Biz muvaffaqiyatli loyiha taqdimotining qoidalari va sirlarini misollar yordamida aytib beramiz va ochib beramiz. Biz layf-xakerlarni baham ko’ramiz va eng ko’p uchraydigan xatolardan ogohlantiramiz

- PowerPoint’da ishlashni boshlashdan oldin qanday tayyorlanish kerak
- Qanday qilib muvaffaqiyatli taqdimot qilish mumkin
- Repetitsiyalar
- Nutq (chiqish) qilish
- “Anti-maslahatlar”
PowerPoint’da ishlashni boshlashdan oldin qanday tayyorlanish kerak
Kapitan Vrungelning yaxta nomi haqidagi iborasini eslaysizmi? Xullas, taqdimot qanday o‘tishi ko‘p jihatdan unga to‘g‘ri tayyorlanishga bog‘liq. Bor-yo‘g‘i besh bosqichda muvaffaqiyatli chiqishning poydevorini yarating.
1. Materialga chuqur kirishing
Taqdim qilmoqchi bo‘lgan mavzuni yaxshilab o‘rganing. Aks holda, taqdimot tugagandan keyin tomoshabinlarning aniqlashtiruvchi savollariga javob berolmaslikdan xijolat bo‘lishingiz mumkin.
Boshqa tomondan, taqdimot a’lo darajada, qiziqarli va jonli chiqishi mumkin, lekin tinglovchilar asosiy, haqiqatan zarur ma’lumotni ola olmasalar, ko‘ngillari to‘lmaydi. Bunday bo‘lishini istaysizmi?
2. Hammasini yozib qo‘ying
Gap — nutqingizda berishingiz kerak bo‘lgan ma’lumot haqida boryapti. Unda mavzularni keskin sakrashsiz, mantiqiy tartibda ifodalash muhim. Buning uchun puxta tuzilma (strukturaga) ega bo‘lish lozim. Eng qulay usul — buni yozma shaklda, masalan, speaker notes yoki kartochkalar ko‘rinishida qilish.
Nutqingiz ssenariysini hikoya qilish qoidalariga asoslanib tuzing: kirish, asosiy syujet va kulminatsiya. Hatto zerikarli choraklik hisobotni ham shu shaklda “jonlantirish” mumkin.
3. Eng muhim narsani ajrating
Mavzuingiz qanchalik keng bo‘lsa, uni tinglovchilarga yuklamaslik uchun asosiy urg‘ularni ajratib ko‘rsatish shunchalik muhim bo‘ladi. Aynan shu asosiy nuqtalar atrofida nutqingiz quriladi.
Aytgancha, mavzu yuzasidan hamma gapni birdek taqdimotga yoki chiqishingizga kiritish shart emas. Tezislarni yozing, ularni og‘zaki tushuntiring, qo‘shimcha ma’lumotni alohida hujjat yoki ilova shaklida tinglovchilarga nutq tugagach havola sifatida berish mumkin.
4. Auditoriyangizni o‘rganing
Kimlar oldida chiqish qilmoqchisiz? Ular kim, nimalar bilan qiziqishadi, taqdimotdan nimani kutishadi — bularni bilish muhim. Agar ular o‘ziga xos professional jargon yoki terminlarga ega bo‘lishsa, ulardan foydalaning — auditoriya bilan bitta tilda gaplashish juda muhim.
Bundan tashqari, chiqish qilinadigan joyni ham oldindan o‘rganing. Tadbirda yana boshqa spikerlar bormi? Xona qanday, texnik jihozlar bormi? Agar taqdimotga stol atrofida tayyorlangan bo‘lsangiz-yu, oxir-oqibat sahnaga chiqish kerak bo‘lib qolsa, bunday nomutanosiblik chiqishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
5. Mashq qiling
Bu bosqichda biz hali omma oldida o‘zini tutish, so‘zlarni ravon aytish yoki harakatlar plastikasi haqida gapirmayapmiz. Taqdimot hali slaydlarda tayyor bo‘lmagan paytda, yuqoridagi 2-bosqichda yozgan matningizni ovoz chiqarib, pauzalar bilan, diqqat bilan o‘qib chiqing. Uning ohangi qanday? Tushunish qiyin bo‘lgan uzun jumlalar yo‘qmi? Balki jonliroq misollar qo‘shish kerakdir?
