va sevgilisining bol lablari oldida hech narsa emasligi ta’rif etiladi. Yana Masih alfozi (nafasi) ulug‘lansa, uning hayotbaxsh xususiyatiga ishora qilinsa va ma’shuqaning sevgilisining shirin kalomi, shirin so‘zlari Masih nafasidan ham ustunligi ifoda etiladi.
=== Taqdimot 11 ===
Chunki shirin so‘z ham shifobaxsh, najotbaxsh xususiyatga egaligi shubhasizdir. Shirinso‘z inson ruhiy olamiga tez ta’sir qilib, inson kayfiyatini o‘zgartirishi tabiiydir. A.Navoiy tomonidan g‘azalchilkda tan olingan uchta gazalnavisdan biri bo‘lgan Hofiz Sheroziy yozadi: “Badam guftigo‘ xursandam ofoq olloh neku gufti. Javobi talh mezavad labi la’li shakarxoro”,
Ya’ni go‘zalning shakar lablari yomon ma’nodagi so‘zlarni ham yaxshiga aylantiradi deyishi ham bejiz emas albatta.
=== Taqdimot 12 ===
Husn shohi va vasl davlatmandi hisoblangan ma’shuqaga Oshiq murojaat qilar ekan shunday vasl davlatiga kirishga iltijo qiladi. Oshiq ya’ni lirik qahramon o‘z ma’shuqasining, sevgilisining begonalar bilan bodano‘sh qilishini aytib, bizni ham unutmagin, bu g‘animat davlating boride bizni ham bahramand qilgil deb umidvor qilishi ma’shuqa davlatining uning husn shohi sifatida nufuziga beqiyosligini ham ifoda etadi. Aslida munojotlar g‘aniylarga Allohdan boshqa eng mulkdorlarga, podshohlar dargohiga qilinadi. Husn ham Alloh ne’mati. Bu ne’mat bilan qaysi bandasini farovon qilgan bo‘lsa, u husn shohi hisoblanadi. Lekin husn va husn shohi martabasi ham vaqtinchadir. Shuning uchun ham husn ahli ichra muncha ehtiroming borida deyilishiga husn ham insonga mehmon ekanligi uqtirilmoqda. Shuningdek bodano‘shlik ham bir ayyom ekanligi aytilib, bu surbi mudoming, ya’ni bodano‘shliging ayyomida bizni ham unutma, bu o‘tkinchi bir ayyom ekanligini ifoda etmoqda.
=== Taqdimot 13 ===
Keyingi baytda bu ishq yo‘liga malomat qiluvchilarning zahri qotildek bo‘lsa ham parvo qilmaydigan lirik qahramon yana umidvorligi shundaki, ma’shuqaning lablaridan chiqqan yil-izom (jonbaxsh) kaloming boride deyishi ham o‘tkinchi safobaxsh damlardanbenasib qolmaslikka intilish ma’nosidadir. G‘azalning so‘nggi baytida lirik qahramon o‘z-o‘ziga iltijo qilyaptiki, bulbul sifat gul ko‘yida maqom tutganing sharafiga, bu maqomga musharraf bo‘lganing sharafiga bir navo kuy rost qilgin, to‘qigin deyilmoqda. Chunki bulbul gul maqomiga gul maqomiga yetgach albatta navo qilishi, kuylashi bu damni g‘animat bilishi tabiiydir. Bu muborak gul fasli bulbulning xonishisiz tasavvur qilish qiyin. Mazkur g‘azalida Bobur bu foniy dunyoning farahbaxsh damlaridan foydalanib qolishni ham ta’kidlaydi.
=== Taqdimot 14 ===
Keltursa yuz baloni o‘shal bevafo manga,
Kelsun, agar yuzumni evursam, balo manga.
Netkaymen, ul rafiq bilakim, qilur base
Mehru vafo raqibg‘a javru jafo manga.
Begona bo‘lsa aql meni telbadin, ne tong,
Chun bo‘ldi ul pariy sifatim oshno manga.
Ohu yoshimdin ortadurur za’f, ey tabib,
Bildim yarashmas emdi bu obu havo manga.
Dardim ko‘rub mu’olajada zoyi’ etma umr
Kim, jonda dardi ishqdurur bedavo manga.
To yor kimni istaru ko‘nglina kim yoqar,
Tashvishi bejihatdurur oxir sanga, manga.
Bobur bo‘lubturur iki ko‘zum yo‘lida to‘rt,
Kelsa ne bo‘ldi qoshima bir-bir manga-manga.
=== Taqdimot 15 ===
Bu dilbar g‘azal san’atning jozibadorligini o‘zida mujassam etgan deyilsa xato bo‘lmas. G‘azalda lirik qahramonning ruhiy olami, sevgilisining har qanday shart – sinovlariga bardoshli bo‘lishidagi fidoiyligi mardligi, ishq tarkini oliy darajada turishini va unga e’tiqodi ifoda etilgan. Agar noz -istig‘no sohibi bo‘lgan ma’shuqa unga yuz balo keltirsa ham chidashi, yuzini burmasligi aytilib, agar shu sevgi yo‘lidagi ahdini buzsa, baloga duchor bo‘lishiga ham tayyor bo‘lib turishi katta bir fidoiylik bilan ifodalangan. Nozanin mahbuba oshig‘ini sinash, qiynash yo‘lini tutib, oshiqning raqiblariga vafoyu, jabru jafoni oshig‘iga qilsa ham undan ko‘ngil uzolmasligi fonida oshiqlar qismati ifodalangan deyish mumkin. Chunki gul tikonsiz bo‘lmasligi aniq. Gul oshig‘i bo‘lgan bulbul ham tikonning zahrini cheksa ham ko‘ngil istagi bo‘lgan bu farahbaxsh bu maqomni tark etolmaydi.
