Boshlang‘ich sinflarda ot so‘z turkumini o‘qitish metodikasi

5000 so'm


Boshlang‘ich sinflarda ot so‘z turkumini o‘qitish metodikasi

=== Taqdimot: Boshlang‘ich sinflarda ot so‘z turkumini o‘qitish metodikasi.pptx ===

=== Slayd 1 ===
Boshlang‘ich sinflarda ot so‘z turkumini o‘qitish metodikasi

=== Slayd 2 ===
Reja:
1. Boshlang‘ich sinflarda “Ot” haqidagi grammatik tushunchani shakllantirish.
2. Boshlang‘ich sinflarda otlarda son bilan tanishtirish.
3. Boshlang‘ich sinflarda otlarning egalik va kelishik qo‘shimchalarining yozilishi haqida malaka hosil qilish.

=== Slayd 3 ===
1. Boshlang‘ich sinflarda “Ot” haqidagi grammatik tushunchani shakllantirish
“Ot” mavzusini o‘rganishning muayyan bosqichida bajarish lozim bo‘lgan bir vazifani hal qilishga ko‘proq ahamiyat beriladi.
Masalan, I-II sinflarda so‘z turkumi sifatida otning belgilari (nimani bildirishi, so‘roqlari) o‘rganiladi.
III sinfda esa otga atama beriladi, birlik va ko‘plikda qo‘llanishini o‘zlashtirishga ahamiyat beriladi.
IV sinfda otning egalik qo‘shimchalari bilan qo‘llanishi, kelishiklar bilan turlanishi va kelishik qo‘shimchalarining yozilishini o‘rganishga e’tibor qaratiladi.

=== Slayd 4 ===
So‘z turkumi sifatida ot muayyan leksik ma’nolari va grammatik belgilari bilan ajralib turadi. Barcha otlarning umumiy leksik ma’nosi shaxs va narsani ifodalash hisoblanadi. Ot jonli mavjudotlar (kishi, qush, hayvon, asalari), yer va osmonga oid narsalar (quyosh, yulduz, daryo, tog‘), o‘simliklar (paxta, beda, gul), voqealar (yig‘in, majlis), tabiat hodisalari (shamol, bo‘ron, yomg‘ir, momaqaldiroq), belgi-xususiyat (ahillik, kuchlilik, samimiyat), harakat-holat (uyqu, sevinch, kurash), o‘rin va vaqt (yoz, bahor, joy) nomlarini bildiradi.

=== Slayd 5 ===
Otlarning grammatik belgilari: otlar birlik va ko‘plikda qo‘llanadi, egalik qo‘shimchalari bilan o‘zgaradi, kelishiklar bilan turlanadi, gapda ko‘proq ega, to‘ldiruvchi, aniqlovchi, shuningdek, hol va kesim vazifasida keladi. Ot nutqda sifat, son, olmosh, fe’l bilan birika oladi.

=== Slayd 6 ===
Otning ma’nolari va grammatik belgilari xiyla murakkab, shuning uchun ham ot haqidagi bilim o‘quvchilarda amaliy vazifalarni bajarish jarayonida asta shakllantira boriladi.

=== Slayd 7 ===
Otni o‘rganishda izchillik
Otni o‘rganishga tayyorlov bosqichi savod o‘rgatish davriga to‘g‘ri keladi. Bu bosqichda o‘quvchilar shaxs-narsalarni va ularning nomi bo‘lgan so‘zlarni farqlashga o‘rganadilar, so‘zning leksik ma’nosiga e’tibor ko‘proq qaratiladi, ma’nolarini hisobga olgan holda so‘zlar (qushlar, meva va sabzavotlar, kiyimlar va hokazolarni bildirgan otlar)ni guruhlash ko‘nikmasi shakllantiriladi.

=== Slayd 8 ===
Shunga qaramay, grammatik tushunchani shakllantirish uchun o‘quvchilar so‘zning aniq ma’nosini yetarli bilmaydilar, so‘zning leksik ma’nosini bilish bilan birgalikda uning grammatik belgilarini ham o‘zlashtirish zarur. Keyingi bosqichda otning leksik ma’nolari va grammatik belgilari ustida maxsus ishlanadi (kim? yoki nima? so‘rog‘iga javob bo‘lishi, shaxs, narsani bildirishi tushuntiriladi). O‘quvchilar kim? so‘rog‘iga javob bo‘lgan so‘zlarni nima? so‘rog‘iga javob bo‘lgan otlardan farqlashga o‘rganadilar.