Ovoz chiqarib o‘qish juda foydali usul. Ichingizda o‘qiganda hammasi joyida bo‘lib ko‘rinsa-da, ovoz chiqarib aytganda matnning xom ekanligi ayon bo‘lishi mumkin.

PowerPoint’da qanday qilib muvaffaqiyatli taqdimot qilish mumkin
Ha, sizda zo‘r mavzu va noyob ma’lumot bo‘lishi mumkin, ammo noto‘g‘ri bezak (dizayn) butun chiqishingizni barbod qiladi. PowerPoint — taqdimot yaratish uchun klassik dastur bo‘lgani bois, misollarni shu yerda keltiramiz, lekin quyidagi maslahatlar har qanday boshqa xizmatda ham qo‘l keladi.
6. Slaydlar sodda bo‘lsin
Elementlarning ko‘pligi, chiziqlar chirmashuvi, mayda detallar bilan haddan ortiq to‘lgan fon — bular tomoshabinni charchatib, asosiy fikrdan chalg‘itadi. Dunyodagi ko‘plab yirik brendlarning taqdimotlari soddaligining o‘zi ham zerikarli bo‘lmasligini ko‘rsatadi.
Slaydlarni ortiqcha yuklamang. Oddiy fon va diqqatni jalb qiladigan bitta element kifoya. Bu orqali tomoshabinlar aynan nimaga e’tibor qaratishlarini tez tushunadilar va nutqingizni tinglashadi, mayda shriftni o‘qish bilan ovora bo‘lishmaydi.
7. So‘zlar sonini minimallashtiring
Minimalizm dizaynda anchadan beri trendda. Slaydlaringizda qancha ko‘p “havo” va qancha kam so‘z bo‘lsa, ularni o‘qish shunchalik oson va tez bo‘ladi. Muvaffaqiyatli taqdimot siri — sarlavhalarda 3-5 tadan ortiq bo‘lmagan so‘z, qisqa izohlar va iloji boricha sodda iboralar.
Har bir slaydga “Urush va tinchlik” romanini qayta hikoya qilmoqchi bo‘lmang. Asosiy mazmunni yozing, qolgan yorqin misollar va metaforalarni og‘zaki tushuntirish uchun saqlab qo‘ying.
8. Yuqori sifatli suratlar va grafikadan foydalaning
Vizual elementlar — so‘zlaringizni to‘ldirish va kuchaytirish uchun xizmat qiladi. Buning iloji past sifatli, xira tasvirlarda bo‘lmaydi.
Hech bo‘lmaganda HD yoki 720p (1280×720) piksellik rasm-fotolardan foydalaning.
Qidiruv tizimlaridan olingan suratlar va bepul stoklarni ishlatishdan saqlaning. Birinchisida kimningdir mualliflik huquqini buzib qo‘yishingiz mumkin, ikkinchisida esa nutqingizni hammaga tanish va o‘ta oddiy kadrlarga to‘ldirib yuborasiz. Agar o‘zingiz mustaqil surat yoki illyustratsiya yarata olmasangiz, Unsplash yoki Flickr kabi servislarni sinab ko‘ring.
9. Zamonaviy, “toza” diagrammalar va jadvallardan foydalaning
Shunchaki “element bo‘lsin-da” deb grafik yoki jadval qo‘shish noto‘g‘ri. Ularni haqiqatan ham zarurligiga ishonch hosil qiling. Ba’zida esa oddiy “bullet” ro‘yxat yoki to‘g‘ri tanlangan rasm jadval yoki diagrammadan yaxshiroq izoh berishi mumkin.
Bu yerda ham “havo” prinsipi ishlaydi: nechog‘liq ortiqcha detal kam bo‘lsa, satrlar keng, shrift esa yirik bo‘lsa, tomoshabinlar ma’noni tezroq anglashadi. Ular X o‘qida nimani ko‘rsatganingizni yoki binafsha rang sektorni topish uchun o‘ylab vaqt sarflab o‘tirmasin.