=== Taqdimot 16 ===
Begona bo‘lsa, aql men telbadin deb boshlanadigan keying baytda ishq yo‘lida telba holatga yetishining sababi aytiladi. Bu telba bo‘lishning sababi “Ul parisifatga oshno bo‘lishi” ekanligi aytilganda mumtoz adabiyotdagi hayotiy bir an’ana davom ettiriladi. Pari istilohiniikki xil ma’ndoda tushunish mumkin. Birinchisi ma’nosi go‘zal, chiroyli, oshiqni o‘zligidan mosuvo qilib, o‘ziga jalb etib oluvchi husn sohibi degan ma’noni anglatadi. Ikkinchi ma’noda pari jin, insonni telba darajaga keltiruvchi mif timsoli. Pari tegdi, ya’ni jin tegdi deb uni o‘qitadilar, ko‘chirtiradilar. Folbinlarni ham bu muolajaga da’vat etadilar. Ustoz Alisher Navoiyning “Shitob aylab” nomlanuvchi g‘azalidagi:
=== Taqdimot 17 ===
Ishq dardi davolanib bo‘lmaydigan dard sifatida tasvirlangan keyingi misralarda lirik qahramon o‘z dardining davolanishi qiyin bo‘lgan dard bo‘lgani uchun uni davolashga umr zoye’ qilmaslik kerakligi, chunki bu dard jonda naqshlanganligi, uni o‘chirib, yiroqlashtirib bo‘lmasligini eslatib o‘tadi. Ishq dardining davosi yor visoli hisoblanar ekan, yor vasliga yetishmoqning mushkulligi o‘sha noumid tarzda lutf etgan lirik qahramon kayfiyatini, ruhiy olamini ifoda etadi. Boshqa hamma dardni dori-darmonlar bilan muolaja qilsa bo‘ladi, ammo ishq dardini muolaja qilish juda qiyin ekanligi ishqiy dostonlar va qissalarda ham o‘z aksini topgan.
=== Taqdimot 18 ===
A.Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidagi Xusrav va Farhod dialogida ham ishqning inson qalbida qanday jo topganligi go‘zal ifodasini topgan.
Xusrav: Dedi bu ishqqa ko‘nglung o‘rundur,
Farhod: Dedikim, qalbimga jondek yashirindur.
Demak, haqiqiy ishq inson qalbida jondek yashiringan bo‘lib, uni ajratib olib bo‘lmas ekan, ko‘ngilni undan xoli qilib bo‘lmas ekan. Bobur g‘azalidagi lirik qahramon ham shuni nazarda tutgan, albatta. Alxol jon tanni tark etmaguncha, ishq undan ajralmaydi. U tanda jonga yo‘g‘rilib ketgan. Shuning uchun ham Xusrav “Bu ishqda qatling hukm etgum”- deganida Farhod “Men bu ishqda maqsudimga yetgum” deb javob beradi.
=== Taqdimot 19 ===
Xating aro uzoring sabza ichinda lola,
Ul chashmi pur xumoring loladag‘i g‘azola.
Barcha parilar, ey, jon, girdingda zoru hayron,
Go‘yo erur namoyon oy tegrasida xola.
Mehru vafoni ey yor ko‘p ko‘rdi sendin ag’ror,
Jabru jafoni bisyor qilding mango havola.
Hajringda, ey pariro‘, ko‘zimdin uchti uyqu,
Har kecha tongga tegra ishimdur ohu nola.
Yuz sahfasinda xatlar yoshdinki har taraf bor
Ishqingda Bobur aylar bu nav’ yuz mono grafiya.
=== Taqdimot 20 ===
G‘azalning dastlabki baytida go‘zalning xati va uzori (yuzi), chashmi pur xumori (xumor ko‘zlari) vasf etiladi. Xat bila go‘zalning yuzi, uzori ta’riflanar ekan, go‘zalning jamoli sabza ichidagi, gulzor ichidagi lolaga o‘xshab turgani yuzning loladek tovlanib turishi qop-qora sabza, xatlar aro yana ham ko‘rkam, maftunkor bo‘lib turishi ifodalangan. Ma’lumki, oq va qora ranglar bir-birining jamlanib turishida oq ham, qora ham aniq ko‘rinishi, diqqatni o‘ziga tortib turishi tabiiydir. Bu yerda go‘zalning loladek yuzi, sabza rang xati aro jilolanib, yonib, oshiqning nigohini o‘ziga jalb etib turishi ifodalangan. Go‘zalning yuzi lola, xati esa qop-qora sabza yoki ko‘k, yashil sabza tarzida tasvirlanar ekan bu yerda oq lola nazarda tutilgani ko‘rinib turibdi. Ma’lumki, go‘zalning yuzi oq va qizil tarzda tasvirlanishi an’anaviy va tabiiy holdir. Oq ham, qizil ham go‘zalning jamoliga xos tavsiflardir.
=== Taqdimot 21 ===
E’TIBORINGIZ UCHUN RAHMAT!
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating!
5 |
|
0 |
4 |
|
0 |
3 |
|
0 |
2 |
|
0 |
1 |
|
0 |
Sharhlar
Hali sharhlar mavjud emas.