=== Slayd 9 ===
Bu bosqichda ular so‘z­larni so‘roq berish bilan farqlashni o‘rganadilar, o‘quvchilarda mavhum grammatik tafakkur o‘sa boradi, ularda atoqli otlarni bosh harf bilan yozish ko‘nikmasi shakllana bo­radi. II sinfda otlarning leksik ma’nosi, atoqli va turdosh otlar (atamasiz) haqidagi bilim chuqurlashtiriladi. “Ot” tushunchasini shakllantirish uchun shu so‘z turkumiga kiradigan otlarni asosiy leksik guruhlarga ajratish, barcha otlarga xos bo‘lgan belgilarni, ularning nutqimizdagi o‘rnini ko‘rsatish muhim ahamiyatga ega.

=== Slayd 10 ===
Dasturga ko‘ra, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini sifat va boshqa so‘z turkumlaridan yasalgan mavhum ma’nodagi (yaxshilik, go‘zallik, ishonch, sevinch, o‘kinch, qo‘rqinch, tayanch kabi) otlar bilan tanishtirish talab etilmaydi. Ammo matnda uchrasa va o‘quvchilar qiziqib so‘rasalar, otning bolalar o‘rgangan belgilari asosida (nima? so‘rog‘iga javob bo‘lishi, shaxs yoki narsa nomini bildirishi) tushuntiriladi.

=== Slayd 11 ===
Otlarning nutqda katta ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatish uchun o‘qituvchi o‘qish kitobidan matn tanlab, o‘quvchilarga matndagi otlarni topishni, so‘ngra matnni shu so‘zlarsiz o‘qishni topshiradi. O‘quvchilar matndagi otlarni tushirib qoldirib o‘qiganda, matn mazmunini tushunib bo‘lmasligini anglaydilar. Xulosa chiqariladi: ot atrofimizni o‘rab olgan shaxs va narsalarning nomi, bu so‘zlarsiz bir-birimizga o‘z fikrimizni tushuntira olmaymiz.

=== Slayd 12 ===
2. Boshlang‘ich sinflarda otlarda son bilan tanishtirish
3-sinfda “Otlarda son”, ya’ni otlarning birlik va ko‘plikda qo‘llanishi ustida ishlash jarayonida o‘quvchilarda:
birlik va ko‘plikda qo‘llangan otlarning ma’nosi va qo‘shimchasi orqali farqlash,
birlikdagi otdan ko‘plik shaklidagi va, aksincha, ko‘plikdagi otdan birlik sondagi ot hosil qilish,
gapda so‘zlarning bog‘lanishini hisobga olgan holda, otlardan nutqda to‘g‘ri foydalana olish ko‘nikmalari shakllantiriladi.

=== Slayd 13 ===
Otlarning birlik va ko‘plikda qo‘llanishi taqqoslash usulidan foydalanib tushuntiriladi. Buning uchun bir predmetni va shunday bir necha predmetni bildirgan otlar taqqoslanadi: daftar – daftarlar, qalam – qalamlar, nok – noklar kabi. Suhbat asosida daftar so‘zi nechta (bitta) predmetni va daftarlar so‘zi nechta (ikki va undan ortiq) predmetni bildirishi aniqlanadi.

=== Slayd 14 ===
Ko‘plikdagi otni yasash uchun birlikdagi otga –lar qo‘shimchasi qo‘shiladi. Birlikdagi otlar kim? yoki nima? so‘rog‘iga, ko‘plikdagi otlar esa kimlar? yoki nimalar? so‘rog‘iga javob bo‘ladi.

=== Slayd 15 ===
Otlarning birlik va ko‘plikda qo‘llanishini kuzatish aslida so‘z shakli ustida ishlashning boshlang‘ich bosqichi hisoblanadi. Bunda o‘quvchilar otlarni ko‘plik qo‘shimchasi bilan o‘zgartirish, ya’ni otga shakl yasovchi qo‘shimcha qo‘shish bilan so‘zning leksik ma’nosi o‘zgarmasligiga ishonch hosil qiladilar.