10. Yuqori sifatli, zamonaviy shablonlardan foydalaning
Dizayn tomoni sust bo‘lsa, tayyor yechimlar imdodga keladi. Aksariyat taqdimot yaratish xizmatlarida (shu jumladan bizning saytimizda ham) bunday shablonlar bor. U yerda sizlar uchun mutaxassislar oldindan ranglar palitrasini, shriftlar sozlamalarini, ikonka to‘plamlarini va har qanday mavzuga mos keladigan kompozitsiyalarni tayyorlab qo‘yishgan.
Ko‘p uchraydigan xatoni takrorlamang: PowerPoint-ning odatiy shablonlaridan yoki bitta shablondan uzoq vaqt foydalanmang. Trendlar tez o‘zgaradi — kecha zamonaviy bo‘lgan narsa bugun eskirgan va arzonga o‘xshab qolishi mumkin. Eng yaxshi prezentatsiya shablonlari saytlaridan xohlagan didingizga mos variantlarni topish mumkin.

11. Mos shriftlarni tanlang
Shrift dizayni (tipografika) — muvaffaqiyatli taqdimotning muhim mezoni. Agar u to‘g‘ri tanlangan bo‘lsa, taqdimotingiz zamonaviy, ozoda va jozibali ko‘rinadi.
Taqdimot uchun shrift tanlashning asosiy qoidasi — birxillik. Bitta yoki ikki xil shrift tanlab, hamma slaydlarda shularni qo‘llang. 3-5 yoki undan ham ko‘proq shriftlarni aralashtirib ishlatish tinglovchini chalg‘itadi va nutqingiz mazmunini e’tiborsiz qoldirishga sabab bo‘ladi.
Yaxshisi, serserif (zirhli) shriftlardan foydalanmang: ular ekranda noqulayroq o‘qiladi va tasvirni mayda detallar bilan “yuklab” yuboradi. Albatta, mualliflik huquqi haqida unutmang: shriftlarga ham aynan shu qoida tegishli. Bizning blogimizda 10 ta bepul kirill shriftini yuklab olish imkoniyati bor.
12. Rang tanlashga e’tibor qarating
Tanlagan ranglaringiz bir-biriga mos kelishiga ishonch hosil qiling. Agar buni mustaqil amalga oshirish qiyin bo‘lsa, maxsus generatorlar (masalan, Coolors) taqdim etgan tayyor palitralardan foydalaning. PowerPoint’dagi “ko‘ztomchi” (Eyedropper) funksiyasi yordamida rasmlardan asosiy ranglarni olish va shu ranglar palitrasidan foydalanish mumkin. Agar vaqt bo‘lsa, taqdimot uchun ranglarni tanlashning to‘rtta oson usulini ham o‘rganib chiqing.
Yana bir variant — taqdimot kutilayotgan kompaniyaning korporativ uslubi, brend ranglari. Shunda siz brend qoidalaridan chetga chiqmasdan, ranglar gamma tanlashda xatoga yo‘l qo‘ymaysiz.
13. Maket (verstka)ga ham e’tibor bering
Verstka va kompozitsiya qoidalari har bir taqdimot uchun universal. Har bir slaydning tuzilishini sinchkov ishlab chiqing: PowerPoint’dagi yo‘naltiruvchi chiziqlardan foydalanib, chegaralarni belgilang, matnni bloklarga bo‘ling, bo‘sh joy (oq maydon) va chekinishlarni yetarlicha qoldiring, sarlavhalarni asosiy matndan kattaroq qiling.
Natijada, e’tiborni chalg‘itmaydigan, toza, yaxlit, axborotga boy va tushunarli taqdimotga ega bo‘lasiz — keraksiz detallar va keraksiz “baland ovozli” dizayn ishlatilmaydi.