=== Slayd 16 ===
3. Boshlang‘ich sinflarda otlarning egalik va kelishik. qo‘shimchalarining yozilishi haqida malaka hosil qilish
Otlarda egalik qo‘shimchalari. Bu mavzu boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun murakkab hisoblanadi, chunki bu mavzu o‘rganilgunga qadar, o‘quvchilar “shaxs” tushunchasi bilan hali tanishtirilmagan, kishilik olmoshlarini hali o‘rganmagan bo‘ladilar.
O‘quvchilarga egalik qo‘shimchasi shaxs, narsa birlik va ko‘plikdagi uch shaxsdan biriga taalluqli ekanini bildirishini tushuntirish qiyin.

=== Slayd 17 ===
Shularni hisobga olib, o‘quvchilarni otlarda egalik qo‘shimchalari bilan tanishtirishda o‘qituvchi ishni sarlavhadagi “egalik” so‘zining leksik ma’nosini tushuntirishdan boshlashi maqsadga muvofiq: “egalik” ega bo‘lish, qarashlilik, tegishlilik, oidlik ma’nolarini bildiradi, demak, egalik qo‘shimchasi deganda biror narsaga ega bo‘lishni, shu narsa tegishli, shu narsaning egasi ekanligini bildiradigan qo‘shimchalar tushuniladi. Otlar egalik qo‘shimchalari bilan qo‘llanadi. Otga qo‘shilgan egalik qo‘shimchasi shu ot ifodalagan shaxs, narsaning kimgadir qarashli ekanini, shu narsaning egasi ekanini bildiradi.

=== Slayd 18 ===
Misollarni kuzataylik: Kecha o‘qigan kitobim juda qiziqarli ekan. Sening kitobing ham qiziqarlimi? Ra’noning kitobi ham qiziqarli edi.
Kitobim, kitobing, kitobi so‘zlari so‘z tarkibiga ko‘ra tahlil qilinadi va o‘quvchilar kitob – o‘zak, -im, -ing, -i qo‘shimcha ekanini aniqlaydilar.

=== Slayd 19 ===
O‘qituvchi kitob va kitobim so‘zlarini taqqoslashni –im qo‘shimchasining ma’nosi haqida o‘ylab ko‘rishni topshiradi, muammoli vaziyat yaratadi; o‘quvchilar qo‘shimchaning ma’nosi haqida fikr yuritadilar, ammo kitobim so‘zining ma’nosiga (mening kitobim – kitob meniki) tushunsalar ham, fikrlarini shakllantirib aytib berolmaydilar. O‘qituvchi qisqa tushuntiradi: Tilda uchta shaxs mavjud:
I shaxs – so‘zlovchi II shaxs – tinglovchi III shaxs – o‘zga

=== Slayd 20 ===
Hozir men sizga so‘zlayapman, tushuntiryapman, demak, men – so‘zlovchi, hozir siz meni tinglayapsiz, demak, siz (sen) tinglovchi, hozir tinglashga qatnashmayotganlar ham bor, u (ular) – o‘zga hisoblanadi. Siz otlar birlik va ko‘plik sonda qo‘llanishini bilasiz. Ma’lumki, biror narsa bir shaxsga yoki ikki va undan ortiq shaxsga tegishli bo‘lishi mumkin. Mana shu ma’nolarni, ya’ni biror shaxs va narsaning birlik yoki ko‘plikdagi uch shaxsdan bi­riga qarashli ekanini otga qo‘shilgan egalik qo‘shimchalari bildiradi.

=== Slayd 21 ===
Masalan, kitobim so‘ziga qo‘shilgan -im qo‘shimchasi kitobning I shaxsga taalluqli ekanini, ya’ni kitobning egasi I shaxs ekanini bildiradi (-ing, -i qo‘shimchalari ham shunday tushuntiriladi). Kitobimiz so‘zidagi -imiz qo‘shimchasi kitob so‘zlovchi shaxsga, shu bilan birga, ko‘p shaxsga (ko‘p so‘zlovchiga) tegishli ekanini bildiradi (-ingiz, -i qo‘shimchalari ham shunday tushuntiriladi). Qisqa xulosa chiqariladi: otlarga qo‘­shilgan mana shunday qo‘shimchalar egalik qo‘shimchalari deyiladi. Egalik qo‘shimchalari tegishlilik, egalik ma’nosini bildiradi.