14. Hamma elementlar bir xil tekislanganiga ishonch hosil qiling
Ikonkalar va ro‘yxatlarning tartib bilan joylashtirilishi tomoshabinlarda ishonch uyg‘otadi va ko‘proq ishontiruvchi ko‘rinadi. Ko‘z bilan taxminan joylashtirilgan, tartibsiz elementlar esa buning aksi. Ayniqsa, bu bullet-ro‘yxatlar va chiziqli sxemalarga tegishli. Agar slaydda bir qatorda bir nechta element bo‘lsa, ularning o‘zaro aniq tekislanganiga e’tibor bering.
PowerPoint kabi maxsus dasturlarni ishlating va hech qachon “ko‘z bilan” taxminan joylashtirishga urinmang — dasturlarning matematik aniqligi har doim yutadi.
15. Punktuatsiyaga ehtiyot bo‘ling
Bu yerda ham “ortiqcha yuklamang” tamoyili amal qiladi. Ayniqsa sarlavhalarda. Rus tilida tasdiqlovchi gapning ohirida nuqta qo‘yilmasligi qoidasi bor. Undan tashqari, undov yoki so‘roq belgilarini ham juda zarur bo‘lmasa ishlatmagan yaxshi.
Agar ro‘yxat tuzayotgan bo‘lsangiz, har bir bandning ohiriga punktuatsion belgi (nuqta, vergul va hokazo) qo‘ymaslik mumkin. Bu slaydni vizual jihatdan “yengillashtiradi” va matnni o‘qishga qulayroq qiladi.
Jumlalarni imkon qadar qisqa va tushunarli qilib yozing, murakkab punktuatsiya bilan “ortiqcha yuk” bermang. Nuqta-vergul, ikki nuqta, ko‘p nuqta yoki chiziqcha (—) kabi belgilarni ijodiy adabiyotlar yoki ilmiy ishlar ixtiyoriga qoldirgan ma’qul.
16. Muhim nuqtalarni ortiqcha formatlashdan saqlaning
Hammasini KATTA HARFLARDA (kapslok) yoki har bir tezisni, ahamiyatli tuyulgan so‘zlarni doimiy ravishda qoraytirib (bold) yozish shart emas. Slaydlar qanchalik sodda bo‘lsa, shuncha yaxshi.

Repetitsiya qiling, repetitsiya qiling, repetitsiya qiling!
Hammasini KATTA HARFLARDA (kapslok) yoki har bir tezisni, ahamiyatli tuyulgan so‘zlarni doimiy ravishda qoraytirib (bold) yozish shart emas. Slaydlar qanchalik sodda bo‘lsa, shuncha yaxshi.
17. Va yana bir bor — repetitsiya
Matningiz (hech bo‘lmasa tezis shaklida) yozib bo‘lingach, uni mashq qilish vaqti keldi. Taqdimotni qanday ifoda etish, imo-ishora (jest) va mimika, tanangiz holati (poza) bilan tajriba o‘tkazing. Turli joylarda va turli uzunlikda pauzalar qiling, nutqingiz sur’atini tezlashtiring yoki sekinlashtiring.
Nutq san’ati ustalari aytishicha, chiqishning har bir daqiqasini puxta o‘zlashtirish kamida bir soat vaqt talab qiladi.
18. Taymerdan foydalaning
Navbatdagi repetitsiyani boshlaganingizda, har safar vaqtni belgilab oling va umumiy daqiqa miqdori taxminan bir xil bo‘lishiga harakat qiling. Bu, ayniqsa, tashkilotchilar belgilab bergan vaqt chegarasiga rioya qilish kerak bo‘lgan paytda juda qo‘l keladi.
19. Sekinlashishga harakat qiling
Juda tez gapirish har doim hayajon va ishonchsizlikni oshkor qiladi, shu bois, imkon qadar sokin, ravon va sekinroq gapirishga harakat qiling. Bu sizga fikringizni to‘g‘ri shakllantirish, kerakli urg‘ularni qo‘yish imkonini beradi va yanada jiddiy hamda mulohazakor ko‘rinishga yordam beradi. Biroq me’yordan oshirmang, bo‘lmasa tinglovchilar zerikib qolishadi.
20. Ko‘proq pauza qiling
Bu — muvaffaqiyatli taqdimotning yana bir muhim texnikasi. Muhim pallaning ahamiyatini ta’kidlash, fikrlarni jamlash va tomoshabinlar e’tiborini qay darajada o‘z qo‘lingizda saqlayotganingizni tushunish uchun pauza juda foydali. Pauza, shuningdek, bitta mantiqiy qism tugaganini va keyingisiga o‘tayotganingizni bildirishning yaxshi usuli. Hattoki savol so‘ragandan keyin ham, u ritorik savol bo‘lsa ham, biroz sukut saqlang. Bu auditoriyani o‘ylashga undaydi va ehtimol, suhbatga jalb qiladi.
21. Videokamera yoki diktofondan foydalaning
Repetitsiya paytida o‘zingizni real baholash qiyin, shu bois har bir mashqni ovoz yozish moslamasiga yozib oling yoki eng yaxshisi, videoga tushiring.
Yozuvlarni qayta tinglab/ko‘rib chiqqach, quyidagilarga e’tibor qarating:
- Pauzalar juda qisqa yoki judayam cho‘ziq bo‘lib qolmadimi?
- Nutqingiz juda tez yoki juda sekin emasmi?
- Hayajonlanganda ovozingiz qanday o‘zgaradi (baland pardaga chiqib ketadimi yoki xirillab qoladimi)?
O‘z ovozingizni eshitish, o‘zingizni tasvirdan ko‘rish odatda g‘alati va odatlanmagan hol bo‘lishi mumkin. Bunga e’tibor qaratmaslikka harakat qiling: hozir eng muhimi — kamchiliklarni xolis ko‘rib, ularni bartaraf etishga intilish.

22. Fazoda uchta fokus nuqtasini tanlang
Ko‘zlarini tinmay o‘ynatib turadigan spiker ham, zalda yoki ro‘parasidagi bir nuqtaga tikilib qoladigan spiker ham tinglovchilarni hayron qoldiradi. Bunday odatni sezing va undan xalos bo‘lishga harakat qiling.
“Uch nuqta” qoidasidan foydalaning: xonada chap, o‘rta va o‘ng tarafda uch nuqtani tanlab oling-da, qarashingizni navbat bilan shu nuqtalarga qaratib turing. Albatta, bu nuqtalar ko‘z darajangizga to‘g‘ri kelishi kerak. Taqdimotingizning muhim qismlarini aytayotganda ko‘proq markazga qarab turing. Bu muvaffaqiyatli taqdimotning eng muhim ko‘nikmalaridan biridir.
23. Jumlalarning uzunligini o‘zgartirib turing
Bir xil uzunlikdagi jumlalar — faqat gipnoz seansida yaxshi bo‘lishi mumkin. Taqdimotda esa bu usul ish bermaydi. Frazalaringiz uzunligini o‘zgartirib turing: ba’zan uzunroq, ba’zan qisqa, kesik jumlalar bilan almashib kelsin. Bu chiqishingizga “drajv” bag‘ishlab, uni yanada dinamik qiladi.
24. Monotonlikni unuting
Monoton nutq — omma oldida chiqishning yana bir dushmani. Har doim bitta ovoz balandligida gapiraversangiz, tomoshabinlar “ovozingizni o‘chirib qo‘yishlari” va diqqatni boshqa narsaga qaratishlari hech gap emas. Sababi, odamlar uzoq davom etadigan bir xil holatga e’tiborini jamlay olmaydi.
Gapirayotganda ovoz balandligini o‘zgartirib turing, lekin juda keskin va tez-tez emas. Ovozingiz yordamida auditoriyaga ta’sir o‘tkazishni o‘rganishga oddiy mashqlar yordam beradi.
25. O‘zingizni oynada sinab ko‘ring
Qanday ko‘rinishingiz va o‘zingizni qanday tutishingiz — gapirayotgan narsangizdan kam ahamiyatli emas. O‘z ishonchingiz va ochiqligingizni tekshirish uchun oynaning oldiga turing-da, tanishingiz bilan gaplashayotgandek tasavvur qiling. Taqdimot matnini iloji boricha tabiiy ayting, qo‘llaringizga imo-ishora qilishga ruxsat bering — bu urg‘ularni to‘g‘ri qo‘yishga yordam beradi.