=== Slayd 22 ===
Otlarning turlanishi. Kelishiklar sintaktik kategoriya hisoblanadi. Kelishik otlarning gapda boshqa so‘zlar bilan munosabatini ifodalaydi. Demak, kelishiklarni o‘rgatishda o‘quvchilarning gapda so‘zlarning bog‘lanishini bilishlari nazarda tutiladi. Kelishiklar ustida ishlashni o‘quvchilar gapda ma’no va grammatik tomondan bog‘langan so‘zlarni (so‘z birikmalarini) ajratishga o‘rganganlaridan so‘ng boshlanadi. Kelishiklar ustida ishlash gapda so‘zlarning bog‘lanishi ustida ishlash hamdir. Kelishiklarni bilish uchun o‘quvchi ot gapda qaysi so‘z bilan bog‘langanini aniq bilishi kerak.

=== Slayd 23 ===
Ot gapda boshqa so‘zlar bilan bog‘langanda qo‘shimchalar bilan o‘zgarishi ancha oldindan kuzatib boriladi. Aslida o‘quvchilar 1-sinfdayoq, so‘z shakllarining o‘zgarishi bilan amaliy tanishadilar, ammo ular so‘z shakli nimaligini hali bilmaydilar. O‘quvchilar keyingi sinfda shakl yasovchi (so‘z o‘zgartuvchi) qo‘shimchalar bilan tanishadilar, bu qo‘shimchalar gapda so‘zlarni bog‘lash uchun xizmat qilishini tushunadilar.

=== Slayd 24 ===
Bu sinfda ot quyidagi izchillikda o‘rganiladi:
1) otlarning kelishiklar bilan turlanishi haqida tushuncha berish;
2) ko‘plikdagi otlarning turlanishini o‘rgatish;
3) har bir kelishikning xususiyatlarini alohida o‘rganish va u bilan bog‘liq holda keli­shik qo‘shimchalarining yozilishi haqida ko‘nikma hosil qilish.

=== Slayd 25 ===
Otlarning kelishik qo‘shimchalari bilan o‘zgarishi – turlanish haqida tushuncha berish bilan o‘quvchilarga kelishik qo‘shimchalari gapda so‘zlarni bog‘lash uchun xizmat qilishi, o‘zbek tilidagi olti kelishik, ularning nomi, so‘roqlari, qo‘shimchalari va joylashish tartibi tushuntiriladi.

=== Slayd 26 ===
Bolalarga kelishiklarning joylashish tartibi, so‘roqlari va bosh kelishikdan boshqa kelishiklarning aniq qo‘shimchalari mavjudligi darslikda berilgan jadval yordamida tushuntiriladi. Bosh kelishikdagi ot gapda ega vazifasida, boshqa kelishikdagi otlar esa ikkinchi darajali bo‘lak vazifasida kelishi bilan ham tanishtiriladi. O‘quvchilar o‘zlashtirgan grammatik bilimlarini imloni o‘zlashtirishda foydalana olishlari uchun ishni bajarishda izchillikka katta ahamiyat beriladi. Bajarilgan ish yozib boriladi: o‘quvchilar avval gapda ot bog‘langan so‘zdan shu otga savol beradilar va savolni qavs ichiga yozadilar; keyin so‘roqqa qarab kelishikni aniqlaydilar.

=== Slayd 27 ===
O‘quvchilar otlarning kelishiklar bilan turlanishi jadvalidan foydalanib, shu otlarni ko‘plikda turlaydilar va ko‘plik qo‘shimchasi doim kelishik qo‘shimchasidan oldin qo‘shilishini, so‘roqlarini bilib oladilar. Har bir kelishikni alohida o‘rganishning vazifasi kelishikni o‘rganish bilan bog‘liq holda kelishik qo‘shimchalarining yozilishi haqidagi malakani shakllantirish va o‘quvchilarning kelishiklar bilan turlangan otlardan ongli foydalanishlariga erishish hisoblanadi.

=== Slayd 28 ===
Kelishiklarning xususiyatlarini o‘rganishga qulaylik yaratish uchun har bir kelishikni quyidagi umumiy reja asosida o‘rganish maqsadga muvofiq:
1. Kelishikning grammatik ma’nosi.
2. So‘roqlari.
3. Qo‘shimchasi.
4. Gapdagi vazifasi.
Kelishiklarni shu tarzda o‘rganish ularni o‘zaro taqqoslashni yengillashtiradi va ongli o‘zlashtirishni ta‘minlaydi.