26. Repetitsiya vaqtida spiker rejimi va eslatmalarni ishlating
Bu usul real chiqish paytida juda qo‘l keladi. Agar ikki monitor bo‘lsa, “Spiker rejimi” tomoshabinlarga “toza” slaydlarni ko‘rsatadi, o‘zingizga esa eslatmalar, taymer va keyingi slayd ko‘rinadi. Agar bitta monitor bo‘lsa, Alt+F5 tugmachalar majmuini bosish orqali ekran ikkiga bo‘linadi: yarim qismida slaydlar, qolganida esa eslatmalaringiz, taymer va hokazolar paydo bo‘ladi.
Aytgandek, PowerPoint’ning inglizcha versiyasida Presenter Coach funksiyasi mavjud. U sun’iy intellektga asoslangan virtual yordamchi bo‘lib, nutqingiz tezligi, intonatsiya, tez-tez takrorlanuvchi so‘zlar va hokazolarni baholab, fikr-mulohaza beradi. U bilan ishlash chiqishlarning sifatini yaxshilashga yordam beradi. Ehtimol, yaqinda Presenter Coach rus tilidagi versiyada ham paydo bo‘lar.
27. Haqiqiy auditoriya bilan mashq qiling
Imkon bo‘lsa, o‘zingizga notanish auditoriya qarshisida haqiqiy chiqish tashkil qiling. Ma’ruza yoki doklad o‘qish, vebinar yoki ijtimoiy tarmoqlarda jonli efir o‘tkazish mumkin. Chiqish tugagach, tomoshabinlardan albatta fikr-mulohaza oling, xulosa chiqaring va xatolar ustida ishlang.

Chiqish vaqti keldi!
Agar yuqoridagi maslahatlarni inobatga olib, ishonarli taqdimot yaratish uchun hamma narsani qilgan bo‘lsangiz, endi faqat muvaffaqiyatli chiqish qoladi. Samarali va, iloji bo‘lsa, ta’sirli (efektli) tarzda!
28. Chuqur nafas oling
Olimlar ham, millionlab oddiy odamlar ham ko‘pdan beri tasdiqlagan: chuqur nafas olish tinchlanish, diqqatni jamlash va umuman stress darajasini pasaytirishda yordam beradi. Chiqish boshlanishidan oldin 2-3 daqiqa nafas olish mashqlariga ajrating. Yoki hech bo‘lmasa bir necha marta sokin va chuqur nafas olib-chiqaring.
Shuningdek, kaftlarni qizdirish ham yordam beradi — kaftlaringizni bir necha soniya davomida bir-biriga ishqalang. Muskulalarni taranglikdan chiqarish va bo‘shashtirish uchun bir nechta yengil mashqlar ham qilishingiz mumkin. Ovozingizni aniq va ishonchliroq qilish uchun bog‘lamlaringiz va nutq apparatingizni “isilti”rish lozim: buning uchun tez aytish (skorogovorка) mashqlari juda qo‘l keladi.
29. Kayfiyatingizni ko‘tarib oling
Xush kayfiyatdagi odamlar ancha samarali bo‘ladi. Sahna ortida sevimli musiqangizni eshitib olish yoki bir-ikki kulgili videoni ko‘rish sizni tetiklashtiradi. Bu miyangizni chalg‘itib, ijobiy to‘lqinga moslashishga yordam beradi.
30. Shoshilmang
Odamlar hayajonlanganda, beixtiyor shoshilib harakat qilishadi va tez gapirishadi. Buni auditoriya sezishi va spikerning xotirjam emasligidan shubhalanishi mumkin. Shu bois o‘zingizni ongli ravishda sekinlashtirishga harakat qiling. Vaqtga rioya qilishda ham shoshma-shosharlik qilmaslikka intiling, pauzalar qo‘yish qoidalarini yodda saqlang, chuqur va ravon nafas oling.