=== Slayd 29 ===
Bir kelishik o‘zining muhim belgilari (ma’nosi, so‘rog‘i, qo‘­shimchasi, sintaktik vazifasi) bilan boshqa kelishiklardan farqlanadi. Muayyan bir kelishikdagi otdan ongli foydalanish va kelishik qo‘shimchalarini to‘g‘ri yozish uchun o‘quvchilar kelishik­larning muhim belgilarini puxta o‘zlashtirishi talab etiladi, shuning uchun ham kelishiklarning muhim belgilarini o‘zlashtirib, bir kelishikni ikkinchisidan farqlash ko‘nikmasini shakllantirishga katta o‘rin beriladi.

=== Slayd 30 ===
Bosh kelishikning xususiyatlarini o‘rganish bilan otning keli­shik qo‘shimchasi yo‘q holati bosh kelishik ekani, bosh kelishikdagi ot boshqa so‘zni o‘ziga tobe qilishi, kim?, kimlar?, nima?, nimalar? so‘roqlariga javob bo‘lishi, gapda ega vazifasida kelishi haqida o‘quvchilarda ko‘nikma hosil qilinadi; lug‘atlarda otlar bosh kelishik shaklida berilishi va bosh shakl hisoblanishi, ba’zan egalik qo‘shimchasi olib qo‘llanishi bilan tanishtiriladi.

=== Slayd 31 ===
O‘quvchilar qaratqich va tushum kelishigini farqlashda qiynaladilar, bir qo‘shimcha o‘rniga ikkinchisini ishlatadilar. Bu kelishiklarning xususiyatlarini o‘rganishda bunday qiyinchilikning oldini olish va o‘quvchilarda kelishiklardan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini hosil qilish maqsadi ko‘zda tutiladi. Bu maqsadga erishish uchun bu ikki kelishikning ma’nosi, so‘roqlari, qo‘shimchasi va gapdagi vazifasi taqqoslanadi va suhbat asosida xulosa chiqariladi.

=== Slayd 32 ===
Qaratqich kelishigida turlangan ot:
1) qarashlilik ma’nosini bildirib, gapda boshqa otga bog‘lanadi, u bog‘langan ot egalik qo‘shimchasi bilan qo‘llanadi (o‘quvchining daftari, gulning bargi kabi);
2) kim(lar)ning?, nima(lar)ning?, ba’zan qayerning? so‘roqlariga javob bo‘ladi;
3) -ning qo‘shimchasi bi­lan qo‘llanadi;
4) gapda ikkinchi darajali bo‘lak vazifasida keladi.

=== Slayd 33 ===
Tushum kelishigida turlangan ot:
1) harakatni o‘ziga olgan shaxs, narsa ma’nosini bildiradi, gapda doim fe’lga bog‘lanadi (vazifani bajardim, kitobni o‘qidi kabi);
2) kim(lar)ni?, nima(lar)ni? Ba’zan qayerni? so‘roqlariga javob bo‘ladi;
3) -ni qo‘shimchasi bilan qo‘llanadi;
4) gapda ikkinchi darajali bo‘lak vazifasini bajaradi.

=== Slayd 34 ===
O‘quvchilarning bu ikki kelishik qo‘shimchasidan nutqda to‘g‘ri foydalanish va ularni to‘g‘ri yozish haqidagi bilimini takomillashtirish uchun gapda otning qaysi so‘z bilan bog‘langanini aniqlash, so‘roqlar o‘rniga gapning mazmuniga mos so‘zni kelishik bilan turlab qo‘yish, tushirib qoldirilgan kelishik qo‘shimchalaridan mosini qo‘yib ko‘chirish, tanlab ko‘chirish mashqlaridan, saylanma va eslatish diktantlaridan ko‘proq foydalaniladi.

=== Slayd 35 ===
E’TIBORINGIZ UCHUN RAHMAT!
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring!

Slaydchi.uz — tarix, metodika va fan taqdimotlari uchun vizual platforma.

Boshqa darslar uchun: slaydchi.uz

0.00
0 sharh
5
0
4
0
3
0
2
0
1
0
“Boshlang‘ich sinflarda ot so‘z turkumini o‘qitish metodikasi” uchun birinchi sharh yozing;

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Bu maydon to‘ldirilishi shart.

Bu maydon to‘ldirilishi shart.

Bu maydon to‘ldirilishi shart.

Sharhlar

Hali sharhlar mavjud emas.

Kategoriya: 
Mening savatim
Xohishlar ro‘yxati
Kategoriyalar