31. O‘zingizni yulduz deb tasavvur qiling
Psixologlar qiziq bir usulni taklif qilishadi: yanada ishonchli va xotirjam ko‘rinish uchun o‘zingizni sahnaga yuz minginchi bor chiqayotgan aktyor deb tasavvur qiling. U allaqachon tomoshabinlar e’tiboriga o‘rgangan, hayajoni yo‘q, aksincha, bemalol va o‘ziga ishongan. Shu tariqa miyani “aldash” mumkin. Bir muncha vaqt o‘tgach, miyangiz shu “rol”ga ko‘nikadi, siz haqiqatan ham tinchlanasiz va shoshilishni bas qilasiz.

Nima qilish kerak emas
Muvaffaqiyatli taqdimot asoslarini o‘zlashtirish uchun qaysi ishlardan qat’iyan saqlanish kerakligini ham bilish lozim. Ushbu xatolarni yodda tuting, shunda chiqish payti noqulay holatlardan qochasiz.
32. Ovozli effektlarni unutib qo‘ying
Matnni slaydda paydo bo‘lishi bilan “hushtak” yoki boshqa tovushlarning eshitilishi bir paytlar juda zamonaviy va noodatiy tuyulgan bo‘lishi mumkin, ammo bugungi kunda bu usul eskirdi va didsiz ko‘rinadi. Keskin, ortiqcha baland yoki past ovozlar tomoshabinlarni chalg‘itishi, noqulaylik tug‘dirishi va hatto ba’zilarini qo‘rqitishi mumkin. Umuman bunday qilmang.
33. Ko‘zga tashlanadigan, keskin slayd o‘tish effektlarini ishlatmang
PowerPoint’da bunday effektlarning butun bir to‘plami bor: “eritish” (raстворение), “sirg‘alish” (сдвиг), “panorama”, “chaqnash” va hokazo. Ilgari bu, haqiqatdan ham, yangicha va noodatiy ko‘ringan, lekin endi 2021-yildan (yoki hozirgi davrdan) boshlab bunday usullarni butunlay o‘tmishda qoldirish vaqti keldi. Ular ham asosiy g‘oyadan tinglovchilar e’tiborini chalg‘itib qo‘yadi.
34. Clipart’lardan saqlaning
Shubhasiz, PowerPoint kolleksiyasida deyarli har qanday mavzu uchun mo‘ljallangan rasmlar (clipart) topish mumkin. Bunday rasmlardan foydalanishga xohish kuchli bo‘lishi tabiiy, ammo o‘zingizni to‘xtata biling. Clipart’lar allaqachon odatiy, hammaga tanish klişega aylangan, ayni paytda ular didsiz va arzon ko‘rinadi. Biznes taqdimotlar uchun eng yaxshi yechim — iqtidorli dizaynerlar yaratgan professional grafika.
35. Qog‘ozdan o‘qimang
Qo‘lidagi “shpargalka”dan nutqni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘qib turgan spiker tayyorgarliksiz ko‘rinadi. Agar butun matnni yodlash qiyin bo‘lsa, hech bo‘lmaganda asosiy fikrlaringizni mustaqil aytishga harakat qiling.
36. Spiker rejimini ortiqcha ishlatmang
Albatta, undan foydalanish ishni anchayin osonlashtiradi, lekin butun nutqni faqat o‘z eslatmalaringizni o‘qish bilan o‘tkazish yaxshi emas. Albatta, ba’zan ularga nazar tashlash mumkin, ammo tomoshabinlarga ishonchli, mavzuda bemalol yo‘nala oladigan va kerak bo‘lganda improvizatsiya qiladigan spiker kerak.
37. Taqdimotni faqat slaydlarni o‘qishga aylantirib yubormang
Ekrandagi matnni shunchaki ovoz chiqarib o‘qib beradigan spiker tomoshabinlarga nega kerak? Bunday xatoga yo‘l qo‘yganlar tinglovchilarning qiziqishi va ishonchini yo‘qotishadi, natijada ularni hech kim tinglamay qo‘yadi. Unutmang: tomoshabinlar uchun asosiy va eng qimmatli ma’lumot manbai slaydlardagi matn emas, sizning nutqingiz bo‘lishi lozim.
